Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Abdullatif Mirzo

Abdullatif (1423-1450.8.5, Samarqand) – temuriylardan. Ulug‘bekning o‘g‘li. Shohrux saroyida tarbiya olgan, harbiy yurishlarda qo‘shinning o‘ng qanotiga qo‘mondonlik qilgan. Gavharshodbegim va tarxon amirlar Shohrux o‘limidan so‘ng (1447) Abdullatifni oliy bosh qo‘mondonlikka tayinlab, uning amakivachchasi Alouddavlani taxtga o‘tqazishgan. Bu qarordan norozi bo‘lgan Abdullatif Alouddavlaga qarshi urush ochgan, lekin Nishopur yaqinidagi jangda (1447) yengilib, hibsga olingan. Ulug‘bek farzandi hayotini saqlab qolish maqsadida Alouddavla b-n sulh tuzishga majbur bo‘lgan. Unga ko‘ra, Alouddavla Xuroson hukmdori deb tan olinib, Abdullatifga Balx ulusi berilgan.


Abdullatif Ulug‘bekning 1448 y. ilk bahoridan yozigacha Alouddavla va Abulqosim Boburga qarshi janglarida qatnashgan. So‘ng toj-taxtni egallash maqsadida otasiga qarshi Abulqosim Bobur b-n ittifoq tuzgan. Ulug‘bek Abdullatifga qarshi qo‘shin tortgan va Amudaryo bo‘yida ikki tomon qo‘shini 3 oy muqobil turgan (1449). Samarqandda qolgan beklar isyoni tufayli Ulug‘bek poytaxtga qaytishga majbur bo‘lgan, natijada Abdullatif Amudaryodan o‘tib Termiz, Shahrisabzni egallagan. Samarqand yaqinidagi Dimishq qishlog‘i yonida otasini yengib, taxtni egallagan (1449). Abdullatifning roziligi b-n Ulug‘bek va ukasi – Abdulaziz Mirzo qatl etilgan. Abdullatif olti oylik hukmronligidan so‘ng, Ulug‘bekning xos navkarlaridan Bobo Husayn bahodir tomonidan o‘ldirilgan (1450).


Abdullatif o‘jar, xudbin va shuhratparast bo‘lsa-da, otasi Ulug‘bek kabi ilm ahliga ixlosmand edi. U o‘zi ham falakiyot va tarix ilmi b-n shug‘ullanar, she’rlar bitardi.


ЎзМЭ, Т, 2000-2006, т.1. 2000, 736 б. – Б. 32. (Ўзбекча); Абдуллатиф. Тимурид, сын Улугбека.

Fikr qoldirish#

Izohlar:
1
Xolida Shamsiyeva • 1 кун аввал

Platforma ishchi guruhi a'zolari ishiga muvaffaqiyat


O‘qish tavsiya qilinadi
Muqaddima

Tarix sahnasida o‘chmas iz qoldirgan Temuriylar saltanatida hamisha ayollarga alohida...

Muqaddima

Vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur – katta davlat arbobi, boburiylar sulolasining...


Maqolani baholang
4.8