Har bir din vakillari o‘z tariqatini boshqa dinlardan ko‘ra afzalroq deb biladilar. Bugina emas, balki ular boshqa e’tiqoddagi kishilarni o‘z e’tiqodiga og‘dirib olish payida bo‘ladilar. Agar ular boshqa e’tiqodni qabul qilishni istamasalar, ularni kamsitibgina qolmay, ularga dushman sifatida qaraydilar. Bunday hol esa meni ko‘p hollarda qattiq shubhalanishga olib keladi. (Akbarshohning hazrat Monserat tomonidan yozib olingan so‘zlari).
Akbarshohning diniy qarashlari. Ilm-ma’rifatga to‘la erishilgan bizning yigirma birinchi asrda ham odamzotning diniy e’tiqodi hamon hissiy tuyg‘ular mujassamligini saqlab qolmoqda. Shu bois Akbarshoh diniy e’tiqodining g‘ayriodatiy mazmunga ega ekanligi ko‘plab bir-biriga qarama-qarshi fikrlarni keltirib chiqaradiki, buning biz uchun hech hayron qolarli joyi yo‘q. Lekin biz uchun masalani to‘la tushunib yetmoqlik muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki Akbarshohning diniy e’tiqodi boshqa sohalardagi faoliyati kundalik turmushida ham, davlatni boshqarish siyosatida ham, san’atni himoya qilishida ham o‘z aksini topgan. Akbarshohning diniy e’tiqodini yoqtirmaydiganlar tomonidan olg‘a surilayotgan, guyoki podshohning savodsiz bo‘lganligi va shu bois aniq bir e’tiqodga ega bo‘lmagani haqidagi fikrlarning asossiz ekanini isbotlash uchun uning diniy qarashlariga oid fikrlarni mufassal o‘rganish zarur.
Ingliz tadqiqotchisi ser Uolsli Xeyg Akbarshohning xotirasi “haqiqatan ham ulkan imkoniyatlarga ega” ekanligini tan olgani holda, uning bu qobiliyati “kitob o‘qishni bilish qobiliyati beradigan mahsulni bera olmasligiga” urg‘u beradi. Shuningdek, doktor Ishtiyoq Husayn Qurayshiy ham Akbarning “dinlarni qiyosiy o‘rganish uchun yetarli ma’lumoti bo‘lmagani” haqida fikr bildiradi (Quraishi Ishtiaq Husain. Akbar. Karachi (Ishtiyoq Husayn Qurayshiy. Akbarshoh.) 1978, r. 162).
Akbarshohning o‘qish va yozishni bilmaganligini isbotlash qiyin. Uning o‘g‘li Jahongirshoh va Akbarshoh huzurida yashab, uni yaqindan bilgan nasroniy rohib hazrat Monserat bu holni ishonchli dalillar bilan isbotlab bergan. Lekin pirovardida shohning bu kamchiligi turli dinlarga berilgan nisbiy baholarda ularning afzalliklarini ilg‘ab olish jarayoniga qay darajada halaqit bergan?
Muallifning bu fikriga qarshi bildirilishi mumkin bo‘lgan, lekin unga keskin zarba beradigan bir ta’rif borki, bu ta’rifga ko‘ra dinning mohiyatini chuqur o‘rganish jarayonida kitob o‘qishni bilishidan ko‘ra, erkin fikrlash qobiliyati muhimroq rol o‘ynaydi. Bunday qobiliyat, afsuski, kamdan kam odamlarda uchraydi. Beg‘araz va mukammal hayotiy tajriba egasi bo‘lgan kishi, hatto savodli bo‘lmasa ham, dinlar mohiyatini to‘la tushunib yetishda va ularning har birini mavqeiga qarab baholashda rasman ta’lim olgan hamda o‘z dinini faqat to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi ta’limot deb biladigan din peshvosiga nisbatan bir pog‘ona yuqori turishi ham mumkin.
Akbarshoh bilimga juda chanqoq va bu noyob qobiliyatga ega bo‘lgan. Buning ustiga uning “kishini hayratda qoldiradigan noyob xotirasi bor edi” (Du Jarric, Father Pierre. Akbar and the Jesuits (Du Jarrik, Akbar va iyezuitlar. London, 1926, 206 bet). Lekin podshohning baxtiga, ziddiyatli sharoitda tug‘ilib o‘sgan va davr taqozosi bilan atrofini mutaassib dindorlar qurshab olgan edi. Akbarshohning diniy e’tihodini tushunishda o‘sha paytda yashab ijod etgan va shoh siyosatidan alamzada bo‘lgan din peshvolaridan biri bo‘lmish Mulla Abduqodir Badouniy tomonidan g‘arazgo‘ylik bilan yozilgan ma’lumotlar ancha chalkashliklarga olib keladi (Badauni Abduqodir bin Mulukshoh, Muntahab-ut-Tavorih.(Abduqodir bin Mulukshoh Badouniy. Tanlangan tarixlar). 3 volumes, IndiaOffice Library,, Persian Manuiscript, Undated).
