Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobirning hayoti va adabiy-ilmiy merosi

Zahiriddin Muhammad Bobir 1483-yilda Farg‘ona viloyatining hokimi temuriyzoda Umarshayx mirzo oilasida Axsida dunyoga keldi. Umarshayx Movarounnahr hokimi Ab-u Said Mirzoning o‘g‘li bo‘lib, 1455-yilda Samarqandda tug‘ilib, 1494-yilda Axsida fojiali tarzda vafot etdi. “Bobirnoma”da yozilishicha, u “badmaosh” bo‘lib, unda “mulkgirlik dag‘dag‘asi” kuchliligi tufayli “xele yarashlar urushqa va do‘stluqlar dushmanliqqa mubaddal bo‘lur edi” (Bobir. Bobirnoma. Toshkent, 1960, 65-bet. Bundan so‘ng shu manbadan olingan misollarning betlari tekstdan keyin qavsda beriladi.). Shuning bilan bir qatorda uning “Ravon savodi bor edi. Xamsatayn va masnaviy kitoblarni o‘qub edi. Aksar “Shohnoma” o‘qur edi. Tab’i nazmi bor edi, vale she’rga parvo qilmas edi” (64-bet). Onasi esa Qutlug‘ nigorxonim bo‘lib, u mo‘g‘ul xonlaridan Yunusxonning qizi edi. Bobir onasi to‘g‘risida batafsil ma’lumot bermaydi. U Bobirning Kobuldaligi vaqtida, ya’ni 911 h. – 1505 m. yilda dunyodan o‘tdi. Bobir Umarshayxning sakkizta farzandi (uch o‘g‘il va besh qiz) ichida kattasi edi. Ana shu oilada Bobir o‘sha davrdagi temuriyzodalar rasm-u qoidasiga muvofiq tarzda tarbiyalanadi. Bobir 1488-yili, ya’ni besh yasharligida oila a’zolari bilan birga Samarqandga keladi. Bu davrda Samarqand hokimi amakisi Sulton Ahmad bo‘lib, shu yili u Termiz xonzodalaridan bo‘lmish Xonzodabegimga uylanadi. “Hanuz, - deb yozadi Bobir, - yuz yopug‘i bor edi. Turkona rasm bila manga buyurdilar, men yuzini ochdim” (76-bet). Shunisi xarakterliki, “Bobirnoma” muallifi o‘sha davrning urf-odatlaridan bo‘lmish o‘g‘il va qiz bolani yoshligida unashtirib qo‘yishni eslatib yozadiki, Sulton Ahmadning qizi Oyisha Sultonbegimni “besh yoshida Samarqandga kelganda manga qo‘lub erdilar” (Keynchalik, ya’ni 1497-98-yillarda Bobir Xo‘jandda bu qizga uylanadi. 1500-yilda bir qiz ko‘radi, u o‘lgach, Oyisha Sultonbegim egachisining fitnasi bilan Bobirdan ajraladi) (76-bet). Ayrim ishoralaridan shunday xulosaga kelish mumkinki, Bobir avval Axsida ta’lim olib, keyinchalik Andijonga kelgan va shu yerda turli ilmlarni mutolaa qilgan. 1494-yili otasi o‘lgan vaqtda ham u Andijonda bo‘lgan. “Umarshayx mirzog‘a bu voqea dast berganda men Andijonda chahorbog‘da edim” (72-bet). Demak, Axsi o‘sha paytda Farg‘ona viloyatining hokimi turadigan poytaxt bo‘lib, Umarshayx va uning oilasi-yu arkoni davlati shu yerda yashagan. Bobirning ta’kidlashicha, “Umarshayx Mirzo muni (Axsini – B.V.) poytaxt qilib edi”. Bu davrda Farg‘ona viloyati Andijon, O‘sh, Marg‘ilon, Isfara, Xo‘jand, Koson, Axsi kabi shahar va qasabalardan iborat bo‘lib, ulardan eng yirigi Andijon edi. Bobirning Andijonda bo‘lganligi va shu yerda tahsili ulum qilgani bejiz emas. Chunki Andijon Movarounnahrning Samarqand va Kesh (hozirgi Shahrisabz – B.V.) lardan so‘ng turadigan yirik shaharlardan, Farg‘ona viloyatining savdo va ma’muriy markaz poytaxti edi. Andijon xalqi turkiy tilda (eski o‘zbek tilida B.V.) so‘zlashuvchi bo‘lib, “shahar va bozorisida turki bilmas kishi yo‘qtur. Elning lafzi qalam bila rosttur” (60-bet). Bobir ana shu muhitda tarbiya ko‘radi. Otasi o‘lgach, 1494-yilning iyunida Farg‘ona viloyatining taxtiga o‘tiradi. Ammo