«Bobirnoma»da bir necha yuz tarixiy shaxslar, ularning faoliyati va sarguzashti tasvirlanadi. Bular shohlar, viloyat hokimlari, amir-amaldorlar, askar boshliqlari, din va shariat namoyandalari, ilm-fan, san’at va adabiyot ahllari, dehqonlar, hunarmandlar, qullar, askarlar va boshqa kishilardir. Bobir ularning tasvirlanayotgan voqeadagi roli va o‘rniga qarab, ba’zi birlari haqida keng va batafsil so‘zlaydi, ba’zilari haqida qisqa ma’lumot beradi, ayrimlarini esa biron munosabat bilan tilga oladi.
«Bobirnoma»dagi personajlar ijtimoiy-siyosiy mavqei, dunyoqarashi, xatti-harakati, xulq-atvori va boshqa jihatlari bilan bir-biriga o‘xshash yoki bir-biridan farq qiluvchi va hatto qarama-qarshi kishilardir. Bobir ularga e’tibor beradi, ko‘pincha, personajlarning o‘ziga xos, individual xususiyatlarini topadi, ularni tarixiy haqiqatga to‘la rioya qilgan holda, bo‘rttirib tasvirlaydi, konkretlashtiradi va ba’zan badiiy umumlashtirishga muvaffaq bo‘lib, birmuncha tipiklashtirilgan xarakterlar yaratadi.
Masalan, Bobir otasi Umarshayx mirzo haqida so‘zlar ekan, uning tug‘ilgan yili va tug‘ilgan joyi, nasl-nasabi haqida ma’lumot berib, shakl va shamoyili tasvirida shunday deydi: «...past bo‘yluq, bo‘lma soqollik, qo‘ba yuzluq, tanbal kishi edi. To‘nni bisyor tor kiyar edi, andog‘kim, bog‘ bog‘laturda qornini ichiga tortib bog‘latur edi, bog‘ bog‘lag‘ondin so‘ng o‘zini qo‘ya bersa, bisyor bo‘lur erdikim, bog‘lari uzulur edi...» Keyin Umarshayx mirzoning xulq-atvori, xat-savodi va boshqa tomonlari haqida so‘zlab, aytadi: «Ravon savodi bor erdi. «Xamsatayn» va masnaviy kitoblarni va tarixlarni o‘qib edi. Aksar «Shohnoma» o‘qur edi, Tab’i nazmi bor edi, vale she’rg‘a (she’r yozishga) parvo qilmas edi... Bisyor saxovati bor erdi. Xulqi dog‘i saxovaticha bor erdi, xushxulq va harrof va fasih va shirin zabon kishi erdi, shujo’ va mardona kishi edi. Ikki martaba o‘zi jami yigitlardin o‘zub qilich tegurdi... o‘qni o‘rta chog‘liq otar edi, bisyor zarb mushti bor edi, aning mushtidin yigit yiqilmog‘on yo‘qtur. Mulkgirlik dag‘dag‘asi jihatidan xili yarashlar urushqa va do‘stliqlar dushmanliqqa mubaddal bo‘lur edi...» Yuqoridagi tasvir Umarshayx mirzoning bir qator xislatlarini ravshan va obyektiv ifodalaydi.
Bobir Hisor aholisini xonavayron qilgan Xisravshohni tasvirlab, uni qattiq la’natlaydi, Ulug‘bekning qotillaridan bo‘lgan Abdulatif (Ulug‘bekning o‘g‘li) haqida so‘zlab, «bu besh kunlik o‘tar dunyo uchun andoq donishmand va qari otasini shahid qildi» deb qattiq g‘azablanadi. «Bobirnoma»da ilm-fan, san’at va adabiyot ahllari haqida keng va qimmatli ma’lumot beriladi.
Masalan, Bobir Navoiy haqida so‘zlar ekan, «Alisherbek naziri (o‘xshashi) yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xub aytqon emas», deb baho beradi. Bobir bir qator tarixiy personajlarning biror muhim xususiyatini tasvirlash bilan ham kitobxonning ko‘z o‘ngida turli-tuman kishilarni gavdalantirishga erishadi.
Masalan, u Mullazoda Mullo Usmon haqida aytadi: «Ulug‘bek mirzo zamonida o‘n to‘rt yoshida dars aytqoni uchun, Mullo Modarzod (Tug‘ma Mulla) derlar ekandurlar... Andin manquldur (naqldur): der ermish, kishi bir nimanikim eshitti, yana nechuk unutar...» Bu bilan u yosh, tirishqoq va xotirasi o‘tkir bir olimni gavdalantiradi.