Podshoh va saltanat himoyachisi sifatida Akbarshohning erishgan muvaffaqiyatlarini oddiy, o‘rtacha qobiliyatdagi kishi erishishi mumkin bo‘lgan ishlar edi, deb bo‘lmaydi. Akbarshohni savodsizga chiqarishga urinish mazkur mavzu muhokamasidayoq zikr etilishining hech hayron qolarli joyi yo‘q. Akbarshoh shaxsiga yakuniy xulosa yasash jarayonida U. Xeyg ochiq tan olib aytadiki: “Akbarshoh chuqur bilimli, aql-farosatli kishi edi... uning xotirasi shu darajada kuchli ediki, atrofidagilar ko‘rish va o‘qish orqali oladigan bilimni u eshitish orqaligina fahmlab olardi”. Ishtiyoq Husayn Qurayshiy ham: “Siyosiy masalalarga kelganda, Akbarshohning fikr-mulohazalari tiniq, mantiqan to‘g‘ri va uzoqni ko‘zlaydigan mulohazalar edi”, deb tan oladi.
Akbarshohning qanday inson ekanini anglashda, bizningcha, bir necha yillar uni yaqindan bilgan, u bilan muloqotda bo‘lgan kishilarning xulosalari ancha ishonchli hujjat bo‘lib xizmat qilishi tabiiy. Shahzoda Jahongirning yozishicha, uning otasi “fozilu olimlar bilan bo‘lgan muntazam muloqotlardan shunchalik boy tajriba va ilm o‘rgangan ediki, uni hech kim savodsiz, deya olmasdi, nazm va nasrning nozik jihatlarini shu qadar hafsala bilan o‘rgangan ediki, uning bu borada maxsus ta’lim olmaganligi nutqida mutlaqo sezilmasdi” (Jahangir. “The Tuzuki-Jahangiri”, Delhi, 1968, v.l, p.33).
Akbarshoh saroyida bo‘lgan nasroniy rohiblar din sohasida keng bilimli kishilar bo‘lib, podshoh va ulamolar bilan diniy masalalarda juda ko‘p munozarali bahslarda ishtirok etganlar. Ular ham Akbarshohning qobiliyatlaridan hayratga tushib yozganlar. “Bilimga chanqoq kishilar uchun juda ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatardi va atrofini bilim doirasi keng, o‘qimishli kishilar o‘rab olgan bo‘lib, ular bilan falsafa, teologiya, ya’ni diniy ta’limot haqida, shuningdek, o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk hukmdorlar va ularning sharafli ishlari haqida suhbatlar, bahslar uyushtirardi. Ana shunday bahs va munozaralarda fozil kishilarning fikr- mulohazalarini sabr-qanoat bilan muntazam tinglab, tahlil qila borib, u ko‘p fan sohalari bo‘yicha chuqur bilim orttirgan edi. Uning xotirasi mustahkam bo‘lib, bahslashayotgan masala bo‘yicha adolatli xulosalar chiqarardi... Muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan shunchalik mohirona va teran mulohaza bilan o‘z fikrini bayon etardiki, uni tinglab o‘tirgan kishi shohning mukammal bilim egasi bo‘lgan yirik olim va fozil kishi ekaniga tan berardi” (Monserrate, A., Father, The Commentary... on His Journey to the Court of Akbar. London, 1922, p. 201).
Yana bir ma’lumot: “Xullas, Akbarshoh juda ko‘p ma’lumotlardan yaxshi xabardor bo‘lib, ko‘plab diniy mazhablarning qonun-qoidalari borasida bahs yurita olardi, zero bu masalalarni maxsus o‘rganib chiqqan edi... Bayon qilinayotgan fikrlarni u maroq bilan tinglar va shu yo‘l bilan o‘zining savodsieligini sezdirmasdi” (Du Jarric, r.9. Akbarning aytishicha, barcha payg‘ambarlar o‘qish-yozishni bilmaganlar).