feodal hukmdorlarning o‘zboshimchalik xurujlari avjga minadi. Chunonchi, Isfara hokimi Ibrohim Sor-u Bobirga itoat qilishdan bosh tortib, Samarqand hokimi Boysung‘ur mirzo tasarrufiga o‘tadi. Bobirning ukasi Jahongirmirzoni taxtga o‘tqazish niyatida Hasan Yaqub boshliq beklar unga qarshi suiqasd uyushtiradilar. Bu fosh qilingach, Bobir ehtiyotkorlik chora-tadbirlarini izlay boshlaydi, “hatto, ushbu yil shubhaliq taomdin parhez qila boshladim, - deb yozadi u. – Pichoq va qoshiq va dasturxongacha ehtiyot qilur edim” (81-bet). Bobir katta va notinch viloyatni boshqarishda ancha urinadi, Andijon atrofidagi shaharlarga yurishlar tashkil qiladi. Bobir 1497-yil noyabr oyining ikkinchi yarmida Samarqandni egallaydi. Yetti oy qamalda qolgan Samarqand o‘zining barcha zapaslarini xarj qilgan, dehqonchilik xarob, shahar xarob, aholi aftoda bo‘lib qolgan edi. Yosh hukmdor bu ahvoldan qutulish yo‘llarini axtarar, tinim bilmas edi. Natijada bir marta kasal bo‘lib ham qoldi. Tuzalgach, parhezni saqlay olmagani uchun (e’tibor bering, hokim parhezni saqlay olish imkoniyatiga ega bo‘lmagani uchun!) yana xastalanadi. “Bu navbat, - deb yozadi, - yomon behuzur bo‘ldum. Andoqki, to‘rt kuncha tilim tutildi, og‘zimga paxta bila suv tomzurlar erdi. Mening bila qolg‘on bek va begot va yigit-yalang menim tirilganimdin ma’yus bo‘lub, har kim o‘z fikrida bo‘ldilar... To‘rt- besh kundan so‘ng ul holdin bir nima yaxshiroq bo‘ldum. Vale tilimda kalolat (– duduqlanish) qoldi. Necha kundin so‘ng o‘z holimg‘a keldim” (92-bet). Bobirning xastaligidan foydalangan Uzun Hasan Andijonda o‘zini hokim deb e’lon qiladi. Bu orada Bobir tuzaladi, ammo unga sodiq qolganlar 200-300 kishidan oshmas edilar, xolos. Bobir Samarqandda bor-yo‘g‘i uch oydan ko‘proq bo‘ldi. Bu orada Andijondan tashvishli xabar kelgach, 1498-yilning fevral oyida Andijonga safar qildi. Ammo Bobirning e’tirof etganidek, “Andijong‘a bo‘la Samarqandni ilikdan berduk, Andijon ham ilikdan chiqmish edi. Bizga g‘ofil “az in cho ronda va az on cho monda” degandek bo‘ldi” (83-bet). Samarqanddan ajralgan, Andijonni ololmagan Bobir goh Marg‘ilon, goh Xo‘jand, goh Konibodom orasida yurdi. Nihoyat, madad istab, Toshkent hokimi tog‘asi Sulton Mahmudxon oldiga bordi. Qaytib yana Andijon tomon kelib, uning atroflarini, O‘shni oldi. Shuni alohida uqdirish kerakki, bu davrda mamlakatning siyosiy hayotida katta yer egalari va din arboblarining ta’siri kuchli bo‘lib, ba’zan ular hal qiluvchi rol o‘ynardilar. Shuning tufayli shahar hokimlari va hatto viloyat shohlari ko‘pincha ularning irodasini bajarardi. Bu jihatdan mazkur davrdagi Movarounnahrda tarxonlardan Muhammad Mazid va Darvesh Muhammadlarning; feodallardan Andijondagi Uzun Hasan va Ahmad Tanballarning, Hisordagi Xusravshohlarning, Samarqandda Boqi tarxonlarning, diniy arboblardan Farg‘onada Xoja Abdulla Mavlono Qoziyning, Samarqandda Xoja Yahyolarning katta nufuzini eslatish mumkinki, ular goh Sulton Ali Mirzoni, goh Boysung‘urni gohida Jahongirmirzoni shoh deb e’lon qilar yoki ba’zilarini o‘ldirar edilar. Bu holat hatto o‘sha davr mualliflaridan Muhammad Solih tomonidan “Shayboniynoma”da alohida ta’kidlangan. U Boqi tarxon va uning Samarqand hokimi Sulton Ali oldidagi nufuzi haqida gapirib shunday yozadi: 

