«Sharqshunoslik» to‘plamining 7-sonida (Musayev Sh. Shoh Jahon saltanatida yaratilgan tarixiy manbalar. «Sharqshunoslik», № 7, 1996, 123-132-betlar) biz boburiy hukmdor Shoh Jahon (1628-1656) davrida yaratilgan fors tilidagi manbalar haqida ma’lumot berib, Hindistonda qariyb uch yarim asr davomida hukmronlik qilgan hind temuriylari (boburiylar)ning fan, madaniyat va adabiyot homiylari sifatidagi roliga qisqacha to‘xtalib o‘tgan edik. Bu borada Jaloliddin Akbarshoh (1556-1605) faoliyati alohida o‘rin tutadi. Bu islohotchi va bunyodkor hukmronligi davrida fanning falakiyot, tibbiyot, riyoziyot, kimyo, madaniyatshunoslik, falsafa, tarixnavislik, nazm va nasr kabi sohalari yuqori rivoj topdi. Akbar saroyi Movarounnahr, Eron, Afg‘oniston, Kavkaz va arab mamlakatlaridan kelgan nste’dodli olimlar va adiblar markaziga aylandi. Me’morchilik, savdo-sotiq, hunarmandchilik nihoyatda taraqqiy etdi. Akbarshoh ilm ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlar, shu maqsadda ular uchun qulay sharoitlar yaratib berib, muntazam maosh tayinlardi.
Akbar tarix faniga alohida e’tibor bergan. Uning bevosita homiyligida dunyo tarixi, islom tarixi, temuriylar tarixi, Hindistonning ayrim viloyatlari tarixiga doir 25 dan ziyod tarixiy asarlar ta’lif etildi. Akbarning farmoyishiga binoan olimlar ilmiy va badiiy asarlar bilan bir qatorda tarixga oid asarlarni ham hind va sanskrit tillaridan forschaga tarjima qilishardi.
Quyida biz Akbar hukmronligi davrida yaratilgan tarixiy asarlarni xronologik tartibda ko‘rib chiqamiz.
1. «Tarixi xonadoni Temuriyya («Temuriylar xonadoni tarixi»), Bu noyob asarning muallifini aniqlashga muvaffaq bo‘lolmadik. Faqat shu narsa ma’lumki, u 1576-yilda yozib tugallangan va Akbarshoh (1556-1605) hukmronligi davriga oid birlamchi manbalardan biridir. Asar «Chingiznoma» degan nom bilan ham ataladi (Oftob Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy dar Hind va Pokiston Temuriyoni buzurg az Bobur to Avrangzeb (932- 1118 h.), Lohur, 1364 h., 126-129-betlar (bundan keyin: O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy).
«Tarixi xonadoni Temuriyya» muqaddima (uning boshlanish qismi yo‘qolgan) va hech qanday boblarga ajratilmagan asosiy qismdan iborat. U Amir Temurning tarjimayi holidan boshlanib, to 1576-yilgacha bo‘lgan davrdan bahs yuritadi. Dastlab Amir Temurning harbiy yurishlari, uning vafoti bilan bog‘liq bo‘lgan voqealar, Mirzo Shohruh (1409-1447) va Mirzo Ulug‘bek (1409-1449)dan to Sulton Husayn Boyqaro (1470-1506)gacha bo‘lgan temuriy hukmdorlar tarixi, Sulton Husayn saroyining taniqli arboblari qalamga olinadi. So‘ngra muallif Hindiston temuriylari tarixini bayon qilishga o‘tadi. Boburning Samarqand, Kobul va Qandahorga qarshi yurishlari, Sulton Ibrohim hamda Rana Singh ustidan erishilgan g‘alabalardan so‘ng Hindistonning zabt etilishi hikoya qilinib bo‘lgach, Bobur vafotidan keyin Humoyunning taxtga o‘tirishi, uning harbiy yurishlari, Eron shohi Tahmosp bilan uchrashuvi, Hindistonga qaytib kelganidan so‘ng, Skandar Suriyni mag‘lub etishi kabi voqealar zikr etiladi, Akbarshoh hukmronligining dastlabki 20-yili voqealaridan uning o‘z davlatini kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari, Bayramxon qo‘zg‘oloni va hokazolar haqidagi ma’lumotlar muhim ahamiyatga ega.
Muallif Temur va temuriylarning Xuroson hamda Movarounnahrdagi tarixini yoritishda Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma», Boburning «Boburnoma» asarlariga asoslangan bo‘lsa, Humoyun va Akbar hukmronligi davri voqealarini – shohid sifatida bayon etadi.