Akbarshoh xabardor bo‘lgan mavjud dinlarning birontasi ham bu sohaga nisbatan qiziqish va ishtiyoqini qondira olmasdi. Uning huzuriga birinchi guruhda kelgan nasroniy rohiblarning ta’kidlashicha, “dunyoda haqiqat yo‘lini aniq ko‘rsatadigan xolisona e’tiqod yo‘q, mavjud dinlarning hammasida ham Akbarshoh dunyoqarashining u yoki bu nuqtasiga mos kelmaydigan o‘rinlar topiladi” (Edward Maclagan. The Jesuits and the Great Mogul (E. Maklagan. Iyezuitlar va Buyuk Mo‘g‘ul). JASB, 1896, p 34.). A. Badouniyning yozishicha, Akbarshoh “Istagan din sohasida dono va bilimli kishilarni har qadamda uchratish mumkin... haqiqat hamma joyda ham bor. Shunday ekan, qanday qilib ma’lum bir diniy e’tiqod yoki ta’limotni to‘g‘ri deb tan olib, u bilan cheklanishimiz mumkin?” (A. Badauni. Muntahab at Tavorih. 3 vol. Persian Manuscript. Indian Office Library, undated) degan aqidaga rioya qilardi. Lekin o‘sha paytda saltanatda hukmron bo‘lgan sunniy mazhabi kishilar ongiga shu qadar chuqur o‘rnashib qolgan ediki, saroydagi din peshvolari bu masalaga yangilik kiritmoqchi bo‘lganlarni shafqatsiz jazolash uchun osongina fatvo berishi mumkin edi. Nasroniy rohiblarining fikricha, Akbarshohni o‘limga mahkum qilinishdan saqlab qolgan yagona narsa shu ediki, uning armiyasida turli din va mazhabga mansub bo‘lgan sarbozlar bo‘lib, ular qisman mahalliy aholi, qisman xorijiy mamlakat vakillari edi. Ular orasida Akbarshoh mahalliy hindlarga ko‘proq tayanar edi. Iso Masih dini vakillarining fikricha, “hammani o‘zi xohlagan diniga e’tiqod qilishiga ruxsat berish bilan Akbarshoh barcha dinlar qonun- qoidalarini buzayotgan edi” (Monserate, Commentary, p. 142).
Akbarshohning dinga bo‘lgan munosabati tahsinga loyiqmi-yo‘qmi bu har bir e’tiqod egasining e’tiboriga havola. Lekin erkin fikr yurituvchilar uni maqtaydilar, o‘sha paytda saltanatda hukmron bo‘lgan din vakillari (sunniylar) uni qoralaydilar. Umuman olganda, musulmonlardan ko‘ra hindlar uning din siyosatini maqtashga moyilroq edi. Hinduizmga e’tiqod qilganlarga bu ta’limot ancha ko‘p erkinliklar beradi. “Hindlar e’tiqodiga ta’rif berishni mendan so‘rasalar, men, haqiqatni zo‘ravonlik qilmasdan qidiringlar, degan bo‘lardim, degan edi Maxatma Gandi, men Injilga Gitaga ishongandek ishonaman. Dunyodagi barcha dinlarni mening o‘z dinimdek haqiqatgo‘y deb bilaman» (S. Kadackrishnan. “Eastern Religions and western thought’" (S.Kadakrishnan. Sharq dini va g‘arb tafakkuri). Rr. 312-313).
Dunyoda keng tarqalgan dinlar orasida Islom dini bu borada o‘z ta’limotini eng aniq va ravshan tarzda ifodalab qo‘ygan. Islomda qudratli Allohning yagona ekani, Muhammad [s.a.v.] uning Rasuli va Qur’on uning ummatlariga Alloh tomonidan nozil etilgan muqaddas kalima ekanligi ta’kidlanadi. Bu ta’limotga e’tiqod qiluvchilarning undan bir qadam ham chetga chiqishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Akbarshohning din borasida olib borgan siyosati hindlarni mamnun etgan bo‘lsa, o‘sha paytda saltanatda hukmron bo‘lgan sunniy mazhabdagi musulmonlarni imtiyozli mavqeidan mahrum qilayotganday bo‘lib, ularning g‘azabini qo‘zg‘atardi. Albatta, Akbarshoh bir urinish bilan diniy erkinlik sohasida ko‘p narsaga erisha olgani yo‘q. Bu boradagi qiziqishlarini taqvodor musulmon sifatida boshladi va uning din borasidagi g‘oyalari alohida e’tiborga molik mavzuni tashkil qiladi. Atrof dunyoni to‘laroq o‘rganishga bo‘lgan qiziqish undagi tug‘ma intilish edi. Biroq, aslini olganda, u ham o‘zi yashagan davr yetishtirgan mahsulning bir ko‘rinishi edi, xolos. Shu bois uning e’tiqodida ro‘y bergan o‘zgarishlar rivojini to‘laroq o‘rganish uchun o‘sha davrda unga o‘z ta’sirini o‘gkazgan muhitni tushunish maqsadga muvofikdir.
AKBARSHOH DAVRIDAGI DINIY OQIMLAR.
AKBARSHOHNING IBODAT ORQALI HAQQA YETISHISH HARAKATI.
Akbarshoh yashagan davrning xarakterli xususiyatlaridan biri shuki, bu davrda birdaniga ikki xil oqim: biri hindlarning (bxakti) harakati va ikkinchisi musulmonlarning so‘fiylik oqimi yuzaga keldi. Bu harakatlar tasodifiy holda bir vaqtning o‘zida ikki mamlakatda paydo bo‘ldi. Bxakti harakati Hindiston janubidagi Talil degan joyda yuzaga keldi. So‘fiylik islom dunyosining naq kindigida Basra shahrida dunyoga keldi. Bu oqimlar o‘zlarini insoniyatning Haqni tanishga intilishlari tufayli yuzaga kelgan deb bilishar va Haqni turli safsatalar bilan tanitishga urinayotgan teologlar ta’limotidan yuz o‘girganlarni o‘z atrofiga birlashtirardi. Bxakti oqimidagilar ham so‘fiylar singari Haqqa bo‘lgan muhabbat va ehtiromi tufayli Unga yetishishni o‘ziga shior qilib olgandilar. Ushbu diniy-tasavvufiy oqim vakillaridan biri bo‘lmish Mansur Halloj dahriyliqda ayblanib, 922-yilda Bog‘dodda qatl etilgan edi. Hindistondagi so‘fiylik vakillaridan biri Amir Xusrav Dehlaviy (1253-1325) edi.
