Zahiriddin Muhammad Bobir o‘zbek va tojik tillarida qator manzum asarlar ijod qildi. Shunisi xarakterliki, ikki tilni ham mukammal bilgan Bobir o‘z ijodiyotini o‘zbek tilida she’riy asarlar yozish bilan boshlab, umrining oxirigacha bu faoliyatini davom ettirdi. Uning manzum asarlari xilma-xil bo‘lib, lirik she’rlarni (devonni), masnaviylarni (“Mubayyin”, “Volidiya”) o‘z ichiga qamrab oladi. Rang-barang jaranglarda yaratilgan bu asarlarning mazmuni ham turlicha. Ammo hammasiga ham xos bo‘lgan xususiyat shundan iboratki, ular sodda tilda, ravon uslubda yozilgan bo‘lib, asosan real hayot-voqealari zaminida maydonga kelgan. Shu jihatdan qaraganda, xoh lirik asarlarda bo‘lsin, xoh epik asarlarda bo‘lsin, tarixiylikning badiiylik bilan qo‘shilib ketishi holati ko‘zga tashlanib turadi. Bu esa shoirning hayotga munosabati bilan bog‘liq, u, o‘z navbatida, uning ijodiy uslubini ham belgilaydi. Agar shu holat nazarga olinadigan bo‘lsa, unda Bobirning ijodiyotida, jumladan, manzum asarlarida, realistik tasvir uslubining romantik tasvir uslubidan ustunligini uqtirish lozim. Chunki shoir o‘zigacha mavjud bo‘lgan lirik poeziya an’analarini davom ettirish bilan birga unga qo‘shimcha ravishda o‘zining shaxsiyati bilan bog‘liq bo‘lgan hodisa- voqea va hayotiy taassurotlarini badiiy qolipga tushiradi. Natijada uning poeziyasida, bir tomondan, an’anaviy xasta oshiq va jafokor ma’shuqa obrazlari gavdalansa, ikkinchi tomondan, u tasvirlangan xasta oshiq ko‘pincha Bobirning psixologik kechinmalarini ifodalovchi obrazga aylanib, an’anaviy oshiq – real shaxs bilan qorishib ketadi. Xuddi ana shu qorishmada an’anaviy oshiqdan real shaxs tasviri ustunlik qiladi. Shuning uchun ham ko‘pincha bobirshunoslar Bobirning lirik qahramoni bu shoirning o‘zidir degan aqidani bayon qiladilar. Albatta, bu o‘rinda aytilmoqchi bo‘lgan fikr niyati yaxshi, ammo badiiy ijoddagi qahramon va uning muallifi o‘rtasida ayniyat alomatini qo‘yish unchalik muvofiq emas. Chunki badiiy ijod qonuniyati bunday holatda badiiy umumlashtirish sharoitidan kelib chiqishni taqozo qiladi. Bas, shunday ekan, Bobir poeziyasida lirik qahramon tanho shoirning o‘zginasi emas, balki ana shunday tipdagilarning ham timsolidir. Shu ma’noda bu poeziyaning ahamiyati faqt Bobir shaxsiyati bilan chegaralanib qolmaydi. Agar shu holat bo‘lmaganda Bobir poeziyasi boshqa hukmdorlar, jumladan Shayboniyxonlar she’riyatidan farq qilmay qolar edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Bobir o‘zining lirik merosini ikki devonga to‘plaganki, bulardan biri 1519 yilda Kobulda tartib berilib, uni shartli tarzda Kobul devoni deb atasak, ikkinchisi Hindistonda 1528-1529 yillarda tuzilgan bo‘lib, uni olima S. Azimjonova Bobirning Hind devoni tarzida nomladi va nashr ettirdi. Ammo Kobul devoni hozirgacha noma’lum bo‘lib kelmoqda. Bobir o‘zining barcha lirik asarlarini, ya’ni ikki devonga kirgan va kirmay qolgan she’rlarini to‘liq devon holiga keltirgan. Bu haqda “Bobirnoma”ga ilova yozgan kotib shunday so‘zlarni bitgan: “Nazm va nasr va turkiy va forsiyni bebadal aytur edi. Alalxusus turkiy devoni bordurkim, anda toza mazmunlar topib aytibdur” (460- bet). Ammo ana shu to‘liq devonning taqdiri hozircha noma’lum. Bobirning bizga yetib kelgan lirik asarlari g‘azal, ruboiy, qit’a, fard, tuyuq va masnaviy janrida yozilgan bo‘lib, hammasi (masnaviylaridan tashqari) 364 asardan iborat. Hozirgi kunda ma’lum bo‘lgan lirik asarlar ichida asosiy o‘rinni g‘azal (114) va ruboiy (201) janrida yozilganlar tashkil etadi. Shuni ham uqdirish lozimki, Bobirning bu janrdagi asarlari o‘zining shakliy xususiyatlari jihatidan o‘tmishdoshlari va zamondoshlari ijodidagi g‘azal va ruboiylardan farq qilmasa-da, ammo o‘ziga xos ayrim xususiyatlarga ega. Bunday