Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Akbarning bir yarim yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan sarguzashtlari

Humoyunshohning Erondagi kechinmalarini ta’riflashdan avval, biz ortga qaytib, chaqaloq Akbarning sarguzashtlariga to‘xtamoqni ma’qul ko‘rdik. Yuqorida zikr qilinganidek, u 1542-yil 15-oktyabrida Amarkotda tug‘ildi. Ota-onasining ahvoli juda tang ekanini nazarda tutsak, Hamidabonuning eson-omon ko‘z yorishi uchun yaratilgan sharoit ham unchalik shohona emasligi ayon bo‘ladi.


Abulfazlning aytishicha (“Akbarnoma” va “Oyini Akbariy” asarlarining muallifi, o‘z davrining mashhur allomasi, Akbarshohning eng yaqin kishisi va hammaslagi – tarj), o‘sha joyga bir qishloq doyasini olib kelishdi. Uning tashqi qiyofasi shunchalik jirkanch va nochor ediki, Maryam Makoniyning (Hamidabonuning vafotidan keyin unga berilgan ism. Gulbadan begimning “Humoyunnoma”sida Hazrat Boburshohning vafotidan keyin uni «Firdavs makon va jannati oshiyon» deb ataydi – tarj.) xotirjam qiyofasi o‘zgarib, unga kelayotgan to‘lg‘oq ham qaytib ketdi. Xayriyatki, biroz vaqt o‘tgach, to‘lg‘oq qaytalanib, malika dunyoga Akbardek o‘g‘lonni sovg‘a qildi. Shu voqeadan to‘rt kun avval Humoyunshoh Sind sari yurish boshlab yo‘lga chiqqan va voris o‘g‘ilning dunyoga kelgani haqida suyunchilik xabar kelganida, o‘z sarbozlari bilan Sinddan 30 milyacha masofada, ulkan bir ko‘l yoqasidagi qarorgohida edi. Mas’uliyat tuyg‘usi yuqori va birovning haqqidan hazar qiladigan bu inson birinchi imkon bo‘lishi bilanoq qo‘l ostidagi amir va beklardan olgan qarzlarini egalariga qaytarib berib, faqat belbog‘idagi mushkdoni bilangina qolib turgan payt edi. “Keyin u bir chinni likobcha chiqartirib, mushkdondagi mushkni unga to‘qdi-da, atrofida davra qurib o‘tirgan bek va amirlarga bir chimdimdan uzata turib: “O‘g‘lim tug‘ilishi munosabati bilan sizlarga beradigan suyunchim mana shu, xolos. Mushkning hidi hozir uyni to‘lg‘azib turganidek, Xudo xohlasa, o‘g‘limning shuhrati ham butun olamga yoyiladi” (Jauhar, Tazkereh al Voqeat, translated by Charles Stewart (Javhar Oftobachi. Tazkiratu-l-voqeot. Fors tilidan Charlz Styuart tarj.). Delhi, 1972. r. 45), degan edi Humoyunshoh o‘shanda.


Lohurdan chiqib ketish oldidan Humoyunshoh tush ko‘rgan edi. Tushida bir nuroniy chol unga o‘g‘il ko‘rishini va unga Jaloliddin Muhammad Akbar deb nom qo‘yishini maslahat bergandi. Shunga ko‘ra dunyoga yangi kelgan chaqaloqni Akbar nomi bilan atadilar.


Humoyunshoh Sind sari yurishda davom etib, ariqlarda sharqirab suv oqayotgan va bog‘larga burkangan Hind daryosi qirg‘og‘idagi Jan shahrini egalladi. U shu yerga joylashib, Hamidabonuni chaqalog‘i bilan olib kelish uchun o‘z odamlarini yubordi. Chaqaloq qirq besh kunlik bo‘lganda otasi huzuriga olib kelindi va podshoh o‘z vorisini birinchi bor qo‘liga oldi. U “kichkina jussani mehr bilan qo‘liga olib, uning aniq ko‘zga tashlanib turgan qoshlari ustidan o‘pdi. Tili Yaratganga shukrona keltirishdan boshqa kalimaga aylanmadi” (The Akbamama, v. 1, p. 137).


