Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Akbarshoh saltanatida davlat boshqaruvi

Hukmdorni hurmatga sazovor qiladigan omil uning odilligi va davlatni to‘g‘ri boshqarishidir. (Akbarshoh).


PODSHOH VA UNING O‘RNI. Hukumat boshqaruvida erishiladigan muvaffaqiyat uni boshqarayotganlarning bu ishga sadoqati va hukmdorning qobiliyatiga bog‘liq ekanligi haqidagi aksioma Akbarshoh singari hukmdor hokimi mutlaq bo‘lgan joyda, ya’ni hukmdor ham lashkarboshi, ham qonun chiqaruvchi, ham hokimi odil, shuningdek, hukumatning barcha tarmoqlaridagi asosiy ijro hokimiyati faoliyati nazorati tizimini o‘z qo‘lida saqlagan mamlakatdagina bo‘lishi mumkin. Aynan shu o‘rinda mashhur faylasuf Aleksandr Poupning “Davlatni boshqarish shakli va usuli haqida tentaklar bahslashaversinlar: yaxshi nazorat o‘rnatilgan joyda natija yaxshi bo‘laveradi”, degan so‘zlarini eslatib o‘tish o‘rinli bo‘ladi.


Akbarshoh o‘zining yuqorida zikr etilgan shioriga rioya etish uchun ortiqcha jon kuydirgani ham yo‘q. Bir kunda bir mahal ovqat yer va tunlari juda kam uxlardi. Jahongir otasining bedor o‘tgan tunlarini hisoblab, ularni podshohning uyg‘oqligidagi umriga qo‘shib hisoblardi. Abulfazlning yozishicha, 1578-yildan boshlab Akbarshoh bir kecha-kunduzdagi vaqtini quyidagicha taqsimlagan edi:


1.  Tonggi ibodat 2-2,5 soat.


2.  Yuvinish, kiyinish, nonushta 1-1,5 soat.


3.  Devoni omda ochiq majlis o‘tkazish 4-4,5 soat.


4.  Tushlik 1 soat.


5.  Hayvonlar (otlar, fillar)ning holatini ko‘zdan kechirish 2 soat.


6.  Haramga tashrif 1 soat.


7.  Uxlash 7-7,5 soat.


Lekin bu kundalik rejim jadvalini boshqa manbalardagi ma’lumotlar bilan solishtirib ko‘rish lozim bo‘ladi, chunki ularda Akbarshohning tonggi ibodatdan so‘ng qiladigan ishi “Jarohai darshon”, ya’ni hukmdorning tong otishi bilan saroy boloxonasi ayvonidan uni kutib turgan xalq ommasi oldiga chiqib ko‘rinish berishidan iborat bo‘lgan. Zero bu odamlar o‘z hukmdorining issiq istarasini bir ko‘rmay turib tuz totmas edilar.


Podshoh, odatda, Yaratgan Parvardigorning 1001 nomlarini aytib boloxonaga chiqishi bilanoq, xalq uning oyog‘i ostiga yiqilib sajda qilardi. Uning to‘ni etagini o‘pib, ko‘ziga surtmoqchi bo‘lganlar esa, soqchilarning ruxsatisiz shoh oldiga kelishlari mumkin edi.


Saroyda bir oz vaqt umrguzaronlik qilgan nasroniy rohiblarining aytishicha, podshoh kuniga ikki marta derazadan ko‘rinish berar va unga arzini bayon qilmoqchi bo‘lganlar bunday imkoniyatdan foydalanib qolardilar. Harbiy yurishlar davomida dam olish uchun to‘xtalgan qarorgohlarda esa, podshoh ikki qavatli chodirning ikkinchi qavati derazasidan ko‘rinish berardi. Bunday ko‘rinish berish aholida katta qiziqish uyg‘otar va podshohning barhayot, sog‘-omon ekanidan dalolat beribgina qolmay u o‘zidan taralayotgan mo‘jizaviy nuri bilan odamlarni o‘z shaxsiga maftun qilar va ularning podshoh shaxsiga bo‘lgan qiziqishini yanada alangalatar edi. Har oyda bir o‘tkaziladigan ochiq bozorlarda esa savdogarlar uchun podshohni boshdan oyoq ko‘rib olish va unga o‘z arzlarini bayon etish imkoni tug‘ilardi, bunga soqchilar ham monelik qilmas edilar.