Hind tilida “bxakti” degani Xudoga o‘zini bag‘ishlash, degan ma’noni anglatadi. So‘fiylik o‘z nomini (suf – jun), ya’ni dastlabki so‘fiylar kiygan dag‘al jun chakmondan olgan. Bxakti harakati Hindiston janubidagi hududlarga tarqaldi. So‘fiylik ham o‘z navbatida Basradan Rumga, Markaziy Osiyo, Eron va Hindistonga tarqaldi. So‘fiylikda ham bxakti oqimidagidek mashhur avliyolar asos solgan bir necha tariqatlar mavjud edi. Ko‘pgina avliyolar darvishona hayot kechirardi, yana boshqalari esa muqaddas hisoblangan qadamjolarda umrguzaronlik qilardi. Bxakti oqimi vakillari o‘z navbatida guru, sanniyaz, jo‘gi deb atalgan toifalarga bo‘linsa, so‘fiylarning vakillari pirlar, darvishlar va faqirlarga ajratilardi. So‘fiylar mahalliy aholi tilida so‘zlashib, o‘z fikrlarini g‘azallarda ifodalardilar. Hindistonda ildiz otgan tariqatlar chishtiylik, suxravardiylik va firdavsiylikdan iborat edi. Chishtiylik tariqati targ‘ibotchilaridan Hoja Muiniddin 1193-yilda Ajmarga kelib o‘rnashib qolgan va shu yerda umrguzaronlik qilgan. Vafotidan keyin uning qabri muqaddas qadamjoga aylantirilgan. So‘fiylarning omi xalq bilan aloqasi mustahkamlanishi bilan bu oqim Islom dinining Hindiston va uning tashqarisiga keng tarqalishida muhim rol o‘ynadi.
Rasmiyatchilik chegaralari o‘rtadan olib tashlangach, bxaktiya va so‘fiylik ta’limotlari bir-biriga yaqinlasha boshladi. Ko‘pchilik bu oqimlarni nima deb atashidan qat’i nazar, Xudoning yagona ekaniga va hindu musulmon deb ajratishlar sun’iy to‘siq ekaniga ishona boshladi. Shunday qilib, bxaktilar davrasida so‘fiy valiylarni, so‘fiy valiylar davrasida hindlarni uchratish tabiiy hol bo‘lib qolgan edi. Shu yo‘l bilan ayrim mutafakkirlar hind va musulmonlarni bir nuqtaga to‘plash, bir yo‘ldan borib haqiqatni anglashga yetaklash hamda ikkala oqim uchun maqbul bo‘lgan ta’limotni yaratish sari bir qadam tashlagan edi. Akbarshoh davriga yaqin paytda yashagan ana shunday tariqat sardorlari Kabir (1440-1518) va Nanak (1469-1539) edilar. Janubiy Osiyoda ulaning nomlarini haliyam alohida tavoze bilan e’zozlashadi. O‘qish-yozishni bilmaydigan Kabir tomonidan yaratidgan she’r va g‘azallar hozir ham tilga olinib turadi. Nanak maktabga qatnab savod olgan bo‘lib, she’r va ashulalar yozardi. Uning muridlari (izdoshlari) birgalashib “sikxizm” deb atalgan dinni yaratdilar.
Kabir va Nanak hind hamda musulmonlarni ruhiy jihatdan bir-biriga yaqinlashtirib, ular o‘rtasidagi raqobatga barham berishga intilardilar. Ular ko‘pxudolikni qoralab, Allohning yagonaligini targ‘ib qilardilar, hindlarning turli tabaqa (kasta)larga bo‘linishini ham qoralardilar. Biroq Nanak ruhlarning birlashib ketishini targ‘ib qilar, Kabir esa uni qo‘llamasdi. Bu ikkala avliyo vafotidan keyin ularning obro‘lari yanada ortib ketdi. Hindlar ham, musulmonlar ham ularni o‘z avliyolari deb bilib, ularning ruhiga hurmat ko‘rsatdilar.
