Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobur – buyuk sarkarda yoxud jahon harbiy san’ati rivojiga hissa qo‘shgan ulkan g‘alabalar

Boqiy meros. Zahiriddin Muhammad Bobur kabi tarixiy shaxslar tarixda tez-tez dunyoga keladigan harbiy va siyosiy arboblar sirasiga kirmaydi. Faqat bu jihatdangina emas, Parvardigor nazar solgan qomusiy ilmlar sohibi ekani bilan ham u benazir zot edi. Qolaversa, uning ota tomonidan buyuk Sohibqiron Amir Temur silsilasiga tutashlik borki, bu yosh Boburni yuksak marralar sari borishga undardi.

Zahiriddin Muhammad Boburning jahon harbiy san’atiga qo‘shgan hissasi ham juda katta. 

Prezidentimiz Qurolli Kuchlar mavzusidagi chiqishlarida buyuk sarkardalar bo‘lmish Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy san’ati, jang-u jadallardagi jasoratlarini oddiy jangchi askardan to generallargacha egallamas ekanlar, vatanga sadoqat ruhi ular qalbida ufurib turmas ekan, har qanday zamonaviy qurollar ham aslo naf bermasligi haqida bir necha bor ta’kidlagan. Bu borada davlatimiz rahbari yuz karra haq.

Taraqqiy etgan mamlakatlar harbiy akademiya va harbiy oliy o‘quv yurtlarida bu ulug‘ bobokalonlarimizning harbiy san’ati juda chuqur o‘rgatiladi. Afsuski, ko‘p yillar davomida yurtimizda ularning jahon harbiy san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari qariyb o‘rganilmay keldi. Harbiy tarixni salkam qirq yildan buyon o‘rganish va ko‘p jildli asarlar tayyorlash jarayonida, afsuski, ushbu buyuk sarkardalarimizning harbiy san’atidan, strategiyasidan ko‘p harbiylarimiz bexabar ekaniga guvoh bo‘lganman. 

Shu bois, «Tarix sabog‘idan neki olibsan, Imon gavharini dilga solibsan» hikmatiga rioya qilib, o‘n ikki yoshidan jang maydonlarida ot surib, dunyo tarixiga o‘z oltin sahifalarini yozgan Zahiriddin Muhammad Boburdek buyuk sarkarda va davlat arbobining harbiy salohiyati qay holatda ochilib borganiga bir nazar tashlashni ayni muddao, deb bildik. Bu saboqlardan har bir yosh, ayniqsa, harbiylar o‘z xulosalarini olishi zarur.

Jang maydoni hayot va o‘limni bir-biri bilan uchrashtiradigan, qon talab qiladigan hudud. Boburning butun hayoti shunday xavf-xatarga limmo-lim to‘la maydonda kechdi, hatto bir paslik ijod ham shu maydon bilan bog‘liq bo‘ldi, ya’ni bir qo‘lda qilich, bir qo‘lda qalam uning jangovar quroli bo‘ldi. 

Muhoraba maydoni unga adolat va haqiqat, or-nomus uchun kurash qarorgohi vazifasini o‘tadi. Birinchidan, Bobur Mirzoga qarshi jang qiluvchilar g‘oyat tajribali bo‘lsalar, ikkinchidan, uning yonidagilar orasida toshi og‘ir kelgan tarafga istagan paytda o‘tib ketishga shay xiyonatkorlar ham ko‘p edi. Hatto bunday odamlar qarindoshlari orasida ham yetarlicha edi.

Bunday achchiq qismatning zaharli sharoblarini Bobur Mirzodan ko‘p totgan odam kam topiladi. Ustiga-ustak, Boburning Sohibqiron bobosi poytaxtini egallab, to‘zg‘ib ketayotgan saltanatni saqlab qolishiga amaki, tog‘avachcha, xolavachcha temuriyzodalar ham to‘sqinlik qilgan.

Bunday yosh, navnihol, kelajagi buyuklikdan nishon ko‘rsatib turgan yosh Boburni Shayboniyxondek qudratli hukmdor changalidan opasi Xonzodabegimning jonfidoligi, Vatanga sadoqati qutqarib qoldi. Zero, uning Shayboniyxonga turmushga chiqishi temuriylarning bundan keyin siyosat maydonida qolish-qolmasligini belgilaydigan muhim hodisa sifatida ko‘riladi. 

