Bobur fors tilini ham mukammal darajada bilgan. «Devon»laridan o‘rin olgan forscha she’rlar, «Boburnoma»da Alisher Navoiyning forsiy ijodiga bildirgan munosabati, «Boburnoma»da qo‘llangan she’riy parchalar hamda maqol-matallar shunday deyishga asos beradi. «Boburnoma»dagi parchalar muallifning tojik tilida ham muvaffaqiyatli kalam surganidan darak beradi» (Abdug‘afurov A. Bobur she’riyati // Bobur. Devon. Toshkent, 1994. 15-bet). Boburning «Hind devoni»da fors tilida jami 24 misra she’r mavjud: 3 ta qit’a, 3 ta ruboiy va «shir-u shakar» shaklida bitilgan 1 ta forscha-hindcha va 1 ta turkiycha-urducha fard. «Devon»ning Istanbul nusxasida Boburning fors tilida hammasi bo‘lib 43 ta bayti bor: 2 ta g‘azal, 7 ta ruboiy va 3 ta qit’a va 14 ta fard.
Ayrim mutaxassislar Bobur fors tilidagi she’rlarini jamlab, alohida bir devon shakliga keltirgan, degan fikr bildirgan, biroq xozircha bunday fikr tasdiqlanmadi (Inomxodjayev R. Tyurko-persidskiye dvuyazыchiye v literaturnoy jizni Indii XVI v. Tashkent, 1993. S.34.).
Hind olimi Said Naimuddin 1956-yilda Boburning fors tilidagi 43 ta baytini to‘plab, inglizcha tarjimasi bilan nashr ettirdi (O‘sha asar. 35-bet). Yo. Is’hoqov ham Boburning 25 ta forscha baytini yig‘ib, chop ettirdi. Mazkur baytlarni u Bobur devonlari, «Boburnoma» va tazkiralardan olgan (Is’hoqov Yo. O‘zbek tili va adabiyoti, 1967, 3-son, 47-50-betlar). Hozircha mana shu ikki nashrda Boburning fors tilidagi she’rlari eng ko‘p jamlangan. Bundan tashqari, ba’zi lug‘at, bayoz va tazkiralarda ham Bobur qalamiga nisbat beriladigan she’rlar uchraydi, lekin mutaxassislarning fikriga qaraganda, bunday she’rlarga ehtiyotkorlik bilan qarash kerak, chunki tekshirib ko‘rilganda, bunday ma’lumotlarning xato ekanligi ma’lum bo‘lgan (Inomxo‘jayev R. Ko‘rsatilgan asar. 36-bet).
Hozirgi kunda Boburning fors tilidagi she’rlari jami 166 misra bo‘lib, ular quyidagilardan iborat: 3 ta g‘azal, 13 ta ruboiy va to‘rtlik, 2 ta muammo, 6 ta qita, 1 ta ta’rix, 2 ta tuyuq, 23 ta fard (O‘sha asar. 36-bet). Bobur devonining Kobul nashriga «Takmila»ga ham Boburning fors tilidagi quyidagi asarlari kiritilgan: 1 ta g‘azal, 9 ta ruboiy, 4 ta qita, 11 ta fard va 1 ta noma. «Takmila» ham Bobur “Devon”ining Istanbul nusxasiga asoslangan, shu sababli yuqorida keltirilgan she’riy asarlar (166 misra)ga bitta noma qo‘shilsa, Bobur qalamiga mansub forsiy asarlar ro‘yxati to‘liq bo‘ladi.
Boburning fors tilidagi asarlarining hajmi katta bo‘lmasa-da, janr va mavzu jihatdan rang-barangdir. Boburning turkiy she’rlarida vatan sog‘inchi hissi keng o‘rin olgan. Forscha she’rlarida ham shu mavzuga bag‘ishlangan asarlari bor. G. Aliyevning qayd etishicha, Hindistondagi fors adabiyotiga bu mavzuni Bobur olib kirgan va keyinchalik XVI-XVII asrlarda fors tilida ijod qiladigan hind shoirlarining asarlarida tez-tez uchray boshlagan (Aliyev G.Yu. Persoyazыchnaya literatura Indii. M., 1968. S.90).