Oftob Asg‘arning ta’kidlashicha (O‘sha asar. 128-bet), asarning yagona nusxasi Bankipur Milliy kutubxonasida saqlanadi (Bankipur Xalq kutubxonasi fihristi. VII jild). Bu nusxaning hoshiyalariga Akbarning nabirasi Shoh Jahon (1628-1656) o‘z xotiralarini darj etgan.
2. «Tarixi Akbariy». Muallif – Muhammad Orif Qandahoriy (vaf. 1579). Akbarning tug‘ilishidan (1542-yil) to 1579-yil, ya’ni muallif vafotiga qadar davrni qamrab oluvchi bu asar, Akbar hukmronligining 25-yiliga oid eng qimmatli manbalardan sanaladi. Qandahoriy avval vazir Bayramxon devonida, so‘ngra Akbarning o‘z qo‘l ostida xonasomon (kamerger) vazifasida xizmat qiladi va Akbarning barcha yurishlarida ishtirok etadi.
«Tarixi Akbariy» muqaddima, uch qism («maqsad») va xotimadan iborat. Oftob Asg‘arning guvohlik berishicha, asar turli qimmatli tarixiy ma’lumotlarga juda boy.
Birinchi maqsadda Akbarning tavallud topishidan boshlab Kobulga hokim etib tayinlanishigacha bo‘lgan xayoti qalamga olinadi. Ikkinchi maqsad Akbarning taxtga chiqishi, uning harbiy yurishlari, Bayramxon qo‘zg‘olonining bostirilishi, Akbarning o‘tkazgan islohotlari, boburiylar davlatining o‘sha davrdagi ichki va tashqi siyosati, shu jumladan, diplomatik aloqalar va shularga o‘xshash muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Mazkur O. Asg‘arning yozishicha, bu ma’lumotlarning ko‘pchiligi shu davrga doir boshqa manbalarda uchramaydi.
Hozircha «Tarixi Akbariy»ning faqat ikkita nusxasi ma’lum. Ulardan biri Rampur davlat kutubxonasida (Hindiston), ikkinchisi Kembrij universitetining kutubxonasida (Angliya) saqlanadi. Kembrij nusxasi to‘liq emas; u faqat muallif vafotigacha bo‘lgan besh yillik tarixni o‘z ichiga oladi, xolos (O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy. 132-bet.).
3. «Tuhfai Akbarshohiy yo tarixi Shershohiy». Muallif – Abbosxon Saruniy (Sarvoniy). Asar 1585-yilda yozilgan bo‘lib, uch qism (tabaqa)dan iborat. Ammo bizgacha asarning faqat Shershoh Sur va uning vorislari hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan uchinchi qismi yetib kelgan (O‘sha asar. 133-135-betlar). Asarning nusxalari turli qo‘lyozma fondlarida saqlanadi (Katalog persidskix rukopisey biblioteki Indian Ofisya. Sostavitel German Ete. Tom I. Oksford, 1903. S. 219 – bundan buyon: Ete, Indian Ofisya).
4. «Tarixi alfi». Bu yirik tarixiy asar Akbarning farmoyishi bilan Mullo Ahmad Tattoviy (vaf. 1587 y.) boshchiligidagi bir guruh tarixchilar tomonidan boshlanib, 1591-yilda yozib tugatilgan. U islom dunyosining Muhammad Payg‘ambar vafotidan (632-633) boshlab ming yillik tarixini qamrab oladi.
Asar uch jildga bo‘lingan. Birinchi jild Muham- mad Payg‘ambarning vafotidan to umaviylarning hokimiyatdan chetlatilishigacha (50 h. y.) bo‘lgan davrdagi qator islom mamlakatlari tarixini, ikkinchi jild Abbosiylarning davlat tepasiga kelishidan (132/750) to Elxoniy hukmdor G‘ozonxonning taxtga o‘tirishiga qadar (1294 m. y.) kechgan voqealarni, uchinchi jild esa mazkur sanadan boshlab Akbarshoh hukmronligining 37-yiligacha (1591 y.) yuz bergan voqea-hodisalarni qamrab oladi. Oftob Asg‘arning fikriga ko‘ra (O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy. 140-145-betlar), asarning eng qimmatli qismi bu 3-jilddir. U podshoh devonidan taqdim etilgan hujjatlar va mualliflarning o‘z ko‘rgan-kechirganlari asosida bitilgan. Bizgacha bu qimmatli manbaning ko‘plab nusxalari yetib kelgan (O‘sha asar. 144-bet. O. Asg‘arning yozishicha, qariyb barcha nusxalar nuqsonli. Ulardan uchtasi Eronda saqlanadi. Boshqa nusxalar haqida qarang: Ch.A. Stori. Persidskaya literatura, Bio-bibliograficheskiy obzor: Chast pervaya. M., 1972. S. 419).