Ul zamon shahri Samarqand aro,

Bo‘ldi Sulton Ali otliq mirzo. 

Ushbu tarxon anga bersa edi osh,

Qila olur edi mirzosi maosh,

Yo‘qsa bechora yurur erdi nahor, 

Bu edi hol ango laylu nahor. (“Shayboniynoma”, 50-bet). 


Bu davrda Bobir ham shunday voqeaga duch keldi. U Samarqanddan Andijonga ketgach, Sulton Ali Mirzoning onasi shaharni Shayboniyxonga topshiradi. Samarqandda ahvol yana og‘irlashadi, shunda Muhammad Mazid tarxon boshliq beklar Bobirni Samarqandga taklif qilib, odam yuboradilar. Shu taklif asosida Bobir yana Samarqandga yo‘l oldi. Bobirni Samarqandda ko‘rgan xalq Shayboniylarga qarshi kurashib, ularni qochib ketishga majbur qiladi. Natijada Bobir (19 yoshli – 1500-yilda) Samarqandni ikkinchi marta egallaydi. Bu haqda ba’zi shoirlar she’riy ta’rixlar yozdilar, bulardan birini Bobir o‘z asarida keltirgan: 

Boz gufto xirad, ki tarixash,

Fathi Bobir bahodur ast bidon (“Bilim uning ta’rixini “Bobir bahodur, fathidir, deb aytdi”. Bundagi “Fathi Bobir bahodur” بابر فتح بهادر iborasi abjad hisobi bilan 905 h. (1500 m.) yilni bildiradi.). 

Yosh Bobirning Samarqand taxtini egallagani xabari Hirotga ham yetib borgach, unga ulug‘ shoir Alisher Navoiy ham xat yuboradi. Bu xatning mazmuni hozircha noma’lum, chunki u saqlanib qolmagan. Ammo o‘sha vaqtdagi ijtimoiy sharoit, Temuriy va Shayboniylar vaziyati hisobga olinsa, unda Alisher Navoiy maktubi ham shu masalaga bag‘ishlangan bo‘lishi ehtimol. Chunki Bobirning e’tiroficha, hali u shoirlikda nom va shuhrat qozona olmagan ediki, Alisher Navoiyning xati bu masalaga qaratilgan bo‘lsa. Bobir ham unga javob yozgan, ammo bu xatning javobi Hirotdan kelguncha “tafriqa va g‘avg‘o” bo‘lgan. Bobir Samarqandda ozgina muddat bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘zining diqqatini badiiy va ilmiy adabiyotlarni o‘qishga qaratib, yaxshi kitoblarni axtarib topib, o‘qish va o‘rganishni davom ettirdi. Ilk baytlarini shu yerda yoza boshladi “ul fursatlarda birar, ikkirar bayt aytur erdim. Vale g‘azal tugatmaydur erdim” (126-bet). Navoiyga yozgan xati orqasida “turkiy bayt bitib” yuborganini aytadi. Xuddi shu shaharda u shoir va olimlar bilan suhbatlar o‘tkazib, ularga yordam ham beradi. Shayboniyxon bu davrda Qorako‘l, Dabusiyalarni egallab, Samarqandga keladi. Yosh Bobir, o‘zining e’tiroficha, tegishli tayyorgarlikni ko‘ra olmay, qarshi urushga otlandi, biroq yengildi. Mag‘lubiyatga uchragan Bobir Samarqand qo‘rg‘oniga qaytdi, Shayboniyxon shaharni besh oy qamal qilib, shahar aholisini shunchalik tang ahvolga soldiki, “faqir va miskin it etini, eshak etini yiya kirishtilar... Ba’zi quruq yig‘ochlarni randa qilib, taroshasini suvg‘a ibitib, otg‘a berurlar edi...“ (135-bet). Bobir bu ahvolni ko‘rib, ozgina odamlari bilan shaharni tashlab chiqib ketadi. Hech kimdan, Husayn Boyqarodan ham yordam ololmagan Bobir 1501-1502-yillarda goh Jizzax, goh O‘ratepa, goh Toshkent, goh Xo‘jand, goh Mascho va Obburdon orasida sargardon yuradi. Bu hol uning qalamiga ko‘chib, ayrim avtobiografik she’rlar ham bunyodga keladi. Chunki Toshkent va Xo‘jand yo‘lida joylashgan Turok chorbog‘ida xuddi shu yili u o‘zining birinchi to‘liq g‘azalini yozib tugatadi. Bu g‘azalning matlai quyidagicha: 


Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim, 

Ko‘nglimdin o‘zga mahrami asror topmadim.


Bobir mag‘lubiyat o‘kunchlarini tatigan bo‘lsa-da, ammo g‘olib kelish niyatida o‘ziga sodiq kishilar bilan (1502-1503-yillar orasida) yana Andijon tomon yo‘l olib, O‘sh va uning atrofini qo‘lga kiritdi. Andijon uchun bo‘lgan kurashlardan birida yengilib, o‘zi Ahmad Tanbalga hadya etgan qilich bilan yarador qilindi. Tog‘asi Sulton Mahmudxon Toshkentga kelib, Andijonni qo‘lga oladi. Axsi va O‘sh uning ixtiyoriga o‘tadi. Shunda to‘rt oy davomida Bobir Sulton Mahmudxon qoshida Andijonda qoladi. Sulton Mahmudxon jiyani Bobirga yordamlashmoqchiday ko‘rinsa-da, ammo Farg‘ona vodiysini butunlay o‘z ixtiyoriga o‘tkazish niyatida bo‘lib, Bobirga uncha e’tibor bermaydi. Nihoyat, Andijon ham Shayboniyxon tomonidan zabt etilgach, 1503-1504-yillarda Bobir ozgina odamlari bilan avval Hisorga, so‘ng bir oz kuch to‘plab Kobulga boradi va uni egallaydi. U shahar obodonligi, bog‘larni obod qilish (Istalif kentida), yangi meva navlarini o‘tkazish (masalan, ol-u-bol-u) masalalariga e’tibor qila boshlaydi, davlatni boshqarish ishiga mahalliy zodagonlarni jalb qiladi, shayxlarning firibgarligini fosh etadi. Masalan, Bobir yozadi: “Dedilarkim, G‘aznining kentlarida bir mozor bordurkim, salovot aytg‘och qabr mutaharrik bo‘lur. Borib mulohaza qilildi, qabrning tebrangani mahsus bo‘ldi. So‘ngra ma’lum bo‘ldikim, mujovirlarning tazviri ekandur. Qabrning ustig‘a bir jul’ya yasabturlar, har zamon jul’yag‘a tegadurlar, jul’ya tebrangach, qabr tebrangandek mahsus bo‘ladur. Nechukkim, kemaga kirmagan el kemaga kirgach sohil mutaharrik mahsus bo‘lur. Buyurdimkim, mujovirlar jul’yadin yiroq turdilar, bir necha talovat ayttilar, qabrda harakatye mahsus bo‘lmadi. Buyurdumkim, jul’yani buzub, qabrning ustiga gunbaz qildilar. Mujovirlarni bu harakattin tahdid bila man’ qilildi” (202). Bobir davlatni boshqarish ishlarini tartibga keltirish bilan birga badiiy ijod bilan ham shug‘ullanadi. 1504-yil mart oyining ikkinchi yarmida navro‘z munosabati bilan yozgan g‘azalining matlai va maqtai quyidagicha:

Yangi oy yor yuzi birla ko‘rub el shod bayramlar, 

Manga yuz-u qoshingdin ayru bayram oyida g‘amlar... 

Yuzi navro‘zi, vasli iydini, Bobir, g‘animat tut, 

Ki mundin yaxshi bo‘lmas bo‘lsa yuz navro‘z bayramlar. 