Tonggi marosimlardan so‘ng shoh devoni omga kelib, bu yerda ochiq majlis o‘tkazardi. Ko‘pincha, bunday majlislarda davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan turli masalalar va adliya borasidagi arizalar muhokama qilinardi. Saroy majlisini o‘tkazish ma’qul ko‘rilgan paytlarda darhol nog‘oralar chalinib majlis ahli devoni omga chorlanar edi (“The Ain-i-Akbari”, v. 1, r.).


Podshoh erta tongda maxsus tayinlangan sozandalar ijrosidagi mayin musiqa ovozidan uyg‘onar, kechqurunlari esa, ko‘pincha, devoni xosda faylasuflar, tasavvuf ahli va tarixchilar davrasida suhbatda bo‘lardi. Kun og‘ib oqshom tusha boshlagan paytda ulamolar davrasida o‘tirib, unga o‘qib beriladigan kitoblarga yoxud so‘zlab beriladigan hikoyalarga quloq tutar zdi (Du Jarric, Father Pierre, Akbar and the Jesuits, translated by C.H. Payne, London,1926). Akbarshoh o‘rgatilgan hayvonlarni juda yaxshi ko‘rar, o‘z ixtiyoridagi fillar, otlar, kiyiklar va kaptarlarning nomlarini yaxshi esda saqlar edi.


Viloyatlarga qilingan safarlar davomida ariza va shikoyatlarga diqqat bilan quloq tutar, bu masalalar bo‘yicha tegishli mutasaddi idoralar boshliqlariga topshiriqlar berar edi. U, ko‘pincha, o‘z libosini o‘zgartirib shikorga chiqar yoki ommaviy tomoshalarda qatnashar va shu yo‘l bilan raiyat orasidagi vaziyatdan shaxsan xabardor bo‘lib turar edi. Oddiy fuqaroning shoh bilan shaxsan ko‘rishishi va u bilan uchrashishi yoxud muloqotda bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishi xalq orasida sevimli hukmdor bo‘lishiga sabab bo‘lgan muhim omillardan biridir.


Bobosi Boburshoh va otasi Humoyunshoh kabi muhim davlat ishlari muhokama qilinayotgan paytlarda u saroy ayonlari, olimu ulamolar, amiru beklar va harbiy mutaxassislar bilan albatga maslahatlashar edi. 1581-yilning iyun oyida Akbarshoh katta qo‘shin bilan ukasi Hakim Mirzo isyonini bostirish uchun Kobul sari qilingan yurish davomida ular Hind daryosini kechib o‘tishgach, Kobuldan chopar kelib, Hakim Mirzoning tavba- tazarrusi shoh Akbarga yetkazildi. Shundan keyin podshoh, amir va beklardan iborat yigirma kishilik kengash tuzib, ulardan yurishni davom ettirish lozimmi yoxud Hakim Mirzoning tavbasini qabul qilib, uni kechirish va ortga qaytish ma’qulligi haqidagi masalani muhokama qilish va ularning fikrini o‘rganib, qabul qilingan qarorni shohga yetkazish vazifasini Abulfazlga topshirgan edi. O‘shanda amir va beklar bir ovozdan Hakim Mirzoni kechirish lozimligi haqida fikrni ma’qullashgan, biroq faqat Abulfazlgina yurishni davom ettirish haqida fikr bildirgan edi.


