Maʼlumki, “Bobirnoma” Hindistonda 1525-1530 yillar orasida yozilgan, unda Bobirning bolaligidan tortib, to Hindistondaligiga qadar boshidan kechirganlari, ko‘rgan-bilgan va eshitgan voqealari, ko‘rgan joylari tasvirlangan. Biroq Bobir Bengaliyada, Hindiston janubida, Gang daryosining etaklarida turgan vaqtida qattiq dovul uning qo‘lyozmalarini uchirib ketgan, va ehtimol shu sababdan, “Bobirnoma” chala asar bo‘lib qolgan. Masalan, hijriyaning 910 yil voqealari, 915 yildan 925 yilgacha bo‘lgan voqealar, 927 yildan 932 yilgacha bo‘lgan voqealar, xullas, jami 20 yilu ikki oyning voqealari yo‘qolib ketgan. Shu 20 yil mobaynida Bobirning qayerlarga borgani va nimalar ko‘rgani va qilgani “Bobirnoma”da yo‘q va ular nomaʼlum bo‘lib qolmoqda. Agar o‘sha qo‘lyozmalar yo‘qolmaganda edi, “Bobirnoma”ning qimmati yanada katta bo‘lar edi, Bobirning geografiyasi ancha mukammal va aniqroq ko‘rinar edi.
Lekin “Bobirnoma”ning bizga yetib kelgan uchdan qismi ham geografik jihatdan juda qimmatlidir.
“Bobirnoma”da bir mingga yaqin geografik nom – mamlakat, shahar, qishloq, qalʼa, tog‘, dovon, daryo, ko‘l, bog‘, ko‘prik va boshqa xil joylarning nomlari tilga olinadi. Albatta, Bobir shu joylarning hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan, lekin ko‘pchiligini ko‘rgan. Masalan, Arabiston, Rum, Iroq, Eron, Xitoy, Tibet va Koshg‘ar mamlakatlari va ulardagi shaharlar sirtdan unga maʼlum.
Bobir Andijonda tug‘ilgan, butun yoshligi Toshkent–Samarqand–Andijon o‘rtasida janglarda va sayohatlarda o‘tgan. Shuning uchun ham Bobir bu masofalarni besh barmog‘iday biladi. Ayniqsa, o‘z vatani Farg‘ona vodisini shunday aniq va muhabbat bilan tasvirlaydiki, uni chinakam o‘lkashunos desak bo‘ladi. Bobir Farg‘onani haqiqatan sevgan, o‘zi uzoq ellarda turganda ham Farg‘onani sira unutmagan.
Bobirning tasviricha Farg‘ona vodisining sxematik kartasini chizib ko‘rdik. Bobir XVI asr boshida Farg‘ona geografiyasini shunday mukammal va to‘g‘ri bilganki, o‘sha zamondagina emas, balki undan 300 yil keyin ham Farg‘ona vodisini hech kim shunday aniq tasvirlay olmagan. XVIII asr oxirlarida yevropaliklar tuzgan karta ham Bobir tasviridan ancha qolishadi.
Hamidulla HASANOV
O‘zbekiston madaniyati. 1958. 19 fevr. – B. 4. / Bobirga bag‘ishlangan ilmiy sessiya. (O‘zbekcha); Наследие Бабура по географии.
Fikr qoldirish#