xususiyatlardan biri shundan iboratki, uning g‘azallarining aksariyati 5 va 7 baytlik bo‘lib, hajm jihatdan ixchamdir. Ruboiylarda ham ayrim xususiyat ko‘zga tashlanadiki, bu uning turli misralarida taxallusning ishlatilishidir. Bundan tashqari, Bobirning tuyuqlarida odatdagi omonimli tuyuqlar bilan birga tajnissiz yoki qit’a shaklida qofiyalanuvchilari ham uchrab turadi. Bularning hammasi Bobirning an’anaviy janrlardan foydalanishda ularga biror bir yangilik qo‘shishga intilganini namoyish etadi. Bu shakliy yangiliklarning mazmunga xilof keltirilmagani hisobga olinsa, unda shakliy yangiliklar ma’no va mazmunga bo‘ysundirilganligi hamda ularga xizmat qildirilgani ko‘rinib turadi. Bobir g‘azaliyotining mavzui, qayd qilinganidek, bir tomondan, shoirning real hayot hodisa-voqealaridan olgan taassurotlaridan, jumladan, muvaffaqiyatlardan xursand bo‘lib, xursandlik kayfiyatlarini bayon qilish, ba’zan muvaffaqiyatsizlikka uchrab, shuning tufayli zamondan va uning jafokorligidan nolish; ba’zan esa o‘zi tug‘ilgan o‘lkadan uzoqlashgani tufayli vatani va u yerdagi yoru do‘stlarini qo‘msashdan iborat bo‘lsa, ikkinchi tomondan, insoniy kayfiyat va fazilatlarni – muhabbat va nafrat, hayotdan zavqlanish va ba’zida pand-nasihat berishga intilishdan iboratdir. Shuning natijasida uning g‘azallari mutolaa qilinarkan, shoirning turli holat va sharoitdagi psixologik ruhiyasini payqab olish mumkin. Natijada bir mavzuni izchil davom ettirib, oshiqona kayfiyatlarni bayon etuvchi g‘azallar bilan bir qatorda avtobiografik xarakterdagi g‘azallar ham uchraydi. Misol uchun Bobirning quyidagi g‘azalini olaylik:
Yog‘lig‘ingkim, jon bila men xastadurmen zor anga,
Xasta jonlar rishtasindindur magar har tor anga.
Evrulur boshingg‘avu goho yuzingga yuz qo‘yar,
Bu jihatdin ot emish gulpechu goh gulzor anga.
Bir chamandur sahnikim, bo‘lg‘ay binafsha sarbasar,
Tegrasi gulzordirkim, bo‘lmag‘ay bir xor anga.
Yog‘lig‘ing tokim yuzu ko‘zungga tegmish, bordurur,
Yuz meningdek zoru yuz ming men kabi bemor anga.
Ey ko‘ngul, yuz pora qilsa yor tig‘i g‘am yema,
Lutf etib gar bog‘lar o‘lsa, yog‘lig‘ini yor anga.
Ko‘nglum istar yog‘lig‘ingni, balki andin bir nasim,
Yetsa Bobirg‘a erur jon birla minnatdor anga (Bobir. Asarlar, uch jildlik, 1 jild, 25- bet. Bundan so‘ng keltiriladigan misollar shu manbadan olinadi).
Mazkur g‘azal oshiqona mavzuda bo‘lib, shoir yor-ma’shuqa va uning yog‘lig‘i (boshga o‘raydigan ro‘molchasi) haqida so‘z yuritmoqda. Ana shu ro‘molchaning tasviri vositasida shoir yorning go‘zal portretini chizadi va shunday bir lirik situatsiyani maydonga keltirib, kitobxonning ko‘nglida nafis tuyg‘ularni uyg‘otadi, sharq xotin- qizlarining nozu karashmasi-yu hayo odobini ko‘z o‘ngiga keltiradi. Aslida gap, eslatilganidek, yor boshiga o‘raydigan ro‘molcha – qiyiq ustida ketadi. Bu qiyiq, shoir tasvirida, oshiqlar jonining toridan to‘qilgan, shuning uchun qiyiq ham yorning yuziga shunchalik oshiqki, uning boshidan sirg‘alib yuzi tomon tushaveradi. Qiyiq shunchalik go‘zalki, xuddi gulzorga o‘xshaydi; o‘rtasi chaman kabi ochilgan gullar bilan bezatilib, binafshazorga o‘xshasa (ya’ni o‘rtadagi gullarning rangi binafsharang demoqchi shoir), ro‘molning atrofi – chamanzorning atrofidek atirgullar bilan bezalganki, ularning rangi yor husnu jamoliga husn qo‘shadi. Ana shunday ro‘molcha o‘ragan yorning go‘zalligi undan ham afzal, husni undan ham ortiq. Shuning uchun ro‘molcha oshiqlar singari doim yorning qoshu ko‘ziga intiladi, ammo bu qoshu ko‘zlar unga e’tibor bermaydigan emas, balki jafo tig‘ini qadaganday ko‘rinadi. Shoir bundan juda eziladi, ko‘ngli ranjiydi. Shunga qaramay, oshiq ko‘ngilga murojaat etib: yor seni jafo tig‘i bilan pora-pora qilib tashlasa ham g‘am yema, chunki yor iltifot