Akbarshohning hukmdorlik qilishda erishgan muvaffaqiyatlarining asosiy omillaridan biri shuki, zarur bo‘lganda muhim islohotlar o‘tkazishning mukammal tizimini ishlab chiqa oldi. U kundalik ma’muriy ishlarning har bir taomiliga erinmay rioya qilar va ulkan saltanatning har burchagidagi ahamiyatga malik bo‘lgan barcha ishlardan boxabar bo‘lib turar edi.


Abulfazlning aytishicha, uning maxsus xizmatlar uchun foydalaniladigan ming kishilik armiyasi bo‘lib, mevotlik eng abjir va uddaburon navkarlaridan tuzilgan edi. Ular eng murakkab va nozik ishlarni mohirlik bilan uddalar, saltanatning istalgan burchagidan zarur ma’lumotni topib, o‘z vaqtida shohga yetkazib kelar edilar.


Tarixnavis Mansuriyning yozishicha, bu choparlar piyoda bo‘lsa ham otliq chopar bilan baravar tezlikda yugurib, ish bitirar edilar. Ular maxsus qalaydan ishlangan og‘ir etiklarda yugurishni mashq qilardilar va doimo jismoniy harakat bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. Ularning chaqqon oyoqlari bir zumda istagan joyga xabar yetkazar va xabar keltirar edilar. Aytishlaricha, karvon besh oyda bosib o‘tadigan bir ming to‘rt yuz qo‘sh masofalik joydan Jahongirning choparlari juda uzoq masofadan qovunlarning sifatini juda yaxshi saqlagan holda shohga yetkazib kelar ekan.


IJTIMOIY ISLOHOTLAR. Akbarshohning tarixda chuqur iz qoldirgan ijtimoiy islohotlaridan biri uning hindlar va musulmonlar ongida qadimdan shakllanib qotib qolgan eski diniy urf-odatlar, udumlarni isloh qilishidir. Bunday harakatni amalga oshirishga kuchli iroda egasi bo‘lgan taraqqiyparvar dunyoqarashdagi qudratli hukmdorgina jur’at qilishi mumkin edi.


Hindlarda qadimdan eri o‘lgan ayollarni erining jasadiga qo‘shib kuydirish, ya’ni satiylik odati mavjud. Bu udumda ayollarning o‘z eriga bo‘lgan sadoqatiga tasanno aytgan holda yosh juvonlarning bu yo‘l bilan o‘zlarini qurbon qilishlari shohga ma’qul tushmadi. U bunday ayollarni “sevgi va e’tiqodning yonib turgan mash’alasi” deb atagani holda, yosh juvonlarning bu tarzda o‘z umrini qurbon qilishlarini insofdan emas, deb hisoblardi. Erkaklarning o‘z obro‘- e’tibori va hurmatini ayollarning bunday sadoqati orqali topishlarini Akbarshoh hech hazm qila olmas edi.


Nasroniy rohiblarga bu holni tushuntirishda Akbarshoh bunday udum dini ko‘p xotinlilikka ruxsat beradigan hindlardagina mavjud, xotinlarning er tirikligida uning xizmatini yaxshilab udda qila olmaganlarigina shunday qilishi mumkin, deb izohlar edi. Xotinlarining hurmatini juda joyiga qo‘yadigan nasroniylarda esa bir erkakka faqat bittagina xotin nasib etgan xolos, der edi. Aslida hindlarning barcha toifalarida ham satiy udumi ayol uchun sharafli hodisa, deb hisoblanar va ayniqsa, rajputlar bu udumga qattiq rioya qilar edilar. Biroq o‘z siyosatida Akbarshoh agar beva qolgan ayol o‘z jonini qurbon qilishini istamasa, uni majburlab o‘tda kuydirishni qatiyan man etgan edi. Kunlardan bir kun rajput malikalaridan biri erining vafoti tufayli o‘zini erining jasadi bilan olovda kuydirishlariga rozilik bermadi, lekin uning o‘g‘illari va qarindoshlari bu udumga rioya qilinishini talab qilib, oyoq tirab turib oldilar. Bu voqeadan xabar topgan Akbar darhol otga minib o‘sha joyga yetib kelib, fojianing oldini olgani haqida “Akbarnoma”da xabar beriladi (“The Akbarnama”, v. 3, p. 594-596). Shundan so‘ng qutvollarga (Shahar yoki tuman mirshabboshisi –tarj.) birorta beva ayolni o‘zining roziligisiz o‘tda kuydirilishiga yo‘l qo‘ymaslix haqida maxsus farmoni oliy berilgan edi.


