Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Rana Sanga urushlari

Chanderiydagi janglar. Boburshohning Hindistondagi ashaddiy dushmanlaridan bo‘lmish Rana Sanga Hindiston saltanati uchun kurashni avj oldira boshladi. U Chatur (hozir Udaypur deb ataladi) viloyatining Rajput vohasida hukmron edi. U yuqori tabaqali sulola avlodidan bo‘lib, Boburshoh singari hayotning issiq-sovug‘ini ko‘p ko‘rgan edi. Taxtga chiqishdan avval ko‘p urushlarda bo‘lib, tevarak-atrofdagi hukmronlarning ko‘plaridan ustun chiqqan, qattiq janglarda ishtirok etib, badanining jarohatlanmagan joyi qolmagan edi. Rana Sanga haqida Boburshoh avvallari eshitmagan edi. Lekin Hindistonga oxirgi yurishida Ranadan vakil kelib, hamkorlik qilishni taklif qilgan edi. Kelishuvga binoan, Sulton Ibrohimga Boburshoh Dehli tomonidan hujum qilishi, Rana esa Agra tomonidan zarba berishi lozim edi. Boburshoh Dehlini egallab Agragacha keldi-yu, lekin Rana o‘rnidan qimirlamadi. Boburshohning Kalpiy, Do‘lpur va Biyanani egallab olishi uni ranjitgan edi. Agra ham ilgari Biyanaga tobe shahar bo‘lgan edi. Dehli taxti talashda qolgan bo‘lib, Rana o‘zini ana shu taxt da’vogari deb bilardi va afg‘onlarni ham, turkiylarni ham Hindistondan butunlay quvib yuborish hamda Hindistonda hind irqiga mansub bo‘lgan kishini taxtga chiqarish payida yurar, afg‘onlarning Sulton Iskandar Lo‘diyning o‘g‘li Sulton Mahmud Lo‘diyni taxt vorisi qilib ko‘tarishini ma’qullagan edi.


Rana Sanga Biyanaga yurishini sezgan Boburshoh tezlik bilan Humoyunga Jo‘npurdagi qo‘shinlarni olib yetib kelishni buyurdi. Shahzoda yetib kelishi bilanoq, Biyana hokimi Mahdi Xojadan xabar keldi. Unda aytilishicha, Rana Sanga Biyanaga shitob bilan kelayotgan va Mevat hokimi Hasanxon unga qo‘shilgan edi. Tezlik bilan uning yo‘lini to‘sish uchun qo‘shin yuborildi. Tajribali sarkardalar Muhammad Sulton Mirzo boshchiligida yo‘lga chiqdilar. Jo‘natilgan ilg‘or guruhlar bir necha asirlar va dushman qo‘shini askarlarining boshlarini olib keldilar. Asirlar haqiqatan ham Hasanxon Rana Sanga qarorgohiga kelib tushganini aytdilar. Bu xabar shohni ancha ranjitdi. Chunki Panipat jangida Hasanxonning o‘g‘li Nohirxon asir tushgan bo‘lib, hibsda saqlanardi. Hasanxon Boburshoh bilan muzokarada o‘g‘lini ozod qilishni iltimos qilgan va u bilan do‘stona munosabatda bo‘lishini bildirgan edi. Biroq Nohirxonni ozod qilib, unga sarpo kiydirib, otasi oldiga yuborganini eshitiboq, o‘g‘li bilan ko‘rishmay turib Rana huzuriga kelib unga qo‘shilgan edi. 1527 yilning 11 fevralida Boburshoh qo‘shin tortib Agradan chiqdi va shahar tashqarisida to‘xtab, qo‘shinni ko‘zdan kechirdi, zambaraklar, yuklar va ozuqa birma-bir nazardan o‘tkazildi. Bu urushda afg‘on va hindlardan iborat bo‘linmalarni tevarak-atrofni qo‘riqlashga yubordi, chunki jangda ularga unchalik ishonib bo‘lmas edi. So‘ngra g‘arbga Medxapurga yurib, u yerda suv olish uchun quduqlar qazdirdi. Ertasi kuni Sekriy (hozir Fotehpur)ga keldilar. Bu yerda Mahdi Xoja kelib qo‘shildi. Birinchi kunlardagi urushlardan Rana Sanganing askarlari chig‘atoy turklari ilgari yuzma-yuz kelgan afg‘on va hind askarlariga qaraganda ancha yaxshi tayyorgarlik ko‘rgani, o‘z Vatanini jonu jahdi bilan himoya qilishi, chunki ularni haqiqiy qahramon sarkarda yetaklab borayotgani sezilib qoldi.