qilib, o‘z ro‘molchasi bilan sening yarangni bog‘lab qo‘ysa bas, hech nima ko‘rmaganday bo‘lib ketasan. Menga yor iltifotiga sazovor bo‘lgan ro‘molning silkinishi tufayli esgan shamol yetib kelsa ham baxtiyor bo‘lardim, deb aytadi. Bunda tasvir etilgan voqeani shoir aytmoqchi bo‘lgan tarzda nasriy hikoya qilib berish qiyin. Chunki shoir - oshiqning iztirobi va xursandchiligi, uning orzu va niyatlari shunchalik nozik ifodalanganki, ularni idrok etish uchun g‘azalni qayta-qayta o‘qishgina emas, balki vazniyu (ramali musamman) qofiyasi, radifiyu ohangiga ham diqqat qilishni talab qiladi. Agar bu g‘azalning vazn, mavzu e’tibori bilan Alisher Navoiy va Bobirning o‘zi tomonidan ta’riflangan g‘azalning turkiy turida yozilganligi ham hisobga olinsa, unda shoirning maqsadini ifoda etish, mazmunni har tomonlama bayon etish uchun shakldan qanchalik mohirona foydalangani ravshan ko‘rinadi. Agar mazkur g‘azalda ma’noni mujassam etuvchi obyekt yorning yog‘lig‘i – ro‘molchasi bo‘lsa, boshqa bir g‘azalda yorning sochi shu rolni o‘ynagan. Bu g‘azalning matlai:
Ko‘ngulga bo‘ldi ajoyib balo qaro soching,
Shikasta ko‘ngluma ermish qaro balo soching, - esa, bir tomondan, XV asrning shoirlaridan Mirzobekning quyidagi mashhur:
Ko‘zing ne balo qaro bo‘lubtur / Kim jonga qaro balo bo‘lubtur, - baytida va keyinchalik Alisher Navoiyning shu baytni davom ettirib yozgan g‘azalida bo‘lgani kabi tardi-aks san’atini mohirona qo‘llab, bu sohadagi an’anani qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, u Mirzobek baytdagi asosiy mazmun bo‘lmish ko‘zni tavsiflamaydi, balki soch tavsifini beradi. Shunday qilib, Bobir g‘azali badiiy tasvir san’atini qo‘llash an’anasi nuqtai nazaridan oldidagi misollar bilan umumiylikka ega bo‘lsa, tavsif obyekti jihatidan esa farq qiladi. Tavsif obyektining o‘zgarishi natijasida shunga muvofiq tarzda so‘zlar tanosibi ham o‘zgargan. Ikkinchi bir g‘azalda esa oshiqona mavzu an’anasini davom ettirishda biz boshqacha holni uchratamiz. Bu o‘ziga xoslik shundan iboratki, Bobir o‘zining:
Ko‘rmagay erdim jamoli olamoro koshki,
Bo‘lmag‘ay erdim bori olamg‘a rasvo koshki, - matlai bilan boshlanadigan g‘azalni Alisher Navoiyning “koshki” radifli mashhur g‘azaliga o‘xshatma – nazira qilib yozdi. Ammo Bobir g‘azalidagi bosh qahramon Alisher Navoiyda bo‘lgani kabi ma’shuqa emas, balki oshiqning o‘zi. Shuning uchun Bobir ishq dardiga giriftor bo‘lishning asosiy sababchisi sifatida oshiqning o‘zini oladi. Bu bilan u ma’shuqani gunohdan xalos etib, uning muqaddasligini ta’kidlamoqchi bo‘ladi. Bobirning oshiqona g‘azallarida olijanob insoniy kayfiyatlar shu tarzda bayon etilaverib, nihoyat, u real hayot zavqi, tabiiy va insoniy go‘zallikdan shunchalik shavqlanadiki, natijada umrni behuda o‘tkazmaslik, uning har bir daqiqasidan unumli foydalanish va foyda keltira olish kabi mulohazalarni bayon etadi:
Bori elg‘a yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q,
Kim degaylar dahraro qoldi falondin yaxshilig‘. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Bobirning:
Ulusdin tinmadim umrumda hargiz lahze, Bobir, / Magar o‘lsam bu olam ahlidin bo‘lg‘aymen osuda, - deb doim ulusga foyda keltira olish g‘amida ekanini ifoda etgani diqqatga sazovordir. To‘g‘ri, Bobir g‘azallarida ifoda etilgan bunday olijanob fikrlar hamma vaqt ham amalga oshirilganicha yo‘q edi. U podshoh sifatida ba’zan boshqacha yo‘l tutishga ham majbur bo‘lgan edi. Bunday ikki holat, bir tomondan, insoniy olijanoblik, ikkinchi tomondan, podshohlik lavozimatiga xos kirdikorlar Bobir – shoirni qiynaydi, natijada u o‘z orzulariga erisha olmaganidan, unga xalal bergan nomehribon falakdan shikoyat qiladi:
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Ko‘nglimdin o‘zga mahrami asror topmadim...