Xuddi shu vaqtda u Bobiriy xatni ham yaratgan edi. Qizig‘i shundaki, bu ixtironing sabablari bayon qilinmasa-da, bunda yangilikka intilgan Bobirning xayrli ishi ko‘zga tashlanadi. Chunki u ixtiro etgan xat o‘zining xususiyatlari bilan arab xatidan afzal edi. Ammo shunga qaramay, o‘sha davrda va undan so‘ng ham bu xat turli sabablar bilan keng tarqala olmagan edi. To‘g‘ri, Bobir 1505-1506-yillarda shu xat bilan bir mufradot yozgan “Bobiriy xatidin so‘z chiqdi, mufradotini tiladi, bitidim” (260), keyinchalik ba’zi bir asarlarini – qit’alar, sarxatlarni ko‘chirtirgan. Ammo bu holat muqaddas va ilohiy deb bilingan xatni (arab) e’tiborsiz qilishi mumkinligini payqagan din ahli uning keng tarqalishiga qarshilik ko‘rsatishlari tabiiy edi. Bobir o‘zining hokimiyatini xavf-xatardan va Shayboniylarning hujumlaridan saqlash chora-tadbirlari ustida o‘ylay boshlaydi. Chunki Shayboniyxonning yurishlari temuriyzodalarning ahvolini nihoyat og‘irlashtirayotgan bir paytda Xuroson hokimi Sulton Husayn Boyqaro va uning amir-u amaldorlari faqat aysh-ishrat bilan band edi. Husayn Boyqaro o‘lgach, uning o‘g‘illari Shayboniyga qarshi kurashish maqsadida Bobirni ham kengashga chaqiradilar. Bobir Hirotda yigirma kun yashaydi. Ana shu vaqtda uning yozishicha, “Hiriydin chiqquncha Alisherbekning uylarida edim” (275). Alisher Navoiyning yashaydigan uyi Unsiya deb atalardi. Hali bu uyda Navoiy hayotidagi tartib mavjud bo‘lib, Bobir Navoiy asarlari bilan shu yerda yana batafsilroq tanishadi. Natijada siyosiy faoliyat bilan bir qatorda adabiy faoliyatga bo‘lgan mayl va rag‘bati tobora osha boradi. Ammo Badiuzzamon va Muzaffarlarning qo‘sh hokimiyati hamda bo‘layotgan voqealarga munosabatlari Bobirga uncha ma’qul bo‘lmaydi. Shuning uchun Hirotda chaqirilgan kengash ham natija bermagach, noiloj Kobulga yo‘l oldi. 1507-yil Hirotda Shayboniyxon nomiga xutba o‘qilgani Temuriylar dinastiyasining batamom mag‘lubiyati nishonasi edi. Temuriyzodalar turli tomonga tarqab ketdilar. Xuddi shu yili Bobir o‘g‘li Humoyun tug‘ilgach, temuriyzodalarning an’anasini buzib, o‘zini podshoh deb e’lon qildirdi: “Ushbu tarixqacha Temurbekning avlodini bovujudi saltanat mirzo derlar edi, ushbu navbat buyurdumkim, meni podshoh degaylar” (23). Bu detalda tarixning ajib bir haqiqati – o‘zi temuriyzoda bo‘lgan shaxsning bu xonadon inqirozini his etib, yangi sulolalar davri boshlanganini e’tirof etishi ifoda etilgan. Bunda Bobirning ziyrakligi va siyosat sohasida ancha tajriba orttirgani ham ko‘rinadi. Bobir endi o‘zi mansub bo‘lgan xonadonning hokimiyatni boshqarishdagi tajribalaridan saboq ola boshladi. Siyosiy hayotda yakka qolgan temuriyzoda eski territoriyalarni qaytarib olish niyatidan qaytmagan holda sharqqa – Hindiston tomonga o‘z diqqatini qaratdi. Shu maqsadda o‘z armiyasini tartibga sola boshladi, ba’zan afg‘on qabilalari va qishloqlari ustiga yurishlar qilib, shafqatsizlikka ham yo‘l qo‘ydi. Vaqtini topib har xil imoratlar qurdirdi, bog‘lar (masalan, bog‘i Vafo) barpo qildi. Ayni vaqtda badiiy ijod bilan ham shug‘ullandi. Xususan, u Alisher Navoiy ijodini qunt bilan o‘rganishni davom ettirdi, uning “Xazoyinul-maoni”sini mutolaa qilib, aruz bahri tartibi bilan saylanma devonini tuzdi: “Odina kuni oyning (Zulhijja oyining – B.V.) yigirma uchida Alisherbekning to‘rt avzoni tartibi bila g‘azallar va ab’yotkim, intixob qiladur edi, itmomig‘a yetti” (73). Bundan ko‘rinadiki, bu orada Bobir aruzning qoida, qonunlarini o‘rganib olib, ana shu nazariy bilim asosida bevosita amaliy ishga kirishgan va buning uchun Alisher Navoiyning devonini tanlagan. Bobir tuzgan bu saylanma devon hozircha noma’lum bo‘lsa-da, ammo shundan so‘nggi vaqtlarda Navoiy lirik merosining saylanma devonlari juda ko‘payib ketdi. Ehtimol, bunga Bobirning xizmati ham sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak. Bobir o‘zbek va tojik tillarida asarlar yoza boshlab faqat g‘azal janriga emas, balki qit’aga ham murojaat etadi. Bobirning shoirlik faoliyati bu davrda faqat janr jihatidan keng ko‘lam bilan rivojlanib qolmay, balki mazmunan ham teranlasha boradi. Natijada u yetuk shoir sifatida shu vaqtgacha yaratgan turli xil she’rlarini devon holiga kiritadi. Bu fikrni Bobirning o‘z qaydlari ham tasdiqlaydi. Jumladan, u 1519-yil voqealarini bayon qilayotib, “Bobirnoma”da shunday yozadi: “Hofiz Mir kotibning og‘a-inisi Samarqanddin kelib erdi, bu fursatda Samarqandga ruxsat berib, Fo‘lod sultong‘a devonimni yibordim. Devonning orqasida bugina qit’ani bitdim...” (58). Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, Bobirning bu devoni uning Movarounnahr va Afg‘onistondagi lirik merosini o‘z ichiga qamrab olib, o‘sha davrda bir necha nusxa ko‘chirtirilgan. Shulardan birini shoir Samarqandga yuborgan. Ana shu davrga qadar Bobirning turli lirik janrlarda asarlar ijod etgani nazarda tutilsa, unda bu devon g‘azal, ruboiy, qit’a, tuyuq va kichik masnaviylardan tashkil topgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Shunisi muhimki, uning shu tipdagi asarlari ma’lum bir hodisa munosabati bilan ijod qilinadi. Natijada ular o‘sha tarixiy voqeaning badiiy in’ikosidan iborat bo‘ladi. Masalan, Bobir yozadi: “Shoh Hasan va uyidagi majlis ahliga bu ruboiyni badehatan aytib yiborildi: 