Kezi kelganda shuni aytib o‘tish zarurki, Bobur devonlarining hozircha bizda chiqqan nashrlariga uning bironta ham forscha she’ri kiritilmagan (Ma’lumki, Zahiriddin Bobur Xoja Ahror Valiyning «Volidiyya” risolasini fors tilidan nazm yo‘li bilan tarjima qilgan. Lekin bizda chop etilgan Bobur devonlari va she’riy to‘plamlariga Bobur qalamiga mansub mana shu yagona tarjima asar ham kiritilmagan, vaholanki “Hind devoni” aynan shu asar bilan boshlanadi). Shu nuqtayi nazardan ham ularning hech qaysisini to‘liq deb bo‘lmaydi. Boburning fors tilidagi merosini alohida o‘rganish, uning qalamiga mansub forscha she’rlarni va bitta maktubini ham kiritib, Bobur “Devon”ini to‘la shaklda chop etish vaqti keldi.
«Boburnoma»da bir qator forscha she’rlar uchraydi. Asardagi turkiy va fors tilidagi she’rlarning umumiy soni 97 ta bo‘lib. jami 324 misrani tashkil etadi. Shundan 60 tasi (169 misra) (Bu raqam boshqa mutaxassislarnikidan 3 misra farq qiladi. Biz keltirgan raqamni to‘g‘ri deb hisoblaymiz) forscha she’rlardir.
Forscha she’riy parchalar «Boburnoma»ning qismlari bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan – «Farg‘ona» bo‘limida 18 ta (50 misra): «Kobul» bo‘limida 20 ta (53 misra); «Hindiston» bo‘limida 22 ta (66 misra).
Shuni alohida kayd etish kerakki, «Boburnoma»dagi forscha she’rlarning hammasi Bobur qalamiga mansub emas, bir qismi fors-tojik klassiklari va «sohibi devon» shoirlarning asarlaridir. Masalan:
Zamini sho‘ra sunbul bar nayorad.
Dar o‘ tuxmi amal zoye’ magardon.
Nako‘y bo badon kardan chunon ast,
Ki bad kardan ba joyi nekmardon.
Tarjimasi: Sho‘r tuprok yerda sunbul bitmaydi, unday yerda umid urug‘ini nobud qilma, shunga o‘xshash, yomonlarga yaxshilik qilish va yaxishlarga yomonlik kilish ham o‘rnida bo‘lmaydi.
Bobur mazkur she’r kimniki ekanligini aytmagan, «Boburnoma»ning bizdagi 1960 va 2002-yil nashrlarida ham to‘rtlikning tarjimasi berilgan-u muallifi ko‘rsatilmagan. Boshqa nashrlarda, xususan A. Beverij xonimning inglizcha nashrida mazkur misralar Sa’diyning «Guliston» asaridan olingani qayd etilgan. Bobur Hindistondagi mevalardan anba (mango) haqida ma’lumot beraturib, ba’zilar uni nag‘zak deb ataydilar, degan ma’lumot beradi va Xusrav Dehlaviyning shu haqidagi bir baytini keltiradi va h.k. Bu yerda shuni qayd etish zarurki, fors tilidagi she’riy iqtiboslar Boburning «Aruz» risolasida ham keltirilgan.
«Boburnoma»da o‘zbek tilidagi maqollar bilan bir qatorda fors tilidagi maqollar ham ishlatilgan. Bu narsa «Boburning fors-tojik klassik adabiyotinigina emas, balki folklorini ham yaxshi bilganidan darak beradi (Nazarova X. Bobur va o‘zbek adabiy tili. Toshkent, 1983. 21-bet). Masalan: Uzrash battar az gunoh (Uzri gunohidan yomonroq), Deh kujovu daraxton kujo (Qishlok qayda-yu daraxtlar qayda). G‘ofil az injo ronda va az onjo monda (G‘ofil bu yerdan quvilgan, u yerdan ajralgan), Marg bo yoron sur ast (Do‘stlar bilan birga bo‘lgan o‘lim to‘ydir), Dah darvesh dar yak gileme bixusband va du podshoh dar iqlime nag‘unjand (O‘n darvesh bir gilamga sig‘ib yotarlar, ikki podsho bir iqlimga sig‘maydi) va h.k.