Bobir, o‘zungni o‘rgata ko‘r yorsizki, men,
Istab jahonni muncha qilib yor topmadim.
Yoki:
Yuz javru sitam ko‘rgan, ming mehnatu g‘am ko‘rgan,
Osoyishi kam ko‘rgan mendek yana bir bormu?
Bu fikrlar an’anaviy bo‘lib, o‘tmish poeziyasida g‘am ko‘rgan-ko‘rmagan shoirlarning hammasi ham shunday yozavergan, deyilishi mumkin. Haqiqatan ham, Zahiriddin Bobirda shunday holat bo‘lishi mumkin emasmi? Ammo Bobirning sarguzashtlari, uning niyat-orzularini, insoniyligi va olijanobligini nazarda tutganda bu fikrlar shoirning traditsion shaklda bayon qilingan qalb nidosi, jo‘shqin ehtirosi deb aytmoq maqsadga muvofiqdir. Chunki unda traditsionlik tarjimai hollilik bilan qorishib ketadi, natijada mazmun an’anaviy shaklga burkanadi va unda o‘z ifodasini topadi. Xuddi shu holatni avtobiografik xarakterdagi g‘azallarda ham uchratish mumkin.
Jumladan, Bobirning:
Keldi ul vaqtki boshimni olib ketgaymen, / Olam ichra ayog‘im yetganicha yetgayman, - deb boshlanuvchi g‘azali fikrimizni quvvatlay oladi. Bunda go‘yo jabrdiyda an’anaviy oshiq obrazi va uning ruhiy holati tasvirlaganday. Ammo aslida Bobir o‘zining qiyin ahvolda qolgan vaqtdagi, sarson-sargardonlikda yurgan paytdagi kechirmalarini ham ifoda etmoqda. Natijada bu g‘azalda traditsion shaklda real hayotiy voqealar ta’siridagi kayfiyatlar o‘z aksini topdi. Bobir g‘azallariga xos ana shu xususiyat g‘oyat muhim va ahamiyatlidir. Chunki ana shu reallikka erishish uchun shoir badiiy vositalarni ham ishga soladi, realistik tasvir yaqqol sezilib turgan turli bayt, misralarni yaratadi. Jumladan:
Savr qadding borida o‘z qaddini chun qildi vasf,
O‘tqa yoqti bog‘bon sarvi sihisin sindurib;
Yoki:
Xush ulki bir kishi ko‘zum yo‘lida erkanda,
Sevinchi deb yugurub yetsakim, falon keldi. Bu misralar sharhga muhtoj emas. Ularning o‘zi xuddi miniatyur asar kabi kichik bir hayotiy lavhani badiiy gavdalantiradi. Ha, bog‘bon bo‘yi o‘sib, boshqalariga nisbatan baravsta bo‘lgan, ya’ni kekkaygan daraxtlarni kesadi va uni o‘tga yoqadi. Bu realistik lavha shoirning tasvirida boshqacha talqin qilingan, ya’ni sarv daraxti yorning odobsizlik qilib, mag‘rur bo‘lganidan bog‘bon uni kesib, o‘tga yoqadi va shunday qilib, gunohkorni jazoga loyiq etadi. Qanday go‘zal, oddiy hayotiy voqea va uning badiiy sharhi! Ikkinchi misolda ham shunday badiiy mukammallik ko‘zga tashlanadi. Bobirning bizgacha yetib kelgan g‘azallari o‘zining ham mazmuni va ham shakliy xususiyatlari bilan shoir mahoratini, uning so‘z san’atkori ekanini yorqin namoyish etadi. Ana shu san’atkorlikning go‘zal namunalaridan biri Bobirning quyidagi matlali g‘azalidir:
Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati.