5. «Majomi’ ul-axbor». Asar muallifi Muhammad Sharif Vaquiy Nishopuriy. U ota- onasi bilan Erondan Hindistonga kelib, Abdurahmon Xonixonon (vaf. 1593 y.)ning xizmatiga kiradi. Asar 1591-yilda yozib tugallangan.
«Majomi’ ul-axbor» umumiy tarix tipida yozilgan bo‘lib, qadimgi davrlardan to hijriy 1000-yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Asar ikki qism («Maqola»)dan iborat: birinchi maqola islomgacha bo‘lgan davr, ikkinchi maqola islom davri tarixidan iaql qiladi. Ikkinchi maqolada Muhammad Payg‘ambar, chahoryorlar tarjimayi holidai keyin ummaviylar, abbosiylar, tohiriylar, daylamiylar, somoniylar, g‘aznaviylar, saljuqiylar, xorazmshohlar, chingiziylar, temuriylar, safaviylar va boshqa sulolalar tarixi bayon qilingach, Hindistonning qadimgi davrdan to Akbar hukmronligining 37-yiligacha bo‘lgan tarixi qalamga olinadi. Asarning ayni shu oxirgi – Akbarshoh hukmronligidan bahs yurituvchi qismi ilmiy jihatdan qimmatlidir (O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy. 145-148-betlar).
Bizgacha asarning bir nusxasi yetib kelgan bo‘lib, u Angliyada saqlanadi (Ete. Indian ofis. № 1758, 1617-yilda ko‘chirilgan).
6. «Tabaqoti Akbariy». Muallif – taniqli muarrix Xoja Nizomiddin Ahmad Haraviy (vaf. 1594 y.). Asar «Tabaqoti Akbarshohiy», «Tarixi Nizomiy» nomlari bilan ham ma’lum. U muqaddima, uch qism va xotimadan iborat.
Birinchi qism Sabuktegin (976 y.)dan to 1525-yilgacha Hindistonda hukmronlik qilgan musulmon hukmdorlari tarixiga bag‘ishlangan.
Ikkinchi qism Hindistonning Bobur tomonidan zabt etilishidan (1525 y.) boshlab, Akbar hukmronligining 38-yiligacha (1595 y.) bo‘lgan davr tarixiga doir qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Uchinchi qism Hindistonning ayrim viloyatlari tarixidan hikoya qiladi.
«Tabaqoti Akbariy» ayniqsa Akbar davriga oid eng ishonchli manbalardan sanaladi. «Muosir al-umaro» asarida ta’kidlanishicha, «Haraviy haqiqatni yozgan kamchilik olimlardan biridir» (Maosir al-umaro. 2-jild, 626-bet).
O. Asg‘arning guvohlik berishicha, «Tabaqoti Akbariy» 1913 va 1927-yillarda qisman ingliz tiliga tarjima qilingan. Asarning nusxalari turli fondlarda saqlanadi. Jumladan, O‘zR FA Sharqshunoslik institutida uning ikki nusxasi mavjud (O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy. 155-bet: Aligarx Islom universiteti qulyozmalari katalogi, № 954. Muallif hayotligida 1594-yilda ko‘chirilgan: Panjob universiteti qulyozmalari katalogi. 1-jild, № 76. Sobraniye vostochnыx rukopisey Akademii nauk UzSSR (SVR). T. I. Toshkent, 1952. S. 97; T. IX„ Toshkent. 1971,№ 6022, 6023.).
7. «Tarixi Badouniy». Fors tilidagi eng mashhur asarlardan biri. U «Muntaxab ul-tavorix» (tarixdan saylanmalar) nomi bilan ham yuritiladi. Asar Abulqodir Badouniy (1540-1595) tomonidan 1004/1593-yilda yozib tugallangan (O. Acg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy. 155-156-betlar).