“Oyini Akbariy” asarida keltirilgan oila va nikoh borasidagi ma’lumotlarga qaraganda, bolalar balog‘at yoshiga yetmaguncha ularni turmushga berish va uylantirish taqiqlangan, nikoh qilish uchun ota-onaning roziligidan tashqari bo‘lg‘usi kelin-kuyovlarning shaxsan roziligi ham talab qilingan; yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh ta’qiqlangan; kelin uchun ortiqcha sep qilish taqiqlangan; bittadan ortiq xotin olishga hammaga ham ruxsat etilavermagan va ayollarga o‘zidan yosh erkaklarga turmushga chiqish man etilgan. Bu qoidalarga rioya etilishi “nikoh muhtasiblar”iga yuklanib, qudalarning moliyaviy ahvoliga qarab ulardan nikoh solig‘i undirilgan.


Akbarshoh beva ayollarning qayta turmushga chiqishiga monelik qiluvchi udumlarni ham bekor qilib, ularning o‘z xohishlariga binoan turmushga chiqishlariga ruxsat bergan. Bolalarni 12 yoshga kirmaguncha sunnat qilishga ruxsat berilmagan, faqat bola 12 yoshga to‘lgandagina qutvolning ruxsati bilan sunnat qilingan. Ana shundan keyingina o‘g‘il bolalardan diniy udumlarning barchasiga itoat qilish talab etilgan.


OLIY MAQOMDAGI KENGASHLAR. Akbarshoh ma’muriy yoki adliya sohasidagi muhim ahamiyatga molik bo‘lgan qarorlarni qabul qilishdan oldin mutasaddi kishilardan iborat bo‘lgan maxsus hay’at tuzib, muhokama etilayotgan masala bo‘yicha, albatta, hay’at a’zolarining fikrini tinglagan va ular asosida tegishli hukm chiqargan. Bu borada quyidagi xulosalarni keltiramiz.


“Akbarnoma”da aytilishicha (“The Akbarnama”, v. 3, r. 830), Kashmirga qilingan yurishda Shrinagar shahriga yetib kelishgach, yer solig‘i undirish ishida aniq raqamlarga asoslanib me’yor o‘rnatish maqsadida Kashmir vohasidagi yerlarda olib boriladigan ziroat ishlarini mufassal o‘rganish uchun Abulfazl boshliq bir hay’at tuzilib, unga Yuqori Kashmir vohasining, Shamsiddin Kaoriy va Man Singx boshliq ikkinchi hay’atga esa Quyi Kashmir vohasining ziroatchiligini o‘rganish topshirilgan edi.


1588-yilda yirik saroy ayonlaridan roja Todar Mal va Shahbozxon o‘zaro janjallashib qolgan edilar. O‘shanda ushbu masalani mukammal o‘rganib, adolatli hukm chiqarish uchun Abdurahim xoni xonon, amir Fathulla va Abulfazldan iborat hakamlar hay’ati tuzilib, janjalga sabab bo‘lgan masala mufassal o‘rganilgach, janjal chiqishida har ikkala tomon teng darajada aybdor ekanligi aniqlandi va tomonlar murosaga keltirilib, gina-kudurat unutilishi lozimligi ta’kidlangan edi.