G‘azalda hayotga oshiqlik, insonga samimiy muhabbat kayfiyati g‘oyat baland ruhda ifoda etilgan. Buni amalga oshirish uchun esa shoir klassik adabiyotdagi badiiy san’atlardan, har baytda ifodalangan mazmunni keyingilarida kengroq ochib borish yo‘lidan, shuning natijasida baytlarning o‘zaro mantiqiy aloqasini maydonga keltirishdan nihoyat unumli foydalangan. G‘azal besh baytdan iborat bo‘lib, uning birinchi bayti shoh baytga aylangan. Zero, butun g‘azalda aytmoqchi bo‘lgan fikr ana shu matlada ixcham tarzda bayon etilgan. Mazkur baytda muallif se dar se san’atini qo‘llab, uchta vaqt – “yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati” va shu vaqtda bajarilishi lozim bo‘lgan uchta ishni – “She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati”ni vaqtga mutanosib ravishda keltiradi. Ana shu asosiy baytning mazmuni g‘azalning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi baytlarida yanada chuqurlashtiriladi. Diqqatga sazovor joyi shundaki, Bobir baytda nashri nomurattabni juda o‘rinli ishlatadi va muhim fikrni ayta oladi. Agar bu o‘rinda, lafu nashri murattabdan foydalanilgan edi, bunday natijaga erishish qiyin edi. Chunki lafu nashri murattab nuqtai nazaridan qaraganda “yoz fasli”, “she’r bahsi” bilan, “yor vasli” “ishq dardi” bilan va “do‘stlarning suhbati” “bodaning kayfiyati” iboralari bilan muvofiq tushishi kerak edi. Bunda ikkinchi ibora (“yor vasli” va “ishq dardi”) mutanosib va mantiqiy bo‘lsa-da, ammo birinchi va uchinchilari shoir aytmoqchi bo‘lgan fikr nuqtai nazaridan nomutanosibdir. Chunki Bobir “yoz fasli” va “she’r bahsi”ni, xususan “do‘stlar suhbati” va “bodaning kayfiyati”ni nazarda tutmaydi, ya’ni u do‘stlarning suhbati faqat bodaning kayfiyatidan iborat bo‘lishini xohlamaydi. U do‘stlar suhbatining ziynati qilib, bodani emas, balki she’r bahsini oladi. Bu esa nihoyat ilg‘or va ma’rifiy-tarbiyaviy ahamiyatga molik bo‘lgan fikrdir. Shu nuqtai nazardan yondashganda g‘azaldagi:
Do‘stlarning suhbatida na xush o‘lg‘ay bahsi she’r,
To bilingay har kishining tab’i birla holati, - tarzida kelgan bayt nihoyat original va diqqatga sazovordir. Shuning tufayli shoirning lafu nashri nomurattabdan foydalangani juda o‘rinlidir. G‘azalning matlai “yoz fasli” iborasi bilan boshlanadi. Nega endi Bobir fasl haqida so‘z yuritganida kuz, qish va bahorni tanlamay, yozni tanladi? Agar vazn uchun deyilsa, unda kuz va qishni olishi ham mumkin edi. Ammo Bobir ularni ishlatmay “yoz”ni oldi. Buning asosiy sababi she’rda aytilmoqchi bo‘lgan umumiy mazmun bilan bog‘liqdir. Chunki she’rda xushchaqchaqlik, a’lo kayfiyat, xursandlik va hayotning go‘zalliklaridan mamnun bo‘lish ruhi hukmron. Bas, shunday ekan, ana shu kayfiyat bilan qish ham, kuz ham mutanosib emas. Bunda faqat yoz o‘rinlidir. Chunki yoz bu yerda faqat yil fasli sifatida emas, balki majozan inson umrining fasli – yigitlik chog‘ining ramzi sifatida ham tasvirlangan[1].
Xuddi shu nuqtai nazardan baytdagi iboralarning tanosibi ham mantiqiy bo‘lib qoladi, ya’ni yigitlik fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati va xuddi shu vaqtda bodaning kayfiyatidagi o‘zga hol, hijrondan so‘nggi visol, suhbatlardagi she’r bahsi. / Demak, g‘azalda inson umrining navbahori bo‘lmish yigitlik va uning fazilatlari tasviri juda maroqli, badiiy jihatdan go‘zal tarzda aks ettirilgan. Bobir ana shu davrni, bir tomondan, xursandchilik bilan o‘tkazish to‘g‘risida so‘zlasa, ikkinchidan, uni behuda bodaparastlik va aysh-ishrat bilan o‘tkazmasdan kamolotga erishish, bilimli va donishmand bo‘lish uchun foydalanishga da’vat etadi. Shuning bilan bir qatorda unda murakkab dunyoqarashli shoirning olijanob fazilatlarini ko‘proq ifoda etilgani esa bunday asarlar qiymatini, ularning o‘zbek g‘azalida tutgan mavqeini yanada oshiradi. Zotan, Bobirning lirik poeziyasi, jumladan, g‘azallari o‘sha zamondayoq katta e’tiborga sazovor bo‘lgan edi. Shuni nazarda tutibmi, Bobir o‘zining bir g‘azalida Sharqning mashhur shoirlari Hofiz Sheroziyning:
Iroqu Fors girifti ba she’ri xush Hofiz,
Biyoki navbati Bag‘dodu vaqti Tabrez ast, - misralaridagi, shuningdek, Abdurahmon Jomiyning:
Agar ba Fors ravad korvoni ash’oram,
Ravoni Sa’diyu Hofiz kunand istiqbol, - baytida bayon qilingan faxriyani davom ettirib, shunday yozgan edi:
Iroqu Fors gar yetsa sening bu she’ring, ey Bobir,
Ani hifz etgusi Hofiz, musallam tutg‘usi Salmon.
Darhaqiqat, Bobirning o‘ynoqi va sermazmun lirik asarlari Kobul va Hind yerlaridan parvoz qilib, Yaqin va O‘rta Sharq o‘lkalariga yetib keldi, o‘quvchilari va muxlislarini shod qildi, o‘ziga ergashuvchi payrovlarni maydonga keltirdi. Shuning natijasida Bobir g‘azallariga o‘xshatma asarlar bituvchilarni keyingi asrlarda ko‘plab uchratish mumkinki, shulardan biri XIX asrning birinchi yarmida yashab, o‘zbek va tojik tillarida ijod qilgan Junaydulla Hoziqdir. Hoziq Bobir lirikasining latofati va nazokatidan bahramand bo‘lib, jumladan quyidagi misralarni yozadi:
Tebranurga zarracha bu tanda imkon qolimu?