Boburshoh, odatda, tajribali beklarni oldingi qatorga navbat bilan yuborar edi. Mir Abdulaziz, navbati kelgan kun u ming-bir yarim ming kishilik qo‘shini bilan Sekriydan 7-8 milcha oldinga bosib borgach, rajputlarning 4-5 ming kishilik otliqlariga duch kelib, katta talafot ko‘rdi. Ularga yordam tariqasida vazirning o‘g‘li Muhib Ali Xalifa o‘z qo‘shini bilan jo‘natildi, ulardan so‘ng Muhammad Ali o‘z bo‘linmasi bilan oldinga intildi. U yetib borguncha oldingilar ancha talafot kurgan edi. Lekin dushmanning vajohati shoh to‘pchilari bir-ikki mil oldinga siljigandagina bir oz pasayib, o‘z muvaffaqiyatidan mamnun holda orqaga qaytdi. Dushman qo‘shini bir yuz yigirma mingdan ortiq edi. Bir necha kun davomida Boburshoh qo‘shini o‘zini tiklash bilan ovora bo‘ldi. Uch-to‘rt hafta davomida qayta tayyorgarlik ishlari olib borildi, zambaraklar, o‘q-dori va qurol-aslaha ko‘zdan kechirildi. Bu orada G‘aznadan besh yuz kishilik yordamchi qo‘shin keldi. Ular bilan munajjim Muhammad Sharif ham birga kelib, Mirrix yulduzi g‘arb tomonga yurayotganini va kim bu tomondan urushga yursa, albatta, mag‘lub bo‘ladi, deb hammaning yuragiga g‘ulg‘ula soldi.


Dushmanni chalg‘itish va Hasanxondan Ranaga qo‘shilgani uchun o‘ch olish uchun Boburshoh Mevatga qo‘shin yuborib shaharni vayron qilishni tayinladi. Vayronagarchilik yaqin atrofdagi qishloqlarga yetib bordi-yu, lekin kutiltan natijani bermadi. Omadi yurishmaganligidan umidsizlikka tushgan Boburshoh qarorgohda, dushman esa ochiq maydonda edi. Harakatsizlikdan diqqati oshgan Boburshoh o‘zining o‘tmish hayotini birma-bir sahifalab xayoldan o‘tkazib, tahlil qilib ko‘rdi va ichkilikka berilganligi tufayli o‘z ichki ruhiy e’tiqodining eng qat’iy va muqaddas talablarini anchadan buyon ochiqdan-ochiq buzib kelayotganiga ishonch hosil qildi. Boshqa ichuvchilar kabi u ham bir necha bor shu odatni tark etmoqchi bo‘lgan, lekin buning uddasidan chiqa olmagan edi. Lekin bu safar u o‘z ontiga sodiq qolishga qaror qildi. «Ichkilik bazmlarida ishlatiladigan qadah, kosa va boshqa oltin-kumush anjomlarni olib kelib barchasini sindirishni, ularning bo‘laklarini darvishlar va boshqa kambag‘allarga bo‘lib berishni buyurdim, - deb yozadi Boburshoh, - menga birinchi bo‘lib ergashganlardan biri Asas (ismli kishi) edi. U mening soqol qo‘yish haqidagi qarorimga ham qo‘shildi». Uch yuzga yaqin amaldorlar va saroy a’yonlari shohning qaroriga qo‘shilib, unga ergashdilar, G‘aznadan olib kelingan chog‘arga (Manba’da: «chog‘arga» tarzida xato yozilgan; to‘g‘risi: «chog‘irga». (Sh.R.)) (sharobga) tuz tashlab sirkaga aylantirildi. Qolganlarini esa quduq qazib, quduqqa to‘kdilar va shu yerda ana shu hodisaga bag‘ishlab yodgorlik o‘rnatishga qaror qilindi. Bunga qo‘shimcha tarzda shu kundan boshlab, mana shu hodisa sharafiga qo‘l ostidagi barcha o‘lkalaridagi musulmonlardan tamg‘a solig‘i olishni bekor qilish haqida farmon chiqardi. Raqib oldidagi muvaffaqiyatsizlik kayfiyati bek va amirlarga hamda navkarlar orasiga ham yoyilayotgan edi. Faqatgana bosh vazir Mir Aligina tushkunlik ruhini sezdirmas edi. Suvoriy va askarboshilardagi bu tushkunlikni ko‘tarish uchun Boburshoh bir kuni ularni to‘plab murojaat qildi. Murojaatda Alloh yaratgan har bir bandaga bir o‘lim borligi va xor bo‘lib yashagandan g‘oz turib o‘lish ma’qul ekani, bu muqaddas urushda o‘lgan shahid, o‘ldirgan g‘oziy ekanini aytib, Haq taolo musulmon bandalarini hamisha qo‘llashini tushuntirdi va bu bilan askarlar ruhini ancha ko‘tardi. Podshohning so‘zlaridan ruhlangan navkarlar shitob bilan urushga tayyorlana boshladilar. / 12 mart (1527 yil) kuni Boburshohning to‘pchilari oldinga siljiy boshladilar, ular ketidan tuproq solingan qoplar yuklatilgan aravalar va ular ortidan esa, barcha qo‘shin yo‘lga chiqdi. Boburshoh o‘zi otda qo‘shin saflari bo‘ylab yurar, suvoriy va lashkarboshilarga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib borar edi. Bularning yurishini eshitib raqib tomondan ham otliqlar bo‘linmasi yaqinlashib kela boshladi. Ularga qarshi otliqlar guruhi yuborildi, shu bilan Boburshoh o‘z suvoriylarining kayfiyatini sinab olmoqchi bo‘ldi. Bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng yuborilganlar bir qancha asirlar bilan anchagina qurbonlarning kallasini nayzalarga sanchib yoki egar qoshiga osgancha qaytib keldilar. Bu hol qolgan askarlarni ham ruhlantirib yubordi. Endi zambaraklar va miltiqlar ham ishga tusha boshladi va dushman qarorgohi sari yurishgach, uzoqdan dushmanning qorasi ko‘rindi. Darhol hamma o‘z joyini egalladi va Boburshoh oldinga otilib chiqib, safdagi suvoriylarni ruhlantirib yubordi. Markaziy xujumga Chin Temur Sulton bilan hamkorlikda o‘zi borardi. O‘ng qanotni esa Humoyunga topshirib, unga Qosim Husayn Sulton, Hindubek va Xusrav Ko‘kaldoshlarni hamroh qilib berdi. Chap qanotda Ziyod Mahdi Xoja, uning kuyovi Muhammad Sulton Mirzo, Abdulaziz va Muhammad Ali jang-jang borar edi.