Ahbobki bazmida guliston husntur, 

Yo‘q lek agar bazmida bizga dastur,

Ul jam’da gar huzuri jam’iyat bor,

Yuz shukr, bu jam’ behuzur emastur”. 

“Bobirnoma”da keltirilgan ayrim faktlardan shunday xulosaga kelish mumkinki, shu davrda u, o‘zining iborasi bilan aytganda, “Tarix” yoki “Voqoye”si uchun xotiralarini qog‘ozga tushira boshlagan ko‘rinadi. Bu davrda u muzikaga ham ishtiyoq ko‘rsatib, uning xususiyatlarini bilibgina qolmay, balki kuy ham bastalagan. (“Chorgoh savtini bog‘ladim”. 77-bet). Ammo uning diqqati ko‘proq Hind o‘lkasini zabt etishga qaratilgan edi. 1519-yildan 1525-yilga qadar Bobir Hindistonga besh marta yurish qildi. Faqat beshinchi marta hujum qilgandagina u Ibrohim Ludiyni yengib, Dehlini egalladi. Tarixchilarning ta’kidlaganlaridek, Bobirning Hindistondagi ilk g‘alabasini ta’minlagan omillardan biri, u yerdagi feodal tarqoqlik va o‘zaro kurashlar ham edi. Shuning natijasida Bobir 1526-yilda Shimoliy Hindistonda Bobiriylar sulolasining hukmronligiga asos soldi. Bobir bu davrda davlat ishlari bilan band bo‘lishiga qaramay, vaqtini topib badiiy-ilmiy ijod bilan ham shug‘ullanardi. Bir tomondan turli janrdagi she’riy asarlarni bunyod etsa, ikkinchi tomondan, mamlakat iqtisodini o‘ylab, soliq sistemasi haqida she’riy risola ham bitdi, uchinchi tomondan esa u o‘zining mashhur “Tarix”ini nihoyasiga yetkazishga g‘ayrat qildi. O‘zi kasalmand bo‘lishiga qaramay (U bir ruboiysida yozgan edi: / Jismimda isitma kunda mahkam bo‘ladur, / Ko‘zdan uchadur uyqu chu oqshom bo‘ladur. / Har ikkalasi g‘amim bila sabrimdek, / Borg‘on sayin bu ortadur, ul kam bo‘ladur), bunchalik ulkan ishga ulgura olgani uning vaqtdan nihoyat darajada unumli foydalanganidan dalolat beradi. Buning ustiga u Hind mamlakatidagi xalqlar tilidan urduni o‘rganishni ixtiyor qilgan edi. Pokiston olimi doktor Muhammad Sobirning ma’lumotiga qaraganda, Bobir bu sohadagi intilishlarini ancha mukammallashtirib, hatto urdu tilida she’rlar bitgan ekan. Doktor Muhammad Sobir o‘z fikrini isbotlash maqsadida Bobirning urdu va o‘zbek tillarida yozilgan bir baytini misol tarzida keltirgan. Bobir Hindistondaligi vaqtida olim va shoirlarni o‘z atrofiga to‘pladi. Bu holni eshitganlar, jumladan Xuroson va Mavarounnahrdagi olim-u shoirlar ham uning yoniga bordilar. Bobirning adabiyot, san’at va ilm-u fan ahliga ko‘rsatgan e’tibori tufayli Agrada mashhur tarixchi Xondamir, faylasuflardan Abulbaqo, shoirlardan Faqiriy taxallusli Mavlono Shihob Muammoiy, Vidoiy, Mullo Baqoiy, Abdulvohid Forig‘iy, Shayx Zayn kabilar o‘zbek va tojik tillarida turli janrdagi asarlarni ijod etgan