Zaxmlarda bir necha o‘q birla paykon qoldimu?
Hajr dardidin menga yetdi ajal paymonasi,
Hoziqo, rahm aylagil, doruyu darmon qoldimu?
Bobirning lirik asarlari ichida ruboiy, tuyuq, qit’a va fard janrlarida yozilgan to‘rtlik va ikkiliklar ham mavjud. Mazkur janrlarda bitilgan asarlar o‘zlarining tematikasi va g‘oyalari jihatidan shoirning g‘azallari bilan hamohangdir. Masalan, ruboiy janrida yozilgan to‘rtliklarni olganda biz bu holni yaqqol seza olamiz.
Ruboiy janri boy tarixga ega bo‘lib, u o‘zbek adabiyotida Alisher Navoiy ijodiyoti tufayli katta mavqega loyiq bo‘ldi. Uning janriy xususiyat va tematikasi ma’lum darajada aniqlanib qolgan bo‘lsa-da, har bir haqiqiy qalamkash unga o‘z hissasini qo‘shishga intildi. Ana shunday qalamkashlardan biri Bobirdir. Bobirning ruboiylari an’anaviy xususiyat va tematikaga ega bo‘lsa- da, ularning mavzui xuddi g‘azaliyotda bo‘lgani kabi shoirning ko‘rgan-kechirganlari ko‘proq o‘z in’ikosini topgan. Natijada an’anaviy, falsafiy ruboiy Bobirda hayotiy voqealarning bayonidan iborat to‘rtliklarga ko‘proq moyil bo‘ldi. Demak, umumiylikdan konkretlilik tomon siljish kayfiyati Bobir ruboiylariga xos xususiyatlaridandir. Shuning natijasida ruboiylarida avtobiografik holat o‘z aksini topa bordi. Jumladan, Bobirning:
Beqayd menu xarobi sim ermasmen,
Ham mol yig‘ishtirur laim ermasmen.
Kobulda iqomat etti, Bobir dersiz,
Andoq demangizlarki, muqim ermasmen,
Yoki:
Tole’ yo‘q jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki, ayladim xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin ne yuz qarolig‘ bo‘ldim,
- kabi ruboiylari shoir hayotining ma’lum davri va shu davrga bog‘liq bo‘lgan ruhiy kechinmalari bilan aloqador tarzda yaratilgan. Bu fikrlarni Bobir o‘zi ham tasdiqlaganday bo‘ladi.
Jumladan, u Samarqandni tashlab chiqqach, 907 h./1501-1502 milodiy yilda sarson-sargardon yurganini tasvirlab, “Bobirnoma”da shunday yozadi: “Toshkantga bordim. Bu ruboiyni aytib edim, ma’lum taraddudim bor edi. Ul mahalda she’r mustalahotig‘a muncha tatabbo‘ qilmaydur edim, xon (Sulton Mahmudxon – Bobirning tog‘asi) xushtab’ kishi edi, she’r aytur edi, agarchi saru somonlik g‘azali kamroq edi, bu ruboiyni xonga o‘tkarib, taraddudimni arz qildim. Ko‘ngul ting‘udek shofiy javob topmadim. G‘olibo she’r mustalahotig‘a kamroq tatabbo‘ qilg‘ondur. Ruboiy budur:
Yod etmas emish kishini mehnatta kishi,
Shod etmas emish ko‘ngulni g‘urbatta kishi.
Ko‘nglum bu g‘ariblikta shod o‘lmadi g‘ech,
G‘urbatta sevunmas emish, albatta kishi”.
Shuning bilan bir qatorda Bobir ruboiylari ichida yuqoridagi xususiyat bilan bog‘liq ravishda noma-ruboiylar ham uchraydiki, ular asosan shoirga yaqin kishilarga yozib yuborilgan xat-ruboiylardir. Misol uchun quyidagi ruboiylarni keltirish mumkin:
Azm ayla, sabo, ul guli xandonimg‘a,
Ne gulki quyoshdek mahi tobonimg‘a,
Yetgil dag‘i ishtiyoq ila Bobirdin,
Zinhor degil: salom tuqqonimg‘a;
Yoki:
Bobir mutavajjih o‘lsa Langar sarig‘a,
Qilmas nazar bihishtu kavsar sarig‘a,
Sendin tilagimdur madad, ey shoh G‘iyos,
Har vaqtki azm aylasam har sarig‘a.
Demak, bu ruboiylar ham hayotning ma’lum voqeasi bilan, shoir umrining muayyan davri bilan bog‘liq bo‘lib, ham avtobiograflik-tarjimai hollik va ham nomalik fazilatlariga egadir. Bu esa ruboiylarning tarixiyligini ta’min etib, avval qayd etilganidek, ularning badiiylik bilan qorishib ketganini namoyish etadi. Bunday ruboiylar bilan birga axloq va pand-nasihat mavzuida yozilganlari ham ko‘zga tashlanib turadi. Masalan:
Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak,
O‘rgangali ilm tolibi ilm kerak.
Men tolibi ilmu tolibi ilme yo‘q,
Men bormen ilm tolibi ilm kerak.
