Bobur. Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) o‘zbek xalqining yirik mutafakkiri, davlat arbobi, o‘zbek mumtoz adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakili, tarixchi olim, shoir va tarjimonidir. U temuriylar avlodidan bo‘lib, Hindistonda ”Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi” deb nom olgan davlatning asoschisi hisoblanadi.
Bobur Andijonda tug‘ildi. Uning bolalik yillari mana shu yerda o‘tdi. Uning otasi Umar Shayx temuriylar sulollasiga mansub bo‘lib, o‘sha davrda Farg‘ona viloyatida hokimlik qilar edi. Bobur saroy muhitida tarbiyalanadi, yoshligidanoq ilm-fanga mehr qo‘ydi, ayniqsa, adabiyot va tarix bilan qiziqa boshladi.
Umar Shayx vafotidan keyin Bobur 12 yoshda taxtga o‘tirib, davlatni boshqarish ishi bilan shug‘ullana boshlaydi.
Bobur yashagan davr murakkab voqealarga boy bo‘lib, taxt uchun kurashlar avjga chiqqan edi. U davlatni markazlashtirish va kuchli davlat tuzish maqsadida Samarqandga yurish qiladi va bir necha urinishlardan so‘ng 1498 yilda Samarqandni egallaydi. Lekin 100 kundan keyin uni tashlab, unga qarshi ko‘tarilgan g‘alayonni bostirish uchun Andijonga ketishga majbur bo‘ladi. Bobur Andijonni qo‘lga kiritish uchun katta kuch sarfladi va uni 2 yildan keyingina egalladi. Shundan so‘ng u katta kuch to‘plab, yana Samarqandga yurish qiladi va ikkinchi marta oladi. Lekin bu vaqtda, yaʼni 1500 yilda Samarqandga Shayboniyxon katta kuch bilan bostirib kiradi.
Natijada, Bobur o‘z askarlari bilan Samarqandni tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Bobur Samarqandni olish uchun yana bir necha marta harakat qilib, Shayboniyxon bilan jang qiladi, lekin istagan natijaga erisha olmaydi. Oxiri 1504 yilda u 300 dan ortiq navkari bilan Kobulga qarab yo‘l oladi.
XVI asr boshlarida Afg‘oniston tarqoq holda edi. Bobur turk va afg‘on qabilalarini o‘ziga bo‘ysundirib, Kobul, G‘azni shaharlarini qo‘lga kiritib, 1503 yilda o‘zini shu yerning hokimi deb eʼlon qiladi.
Umuman olganda, Bobur va uning o‘g‘li Afg‘onistonda 1504 yildan to 1526 yilgacha podshohlik qiladi. Mana shu davr ichida u tarqoq qabilalarni birlashtirdi, mamlakatni iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustahkamladi. Bobur mamlakat obodonchiligiga, ilm-fan rivojiga katta eʼtibor berdi, o‘zi ham ruboiy va g‘azallar bitdi.
Bobur o‘zining tobora mustahkamlanib borayotgan davlatini kengaytirish maqsadida 1525 yil Dehli tomon yurish qiladi. U 1526 yil 21 aprelida Panipat jangida Dehli sultoni Ibrohim Lodi boshchilik qilgan qo‘shinni yengib, Dehlini egalladi.
Bobur Hindistonga, shubhasiz, bosqinchi sifatida kirib keldi. Bobur Sharqdagi boshqa feodal hukmdorlaridan kam farq qilar edi. Lekin Boburning keyingi faoliyati, uning iqtisod, madaniyat, ilm-fan, maʼrifatparvarlik sohasida qilgan ishlari Hindiston tarixida ijobiy rol o‘ynadi.