Zaxiraga (Manba’da: «zahiraga» tarzida xato yozilgan. Boshqa joylarda «zaxira» (ذخيره) shaklida to‘g‘ri holda ham uchraydi. (Sh.R.)) esa tajribali mo‘g‘ul askarlaridan to‘lg‘amaga qo‘yilib, zarur bo‘lgan joyga yuborib turdi. Lashkarning bunday qurilmasi Boburshohning shayboniylar bilan bo‘lgan dastlabki janglarida va oxirgi urushlarida qo‘llanilib, unga zo‘r muvaffaqiyat keltirgan edi. Hindistonli askarlar, asosan, chap qanotga joylashtirildi.


Ustod Ali Quli boshqarayotgan to‘pchilar esa o‘rtada bo‘lib, oldingi qanotda bir-biri-la zanjirlar bilan mahkamlangan va ularning oldida himoya uchun Boburshoh o‘zi ixtiro qilgan tuproq to‘lg‘azilgan qoplardan himoya devori hosil qilingan edi. Orqadan kelgan hujumni qaytarish uchun alohida guruhlar qoldirilib, ularning oldinga o‘tishi zarur bo‘lganda zambaraklarni bir-biriga bog‘lab turadigan zanjirlar tushirilar edi. Lashkarga Boburshoh o‘zi boshliq tajribali sarkardalar rahbarlik qilib borardi.


Rajputlar qo‘shinida ham tajribali qo‘mondonlar rahbarlik qilar va zarur bo‘lganda, ularning o‘z yurtlaridan qo‘shimcha kuch olib kelish imkoni bor edi. Bxilza hokimi Salohiddin qo‘l ostida o‘ttiz ming otliq, Hasanxon Mevotiyda 12 ming, Dongenpur hokimi Raul Uday Singh Nagariyda 10 ming, Chanderiy hokimi Medini Raoda 10 ming otliq askar bor edi. Salohiddin bilan Medini Rao (Manba’dagi: «Medini Rao» – quyiroqda «Medini Ravo» ismi – boshqa ishonchli manbalar («Boburnoma», 2002 va «Bobur ensiklopediyasi»)da «Mediniy Rav» tarzida yozilgan. (Sh.R.)) Malva viloyati tarixida alohida iz qoldirgan edilar. Afg‘onlar taxt vorisi deb e’lon qilgan Sulton Mahmud Lo‘diy (Sulton Ibrohimning ukasi) hech qanday viloyatga ega bo‘lmasa ham, uning taxtga o‘tirib qolishidan umidvor bo‘lgan kishilardan iborat 10 mingga yaqin askari bor edi. Har bir qabila boshlig‘ida ham 4 mingdan 7 mingtacha suvoriy bor edi. Bularning qahr-g‘azabi umumiy dushman – Boburshoh lashkariga qaratilgan edi. Jang maydoniga bundan ortiq lashkarni olib chiqib bo‘lmas edi. Boburshoh qo‘shinini ko‘zdan kechirib qanoat hosil qilgach, buyruqsiz xujum boshlamaslikni tayinladi.