Bunda shoir asosiy urg‘uni ikki so‘zga bergan – bulardan biri ilm, ikkinchisi tolibi ilm. Shoirning tasavvurida ilmni o‘rganishning shaydosi bo‘lmoq kerak. Agar ana shunday shaydolik, ilm o‘rganishga nisbatan shavqu zavq bo‘lmasa, unda maqsadga – ilmga erishish qiyin. Shuning uchun bu yo‘lda har qanday mushkulliklar uchrasa-da, ularni yenga oluvchi shaxsgina ilm egasi bo‘lmog‘i mumkin. Ko‘rinadiki, Bobir muhim tarbiyaviy fikrni o‘rtaga tashlamoqda. Ilmga bulhavaslik va hardamxayollik bilan erishish mumkin emasligini uqtirmoqda, ilmni egallashda tirishqoqlik, qunt, sabot va maqsad sari intila bilish qobiliyatlari bo‘lishi shartligini go‘yo eslatmoqda. Ikkinchi bir xil ruboiylarda esa insoniy olijanoblik va pastkashlik, yomonlik to‘g‘risida fikr yuritilib, olijanob insonning taqdirlashga loyiqligi, pastkash odam esa jazoga sazovorligi qayd qilinadi:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.
Yaxshi kishi ko‘rmagay yamonlig‘ hargiz,
Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidur.
Bunda maqsad nihoyat ochiq, sodda va ravshan bayon etilganki, u sharhga muhtoj emas. Faqat bir detalga e’tibor berish lozim. U ham bo‘lsa, shoirning “vafo-jafo-yomon” so‘zlarni keltirishiva nihoyat, “jafo” – “yomon”ning “jazo”ga aylanishi. Shoirning maqsadi ham shunda, uning ideali esa “vafo – yaxshi”dan iboratdir. Albatta, bunda falsafiy kashfiyot yo‘q, shoir tamoman aytilmagan fikrni birinchi bo‘lib aytayotgani ham yo‘q. Hamma gap shundaki, shoir ma’lum fikrni original tarzda bayon eta olgan, shuning tufayli u yoqimli va katta tarbiyaviy ahamiyatga molikdir.
Xuddi shunday fikrni uning tuyuqlari, fard va qit’alari haqida ham aytish mumkin. Ularning hammasi shoir siymosini gavdalantira oluvchi she’riy avtoportretga o‘xshaydi. Bu fikrni Bobirning o‘zi ham qo‘llab-quvvatlaganday bir fardda quyidagicha yozadi:
Har vaqtki, ko‘rgasen mening so‘zumni,
So‘zumni o‘qub, anglaysen o‘zumni.
Bobirning lirik ijodida yuqorida qayd qilinganlardan tashqari kichik masnaviy janrdagi asarlari ham bor. Odatda bular masnaviy tarzida belgilanadi va ular haqida so‘z yuritiladi. Ammo bu asarlar diqqat bilan mutolaa qilinsa, ularning ajib bir fazilati oydinlashadi. Garchi shoir bu masnaviylarni turli vaqtda alohida-alohida bitgan bo‘lsa-da, ammo ularni birlashtiradigan, turkumlashtiradigan xususiyat ham ko‘zga tashlanadi. Bu xususiyat shundan iboratki, ularning ko‘pchiligida (o‘zi oltita, shundan to‘rttasida) “sabo”ga murojaat etib yorga salom yetkazish iltimosi va yordan gina qilish kayfiyati bayon etiladi. Shunisi ham borki, ularning aksariyatini oshiqning yorga yozgan she’riy nomalari tashkil etadi.
Sabo ul gul harimiga guzar qil,
Mening holimdin ul gulga xabar qil.
Ey payki sabo qotimga kelgil,
Eshitib bu so‘zumni dog‘i bilgil.
Ey sabo, yelmakni qo‘yg‘il, hazm qil,
Sarvi nozim kuyi sori azm qil,.
Mazkur nomalardan beshtasi 16 baytdan 41 baytgacha hajmga ega bo‘lsa, bir noma, jumladan, quyidagi matlalisi: Bir kecha xotirim mushavvash edi, Ko‘zda suv, ko‘nglum ichra otash edi, - hajman katta bo‘lib (96 bayt), mazmunan ham boshqalardan farq qiladi, go‘yo bu nomalarni yakunlovchi falsafiy yakundir.