Bobur mazkur maqollarni o‘rnida qo‘llaydi, ularni kitobxon voqealarni yana ham aniqroq tasavvur qilishi, bayonning ta’sir kuchini oshirish uchun ishlatadi. Masalan, keltirilgan oxirgi maqol Shayx Sa’diyning «Guliston»idan olingan bo‘lib, Bobur uni Husayn Boyqaro vafotidan keyin ikkita o‘g‘li baravar taxtga o‘tirgani munosabati bilan ishlatadi: «...Sulton Husayn mirzoni Hirig‘a kelturub, podshohona rasm va oyin bila bardosht qilib, madrasasida dafn qildilar. Bu fursatta Zunnunbek ham hozir bo‘ldi. Muhammad Burunduqbek va Zunnunbek va yana Sulton Husayn mirzodin qolg‘on va bu mirzolar bila bo‘lg‘on beklar yiqilib, ittifoq qilib, Badi’uzzamon mirzo eshigida sohibixtiyor Zunnunbek, Muzaffar Husayn mirzo eshigida sohibixtiyor Muxammad Burunduqbek. Badi’uzzamon mirzo jonibidin shahr dorug‘asi Shayx Ali tag‘oyi, Muzaffar mirzo tarafidin Yusuf Ali ko‘kaldosh. Bu g‘arib amre edi, hargiz podshohliqta shirkat eshitilgan emas. Shayx Sa’diy so‘zining mazmunining xilofi voqi’ bo‘ldi: Nechukkim, «Guliston»da kelturubtur:
«Dah darvesh dar yak gileme bixusband va du podshoh dar iqlime nagunjand» (Boburnoma. Toshkent, 2002. 140-bet).
«Boburnoma»da forscha she’rlar, maqol-matallarning tarjimasiz ishlatilishi ikkita narsadan darak beradi: avvalo, yusorida aytilganidek. Boburning fors-tojik adabiyoti va folklorini yaxshi bilishini ko‘rsatsa, ikkinchidan, o‘sha davrda fors tili keng tarqalganini va turkigo‘y aholi uni bemalol tushungan.
Bizning aniqlashimizcha, Boburning barcha asarlari leksikasidagi forscha so‘zlar salmog‘i 16,08 foizni tashkil etadi. Quyidagi jadvalda Boburning barcha asarlari va alohida-alohida olingan asarlaridagi leksika (so‘zshakllar)ning etimologik tahlili keltirilmoqda (Boburning barcha asarlari umumiy tarzda tekshirilganda, toponim, antroponim va hindcha so‘zlardan iborat 403 ta so‘z hisobga olinmadi. Ayrim asarlardagi so‘zlarning etimologiyasi hisoblanganda ham ana shunday yo‘l tutildi):
Asar nomi forscha arabcha turkiycha
Barcha asarlar 2446 6273 6101
Devon 1751 2609 3432
Mubayyin 576 2635 3024
Aruz 789 2202 1645
Boburning jami asarlaridagi forscha so‘zlarning salmog‘ini quyidagi gistogrammada aniq ko‘rish mumkin:
Ko‘rinib turganidek, forscha so‘zlar “Devon’da eng ko‘p, “Mubayyin’da eng kam ishlatilgan. Forscha so‘zlarning «Mubayyin»da kam ishlatilganining sababi ikkita: avvalo, asar diniy mavzuda – unda islom dinining arkonlari bayon etilgan, binobarin arabcha so‘zlar ko‘p bo‘lishi tabiiy, ikkinchidan, Bobur bu asarni o‘g‘illariga atab yozgan, ularga tushunarli bo‘lishi uchun ko‘prok turkiy so‘zlarni qo‘llagan, ya’ni arabcha va turkiycha so‘zlarning ko‘payishi hisobiga forscha so‘zlar kamayib ketgan.