Ertalab soat 9 yarimlarda rajputlar qo‘shini Boburshoh lashkarining o‘ng qanotiga xujum qildi. Zaxiradagi kuchlar unga yordamga yuborildi. Markaziy qo‘shinning o‘ng qanotida turgan Mustafo Rumiyning to‘pchilari ham o‘t ochdilar. Dushman qo‘shini ham ustma-ust kela boshladi. Ularga qarshi zaxiradagi yordamchi kuchlar hujumga o‘tdi. Jang bir necha soat shiddat bilan davom etgach, ikkala qanotdagi qo‘shinlarni har ikki yon tomondan o‘tib raqibni o‘rab olishga buyruq berildi. O‘rtadagi to‘pchilarga ham olg‘a yurishga buyruq berildi, ularning orqasidagi ichki qo‘shinga ham to‘pchilarning ikki yonidan oldinga o‘tishga buyruq berildi. Ikki qanotdagilar kelayotgan yordamni ko‘rib, shiddat bilan olg‘a intilib jangga kirishdilar. Bu kutilmagan, keskin harakat raqib qo‘shinini dovdiratib qo‘ydi. Dushmanning markaziy qo‘shini buzilib turli to‘dalarga ajrala boshladi. Lekin rajputlar ham dovdirab qolmadi. Ular ham Boburshoh qo‘shinining markaziga ketma-ket hujum qildi, lekin keskin qarshilikka uchradilar va orqaga surib tashlandilar. Kechqurunga borib, tartibsizlik kuchayib, qirg‘inbarot urush juda xunuk tus oldi. Urushning taqdiri hal etilayotgan edi. Rajputlar oyoqlari ostidagi raqib murdalarini bosib (Manba’da: «Rajputlar oyoqlari ostidagi raqib murdalarini bosib» tarzida xato yozilgan. Voqea mazmuniga qaraganda, «Rajputlar oyoqlari ostidagi o‘z safdoshlarining murdalarini bosib» - deyilsa, to‘g‘ri bo‘lar edi. (Sh.R.)) orqaga chekinishdan boshqa iloj topa olmadilar. Boburshoh dushmanni uning qarorgohigacha ta’qib qilib bordi va u yerda to‘xtab, bir necha guruh dushmanni yotgan joyigacha quvib borishga va qirib tashlashga buyruq berdi. «Men mana shu ishda xato qildim, - deb afsuslanadi Boburshoh, - bu ishni birovlarga buyurmay dushmanni o‘zim ta’qib qilishim lozim edi». Boburshoh afsuslanishining boisi shu bo‘lsa kerakki, bu jangda Rana Sanga qochib qolishga ulgurgan edi. Aytishlaricha, uning hamrohlari uni qutqarib qolish uchun o‘zlarini ta’qib qiluvchilarning oyoqlari ostiga tashlagan edilar.


Ana shu jangdan keyin Chatur rajalarining birontasi ham Boburshohga qarshi bosh ko‘tarmadi. Taxt da’vogari bo‘lmish Sulton Mahmud Lo‘diy esa Gujarat hokimi Sulton Bahodirshoh huzuriga qochib bordi. Hech bir jang bunchalik to‘la yakunlanmagan edi. Dushman to‘la yanchib tashlanib, tum-taraqay qilindi. Bugun jang maydoni va hatto Biyana va Anvar yo‘llari ham o‘liklar bilan to‘lib ketgan edi. O‘lganlar orasida mevatlik Hasanxon (zambarak o‘qidan o‘ldi), Dongenpur hokimi Raul Uday Singh, Ray Chanderban Chxan, Manikchand Chavhan va boshqa taniqli hukmdorlar bor edi.