Shunday qilib, bu masnaviylar o‘zbek adabiyoti tarixida mavjud bo‘lgan noma janri xususiyatlariga mos keladi. Shu nuqtai nazardan Bobirning ancha tarixga ega bo‘lgan bu janrga ham murojaat etgani, uning an’anasini o‘ziga xos tarzda davom ettirganini uqtirish lozim. Bu o‘ziga xoslik shundan iboratki, yorga yozilgan nomalardan tashqari avtobiografik xarakterdagi nomalar ham ilova qilingan. Garchi bunday nomalar oshiqona kayfiyatdan ko‘ra tarjimai hol bayonidan iborat bo‘lsa-da, buni Bobir lirikasi uchun xos bo‘lgan tasvir uslubining natijasi sifatida qaramoq lozim (Tarixiy hodisalar va uning o‘zining tarjimai holi bilan bog‘liq bo‘lgan voqealarni kichik masnaviyda aks ettirishni “Bobirnoma”da uchratish mumkin. Bobirning bunday asarlari devoniga kirmagan. Jumladan, 912 h./1506-1507 milodiy yillar voqeasini bayon etib, Hirotdan Kobulga qaytayotgan Bobir turli qabilalarning qarshiligiga duch keladi. Ammo uning navkarlari kerakli shijoatni ko‘rsata olmagan paytlarida ularni hujumga ruhlantiradi. Bobir bu voqea va uning haqidagi mulohazalarini masnaviy shaklida bayon etadi. Bu masnaviy quyidagicha boshlanadi: Qarosin yog‘ining ko‘rubturlar, / Dangu hayron boqib turubturlar. / Men yetib tez ul sori yurudum, / Yuru-yuru deb, ilgari yurudum... Demak, Bobirning kichik masnaviylarida hayot hodisa- voqealarini aks ettirishga bo‘lgan ishtiyoqi tabiiy hol bo‘lib, uning ijodiy maromi natijasi ekanligi ravshanlashadi.).
Muallif noma janrida ham oshiqona poeziyaga xos tuyg‘ular bilan real, hayotiy tuyg‘ularni qorishtirib yuborib, nomalarning hayotiyligini oshiradi, shuning natijasida ulardagi hissiyot mavhum oshiq hissiyoti sifatida emas, balki real shaxs hissiyoti va mushohadalari kabi ko‘zga tashlanadi. Bunda shoirning ijtimoiy hayot hodisa-voqealaridan olgan taassurotlari, shuning natijasi bo‘lmish falsafiy mushohadalari ham diqqatga sazovordir. Bunday fikrlar shoirning hissiyoti prizmasi orqali, uning xayoli va kechinmalari oinasi tufayli o‘quvchiga yetib boradi. Shuning natijasida nomalardagi oshiq faqat ma’shuqasi bilan chegaralangan shaxs sifatida gavdalanmaydi, balki mulohaza yurituvchi, faylasuf, hayotning issiq-sovug‘ini tagidan, dunyo ko‘rgan tadbirli va tajribakor kishi sifatida namoyon bo‘ladi. Bunday holat, ya’ni noma janri qahramonining oshiq darajasidan jamiyat hayoti ustida muhokama yurituvchi sotsial siymo darajasiga ko‘tarilishi esa Bobirning bu ishqiy kechinmalar bayon bo‘lmish janrni sotsial mulohazalarni ifoda etuvchi janrga aylantirganidan dalolat beradi. Shu jihatdan mazkur janrni rivojlantirishda Bobirning xizmati beqiyos kattaligi ko‘rinib turadi.
Agar shu asrda ozarboyjon adabiyotining namoyandasi shoir Xatoyi tomonidan noma janriga murojaat qilib, undagi lirizmga epizmni qo‘shib, voqealar tizmasini maydonga keltirgani hisobga olinsa (“Dahnoma”), Bobirning ham bu sohadagi novatorligi tasodifiy hol bo‘lmay, ma’lum qonuniyatning natijasi ekanligi ravshanlashadi.
Shunday qilib, Zahiriddin Muhammad Bobirning lirik merosi o‘zining janriy jilosi, mazmunan ko‘p qirraligi va o‘sha davrning muhim problemalari ustida mulohaza yurituvchanligi, muallifning dunyoqarashi kabi murakkabligi bilan ajralib turadi. Agar bu merosni murakkab davrning o‘ziga xos badiiy ko‘zgusi, murakkab shaxs ko‘nglining turli rangda tovlanuvchi oinasi desa xato bo‘lmas.
Zahiriddin Muhammad Bobirning she’riy asarlari ichida ”Mubayyin” va “Volidiya” nomlari bilan tilga olingan risolalari ham mavjud. Bulardan “Volidiya” tasavvuf va so‘fiyona axloq masalalariga bag‘ishlangan bo‘lsa, “Mubayyin” esa o‘sha zamon uchun muhim bo‘lgan iqtisodiy masalalar, xususan, soliqlar to‘g‘risida so‘z yurituvchi risoladir. Bu risolani maxsus tekshirgan bobirshunos olima S. Azimjonovaning ta’kidlashicha, “Mubayyin” XVI asrda keng tarqalgan soliqlar sistemasini bayon qilib qolmay, balki Bobirning iqtisodiy bilim darajalarini ham ifoda etadi. O‘g‘li Humoyunga dasturulamal tarzida yozilgan bu asar keyinchalik keng tarqalib ketgan va ko‘pgina o‘lkalarda undan foydalanilgan.
B. VALIXO‘JAYEV.
O‘zbek adabiyoti tarixi. Besh jildlik. 3-jild. XVI-asrdan XVIII-asrning 70-yillarigacha. Mas’ul muharrir V. Abdullayev. Nashrga tayyorlovchi Q. Tohirov. –T.: Fan, 1978. -380 b. – B. 53-64. (O‘zbekcha); Лирические произведения Бабура.
Fikr qoldirish#