HUKMRON SUNNIY MAZHABI. Bxakti va so‘fiylik oqimlarining izdoshlari ko‘p bo‘lgani bilan Hindistonda boshqa diniy oqimlar harakati susaygan ekanda, degan fikrga kelmaslik kerak. Aslini olganda, o‘sha paytda diniy e’tiqod, ruh erkinligi borasida birmuncha boshboshdoqlik hukm surardi. Hindistonda o‘z hukmini o‘rnatgan boburiy shahzodalar ham, ulardan avval hukmdorlik qilgan afg‘on sultonlari ham hanafiya oqimiga mansub sunniylar bo‘lib, bu tariqat ulamolari mamlakatda mavjud bo‘lgan boshqa din peshvolaridan ko‘ra ancha imtiyozli mavqeda turardi. Buning boisi shu ediki, yurt hukmdori raiyatni islom qoidalari asosida boshqarardi. Agar shariat qonunlarini buzsa, din vakillari uchun uni taxtdan ag‘darib tashlash uchun asos paydo bo‘lardi. Hukmdorning shariat qonunini buzgani haqida ulamolar sardori, ya’ni “olim” fatvo berishi mumkin edi. Davlat ma’muriyatida, diniy ishlar boshqariladigan ma’muriyatda, shuningdek, adliya ishlari borasida va harbiy ma’muriyatda ham ulamolarga ayrim mansablarning berilishi ularni ancha dadillantirib turardi. Dindan chekinganlar, shu jumladan, shialar va mahdiylar (Din sofligi uchun kurashuvchi oqim vakillari) yoki shu guruhlarga mansub deb shubha ostiga olinganlar qattiq ta’qib qilinar va hatto o‘limga mahkum etilardi. O‘sha paytda din siyosatining tutgan mavqei haqida bu mazhabning o‘sha davrdagi eng baquvvat ustunlaridan bo‘lgan ikki shaxs tarixi bu masalaga ancha oydinlik kiritishi mumkin. Ulardan biri maxdumulmulk mulla Abdulloh Sultonpuriy va ikkinchisi shayx Abdunabi edilar.
Mulla Abdullohga “maxdumulmulk” (“Mamlakat uning xizmatida”, boshqacha aytganda, mamlakat uchun katta xizmat qilgan kishi. - tarj.) unvonini shoh Humoyun bergan edi. U ham, shubhasiz, o‘sha davrning taniqli olimlaridan bo‘lib, uning sunniylik mazhabiga nisbatan bo‘lgan ashaddiy sadoqati va bu e’tiqodni keng yoyish borasidagi sa’y-harakatlari tufayli juda ko‘p dahriylar va dindagi ajralish tarafdorlari ular uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxga ravona bo‘lganlar. Islomshoh Sur vaqtincha taxtga chiqqan paytda saroyda “sadrussudur” (Saltanat ma’muriyatida diniy ishlar va din arboblarining moddiy ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi mansabdor. - tarj.) lavozimida ishlardi. O‘shanda u qo‘lga tushgan mahdaviylar harakati vakillaridan ikki kishini qattiq jazoga mubtalo qilgan edi. Qurbonlardan biri shayx Abdulloh Niyoziy bo‘lib, Mulla Abdullohning buyrug‘iga binoan uni hushdan ketib yiqilguncha kaltaklashgan va u nimjonroq odam bo‘lgani uchun uchinchi zarbadayoq til tortmay o‘lgan edi. Uning jasadini fil oyog‘i ostiga tashlab, dabdala qilganlar. Akbarshoh dastlab taxtga chiqqan bir necha yil davomida ham Mulla Abdulloh anchagina hukumat vakolatlariga ega bo‘lib, ko‘p imtiyozlardan foydalanib yurdi.
Badouniyning aytishicha, Mulla Abdulloh bilan birinchi bor uchrashganlarida Badouniy Mulla Abdullohning bir kitob haqidagi fikriga qo‘shilmay, unga e’tiroz bildirgan ekan. Keyinchalik bu munozaraga guvoh bo‘lgan Abdulfazl va Hoji Sulton Abduqodir Badouniy bilan uchrashganlarida: “Siz bir baloyi azimga ro‘baro‘ bo‘lgan edingiz, lekin, yaxshiyamki, u sizni ta’qib ostiga olmadi. Agar shunday qilganda edi, sizni bu balo-qazodan kim ham omon saqlab qolardi?” deyishgandi (A Badauni. Muntahab ut Tavorih. v. 3, p. 116.). Mulla Abdulloh boylikka hirs qo‘ygan o‘ta xasis odam edi. Vafot etganida undan ulkan xazina qolgan bo‘lib, uni dafn etish lozim bo‘lgan qabr ayvonidan bir necha yashiqda g‘isht shaklida quyilgan yombi oltinlar topilgan. Bu oltinlarni o‘zi bilan qo‘shib dafn etilishini vasiyat qilgan ekan.
Shayx Abdunabining ajdodlari hanafiy mazhabining asoschisi Abu Hanifaga borib tutashadi. U Makkada hadis ilmidan saboq olgan edi. 1565-yilda Akbarshoh uni sadrussudur lavozimiga tayin etgan edi. Uning takabburligi va manmanligi shu qadar yuqori ediki, ilmli va oqil kishilarning obro‘sini oyoqosti qilardi. Peshin namozidan so‘ng Devoni omda o‘z o‘rnini egallagach, tahorat olgan yuvundi suvni undan madad so‘rab kelgan ulug‘ amir va beklar, martabali saroy ayonlarining boshlari, yuzlari va sarpolariga sepib yuborardi (O‘sha acap, 127 bet). Tashqi ko‘rinishidan halol odamga o‘xshab ko‘rinsada, quyiroq martabadagi arzdorlar porasiz unga murojaat qilishlari yoki undan madadi-maosh haqini undirishlari mushkul edi.