«Tarixi Badouniy»ning o‘sha davrga oid boshqa manbalardan farqi shundaki, muallif Akbar va uning saroy tarixchilari, olim va shoirlarni qattiq tanqid ostiga oladi. Oftob Asg‘arning qayd qilishicha (O‘sha asar. 157-bet), asar yashirincha ta’lif etilgan va Akbar vafotidan 10-yil o‘tgandan so‘nggina tarqala boshlagan. Bu fikrni shu narsa ham tasdiqlaydiki, «Zubdat ut-tavorix» (1605 y.), «Muosiri Rahimiy» (1612 y.), «Tarixi Farishta» (1615 y.) asarlarining mualliflari o‘z asarlarida «Tarixi Badouniy»ni umuman tilga olmaydilar. «Tarixi Badouniy» muqaddima, 9 tabaqa va xotimadan iborat. Har bir tabaqa bitta sulola tarixini o‘z ichiga oladi va ularning har birining oxirida shu sulola davridagi taniqli olim va shoirlar haqida ma’lumot beriladi. Xronologik jihatdan asar 977-yildan 1595-yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.
Xotimada har bir davrning olimlari, shoirlari va davlat arboblarining hayoti va ijodiga doir muhim ma’lumotlar joy olgan.
Xulosa qilib aytganda, «Tarixi Badouniy» suriylar (1540-1555) tarixi va Akbar davlatining siyosiy-ijtimoiy va madaniy hayotini, shuningdek Akbar hamda uning mulozimlarining shaxsiyatini haqqoniy yoritib beruvchi qimmatli manbadir (O‘sha asar. 161-162-betlar. «Tarixi Badoyuniy» nusxalari Bankipur xalq kutubxonasi (№ 536), Panjob universiteti (1-jild, № 53) va boshqa xazinalarda saqlanadi).
8. «Tarixi Haqqiy». Muallif – Abdulhaq Muhaddis Dehlaviy Qodiriy (1550-1642). Asar «Zikr ul-muluk», «Tazkirat us-salotin», «Tarixi podshohoni Hind» nomlari bilan ham ma’lum (O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy. 163-166-betlar).
Muallifning bobokaloni Sa’dulla Buxoriy 1398-yilda Amir Temurning Hind yurishida ishtirok etadi va Dehlida qolib ketadi. Shayx Abdulhaq 1550-yilda shu yerda dunyoga keladi va taxminan 35 yoshida Akbarshohning xizmatiga kiradi. «Shohjahonnoma»da yozilishicha, u yuzdan ziyod asarlar muallifidir (Amali Solih. Mavsum ba Shoxjaxonnoma. Jildi savvum. Tasnifi Muhammad Solih Kanbu. Lohur, 1960. 377-378-betlar) Asar, asosan, Hindistondagi musulmon davlatlari tarixiga bag‘ishlangan. U muqaddima, ikki bob va xotimadan tashkil topgan. Akbarshohning 42-yillik hukmronligidan naql qiluvchi qism muallifning o‘z ko‘rgan-kechirganlarn hamda eshitganlari asosida bitilgan va muhim ahamiyatga ega. Asarning qo‘lyozmalari keng tarqalgan (Bankipur... VII jild, 573-bet; Ryo, 2-jild, 855-bet).
9. «Tarixi Sind». «Tarixi Ma’sumiy» nomi bilan xam ataluvchi bu asarning muallifi Akbarning capkardasi, shoir, tabib va xattot Sayid Mir Muhammad Ma’sum Behkoriy (1537-1610)dir. U 1574-yilda Akbarning xizmatiga kiradi va uning qariyb barcha harbiy yurishlarida ishtirok etadi. Bundan tashqari Behqoriy 1603-yilda Akbarning elchisi sifatida Eron shohi Shoh Abbos (1577-1628) saroyida bo‘lgan. Jahongir hukmronligi davrida u bir necha yil Behkor shahrida «amin ul-mulk» lavozimida faoliyat ko‘rsatadi. Ma’sum bir necha asarlar va «Nomiy» taxallusi bilan she’rlar yozganligi ma’lum.
Asar muqaddima va to‘rt bobdan iborat bo‘lib, Sind viloyatining qadim davrlardan to 1591-yilgacha bo‘lgan tarixini o‘z ichiga oladi. Sulton Mahmudxon Behkoriy tarjimayi holi, Sindning Abdurahim Xonixonon tomonidan zabt etilishi va hokazolar haqida ma’lumot beruvchi uchinchi va to‘rtinchi boblar ilmiy jihatdan qimmatlidir.
«Tarixi Ma’sumiy»ning qo‘lyozmalari jahonning turli fondlarida saqlanmoqda (O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy» 167-171-betlar. Lohur Xalq kutubxonasi qo‘lyozmalar katalogi, 1-jild, № 1140; Panjob Xalq kutubxonasi qo‘lyozmalari katalogi, 1-jild, № 156).