edilar. Bobirning Hindistondagi faoliyati xususida ko‘p olimlar fikr yuritganlar, jumladan, akademik Vohid Zohidov quyidagilarni qayd qilgan edi: “Bobirning Hindistonda davlat va siyosiy arbob sifatidagi asosiy xizmati shundan iboratki, u ba’zi bir ijobiy o‘zgarishlarga imkon berdi, Hindistonning taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan siyosiy birlikni ko‘p hollarda amalga oshirdi, savdoni rivojlantirdi... Hindiston O‘rta Osiyo va Rossiya bilan bog‘laydigan vositalardan biri bo‘lib qoldi” ( V. Zohidov. Bobirning faoliyati va adabiy-ilmiy merosi haqida. Bobir. Bobirnoma, 11-13- betlar)... Ammo Bobirning Hindistondagi faoliyati o‘sha zamon sharoiti, uning hokim sinfiga mansubligi bilan ham bog‘liq edi. Bu esa, o‘z navbatida, Bobirning hind xalqiga ideal davlatni taqdim etmaganini taqozo qiladi. Shunga qaramay, Bobir asos solgan feodal imperiya mamlakatni ma’lum darajada birlashtirish sohasida o‘sha muhit uchun foydasiz ham emas edi. Chunki shuning tufayli Hind o‘lkasining obodonligi, madaniy jihatdan namoyon bo‘lishiga imkon yaratilgan edi. Shu nuqtayi nazardan Hindistonning mashhur jamoat arbobi Javoharla’l Neruning “Hindistonning kashf etilishi” va “Jahon tarixiga bir nazar” nomli asarlarida Bobir va va uning avlodi haqida yozganlari hindistonliklarning Bobir haqidagi mulohazalarining ifodasi sifatida diqqatga sazovordir. J. Neru o‘zining “Jahon tarixiga bir nazar” nomli kitobida Bobir haqida shunday yozadi: “Bobir eng donishmand va dilbar shaxslardan biri edi. Unda mazhabiy taassubdan, qoloqlik va qisqa fikrlardan asar ham yo‘q edi. U o‘zining ajdodi kabi vayron qilish, xarob qilish yo‘lidan bormadi. Bobir san’at va adabiyotni qo‘llab-quvvatlagan kishilardandir” (Bunday fikr hind tarixchisi B. N. Luniyaning “Hindiston madaniyati tarixi” (M., 1960, 411- bet) kitobida ham uchraydi. Bu albatta, Neruning ta’siri bo‘lsa kerak). Bu murakkab shaxs 1530-yil 26-dekabrida Agrada vafot etdi, avval shu yerda, keyinchalik esa Kobulda dafn etildi. Zahiriddin Muhammad Bobirning dunyoqarashi qarama-qarshilikli bo‘lgani kabi, uning ijtimoiy va davlat arbobi sifatidagi faoliyati ham murakkabdir. Ana shu murakkablik bu siymoda ham gumanist shoir va olimni, ham monarxist – temuriyzoda podshohni o‘zida birlashtirgan. Shuning natijasida, bir tomondan, u dunyo va falakning jabr-u jafosidan nolib, zolimlik va riyokorlikni qoralaydi, din ahlining firibgarligini fosh etadi, ikkinchi tomondan o‘zi ham jabr qiladi, vaqti-vaqti bilan, o‘sha davrda keng tarqalgan darvishizmga e’tiqod bog‘laydi. Bu jihatdan Bobirning quyidagi ruboiysi xarakterlidir: 