Boburning buyuk voqealar bilan bog‘lanib ketadigan ulug‘ sarkardalik, buyuk davlatchilik faoliyatining kunba-kun yuksalishini aynan Xonzodabegim ta’minladi. Xalqimiz bugun va undan keyin ham Xonzodabegimning ushbu jasoratini g‘urur bilan esga oladi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Samarqandni egallab, Movarounnahrda bobosi Amir Temur tuzgan saltanatni qayta barpo qilish (bu paytda ushbu hudud mayda hukmdor va hokimliklarga ajralib bo‘lgan edi) uchun uch marotaba urinib ko‘rdi, ammo bu urinishlar, afsuski, muvaffaqiyatsiz chiqadi. Shundan so‘ng Boburning Movarounnahrda temuriylar saltanatini saqlab qolish umidi uzilib, oti jilovini dastlab Kobulga burdi. Kobulni 1504-yilda egallab, u yerda mustahkamlanib olgach, butun kuchini kelguvsida davom etadigan yurishlar uchun sarflashga kirishdi. 

Kuchlari qudratini oshirish yo‘li sifatida Qandahor viloyati ishg‘olini ko‘rdi. Elchisining Qandahor hokimi aka-uka Muqim va Shohbek tomonidan haqoratomuz kutib olinib, Bobur nomiga bepisandlarcha maktub yo‘llanishi bu yurishni tezlashtiradi. Bobur Mirzo qo‘shinini ilk harbiy isloh qilishni mazkur yurish oldidan amalga oshirganini «Boburnoma»da qayd etgan: «Hech vaqt buncha tartib va intizom bilan saf tuzmasdim. Xossa tobinga (bu shohning maxsus bahodirlardan iborat harbiy qismi bo‘lib, uni bemalol Boburning yangi tashkil etgan milliy gvardiyasi deyish mumkin – J.R.) qo‘lidan ish keladigan yigitlarni ajratib olgan edim: o‘n-o‘n, ellik-ellik qilinib, o‘nboshi va ellikboshini tayin qildim. Har o‘n va ellik va so‘l qo‘llarda turar yerlarni bilib, urush paytida qiladigan ishlarini aniqlab, hozir va nozir edilar. O‘ng qanot, so‘l qanot va o‘ng qo‘l va so‘l qo‘l, o‘ng yon va so‘l yon jadal otlangach, xabarchi lashkar qism ham qiynalmay tayinlangan yerga tomon yura berdilar.

Garchi, barong‘or (o‘ng qanot) va o‘ng qo‘l, o‘ng yon va o‘ng so‘zlarining ma’nosi bir xil bo‘lsa-da, lekin so‘z o‘zgarishi bilan har xil ma’no beradi. Chunonchi, barong‘or o‘ng qanot va chap qanot javong‘or ma’nosida maymana va maysara, jangovar safning markazi g‘ul tarkibida emas. Bu nav jangovar saf o‘sha istiloh ma’nosida barong‘or va javong‘or deyiladi. G‘ul safining o‘ng va chapini farq qilish uchun o‘ng qo‘l va so‘l qo‘l deb aytiladi». Shu tariqa Bobur Mirzo Qandahor uchun Xalishak jangi oldidan qo‘shinini jangovar yasol tartibida joylashtirdi. Ya’ni barong‘or o‘ng qanotda Mirzoxon, Shirim tag‘oyi, Yorak tag‘oyi, Chalmamo‘g‘ul, Ayubbek, Muhammadbek, Ibrohimbek, Ali Saydim, Sulton Ali tengqur yor-do‘stlari bilan, Xudobaxsh va Abulhasan boshchiligida o‘nlik, ellik guruhlar safni egallaydi. 

Javong‘or (chap qanot)da Abdurazzoq Mirzo, Qosimbek, Tangriberdi, Qanbar Ali, Ahmad elchi bo‘g‘a barlos, Said Husayn Akbar, Mirshoh Qavchin o‘z lashkariy qismlari bilan saf oldilar. 