10. «Akbarnoma». Bu mashhur asarning muallifi yirik davlat arbobi va tarixnavis Shayx Abulfazl Muborak Allomiy (1602-yilda o‘ldirilgan)dir. Asar «Tarixi Akbarshohiy» va «Tarixi Akbariy» nomlari bilan ham mashhur. Muallif 1573-yildan to vafotiga qadar Akbar saroyida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. Allomiy o‘z asarini Akbarning farmoyishiga binoan, rasmiy hujjatlar, yozma manbalar, shohid kishilar xikoyalari hamda o‘z ko‘rgan-kechirganlari asosida ta’lif etgan.
«Akbarnoma» muqaddima, uch daftar hamda xotimadan iborat. Birinchi daftarda qadimgi davrlardan to Humoyun vafotiga (1556 y.) qadar bo‘lgan davr, asosan temuriylar tarixi qalamga olinadi. Ikkinchi daftar Akbar hukmronligining dastlabki 17-yili (1572 y.) qamrab oladi. Uchinchi daftar esa 1572- 1601-yillar voqealariga bag‘ishlangan.
Oftob Asg‘arning yozishicha (O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy, 171-bet. Asar nusxalari haqida qarang: Majlis kutubxonasi fihristi, 217-bet; Mikluxo-Maklay. Opisaniye... Vыp. 3. Istoricheskiye sochineniya. M., 175. S. 359-369: SVR. t. V. S. 53-56.), Hindiston temuriylarining rasmiy tarixi hisoblanmish, bu asar Akbarning shaxsiy nazorati ostida yozilgan.
11. «Oyini Akbariy». Bu qomusiy asarning muallifi mazkur Abulfazl Allomiydir. Ko‘pchilik olimlar bu asarni «Akbarnoma»ning to‘rtinchi daftari deb hisoblaydilar. Ammo bunga asoslar yo‘q. Bu haqda muallifning o‘zi ham xech nima demaydi. «Akbarnoma» bilan «Oyini Akbariy»ning mazmuni har xil. «Akbarnoma» 1597-yilda yozilgan bo‘lsa, bu asar 1602-yilda yakunlangan. «Oyini Akbariy» – bu o‘ziga xos qomus bo‘lib, unda Hindistonning ma’muriy bo‘linishi, lashkarning tuzilishi, Akbar xukmroiligi davridagi iqtisodiy, diniy va boshqa ma’lumotlar o‘z aksini topgan. Bundan tashqari asarda daryo va tog‘lar, turli-tuman qurilishlar, shahar va qiщloqlarning urf-odatlari tasvirlanadi, olimu shoirlar, me’moru capkardalar hayotiga doir ma’lumotlar keltiriladi (O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy. 179-185-betlar).
12. «Tarixi Akbarshohiy». Muallif – Shayx Allohdod Fayziy Sirhindiy (tav. 1556 y.). Asar 1601-yilda yozilgan bo‘lib, 47 qism
(fasl) dan iborat. Har bir qismi Akbar hukmronligining bir yilini o‘z ichiga oladi. Muallif voqealarni bevosita guvoh sifatida qalamga oladi.
Shayx Allohdod undan tashqari «Tarixi Humoyunshohiy», «Zayli Akbarnomayi Abulfazl», «Zubdat ut-tavorix» singari asarlar ham bitgan (O‘sha asar. 187-189-betlar; Stori, I. S. 55).
14. «Zubdat ut-tavorix». Muallif – Qozi Abdulhaq. Muhaddis Dehlaviy (tav. 1565 y.). Asar 1580- 1605-yillar orasidagi davr tarixini bayon qiladi. Akbar hukmronligining so‘nggi yillari haqidagi qimmatli ma’lumotlarga boy. Bundan tashqari, Dekandagi Odilshohlar, Go‘lkundadagi Qutbshohlar va Ahmadnagardagi Nizomshohlar xukmroiligi ham yoritilgan.