Akbarshohning 1573-yilda Gujaratga qilgan yurishida mahalliy amaldorlardan bo‘lgan bir habash shu yerlik keksa va yolg‘iz kampirning o‘g‘lini o‘ldirtirib yuborgani haqida shikoyat tushib qoldi. O‘shanda “oqil va xolis kishilar bu masalani mufassal o‘rganib, uning natijasi shohga xabar qilinishi” haqida farmoni oliy qabul qilindi. Xolislar masalani o‘rganib chiqib, amaldor habashning o‘z mansabini suiste’mol qilgani va kampir o‘g‘lining o‘limida aybdor ekani tasdiqlangach, shohning buyrug‘iga binoan, aybdor fil oyog‘i ostiga tashlanib o‘ldirildi. O‘shanda shunday qudratli amaldorning jazolanishi mumkinligi kampir uchun aql bovar qilmaydigan ish bo‘lib tuyulgan ekan.


 SAROY HAYOTI. Saroydagi haramda besh mingdan ortiq ayollar istiqomat qilar va ularning har biri uchun alohida xonalar, nafaqa tayinlangan bo‘lib, bundan tashqari ularning har biri mavsumi bilan shohdan sovg‘a-salomlar ham olib turardilar. Haram to‘rt qavat halqadan iborat quriqchilar tomonidan qo‘riqlanardi. Haram “ichkarisi” maxsus tayyorgarliklardan o‘tgan sadoqatli va jiddiy ayollar tomonidan qo‘riqlanardi. Undan keyingi qo‘riqchilar halqasida bichilgan qullar turardi. Keyingi halqada shohga sadoqatli bo‘lgan rajput jangarilari va nihoyat, tashqi halqada ahadi navkarlar qo‘riqchilik qilardilar.


Ovro‘palik rohib Monseratning xabar berishicha (Monseratte, A., Father, The Commentary... on His Journey to the Court of Akbar. Translated by J.C. Hoyland, London, 1922, p. 202), Akbarshohning uch yuzdan ortiq xotini bor edi. Ushbu nikohlarning ko‘pchiligi diplomatik talablar doirasida, saltanat manfaatini ko‘zlab tuzilgan siyosiy ittifoqlar natijalari edi. Bundan tashqari haramda podshohning qarindoshlari, yaqinlari va xizmatkorlari ham istiqomat qilar edilar. Xullas, shohning nechta xotini va qancha farzandlari bo‘lganini aytish qiyin.


AKBARSHOH OILASI. Qo‘l ostimizda bo‘lgan mavjud manbalarga qaraganda, Akbarshohning 13 marta qonuniy ravishda uylangani ma’lum. Uning birinchi xotini Ruqiya begim bo‘lib, o‘z amakisi Hindol Mirzoning qizi edi. Bu nikoh Hindol Mirzoning qatl etilishidan keyinroq, 1551-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan edi. Ruqiya begim eridan keyin yana yigirma yil yashab, 1626-yilda vafot etdi. Undan farzand tug‘ilmadi. Keyingi nikoh 1556-yilda Dehlida bo‘lib o‘tdi. Bu aslida zamindorlar isyoni ishtirokchilarining g‘azabini tinchlantirish uchun ko‘rilgan siyosiy chora edi. Kelin eng yirik zamindorlar sulolasining vakili bo‘lmish Jamolxonning go‘zal qizlaridan biri edi. Akbarshohning uchinchi xotini ham 1557-yilda Mankot qal’asini qamal qilish jarayonida siyosiy bitim sifatida nikohga olingan edi. Uning to‘rtinchi xotini Salima sultonbegim bo‘lib, u Akbarshoh yangi taxtga chiqqan yillari unga otaliq qilgan Bayramxonning bevasi edi. U Boburshohning qizi bo‘lmish Gulrang begim bilan Muhammad Nuriddin Mirzo o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilgan bo‘lib, dastlab Bayramxonga, uning vafotidan so‘ng, Akbarshohga turmushga chiqqan edi. Bundan tashqari Akbarshoh yana to‘rtta rajput shahzodalarining qizlariga ham uylangan. Bu nikohlar, asosan, o‘sha malikalar mansub bo‘lgan sulolalarga bo‘lgan hurmat-ehtirom belgisi sifatida tuzilgan siyosiy sulh ramzi bo‘lgan edi.