Podshohning ulamolar va yetakchi din peshvolari bilan din nazariyasi masalasida bahslar olib borishi jarayonida Abdulloh bilan Abdunabi bir-biriga nisbatan g‘arazgo‘ylik qilganliklari uchun Akbarshoh nazarida o‘z hurmatini yo‘qotgan edilar. Abdulloh Abdunabining ustidan tuhmat xati yozib, unda Hizirxon Sarvoniyni Payg‘ambar (s.a.v.) haqida nojo‘ya gaplar tarqatganliqda va Mir Habashni shialiqda asossiz ayblab, ularning o‘limga mahkum etilishida fitnaning boshida turgan shaxs ekani haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek, namoz paytida Abdunabini imomlikka o‘tkazib, uning orqasida turib namoz o‘qib bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Chunki o‘z otasiga nisbatan hurmatsizlik qilib farzandlik burchini bajarmayotgani, buning ustiga bavosir kasaliga mubtalo bo‘lgani haqida yozadi. Abdunabi ham o‘z navbatida Abdullohni “tentak va dahriy” deb qoralaydi.
Bundan tashqari Abdunabi Akbarshohni yana ikki holatda ranjitgan edi. Birinchi bor “mutah” nikohi masalasi muhokama etilganda bu hol ro‘y berdi. Shariat qonunlarida erkakning to‘rttagacha xotinga uylanishiga ruxsat etiladi. Lekin Akbarning xotinlari ko‘p edi. Shu bois bu masalani islom qoidalari asosida sharhlab berishini so‘rab, Akbarshoh shayx Abdunabiga murojaat qildi va u bir paytlar «mujtahid»lardan (Din ilmining bilimdoni -tarj.) birining to‘qqizta xotini bo‘lgani haqida gap aytganini va bu masalada ulamolarning fikrlari har xil ekani haqida gapirganini eslatib qo‘ydi. Abdunabi esa bunday ishga qo‘shilmaganini aytib, o‘zini chetga olmoqchi bo‘ldi. Bu Akbarshohni ancha ranjitib: “Menga bu shayx ilgari boshqacha gap aytgandi» dedi. O‘shanda Badouniy Akbarshohning dilidagi gapni aytib, “Agar bu masalada molikiya oqimining qozisi ijobiy hukm chiqarsa, bu hukm shofiya va hanafiya oqimi vakillari uchun ham qonuniy hisoblanadi”, - dedi. O‘sha paytdagi saltanat bosh qozisi lavozimida turgan Yoqubxon ismli kishi bu masalaga e’tiroz bildirdi-yu, lekin Badouniy qattiq turib olgach, noiloj rozi bo‘ldi. Shundan keyin Akbarshoh molikiya oqimi vakili bo‘lgan Husayn Arabni qozi qilib tayinladi va uning oldiga yana o‘sha “mutah” masalasini qo‘ydi. Husayn Arab aynan kutilgan javobni berdi va “mutah” nikohi nechta bo‘lishidan qat’i nazar qonuniy ekanini ta’kidladi. Yoqubxon qozilik lavozimidan bo‘shatilib quyiroq lavozimga – Gaur qasabasiga qozi etib tayinlandi. Uning o‘rniga Jaloliddin ismli odam saltanat bosh qozisi etib tayinlandi.
Keyingi safar bir boy brahmanning Payg‘ambar (s.a.v.) haqida nojo‘ya so‘z gapirib, shirk keltirgani uchun unga jazo tayinlash uchun kengash chaqirilganda, ulamolar turlicha fikr bildirdilar. Ba’zilar aybdorni o‘limga mahkum etishni taklif qildi, boshqalar uni eshakka teskari mindirib sazoyi qilishni va katta jarima solinishini talab qildilar. Faqat Abdunabi aybdorga nisbatan oliy jazo qo‘llashni ma’qul ko‘rdi. Biroq mavjud taomilga ko‘ra, bu hukmni podshohning roziligisiz qo‘llay olmasdi. Bu huquqni qo‘lga olish uchun ko‘p urindi-yu, lekin niyatiga erisha olmadi. Har safar Akbarshoh “Muqaddas qonunga xilof ish qilganlarning jazosi ulamolar qo‘lida”, degan mazmunda javob berardi. Abdunabi yana podshohga tazyiq o‘tkazib xiralik qila boshlaganda “Bu savolingga avval javob berganman”, dedi. Shundan keyin o‘z hukmiga ko‘ra, Abdunabi brahmanni o‘limga mahkum qildi.