Mirmumtoz degan usta shatranjchi – shaxmatchi haqida gapirib, «agar ikki harif uchrasa, biri bila shatranj o‘ynab, yana birining etagini tutib o‘ltirur ekandurkim, ketmagay deb» va boshqalar.
«Bobirnoma»da minglab qashshoq va muhtoj dehqonlar, qullar, asirlar va boshqa guruh kishilar haqida so‘zlanadi. Bobirning bularga bo‘lgan shaxsiy munosabatidan qat’i nazar, uning memuarlari xonavayron bo‘lgan dehqon xo‘jaliklarini, insoniy haq-huquqdan mahrum etilgan sitamkash qullarni, erki bo‘g‘ilgan asirlarni, ularni qurshab olgan muhit bilan birga gavdalantiradi.
Masalan, Bobir Hindistonga qilgan yurishlari haqida so‘zlar ekan, mag‘lub bo‘lishi aniq bo‘lib qolgan bir to‘da hind askarlarining asir tushishdan ko‘ra o‘limni afzal bilgani, biri qilich ko‘tarib, boshqalari birin-ketin bo‘ynini tutib bergani va hammalari mardona halok bo‘lganini so‘zlaydi.
Shunday qilib, «Bobirnoma»da turli toifa va turli qiyofadagi ko‘pdan ko‘p kishilarning hayoti va faoliyati bayon etilgan. Bobir bu kishilarni shunchalik hayotiy, aniq va ravshan tasvirlaganki, «Bobirnoma»ni o‘qiyotganimizda, ingliz olimi Elfinston aytganidek, «biz ularning orasida yashagandek, bo‘lamiz va ularning xarakterlarini bilib olganimizdek, aft-basharalarini ham ko‘ra va bila olamiz...».
«Bobirnoma»dagi tarixiy personajlar ayrim voqealarga aloqasi bo‘lgan kishilardir. Asarning markaziy va yetakchi personaji esa Bobirning o‘zidir. Bobir asarning boshidan oxiriga qadar tarixiy voqealarni bayon etuvchi kishi sifatidagina emas, balki ko‘p voqealarning ishtirokchisi sifatida ham gavdalanadi. Bobir «Bobirnoma»da butun ziddiyatlari bilan namoyon bo‘ladi. U o‘lkalarni zabt qilish va ularni boshqarishda qattiqqo‘llik siyosatini olib boradi, jangdan bo‘yin tovlagan yigitlarning burnini teshadi, asirlarning bir qismini o‘ldiradi va hokazo.
Biroq biz «Bobirnoma»da ba’zan mana shu qattiqqo‘l podsho Bobirga zid bo‘lgan marhamatli va shafqatli Bobirni ko‘ramiz. U beva-bechoralarni talagan zolim Xisravshohni qoralaydi, o‘zining bir yigiti birovning bir ko‘za yog‘ini o‘g‘irlagani uchun darg‘azab bo‘lib, chunon tayoqlatadiki, u tayoq zarbidan o‘lib ketadi; Bobir yigitlari bilan birga goh otliq, goh yayov kezadi, ular bilan birga mashaqqat chekadi. Bunday epizodlarda Bobir botir sarkarda bo‘lishi bilan birga, oddiy jangchi, nozik hisli, yumshoq tabiatli, rahmdil kishi sifatida ham gavdalanadi.
Shu bilan birga, Bobir «Bobirnoma»da olim, donishmand va shoir sifatida hamda xo‘jalik ishlariga, obodonchilikka katta e’tibor bergan, ilm-fan, san’at va adabiyot ahllariga homiylik qilgan kishi sifatida ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.
«Bobirnoma»da Bobir aksar o‘zi ishtirok etgan voqealarni bir esdalik tarzida qalamga oladi. Yozuvchi o‘zi ishtirok etgan yoki shohidi bo‘lgan voqealarni jonli tasvirlagan esdaliklar tarzida yozilgan asar memuar deyiladi. Shuning uchun ham «Bobirnoma» memuarlar (esdaliklar) kitobidir.
Mallayev N.M., Karimov, G‘.K., Ismatov, S.I. O‘zbek adabiyoti tarixi. – B. 140-142. (O‘zbekcha); “Бабур-нама”: Описание исторических личностей.
Fikr qoldirish#