G‘ul (markaz)da Bobur Mirzoning eng ishonchli ulug‘begi o‘ng tarafida Qosim Ko‘kaldosh, Sulton Muhammad do‘ldoy, Shohmahmud parvonachi, Qul Boyazid bakovul, Kamol sharbatchi, so‘l qo‘lida esa Xoja Muhammad Ali, Do‘st Nosir, Mirim Nosir, Bobo Sherzod, Xonquli, Vali xazinachi, Qutluq qadam qorovul, Maqsud suvchi, Bobo Shayx lashkariy favjlari joy oladilar. G‘ul (markaz)da Bobur Mirzoning harbiy kishilari emas, uning xos amaldorlari joylashdi. Irovulda Nosir Mirzo, Sayyid Qosim eshikog‘a, Muhib Ali qo‘rchi, Bobo o‘g‘li Ollovergan turkman Sherquli va Muhammad Ali kabi jang ko‘rgan sardorlar favjlari o‘rin egallaydilar.

Bundan tashqari, shunday jangovar harbiy qismlar ham bor ediki, ularga boshchilik qiluvchilardan birortasi hali sardor yoki bek darajasiga ko‘tarilmagandi. Ularning harbiy mavqega ko‘tarilishi bo‘lajak jang-u jadallarda ko‘rsatadigan qahramonligi, bahodirligi, harbiy tadbiriga qarab belgilanardi. Ularga shunday sinovlardagi muvaffaqiyatiga qarab, harbiy unvonlar, amallar berilardi. 

Shuning uchun ham bu kabi jangchilarning tajribasi yetarli emasligi hisobga olinib, ular zaxirada saqlanib, Bobur Mirzo qarorgohini himoya qilishgan. Bular o‘n bir lashkariy qismdan tashkil topgan edi. Ularning har biriga boshliqlar tayinlangan.

Qandahor hokimi Muqim va Shohbekda o‘n ming atrofida qo‘shin mavjud bo‘lib, uning yarmini Shohbek boshqarardi. Aka-uka g‘animlar oddiy saflanish, ya’ni o‘ng va chap lashkariy qismlar holatida jang qilishni afzal ko‘rdilar. Shohbek va Muqim qo‘shinlari Bobur Mirzo qo‘shini chap qanotini yanchib tashlash uchun yoppasiga shiddatli hujum uyushtirib, tashabbusni qo‘lga olishga zo‘r berib urindilar. Qosimbekning javong‘ori bu hujumni qaytarib turishi amrimaholligini bildirib, Bobur Mirzodan yordam so‘rab xabargir jo‘natadi. Unga hech qanday yordam berish imkoniyati yo‘qligi aytildi. Chunki Bobur Mirzoning g‘ul va o‘ng qanot qismlari ham g‘animga qarshi og‘ir sharoitda jang qilayotgan edi. 

Ahvolni o‘nglash maqsadida Bobur Mirzo tavakkal qilib, o‘z g‘ulini qarshi hujumga boshlaydi. Bu paytda Muqimning hujumini to‘xtata olmagan, o‘ng qanotga chekinayotgandi. Bobur qarorgohda himoyada turgan o‘n bir favj qo‘shini ham jangga kiritib, hujumini yanada avj oldirishga erishadi. Buni kutmagan g‘anim safi parokandalikka yuz tuta boshlaydi. Shu lahzalarda og‘ir ahvolda qolgan Qosimbek boshchiligidagi chap qanot ham chekinib, qulay tabiiy marrada mudofaaga o‘tib, dushman kuchlarining katta qismini band qiladi. 

Bu imkoniyatdan foydalangan Bobur markaz va o‘ng qanot hujumlarini yanada kuchaytirib, dushmanga katta talafot yetkazib, ularni tartibsiz tarzda qochishga majbur qilishga muvaffaq bo‘ladi. Shundan so‘nggina Bobur Mirzo Qosimbekka yordamchi kuchlar jo‘natib, uni og‘ir vaziyatdan qutqaradi. 

Natijada jang Bobur Mirzo qo‘shini g‘alabasi bilan tugab, Qandahor qo‘lga kiritildi. Aka-ukalar qal’adagi bor boyligi va oilasini ham qoldirib, hayotlarini saqlab qolish uchun Shohbek Mastun tarafga, Muqim esa Zamini Dovarga qarab qochishdan o‘zga chora topolmaydi. Shu tariqa Boburning jang arafasida o‘tkazgan ilk harbiy islohoti o‘zini oqlab, g‘alabani ta’minladi.