Akbarshoh o‘shanda o‘lim jazosi haqidagi qarordan o‘zini tortib, bunday choraning ijro etilishini xohlamagan edi. Shu bois Abdunabining qilmishidan ranjigan edi. Buning ustiga haram va saroydagi hind ayollarining mullalar takabburligi haddan ortib ketayotgani haqidagi shikoyatlari podshohning sabr kosasini to‘ldirib, g‘azab otiga mindirgan edi.
Yuqoridagi masala bo‘yicha Akbarshoh boshqa olimlardan biriga murojaat qilganda: “Hanafiya ta’limotiga ko‘ra, g‘ayridinlar Payg‘ambar (s.a.v.)ni haqoratlaganliklari uchun shariat qonunlari bo‘yicha jazolanayotgan paytda musulmonlar g‘ayridinni o‘z himoyalariga olishlari farzdir”, degan tushuncha berdi. Bunga qo‘shimcha qilib, kelib chiqishi hanafiya sulolasiga mansub bo‘lgan Abdunabidek odamning bu oqim qoidalariga itoat etmasligi kishini hayratda qoldirishini ham ta’kidlab qo‘ydi.
Ibodatxonada o‘tkazilgan munozara davomida Akbarshoh Badouniydan shariatda aybdor uchun 99 holatda o‘lim jazosi belgilangan taqdirda ham, bir holatda aybdor o‘limdan ozod qilinishi lozim ekani haqidagi qonundan xabari bor yoki yo‘qligi haqida so‘raganda, Badouniy bu masala ustida bahs yuritib o‘tirmasdan, Abdunabi ko‘rgan chora faqat davlat ma’muriyati maqsadlarini ko‘zlab, ya’ni davlat siyosatidan norozi bo‘lganlarning bosh ko‘tarish xavfining oldini olish niyatida tanlagan bo‘lishi kerak, degan taxminni bildirdi.
Abdunabi juda takabbur odam bo‘lib, podshohning xohishiga makkorlik bilan qarshi turardi. Brahmanning o‘limga buyurilishi ham ataylab, g‘arazgo‘ylik bilan qilingan ish edi. Bu esa mamlakatda amalda bo‘lgan hanafiya ta’limoti qonunlariga zid edi. Zero bu ta’limotda g‘ayridinni o‘ldirish gunohi kabir hisoblanardi. Badouniyning fikricha, ana shu brahmanning asossiz raviщda g‘arazgo‘ylik bilan o‘limga mahkum etilishi Abdunabining o‘z mavqeini yo‘qotishiga asosiy sabab bo‘lgan edi.
Bu o‘rinda Akbarshoh masalasiga kelsak, u ham adolatli ish olib borgan, deb bo‘lmaydi. “Mutah” masalasida o‘z qilmishlarini qonunlashtirib olish maqsadida harakat qilgan, brahman masalasida esa, masala dastlab uning e’tiboriga havola etilganda, o‘zining o‘lim jazosiga qarshi ekanini ochiq-oydin bildirib qo‘yishi mumkin edi.
Sunniy mazhabi vakili bo‘lmish Mulla Abduqodir Badouniy (1540-1615) Akbarshoh saroyidagi tarixnavis va tarjimonlardan biri edi. U 1574-yilda saroy xizmatiga kirib, asosan, tarjimachilik devonida ishlagan, hind tilidan bir necha kitoblarni fors tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, bir necha tarixiy asarlar muallifi hamdir. Uning asarlari orasida “Muntaxabu-t- tavorix” (“Tanlangan tarixlar”, 1595) asari bo‘lib, bu asar Hindistonda hukm surgan musulmon hukmdorlar tarixini yoritib beradi. Asarda Akbarshoh hukmronligi davriga alohida urg‘u beriladi. Badouniy tobora o‘z mavqeini yo‘qotib borayotgan Islom ahkomlarining oyoqosti qilinishiga yuragi achishganidan bu asarni yozayotganini ochiq aytadi (Tarixnavis M. Ikromning ta’biricha, bu asar Akbarshohni ayblash uchun yeng shimargan tajribali huquqshunosning asari edi. Qarang: M. Ikram. Raudi Kavsar. Lahore, 1958, p. 112. urdu tilida).
Badouniy asari mavjud tizimga nisbatan g‘arazgo‘ylik va alamzadalik ruhida yozilgan. Muallif Akbarshohning yaqin do‘sti bo‘lmish Birbolning juda qobiliyatli shaxs ekanini tan olgani holda, hind bo‘lgani uchun uni Akbarshohni sunniylik ahkomlaridan og‘dirgan shayton, do‘zaxi it, deb hisoblaydi. Birbol vafot etganda uning endi do‘zax o‘tiga do‘mbira bo‘lganini ta’kidlaydi. Bir o‘rinda Badouniy bir “faqir” (so‘fiy)ning hurmatini qilib, uni siylamoqchi bo‘lib turganda, faqir bir hindga hurmat-iltifot ko‘satayotganini sezib qolib, bu fikridan qaytganini ham ochiq bayon qiladi.