1562-yilda Anbor viloyati rojasi Baxari Mallning qiziga, Bikonar viloyati rojasi Ray Kalyon Mallning jiyaniga va 1570-yilda Jaysalmor rojasi Raval Xar Rayning qiziga uylandi. 1575-yilda Dungarpur viloyati rojasining shaxsiy iltimosiga ko‘ra, uning qizini ham o‘z nikohiga oldi. 1564-yilda Xondosh viloyati sultoni Mir Muborakshohning qiziga uylandi. Bularning barchasi siyosiy bitimlar natijasi edi.


Akbarshohning 1564 yilgi uylaniish ayrim janjallarga ham sabab bo‘ldi. Abduqodir Badouniyning ta’riflashicha, bu voqea Sharafiddin Husayn Mirzo va Abul Maoliy ismli zamindorlar Akbarshoh siyosatidan norozi bo‘lib turgan kunlarda bo‘lib, Akbarshoh Abul Maoliyning iziga tushib, Dehliga kelgan payt edi. Shu yerda unda Dehlining ko‘zga ko‘ringan amaldorlarining qizlariga uylanish fikri tug‘ilib, bir necha haramlarni ko‘zdan kechirib chiqish uchun sovchilar yuborgandi. Shohning bu tarzda o‘ziga xotin qidirishi aholi o‘rtasida norozilik paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Shaharda tashkil etilgan bayramlardan birida yengilroq tabiatli qo‘shmachi ayol Fotima farishtadek go‘zal bir ayol bilan suhbatlashib turganida, Akbarshohning bu ayolga ko‘zi tushib, uning go‘zalligi shohni maftun etib qolgan edi. Go‘zal ayol Abulvose’ ismli kishining tan mahrami bo‘lib, Akbarshoh o‘sha ayolga uylanishga qaror qilganini bildirganda, uning eri Abulvose’ bu qarorga qarshilik ko‘rsatishga ojizlik qiladi. Vaziyat taqozosiga ko‘ra, u xotinini taloq qilib, o‘zi Dekkon o‘lkasi tomon xurjunini qoqib jo‘nagach, beva ayol shohga tan mahramlikka o‘tdi. Shundan so‘ng Fotima shohni shahar amaldorlaridan yana bir nechasining qizlariga uylanishga undadi. Bu hol esa obro‘li amaldorlar oilalarining hamiyatiga tegib, ular shohga suiqasd uyushtirshga qaror qildilar. Bu ish uchun Faulod ismli sobiq qulni tanlab, uni shohni o‘ldirishga undadilar. Qulay paytdan foydalangan Faulod ko‘chadan o‘tib ketayotgan shohga kamondan o‘q uzadi. Biroq otilgan o‘q shohning tanasiga unchalik jiddiy shikast yetkazmaydi va Akbarshoh tezda sog‘ayib ketadi. Bu favqulodda hodisa Akbarshohning xotin tanlash ishi yaxshilikka olib bormasligi haqidagi fikrga kelishiga sabab bo‘lgan edi.


Bu holni Abulfazl boshqacharoq talqin qiladi. Uningcha, Faulod shohga Abul Maoliyning undashi bo‘yicha suiqasd qilgan. Faulod aslida shohning raqiblaridan bo‘lmish Sharafiddin Husayn Mirzoning quli bo‘lgan. U bu qulga ozodlik hadya etib, shohni o‘ldirish uchun Abul Maoliy ixtiyoriga yuborgan edi. Bu voqeada Abulvose’ning xotiniga shoh uylanishining qandaydir aloqasi borligi haqida hech narsa aytilmagan. Faulodning kelib chiqishi haqidagi fikrga Badouniy ham qo‘shiladi, biroq Faulodning harakati Akbarshoh siyosatidan norozi bo‘lgan mahalliy ayonlar noroziligining ifodasi bo‘lganiga alohida urg‘u beradi.


