Sangi oyna – tekis yuzali ko‘zgusimon tosh. Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyati Botkent tumanidagi Qorabog‘ qishlog‘idan 800 m chamasi jan.-sharqda, Turkiston tizmasining shim. yon bag‘rida joylashgan. Uning yaqinidan Yaypan – Sho‘rsuv – Botkent avtomobil yo‘li o‘tadi. O. to‘g‘risidagi yozma maʼlumotlar «Boburnoma»da ham keltirilgan. Bobur o‘z asarida shunday yozadi: «...Isfaraning bir narida janub sori pushtalarning orasida bir parcha tosh tushubdur, «sangi oyna» derlar, uzunlig‘i taxminan o‘n qari bo‘lg‘ay, balandlig‘i, baʼzi yeri kishi bo‘yi, pastlig‘i baʼzi yeri kishining beliga bo‘lg‘ay, oynadek har nima munʼakis bo‘lur». O. haqida mahalliy aholi o‘rtasida turli rivoyatlar to‘qilgan. O. paleozoy davrining kremniyli slanetslaridan tuzilgan bo‘lib, uz. 18 m, eni 2 m cha. Qiyaligi 38-48° bo‘lgan, jan.ga qaragan yaxlit tosh. Toshning yuzasi oynasimon, tekis bo‘lganligidan unda barcha predmetlarning aksi aniq ko‘rinadi. O. tektonik uzilmaning yuzasida hosil bo‘lgan. Uning yuzasidagi «chandiqlar» uzilma yuzasida bo‘lgan siljishlarning guvohidir.
O‘zME, T, 2000-2006, t.6. 2003. -704 b. – B. 478-479. (O‘zbekcha); Камень-зеркало.
Fikr qoldirish#