Ulug‘larning biri «Ilm – mardlik» degan edi. Bu o‘rinda ilm olishning qanchalar mashaqqatli ekanligi nazarda tutilganligi barchaga ayon. Yaqinda Moskvadagi ”Sharq adabiyoti nashriyoti” tomonidan “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar. Bibliografiya” kitobiga ko‘zim tushib, beixtiyor yuqoridagi fikrlar qaytadan ko‘nglimdan kechdi.
Gap kitobning salmog‘i yoki bosma tobog‘i yoxud tosh bosishi haqida emas. Albatta, ilm boshqa mezonlar bilan baholanadi. Haqiqat shuki, bunday og‘ir va zahmatli izlanishga mukammal tayyorgarligi bo‘lmagan kishi dabdurustdan qo‘l urolmaydi. Shu maʼnoda, tadqiq qilinayotgan soha zalvori, ko‘lami va tabiiyki, mohiyatini avvaldan idrok eta olgan kishigina “igna bilan quduq qazishga kirishganligini” anglab yetdik.
Chindan ham sharqshunos olim Shokirxon Shodmonxo‘ja o‘g‘li Rustamxo‘jayev yuqorida nomi zikr etilgan kitobni yaratishdan ilgari Bobur xalqaro jamoat fondi ko‘magida “Jahon madaniyati va Bobur muzeyidagi adabiyotlar bibliografiyasi”ni tasnif etgan edi. Tan olmoq joiz, buyuk bobokalonimiz tavalludining 530 yilligiga bag‘ishlangan bu risola boburshunoslar va adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan edi. Qisqa fursat ichida uning to‘ldirilgan va tuzatilgan ikkinchi nashri ham bosildi.
Bu qo‘llanmaning ilmiy ahamiyati haqida o‘z davrida olimlar ancha yaxshi fikrlar bildirgan edilar. Aynan shu eʼtirof bunday xayrli ilmiy izlanishni davom ettirishga maʼnaviy-ruhiy rag‘bat uyg‘otdi. Natijada 2014 yili poytaxtlik tadqiqotchi Zuhra Berdiyeva bilan hamkorlikda “Bobur va boburiylar bibliografiyasi” nomli kitob dunyo yuzini ko‘rdi. Bu izlanuvchilarning qariyb o‘n yillik mehnat faoliyati mahsulidir. Ular Respublikamizning hududlaridagi axborot-kutubxona markazlarida boy manba to‘plashga erishdilar. Barcha ko‘rsatkichlar Bobur va Boburiylar hayoti hamda ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlar turkiy, arab, fors, urdu, hind, rus, ingliz, nemis, fransuz va boshqa jahonning o‘nlab xorijiy tillarida chiqqan turli kitob va vaqtli nashrlardan olinib, bibliografiya qoidalariga asoslangan holda jamlandi.
Mana shu jarayon muvaffaqiyatli bosib o‘tilgach, Shokirxon Rustamxo‘jayev yana bir katta davonni ko‘zladi. Endi u buyuk sarkarda, ajoyib shoir, dilbar shaxs haqidagi maʼlumotlar geografiyasini yanada kengaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Ana shu ezgu niyat, tinimsiz izlanishlar samarasi o‘z hosilini berdi. Maqola avvalida aytib o‘tilgan kitobga Rossiya Fanlar Akademiyasining muxbir aʼzosi A.V. Dibo muxtasar so‘zboshi yozdi. Rossiyalik olima Farg‘ona vodiysining markazi – Andijonda tug‘ilgan Bobur va Boburiylarning boy madaniy-maʼrifiy, ilmiy-adabiy merosiga hanuzga qadar Yevropa, AQSH, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Afg‘oniston, Yaponiya, Rossiya kabi mamlakatlarda qiziqish katta ekanligini alohida taʼkidlaydi.
Filologiya fanlari nomzodi Said Alimovning taʼkidlashicha, kitob bibliografik ko‘rsatkich yaratishning o‘ziga xos tamoyillari asosida tuzilgan. Adabiyotlar mazmuniga va yo‘nalishiga ko‘ra, guruhlarga ajratilib joylashtirilgan. Ayrim asarlarga berilgan taqrizlarning shu joyning o‘zida, asosiy bibliografik tavsifdan so‘ng yoritilishi uning ahamiyatini yanada oshiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur kitob milliy bibliografiyashunoslikda o‘ziga xos yangilik bo‘ldi.
Abdumutal ABDULLAYEV
Andijonnoma, 2016, 26 mart. – B. 4. (O‘zbekcha); Библиография Бабура и Бабуридов. Рецензия.
Fikr qoldirish#