Bobur Mirzoning harbiy sarkardalik mahorati ochila borib, bu iste’dod Ibrohim Lo‘diy va Rona Sango kabi eng qudratli hind hukmdorlari bilan bo‘lgan janglarda yanada sayqal topdi va o‘z cho‘qqisiga chiqdi. 

Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diy o‘sha paytda Hindistondagi hukmdorlarning eng qudratlilaridan biri edi. Uning o‘z qo‘shinini istagancha to‘ldirish, jangovar fillar, oziq-ovqat, qurol-aslaha bilan yetarlidan ortiq darajada ta’minlash imkoniyati juda katta edi. Shunday qudratli dushmanga oz sonli qo‘shin bilan qarshi borish aql bovar qilmas holat hisoblanardi. Qo‘shinlar soni o‘rtasidagi ulkan notenglikda o‘tgan bunday to‘qnashuv Chingizxon va Jaloliddin Manguberdi o‘rtasidagi Nilab jangidan beri jahon harbiy tarixida hali qayd etilmagandi.

Biroq qo‘rqinchli tafovut Boburni jangdan qaytara olmadi. Dastlab u orqa tomonning xavfsizligini ta’minlash uchun jangari qavmlarning ba’zilarini qilich bilan tobe etdi, ayrimlari bilan sulhparvarlik diplomatiyasi orqali murosa-madora qildi, ittifoqlashdi, hatto yirik qabila sardoriga suyukli kuyov tutindi.

Shu bilan birga, Xalishak jangi oldidan boshlagan harbiy islohotini shiddat bilan davom qildirib, o‘z davrining eng zamonaviy qurollangan qo‘shiniga ega bo‘ldi. Asosiy e’tiborni lashkar sonini tinimsiz ko‘paytirishga emas, uning jangovar shayligini va jismoniy tayyorgarligini oshirish, askarlarning qurollardan mohirona foydalanishiga erishishga qaratdi. Qo‘mondon va amirlarga jangchilarni aql-idrok bilan jasurona maylda jangga tayyorlash va muhorabaga olib kirish hamda shu jarayonda qo‘shinga namuna bo‘lish, jang jarayonidagi vaziyatni hisobga olib, mudofaa va qarshi hujum taktikalaridan oqilona foydalanish, jangni g‘alaba bilan ta’minlash talabi qo‘yildi. Qolaversa, Bobur g‘anim haqida iloji boricha mukammal razvedka ma’lumotlari olishning ahamiyatini chuqur anglab, dushman qo‘shini, uning qo‘mondonlari, suvoriy, piyoda kuchlari, intizom darajasi, harakat yo‘nalishi va zaxiralariga oid to‘laqonli axborot yig‘ishga intildi. Ayniqsa, dushmanning yuqoriroq darajali zobitlaridan «til» ushlab kelishni razvedkaning asosiy vazifasi qilib belgilar ekan, ularning safiga uddaburon, tadbir qo‘llashga mohir, o‘ta dovyurak, pahlavon jangchilarni safarbar etdi. Ular dushman qo‘shinining jangovar xatti-harakati va holatlariga doir hech narsani, hatto o‘ta maxfiy pistirmalarni ham e’tibordan chetda qoldirmasligi lozim edi. Bunday tadbirlar lashkar xavfsizligini xushyorlik bilan ta’minlashga xizmat qilardi. 

Bobur qo‘shini zamonaviy, ya’ni hali hindlarda mavjud bo‘lmagan artilleriya va o‘tochar miltiq bilan qurollantirilishi uning harbiy ustunlikni ta’minlashga qaratilgan muhim tadbirlaridan biri bo‘ldi. 

Bu jihatdan Bobur fan, ilm-ma’rifat kuchidan foydalanish borasida novator, yangilikka intiluvchi donishmand shoh sifatida ko‘rinadi. U hind diyoriga yurishi oldidan qo‘shinini XVI asr boshlaridayoq Yevropa uslubidagi zamonaviy miltiqlar va artilleriya bilan qurollantirishga erishdi. Bu harbiy islohotlarning ijobiy natijasi edi. 