Bobur asarlarida qo‘llangan '‘sof”, ya’ni boshqa tilga mansub so‘z yoki suffikslar qo‘shilmagan forscha so‘zlar soni 2180 tadir.
Forscha so‘zlarning ichida bir qanchasi arabcha so‘zlarga forscha prefikslar qo‘shish vositasida yasalgan. Bizning aniqlashimizcha, bunday so‘zlar 99 ta. Bu so‘zlar quyidagi old qo‘shimcha va so‘z-suffikslar yordamida hosil qilingan: ba-, bar-, be-, bo-, dar-, no-, parda-, pur-, sarv-, sar-, ham-, xush-. Mazkur suffikslarning qo‘llanishiga misollar keltiramiz: ba+davom, ba+kamol, bar+davom, bar+qaror, bar+taraf, be+adab, be+vaqt, be+baho, be+vosita, be+vuzu, be+kafforat, be+inoyat, be+ruku’, be+fariza, bo+sazo, bo+safo, dar+hol, no+boliq, no+i’timod, no+mavzun, no+muayyan, no+tamom, parda+sifat, pur+fan, sarv+qad, sar+moya, ham+qadam, ham+nazar, ham+nafas, ham+suhbat, xasta+hol, xush+suhbat, xush+hol.
Forscha so‘zlarga turkiycha suffikslar qo‘shib yasalgan so‘zlar 75 tani tashkil etadi. Bobur asarlarida forscha so‘zlarga asosan 2 xil turkiycha suffiks qo‘shilgan: -lik (-lik, -liq, -luk) va -siz. Masalan: begona+liq, bedor+liq, bexud+luk, duzaxiy+liq, komron+liq, loda+liq, notavon+liq, oluda+liq, porso+liq, sarxush+luk, hamnishin+liq, furuxt+luk, xushbosh+liq, chora+siz va b.
Bobur asarlaridagi forscha leksikada 5 ta juft va 8 ta takror so‘z ham qo‘llangan. Misollar: pusht-u panoh (1), paripaykar (I), pech-u tob (2), tax-batax (3), sar-u somon (1), band-bandim (1), goh-goh (1), yor-yor (2), kam-kam (1), ranga-ranga (1), tor-tor (2), farsang-farsang (1), chok-chok (4).
Bir martadan uchragan mastak va miynon so‘zlarining etimologiyasini fonetik jihatiga qarab forscha bo‘lsa kerak, deb taxmin qildik, lekin bironta ishonchli manbadan tasdiqlay olmadik.
Bobur asarlaridagi forscha so‘zlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, Bobur forscha so‘zlarni keng va janrga mos ravishda ishlatgan. Mumtoz adabiyotimiz vakillari, birinchi navbatda, hazrat Navoiy asarlari leksikasi bo‘yicha kompyuter ma’lumotlariga asoslangan mana shunday aniq tadqiqot yuzaga kelishi bilan ularni taqqoslash imkoniyati, binobarin, forscha so‘zlarni qo‘llashda Boburning individualligi, o‘ziga xosligi namoyon bo‘ladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Bobur fors tilini mukammal bilgan, unda she’rlar bitgan, «Boburnoma» va «Aruz» risolasida mumtoz fors- tojik adabiyotining yirik vakillari qalamiga mansub asarlardan parchalar keltirgan, fors tilida maqol-matallardan o‘rinli istifoda etgan. Boburning fors tilidagi merosi uncha katta bo‘lmasa-da, uni o‘rganish ulug‘ vatandoshimiz ijodining, shaxsiyatining yangi qirralarini ochishga imkon beradi. Shu o‘rganish jarayonida Bobur Hindistonda ulkan saltanatgina yaratib qolmay, balki Hindistondagi forsiy adabiyotga ham samarali ta’sir ko‘rsatganining guvohi bo‘lamiz.
Ansoriddin IBROHIMOV
O‘zbek tili va adabiyoti. 2010/1. – B. 53-57. (O‘zbekcha); Персидская лексика в произведениях Бабура.
Fikr qoldirish#