Bobur bu yerda markazlashgan kuchli davlat barpo qildi. Uning davrida Hindistonning qo‘shni mamlakatlar, xususan, Rossiya (Bobur podshohlik qilgan davrda Hindistonning Rossiya bilan aloqa o‘rnatgani haqida dalillar mavjud emas. Ammo Bobur podshohning Rusiyaga yuborgan elchisi Xo‘ja Husayn, uning vafotidan salkam 3 yildan keyin yetib borgani maʼlum. To‘laroq maʼlumot uchun quyidagi maqolalarga qarang: 1). Baburʼ-padsha (Baburʼ-padishaxʼ); 2). “Bobir Zahiriddin Muhammad (1483.14.2, Andijon – 1530.26.12, Hindistonning Agra sh.) – o‘zbek klassik adabiyotining yirik vakili, tarixchi, olim, temuriy hukmdorlarning so‘nggi namoyandalaridan biri”; 3). “Bobirning faoliyati va adabiy-ilmiy merosi haqida”; 4). “Voynы s tatarskimi xanstvami”; 5). “Patriarshaya ili Nikonovskaya lђtopis (g. 7040-7041)”; 6). “Rossiya – Indiya : Pervыe kontaktы v XVI v.”) va Markaziy Osiyo bilan aloqasi kuchaydi. U mamlakat obodonchiligiga kattta eʼtibor berdi, shaharlarni obod qildi, sug‘orish inshootlari qurdirdi, bog‘lar barpo etdi. Bobur ilm-fanni rivojlantirishga, olim va shoirlarga homiylik qilishga intildi.
U 1530 yilda Agrada vafot qildi. Keyinchalik uning hoki Kobulga keltirib dafn etildi.
Bobur o‘zbek adabiyoti, tarixi, geografiyasi, falsafasiga katta hissa qo‘shgan mutafakkirdir. U yoshligidan boshlab ijod bilan shug‘ullandi, lirik sheʼrlar yozadi. Lekin uni butun jahonga tanitgan asari “Boburnoma”dir. “Boburnoma” juda qimmatli adabiy-tarixiy asar bo‘lib, u XV asr oxiri va XVI asrning 30-yillarigacha bo‘lgan murakkab tarixiy voqealarni o‘z ichiga oladi. Bobur ushbu asarda Movarounnahr, Afg‘oniston, Xuroson va Hindistondagi siyosiy voqealarga batafsil to‘xtaladi. Unda o‘zaro urushlar, taxt uchun kurashlar, xalqning ahvolini yomonlashuvi va boshqa voqelar bayon qilinadi. Shuningdek, Bobur Andijon, Samarqand, Kobul va Dehlidagi o‘z faoliyatiga ham to‘xtaladi. “Boburnoma” asari geografiya haqida ham qimmatli maʼlumot beradi. Adib ushbu asarda “shuncha ko‘p geografik nomlar, kishilar nomi, hayvonot va o‘simliklar nomini keltiradiki, bularning hammasi uning noyob xotira quvvatiga ega bo‘lganini isbot qiladi. Bobur chet el tillaridagi kishi va geografik nomlarni mumkin qadar qanday bo‘lsa, shunday berishga harakat qiladi”. (O‘zbek ensiklopediyasi, 2-jild, Toshkent, 1972, 296-bet).
Yuqoridagi asardan tashqari, Bobur aruz vazni va qofiyaga bag‘ishlangan “Mufassal” nomli asar yozgan, huquqshunoslikka oid uning “Mubayyin” risolasi ham maʼlum, musiqaga bag‘ishlangan “Musiqiy ilmi” nomli kitob ham bitgan. Shuningdek, Bobur Xo‘ja Ahrorning “Volidiya” risolasini fors-tojik tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Bobur g‘azal, ruboiy, masnaviy va boshqa janrdagi sheʼrlarida o‘z o‘tmishdoshlari Umar Xayyom, Hofiz, Navoiylarning yaxshi anʼanalarini davom ettirdi.
U insonparvar shoir bo‘lib, inson va uning erkini, baxtini kuyladi, ishq-muhabbat, vafodorlik, mehru shafqat haqida so‘z yuritadi.
Bobur maʼrifatni xalq orasiga yoyishga, ilm va jamiyat ravnaqi yo‘ldida xizmat qildirishga intildi.
H. ALIQULOV
O‘zbek pedagogikasi antologiyasi: Ikki jildlik. J.1.
Tuzuvchi mualliflar K. Hoshimov, S. Ochil.
Tahrir hayʼati: M. Xayrullayev (rais) va boshq. – Tsh.: O‘qituvchi, 1995. B. 282-283. (O‘zbekcha); Бабур.
Fikr qoldirish#