Lashkari son jihatdan Ibrohim Lo‘diy qo‘shinidan o‘n barobar kamligiga qaramay, asosiy jang bo‘ladigan Panipatga Bobur 1526-yil aprel oyining ikkinchi haftasida yetib keldi va hal qiluvchi to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rishga jiddiy kirishdi. Hindlarning suvoriy, piyoda va mingdan ortiq jangovar fili, jami 150 minglik lashkari bilan bo‘lajak jang Boburning harbiy san’ati va tafakkuridagi daholik qirralarini ochib berdi. 

Bobur jangga tayyorgarlik davomida kecha-yu kunduz chuqur xandaqlar qazdirdi. Ular mingga yaqin arava ip va zanjirlar bilan mustahkam bog‘landi. Aravalar orqasida Ustod Alining to‘pchilari, ular ortidan esa Mustafoning miltiqli va zarbzan qismlari oldinma-ketin joylashtirildi.

Qolgan suvoriy va piyoda qismlarni Bobur 21-aprelda erta saharda yasol tartibi asosida Panipat maydonida jangovar saf oldirdi.

Shu tariqa dushmanning asosiy kuchi Panipat maydoniga kirib kelganida Bobur buyrug‘iga qat’iy amal qilgan sarkarda va beklar sarosimaga tushmay, piyoda, suvoriy, to‘pchi va miltiqli qismlari bilan dushmanni kutib olishga shay bo‘lib turdilar.

O‘ng qanotga shahzoda Humoyun qo‘mondon, Xoja Kalon, Sulton Muhammad do‘ldoy, lashkarboshi Hindubek, Vali Hozin va Pirquli Seyistoniy unga yordamchi sarkardalar qilib tayinlandilar. Chap qanotda Muhammad Sulton Mirzo, Mahdiy Xoja, Odil Sulton, Shoh Mir Husayn, Sulton Junaid barlos, Qutluqqadam va Muhammad Baxshi harbiy qismlari joylashdi. Markazning o‘ng tarafidan esa Chin Temur, Sulaymon Mirzo, Muhammadiy Ko‘kaldosh, Shayx Mansur barlos, Yunus Ali va boshqa qism hamda sarkardalar o‘rin oldilar. 

Qo‘shinning ayg‘oqchilik xizmatini bajaruvchi irovul guruhiga Xisrav Ko‘kaldosh va Muhammad yetakchilik qildilar. 

Chap qanot chetiga esa to‘lg‘ama (g‘anim qo‘shinini aylanib o‘tib, orqa tomoniga zarba beruvchi qism) sardorlari qilib Qaroko‘zi, Abdumuhammad nayzaboz, Shayx Jamol barin, Mahdiy va Tengriquli Pishag‘i mo‘g‘ul kabi sardor va beklar qo‘yildi. O‘ng qanot tarafdan ham to‘lg‘ama qiladigan maxsus qismlar ajratildi. 

Ibrohim Lo‘diyning hujum yoki mudofaada turib jang qilish rejasini puxta tuza olmay, eng dolzarb vaqtni qo‘ldan berib ikkilanishidan Bobur unumli foydalanishga qaror qildi.

Xuddi shu lahzalarda Bobur to‘p va miltiqlarlardan yalpi o‘q uzishga buyruq berdi. Ibrohim Lo‘diy gangib, qat’iy bir qarorga kela olmay qoldi. Zamonaviy to‘p va miltiqlar to‘g‘risida mutlaq tushunchaga ega bo‘lmagan g‘anim qo‘shini vahimaga tushib, maydon markaziga zich to‘plana boshladi. Bu esa Lo‘diy qo‘shinining yanada ayovsiz qirilishi va o‘liklardan tepaliklar hosil bo‘lishiga zamin yaratdi. G‘anim fillari bu taloto‘pdan sarosimaga tushib, orqaga qochdi va hind qo‘shinini payhon qilib, go‘yoki Boburning ittifoqdoshlari vazifasini bajarib berdi. Bu esa dushman halokatini yanada tezlashtirib yubordi.

Vaziyatni o‘nglash uchun goh o‘ng, goh chap tarafga hujum qilib, muvaffaqiyatga erisha olmagan Ibrohim Lo‘diyning o‘zi ham oxir-oqibat qurbon bo‘ldi.