Gap shundaki, Faulod jinoyat ustida qo‘lga olingach, shoh vazirlari Faulodni ushbu suiqasdga kim yuborganini tekshirib, tergov qilishni maslahat bersalar-da, shoh bu ishni bosti-bosti qilishga urinib, jinoyatchini o‘sha yerdayoq tilka-pora qilib yuborish haqida buyruq beradi va hukm o‘sha yerdayoq ijro etiladi. Ushbu holni Akbarning bobosi Boburshoh joniga Ibrohim Lo‘diyning onasi tomonidan suiqasd uyushtirilishiga qiyoslash mumkin. Jinoyatchilarga nisbatan qo‘llanilgan jazo choralari, ya’ni Boburshohning ovqatiga zahar solib bergan oshpazlardan birining tiriklayin terisi shilib olinishi va ikkinchisi tiriklayin mast fillar oyog‘i ostiga tashlanib, tilka-pora qilinishi, qolganlarining otib o‘ldirilishi o‘sha paytda ham davlat boshlig‘i joniga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatlardan biri bo‘lganidan dalolat beradi.


Shoh xatti-harakatida bunday yengiltaklik (xotinbozlik – tarj.) ro‘y berganda hali yigirma ikki yoshga ham to‘lmagan sho‘x yigit edi. Yillar o‘tib voyaga yetgach, borgan sari og‘ir-bosiq, salobatli va yuksak axloqli inson bo‘lib yetishdi.


1575-yilda Akbarshoh o‘n birinchi xotiniga uylandi. U Arabshoh ismli amaldorning qizi bo‘lib, uning ismi Qosimabonu edi. Shohning o‘n ikkinchi xotinining ismi Bibi Davlatshoh bo‘lib, undan ikki nafar qiz tug‘ilgan edi. 1593-yilda mahalliy amaldorlardan biri bo‘lmish Naqibxonning qiziga o‘n uchinchi xotin sifatida uylangan edi (The Akbarnama”, v. 3, r. 167.; Jahangir, The Tuzuki- Jahangiri, translated by A. Rogers, Delhi, 1968 v. 1, p. 36. “Oyini Akbariy” asarining tarjimoni G. Blokman Akbarshohning xotinlari sonini 7 ta deb ko‘rsatgan).


Akbarshohning farzandlariga kelsak, bizga ma’lum Salim, Murod, Doniyoldan tashqari ko‘plab farzandlar tug‘ilgan, biroq ularga uzoq umr ko‘rish nasib etmagan edi. Salimdan avval 1564-yil oktyabrda Hasan-Husayn egizak o‘g‘illar tug‘ilgan, biroq ular chillasi chiqmay turib dunyodan ko‘z yumganlar. Ulardan keyin shoh uchta qiz ko‘rgan. Kattasi 1569-yil noyabrda tug‘ilgan, unga Xonoyim deb ism qo‘yganlar, keyingi ikkitasi yuqorida nomi zikr etilgan Davlatshoh begimdan tug‘ilgan.


Akbarshoh farzandlarini hayot bog‘ining yosh nihollari deb atardi, ularni ardoqlash kishi uchun saxovati va karami keng Parvardigorga shukronalik nazari bilan qarashdir, deb baholar edi. U nevaralarini farzandlaridan ham a’lo ko‘rar va ardoqlar edi. Ayniqsa, shahzoda Xusrav uning eng ardoqli nevarasi edi. Shu bois bo‘lsa kerak, o‘g‘li shahzoda Salim otasiga qarshi isyon ko‘targan kezlarda, taxt vorisi qilib nevarasi Xusravni tayinlash fikriga ham kelgan edi.


Berk S.M. Akbarshoh – Boburiylarning eng buyugi / ingliz tilidan G‘. Sotimov tarjimasi; mas’ul muharrirlar: H. Boltaboyev, M. Mahmudov. –T. : MUMTOZ SO‘Z, 2009. – B. 177-186. (O‘zbekcha);

Государственное управление во власти Акбаршаха. В кн.: Берк С.М. Акбар-шах – самый Великий из Бабуридов.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0