O. Asg‘arning yozishicha (O‘sha asar. 190-192-betlar), Abdulhaq Dehlaviy yana bir necha asarlar muallifidir.
Akbarshohning farmoyishi bilan Hindistonning ayrim viloyatlari tarixiga bag‘ishlangan qator asarlar yaratildi. Ular orasida misol sifatida
«Tarixi Gujarot» asarini ko‘rsatish mumkin. Asar muallifi – Mir Abu Turob Gujarotiy bo‘lib, u 1585-yilda ta’lif etilgan. «Gujarot tarixi» muqaddima hamda ikki qismga bo‘lingan. Birinchi qismda Bahodirshoh (1525-1537) hukmronligi va uning Xumoyunga qarshi kurashi qalamga olinadi. Ikkinchi qism Akbarning xarbiy yurishlari, Muzaffarshox III – (1585 y.) ning davlat tepasiga kelishi va boshqa voqea-hodisalarni bayon qiladi. Asarning qimmati shundaki, unda Hindistonning yirik viloyatlaridan biri bo‘lmish Gujarotga aloqador voqealar, uning iqtisodiy va siyosiy hayoti va boshqalar mufassal hikoya qilinadi (O‘sha asar. 136-139-betlar; Ryo, t. 3, 967-bet).
Akbarning ko‘rsatmasi bilan mashhur olim va davlat arboblariga bag‘ishlangan asarlar xam yozilganki, ulardan Akbar hukmronligi tarixi bo‘yicha birlamchi manba sifatida foydalanish mumkin. Ularning ayrimlariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
15. «Holoti Osifxonon». Asar muallifi noma’lum. Asar Osifxon unvoni bilan atalgan to‘rt nafar davlat arbobining xayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan. Bular – Xoja Abdulmajid Haraviy (vaf. 1559 y.), Xoja G‘iyosiddin Ali Qazviniy Osifxon (vaf. 1572 y.), Ja’farbek Qazviniy Osifxon (vaf. 1574 y.) va Xoja Abdulhasan «ibn E’timod ud-davla Osifxon» (vaf. 1574 y.) bo‘lib, ular turli davrlarda Akbar davlatida bosh vazir lavozimini egallaganlar. Asarda Akbarning o‘n ikki yillik hukmronligi davri (1562-1573)dagi siyosiy vaziyat, uning iqtisodiy va harbiy islohotlari haqida qimmatli ma’lumotlar bor (O. Asg‘ar. Tarxinavisiyi forsiy. 193-bet; Musayev Sh. Boburiylar davlatidagi amal, mansab, unvonlar va ularga erishgan shaxslar // Sharqshunoslik. № 4, 1996).
16. «Ahvoli Mir Atoulloh». Muallif – Shayx Nurulhaq Mashriqiy. Asar Shershoh Suriy davlatining arboblaridan birining xayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan. Mir Atoulloh dastlab Humoyunniig va keyinchalik Akbarning xizmatida bo‘lgan. O. Asg‘arning yozishicha (O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy. 194-bet. Asarning yagona nusxasi Bankipurda saqlanadi), asar Shershoh Suriy (1540-1554) hukmronligi tarixi, Humoyunning ikkinchi marta taxtni egallashi va Akbar hukmronligining dastlabki yillariga oid qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
17. «Voqeoti Mushtoqiy». Shayx Rizqulloh Dehlaviy Mushtoqiyning tarjimayi holi. Asar davlat arbobi Rizqulloh Dehlaviy Mushtoqiy (vaf. 1579 y.) haqida muhim ma’lumotlarga boy. Humoyun va Akbarning 35-yildan ziyodroq davrdagi tarixi ham bayon qilingan (O‘sha asar. 194-bet. Ryo, t. 2, 820-bet).
18. «Humoyunnoma», Muallif – Abulfayz Fayziy Deqaniy (vaf. 1595). Temuriylarning Amir Temurdan to Humoyungacha bo‘lgan tarixiga bag‘ishlangan she’riy asar (O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi forsiy. 195-bet; Ryo, t. 3, 1000-bet).
Akbar davrida yuqorida sanab o‘tilgan tarixiy asarlardan tashqari, qator tarixiy-diniy mazmundagi asarlar ham yaratilgan va sanskrit tilidagi tarixiy asarlar va dostonlar fors tiliga o‘girilgan (O. Asg‘ar. Tarixnavisiyi. forsiy. 195-bet).
Yuqorida tavsiflangan manbalarning ayrimlari fors tilidan Yevropa tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan. Ammo ularning aksar qismi o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda. Ularni o‘rganib, nashr etish asosida Akbar xukmronligi davri, uning islohotlari, mamlakatning o‘sha davrdagi siyosiy, iktisodiy va madaniy hayoti, Akbarning ilm-fan va madaniyat tarakkiyotiga qo‘shgan hissasi haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lamiz.
Shoniyoz MUSAYEV
Sharqshunoslik. № 9, 1999. - 190 b. B. 80-89. (O‘zbekcha);
Fikr qoldirish#