Jang borasida Boburning quyidagi so‘zlaridan yanada aniq tasavvur olish mumkin: «To‘lg‘amaga tayinlangan askarlarga o‘ng va chap qanotdagilar ham dushman bilan olishishlari uchun farmon bo‘ldi. To‘lg‘amadagilar dushman orqasiga o‘tib, o‘q ota boshladilar. Chap qanotdagi Mahdiy Xoja jangni hammadan avval boshlab yubordi. Dushman Mahdiy Xojaga qarshi bir to‘da askar fil bilan bostirib qoldi. Lekin Mahdiy Xojaning lashkariy qismi ularga ko‘p o‘q yog‘dirib, chekinishga majbur qildi. Chap qanotga markazdan Ahmad Parvonachi, Turdibek Quchbek va Muhib Ali xalifa yordamga yuborildi. O‘ng qanotda ham jang boshlanib ketdi. Muhammad Ali Ko‘kaldosh, Shoh Mansur barlos, Yusuf Ali va Abdullo markazdan qo‘shin oldida turib, to‘plarni farangidan otdi.

Mustafo to‘pchi ham markaziy qo‘shinning chap qanotidagi arava ustidagi zarbzandan yaxshi zarbalar berdi. O‘ng qanot, chap qanot, markaz va to‘lg‘amadagilar dushmanni har tarafdan o‘rab olib, ustiga o‘q yog‘dirib, jangni astoydil qizitdilar. Bizning jangchilarimiz esa g‘anim ustiga o‘q yomg‘irini yog‘dirib, ularni markaz tomonga siqib keldilar. Dushmanning o‘ng va chap qanoti bir yerga to‘planib qolib, shu darajada tiqilinch hosil bo‘ldiki, g‘anim qo‘shini na oldinga yurishga, na orqaga qochishga yo‘l topa oldi. Oftob bir nayza bo‘yli ko‘tarilganda urushni tezlashtirishga chaqirildi. Tushgacha jang davom etdi. Kun tushga yetganda dushman yengildi va yakson qilindi.

Tangri taolo fazli karami bilan bunday qiyin ishni bizga oson qildi va shu kabi ko‘p sonli lashkar yarim kunda yer bilan yakson qilindi. Faqat Ibrohim Lo‘diyning yonidagi bir joyning o‘zida besh-olti ming kishi o‘ldirildi. Boshqa yerdagi o‘ldirilganlarning sonini o‘n besh-o‘n olti ming kishi, deb taxmin qildik. Keyinroq Agraga kelganimizda, hindistonliklardan eshitishimizcha, ushbu jangda qirq-ellik ming kishi halok bo‘lgan ekan».

Bu Bobur erishgan buyuk g‘alaba edi. U Shimoliy Hindiston va uning markaziy hududlarining katta qismini egalladi. Agrani o‘z saltanatining poytaxtiga aylantirdi. O‘z davlatini shakllantirishga kirishdi, boburiylar sulolasiga asos soldi. Uning buyuk sarkardlik maqomiga ko‘tarilish va jahoniy miqyosi ulug‘ lashkarboshilar ro‘yxatidan o‘rin olishini Ibrohim Lo‘diy qo‘shini ustidan erishgan mislsiz g‘alabasi ta’minladi. Shuningdek, hind diyori ishg‘olining ikkinchi bosqichidagi g‘alabasi esa Osiyodagina emas, Afrika-yu Yevropaga qadar aks-sado berdi. Rana Sanganing 200 minglik qo‘shini qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi.

Endi Hindda Boburshohga bas kela oladigan na hukmdor, na lashkarboshi qolmagan edi. Bu g‘alabalari bilan Bobur jahon harbiy san’ati rivojiga yorqin hissa qo‘shib, o‘zbek xalqining nomini, shonli tarixini Amir Temur bobosidan keyin yana bir bora olamga yoydi.

Harbiy tafakkur kuchi, donish aqliy quvvati, davlatchilik iste’dodi bilan temuriylar sulolasining umrini uzaytirib, uning siyosat maydonida 332-yil yashab qolishiga yo‘l ochdi. Temuriylar sulolasining uzviy davomi sifatida boburiylar nomi bilan jahon tarixi sahifalarini beqzadi.


Jumaboy RAHIMOV, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi professori

Yangi O‘zbekiston. 15- fevral. 33-son. – B. 6. (O‘zbekcha); Бабур – великий полководец или великие победы, внесенные в развитие искусства мировых войн.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0