Onasi birinchi kun emizgandan keyin Akbarni boshqa enagalar emizishdi. Abulfazl enagalarning ko‘p bo‘lganini ta’kidlaydi va ulardan to‘qqiz nafarining ismlarini tilga oladi. Akbarni emizgan ayollar, ularning erlari va farzandlari saroy ayonlari orasida martabali mavqeda turardilar. Ularning uddaburonlari oliy martabalarga ham erishganlar. Akbarning enagalari orasida Jiji enaga, Mohim enaga va Pijo Jon enagalar, ayniqsa, mashhur bo‘lganlar.


Humoyunshoh Jan shahridagi qarorgohida turganida Amarkot rojasi undan arazlab ketgan edi. Shu orada Kanauj yonidagi jangda Humoyunshohdan ayrilib ketgan Bayramxon o‘z odamlari bilan kelib qoldi. Uning kelishi o‘z xojasining omadi va mavqeini qayta tiklashda keyinroq muhim omil bo‘ldi. Humoyun aynan shu Jan shahridan Qandahor sari yo‘lda davom etmoqchi bo‘lib, Mastonda turganida Askariyning shum niyatini payqab, Eron sari yo‘l olgan edi. Ular Mastonda bo‘lgan paytda yosh bir chavandoz yigit, terga botgan qari otda chopib kelib, “Hazratim, tezroq otlaning, qolganini yo‘lda aytib beraman”, deya qichqirib qoldi. Humoyun darhol otlanib yo‘lga chiqdi va ikki kamon o‘qi yetib boradigan masofaga borganlarida Hamidabonu va Akbar esiga tushib, ularni olib kelish uchun Bayramxon, yana bir bekni orqaga jo‘natdi. Ular malikani topib qutqarishga ulgurdilaru, biroq Akbarni olib ketishga bir daqiqa ham vaqtlari yetmadi. Hamidabonu bilan qarorgohdan chiqishlari bilanoq, u yerga Askariy 2000 navkari bilan bostirib kelib qoldi.


Shamsiddin atka, Jiji enaga va Mohim enagalar Akbarni avaylab bag‘riga bosib, amakisi Askariy huzuriga olib keldilar. Askariy kulimsirab chaqaloqni qo‘liga oldi. Biroq bu begona basharali kishi Akbarga yoqmadi. “Xo‘sh, bu kimning o‘g‘li ekan? Nega endi bizni ko‘rganidan mamnun emas?” dedi Askariy va bo‘ynidagi qizil tasmaga o‘tkazilgan oltin halqani olib go‘dakning bo‘yniga osib qo‘ydi. Askariy go‘dakni o‘zi bilan birga olib, Qandahor sari yo‘l oldi va 1543-yil 16-dekabrda o‘z qarorgohiga yetib keldi.


Kichik shahzodaga Askariy qarorgohi yaqinidan alohida joy ajratib berildi va odatdagidek, Shamsiddin atka, Jiji enaga va Mohim enagalar uning tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Ayniqsa, Askariyning xotini Sulton begim uni suyib erkalatardi.


Keyinroq ulg‘aygach, kuchli xotirasi bilan mashhur bo‘lgan Akbar o‘n besh oylik chaqaloqligida bo‘lib o‘tgan ikki voqeani xotirasida saqlab qolgan ekan. Turkiy xalqlarda bola birinchi bor qadam tashlab yura boshlaganida otasi uni yomon ko‘zdan asrash uchun sallasini tashlab, go‘dakning yo‘lini to‘sar ekan. Akbar yo‘lga yurganda Jiji enaga va Mohim enagalar Askariyni ota o‘rnida salla tashlashini so‘ragan edilar. “O‘sha g‘aroyib yurish va turtinib yiqilishlar hali-hali ko‘zim o‘ngida turadi”, deb eslaydi Akbar. Uning xotirasiga o‘rnashib qolgan hodisalardan yana biri muqaddas qadamjolardan birini ziyorat qilib kelganlaridan keyin atab qo‘yilgan kokilini qirqish marosimi bo‘lgan ekan.


Berk S.M. Akbarshoh – Boburiylarning eng buyugi / ingliz tilidan G‘. Sotimov tarjimasi; mas’ul muharrirlar: H. Boltaboyev, M. Mahmudov. –T. : MUMTOZ SO‘Z, 2009. – B. 30-33. (O‘zbekcha);

Акбар-шах. В кн.: Берк С.М. Акбар-шах – самый Великий из Бабуридов.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0