Zahiriddin Muhammad Bobirning sheʼrlari asosan ikki devonga to‘plangan. Birinchi devonga shoirning Movarounnahr va Afg‘onistonda, ikkinchi devoniga Hindistonda yozgan sheʼrlari kirgan. U, sheʼrlardan ayrim parchalarni o‘zininng “Bobirnoma”siga ham kiritgan. Undan bizgacha yetib kelgan 4000 misraʼga yaqin sheʼrning ko‘pchiligi o‘zbek tilida bo‘lib, tojik tilida ham yozgan sheʼrlari ham bor. Bobir lirikasida g‘azal, ruboiy va masnaviy janrlari katta o‘rin tutadi. Bulardan tashqari u, tuyuq, muammo, qitʼa va fardlar (mustaqil baytlar) kabi lirikaning turli janrlarida ham sheʼrlar yozgan. Bobir “Bobirnoma”da ijtimoiy- siyosiy hayot haqida fikr va mulohazalarini tarixiy voqealar va o‘z sarguzashtlari bilan bog‘lab bayon qiladi. G‘azal va ruboiylarida esa, mulohaza va taassurotlarini lirik ravishda ifodalaydi. Bobir o‘z sheʼrlarida hayot zavqlari va dunʼyoviy muhabbatini ko‘ylaydi, kishilarni ilmli, maʼrifatli, odobli va aqlli bo‘lishiga chaqiradi. U g‘azallaridan birida aytadi;
Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
Sheʼr bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati.
Do‘stlarning suhbatida ne xush o‘lg‘ay bahsi sheʼr
To bilingay har kishining tabʼi birla holati.
Gar bu uch ishni muvofiq topsang ul uch vaqt ila,
Mundin ortiq bo‘lmag‘ay, Bobir, jahonning ishrati.
Bu g‘azalida shoir maʼnisiz, maqsadsiz kayf-safoni emas, balki, ilm, adabiyot, sheʼr haqida bahs qilish mumkin bo‘lgan kishining fikrini boyitadigan foydali suhbatni maqtaydi va shunday suhbatlar bo‘lsin, deb orzu qiladi. Shoir kishilarni harbir ishda to‘g‘ri, vijdonli bo‘lishga, yaxshi ot qoldirishga chaqiradi:
Xulqini rost etgil har sarig‘aki borsang,
– Ahsanta! - der bori el, gar yaxshi ot chiqarsang.
O‘zbek adabiyoti tarixi, 1950. – B. 204-205. (O‘zbekcha); Творчество Бабура. Лирика Бабура.
Fikr qoldirish#