Badouniy o‘zining yaqin do‘sti, Lohur hokimi Husaynxonning xatti-harakatidan mamnun bo‘lib yozadi. Husaynxon bir safar huzuriga kelgan hindni musulmon deb hisoblab, unga hurmat ko‘rsatish uchun o‘rnidan turib ketgan ekan. Keyin o‘z qilmishidan (musulmonlar oldida – tarj.) xijolat bo‘lib, bundan buyon hindlar musulmonlardan ajralib turishlari uchun ust kiyimi yengiga yamoq solib yurishlari lozimligi haqida farmoyish bergan ekan. Bu ishi uchun Badouniy do‘stini sharaflab gapiradi.
Badouniy so‘fiylarni ham, shialarni ham baravar yomon ko‘rardi. Hakim Ahmad ismli shiani sunniy mazhabidagi bir kishi kaltaklaganida u kishining ahvolini ko‘rib, “...uning basharasi odamlarga va menga, Xudo haqqi, to‘ng‘iz bashara bo‘lib ko‘rindi», deb yozadi.
Mulla Badouniy shayx Muborakning shogirdlaridan bo‘lgan. Shayxning o‘g‘illari Fayziy va Abulfazl otalari qo‘lida ta’lim olganlar. Badouniy shayx Muborak va uning o‘g‘illaridan hech qanday yomonlik ko‘rmagan bo‘lsa-da, negadir ularga nisbatan g‘ayirlik tuyg‘usida bo‘lib, Akbarshohga yaqinroq kishilar bo‘lgani uchun hasadgo‘ylik qilardi. Vaholanki, o‘z asarida Fayziy va Abulfazllar Badouniyni bir necha bor podshoh g‘azabidan saqlab qolganini muallif o‘zi tan olib yozadi.
Bir kuni Abduqodir shoh ruxsatisiz qayergadir ketib qolganda Akbarshohning nafratiga uchragan edi. O‘shanda Dekkonga elchilikka ketgan Fayziy shohga maxsus xat yozib, Abduqodirning ijobiy xislatlarini maqtab, uni podshoh qahridan saqlab qolgandi. Yana bir holatda Badouniyning “Mahobhorat”ni hindchadan tarjima qilishda diniy qarashi tufayli g‘arazgo‘ylikka yo‘l qo‘ygani shohga ma’lum bo‘lib qoldi. Akbarshoh “Men uni tenggi yo‘q so‘fiy deb yursam, g‘arazgo‘ylik tomirini qirqib bo‘lmaydigan faqih ekan”, deya g‘azablangan edi. Badouniy asarni hafsala bilan, oqilona tarzda tarjima qilganini aytib o‘zini oqlamoqchi bo‘lganda, Abulfazl o‘rtaga tushib Abduqodirni oqlagan, faqat shundan keyingina shohning g‘azabi pasaygandi.
Badouniy Akbarshohning diniy bag‘rikenglik siyosatidan nafratlanadi va shohni “Hindistonni harom-halol farqlanmaydigan, birovning nima ish qilayotgani bilan hech kimning ishi bo‘lmaydigan, kim nimani xohlasa shuni qiladigan ulkan maydonga aylantirib qo‘ygan”liqda ayblaydi. Akbarshohning hamma diniy aqidalarga baravar teng yo‘l ochib berish siyosati tanqidiga jiddiy ko‘z bilan qarab, so‘ngra xulosa chiqarish kerak bo‘ladi.
Badouniy kitobining qimmati shundaki, bu asar Akbarshoh hukmronligi davrida e’tiqod qilingan dinlar haqida yaxshi ma’lumot beradi. Shuningdek, asarda muallif zamondoshlari haqida ham aniq biografik ma’lumotlar beradi. Badouniy yigirma kishilik otliq askarga rahbarlik huquqiga ega bo‘lgan mansabdor bo‘lib, bu borada yuqori martabaga ko‘tarilmaganidan shikoyat qiladi. Uning alamzada va g‘arazgo‘yligi har qadamda sezilib tursa ham Akbarshoh ruhiy holatiga ko‘z yumib, unga ming biga miqdorida yer- mulkdan olinadigan “madadi maosh” (Din, ma’rifat va ma’naviyat sohasida mehnat qilayotgan ulamolar va shoirlarni moddiy jihatdan qo‘llab- quvvatlab turish uchun saltanat xazinasidan beriladigan moddiy yordam. Bunday yordam hajmini, ko‘pincha, “sadr” lavozimidagi mansabdor belgilab beradi. - tarj.) belgilab bergan edi.
Berk S.M. Akbarshoh – Boburiylarning eng buyugi / ingliz tilidan G‘. Sotimov tarjimasi; mas’ul muharrirlar: H. Boltaboyev, M. Mahmudov. –T. : MUMTOZ SO‘Z, 2009. – B. 128-140. (O‘zbekcha);
Отношение Акбаршаха к религии. В кн.: Берк С.М. Акбар-шах – самый Великий из Бабуридов.
Fikr qoldirish#