Darveshonro agar na az xeshonem,

Lek az dil-u chon mo‘taqidi eshonem. 

Dur ast mago‘y shohi az darveshi,

Shohem, vale bandayi darveshonem. (Biz darveshlarning qarindoshi bo‘lmasak-da lekin ularga dil-u jon bilan muxlismiz. Shohlikni darveshlikdan uzoq deb o‘ylama, biz shoh bo‘lsak ham darveshlarning bandasimiz). Bunday murakkablik uning ijodiy faoliyatidan ham ko‘rinib turadi. Shuning natijasida voqealarga gumanist shoir yoki yozuvchi sifatida obyektiv baho berayotgan Bobirda birdan temuriyzodalik qoni jo‘shib ketib, subyektivizm va ba’zan esa tendensiozlik tomonga moyil bo‘lish kayfiyati ham uchrab qoladi. Ammo akakdemik V. Zohidovning juda o‘rinli uqdirganidek (V. Zohidov. Bobirning faoliyati va adabiy-ilmiy merosi haqida. Bobir. Bobirnoma, 43- betlar), “Bobirning xizmati shundaki, u obyektivizmga, ijtimoiy turmush hamda tarixga yuzaki va bir tomonlama munosabatda bo‘lishga harakat qilmaydi, balki jamiyatning, shaxslarning faoliyatlaridagi asosiy tomon va sohalarini qamrab olishga intiladi”. Bobir o‘zidan boy adabiy va ilmiy meros qoldirdi. Uning lirik asarlari, mashhur “Bobirnoma”si, “Mubayyin”i, “Xatti Bobiriy”si, “Risolayi aruz”i, “Volidiya”si bizgacha yetib kelgan bo‘lsa, ba’zilari, jumladan muzika va harbiy ilmga doir asarlari hozircha topilgan emas. Ammo uning bizga yetib kelgan merosi Bobir ijodining ko‘p qirrali va janr jihatidan rang-barangligini namoyish etadi. Bobir yaratgan boy ilmiy-adabiy meros, bir tomondan, Bobirni o‘z davrining o‘g‘li sifatida talqin etsa, ikkinchi tomondan, uni kelajakka mansub sifatlarini ham ko‘rsatadi. Ana shu kelajakka mansub tomonlar Bobirni e’tiborli shaxs qilibgina qolmay, madaniyat va adabiyot tarixi xazinasiga muhim hissa qo‘sha olgan olim, shoir, tarjimon va nasrnavis sifatida o‘rganishga undaydi. 


B. VALIXO‘JAYEV

O‘zbek adabiyoti tarixi. Besh jildlik. 3-jild. XVI-asrdan XVIII-asrning 70-yillarigacha. Mas’ul muharrir V. Abdullayev. Nashrga tayyorlovchi Q. Tohirov. –T.: Fan, 1978. -380 b. – B. 44-53. (O‘zbekcha); Жизнь Бабура и его литературно-научное наследие.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0