Qo‘qon xonligini idora etgan ming sulolasining kelib chiqishi haqidagi rivoyat. Unga ko‘ra, 1512 yil Bobur Samarqanddan Farg‘ona orqali Hindistonga qochadi, yo‘lda Boburning xotinlaridan biri o‘g‘il tug‘adi. Qochoqlar go‘dakni qarovsiz tashlab ketishga majbur bo‘lishgan. Uni qimmatbaho ziynat buyumlari qo‘yilgan beshikka yotqizib, sodiq xizmatkorlardan biriga qoldiradilar. U Boburga go‘dakning takdiri (Manbada: «zurriyodidir» tarzida xato yozilgan; to‘g‘risi – «zurriyotidir». (Sh.R.)) haqida xabar berishi kerak bo‘lgan. Bu vaqtda mazkur joyda o‘zbeklarning qirq, qipchoq, qirg‘iz va ming urug‘larining ovullari bor edi. Ushbu urug‘ vakillari bolani topib olib, unga «O.B.» deb nom qo‘yganlar. Bola ming urug‘i ovuliga joylashtirilgan. O.B. voyaga yetganda xalq unga har bir urug‘dan (qirq, qipchoq, qirg‘iz va ming) bittadan qizga uylanishga imkon beradi. Ming urug‘idan bo‘lgan katta xotin unga yolg‘iz o‘g‘il tug‘ib beradi. Unga Tangriyor deb nom qo‘yadilar, boshqacha qilib Xudoyor yoki Eloq Sulton deb atay boshlaydilar. Bobur asarlarida O.B. haqida hech narsa demagan, uning zamondoshlari ham uni tilga olmaydilar. Shuning uchun bu rivoyatni Qo‘qon xonlari o‘z shajaralarini Bobur bilan bog‘lash va o‘z hokimiyatlarini barqaror etish maqsadida to‘qishgan deb hisoblash mumkin. Rivoyatlarga ko‘ra, O.B. 1545 yil vafot etgan. Uning o‘g‘li Tangriyor keyinchalik Farg‘onaning hukmdori bo‘ladi, lekin xon emas, balki biy deb ataladi. Bu nom uning avlodlaridan to Olimxongacha berilgan. Ad.: Bobobekov H.N., Qo‘qon tarixi, T., 1976.
O‘zME, T, 2000-2006, t.6. 2003. -704 b. – B. 521-522. (O‘zbekcha); Олтин бешик – золотой колыбель.
Fikr qoldirish#