Urush tugagan kuniyoq Boburshoh Duob vodiysidagi bo‘ysundirilmagan shaharni olish uchun katta qo‘shin yubordi. Urush yakunlari xabari ularga yetib kelgan bo‘lib, Qo‘l shahri himoyachilari har tomonga qocha boshladilar. Shahar hokimi Ilyosxon qo‘lga olinib, tiriklayin terisi shilib olindi. Bu hodisa o‘sha davr vahshiyligi namunasi edi. Uch kun yo‘l yurib, o‘liklar to‘la dalalardan o‘tib, Biyana tomon yurdilar, biroq bu dashtlarda ichimlik suvi topish qiyin bo‘lgani uchun, bek va amirlar bilan mastlahatlashilgach, yo‘lni Mevat tomon burdilar. Mevat o‘lkasi 200 yilga yaqin Hasanxon avlodlari tasarrufida bo‘lib kelgan edi. Boburshoh Lohur va Do‘lpurni olgan yili Hasan Alvor qal’asini qurib, uni mustahkamlab olgan edi. Kanva yonidagi dahshatli urush natijalari mevatliklarning ruhini tushirib yuborgan edi. Alvarga yaqinlashgach, Boburshoh hibsdan ozod qilib yuborgan Nohirxonning kishilari uni kutib oldi va shaharni topshirdi. Nohirxonga alohida mulk ajratib berildi. Alvor xazinasi olinib, Humoyun orqali badaxshonliklar qo‘shini bilan Kobulga jo‘natildi. / Oxirgi katta jang oldidan Boburshoh dushmanni yenggandan so‘ng, istaganlarga uylariga ketishga ruxsat berishni va’da qilgan edi. Ular xursandchilik bilan uylariga jo‘nadilar. Boburshoh o‘g‘lini bir-ikki kunlik yo‘lgacha kuzatib kelib, u bilan xayrlashdi. Dehliga kelgach, Humoyun otasining xazinasi solingan sandiqlarni majburan ochdirdi va xazinaning anchagina qismini zo‘rlab tortib oldi. Bu yengiltaklik otasini qattiq ranjitdi va shoh o‘g‘liga g‘azabga to‘la xat yozib jo‘natdi. Mevatdan chiqib, Biyana va Sekriy shaharlari orqali yana Agraga qaytib keldilar.


Asosiy dushmandan qutilgan Boburshoh endi o‘ziga bo‘ysunishni istamagan shaharlarga kuchli qo‘shin yuborish imkoniga ega edi. Shu tarzda Atova, Laknov, Kanuj kabi Agra atrofidagi viloyatlar qo‘lga kiritilib, Hindistondagi afg‘onlar saltanati sindirilgach, Panipat jangidan o‘n ikki oy o‘tmasdanoq Kanva yonidagi jang hind beklarining uyushmasini ham sindirdi. Shu bilan Boburshoh shu mamlakatning har bir fuqarosiga raqiblaridan aqlan va jismonan ustunligini isbotlab berdi. Uning bu muvaffaqiyatidan shimoldan kelgan suvoriylarga xavf solayotgani, ularning jasurligi va uddaburonligi hal qiluvchi ahamiyatga molik bo‘ldi.


O‘zining aytishicha, Boburshoh o‘n bir yoshdan o‘tgandan buyon biror marta ro‘za hayitini bir joyda ikki marta kutib olmagan ekan. «O‘tgan ro‘za hayitini Agrada o‘tkazgan edim, bu safargi hayitni kutish uchun Ramazon oyining 30-kuni (1527 y. 30 iyun) Sekriyga jo‘nadim», - deb yozadi Boburshoh. So‘ngra Do‘lpur, Boriy shaharlari orqali Chanbolgacha borib, Agraga qaytib keldi. Yo‘l-yo‘lakay Duobdagi Qo‘l shahriga va Gang daryosining narigi qirg‘og‘iga, Sanbolga borib aylanib qaytib keldi. 1527 yil dekabr oyida Jamna daryosi bo‘ylab Kalpiy orqali Iroj va Kachva vohalaridagi qalin changalzorlar oralab qo‘shinga yo‘l ochdirib, 20 yanvarda Chanderiyga yetib keldi. Shahar bu paytda rajputlarning kuchli sarkardalaridan bo‘lmish Medini Ravo qo‘lida edi. Rana Sanga hadya qilgan Chanderiydan tashqari Gadroun qal’asi va ba’zi qishloqlar ham unga qarashli edi. Boburshoh Chanderiyga yaqinlashganda, o‘z odamlarini yuborib, shaharni yaxshilikcha topshirishni, uning evaziga Duobdagi Shamsobodni berishini aytadi. Muzokara natija bermagach, Boburshoh sarkardalariga qo‘shinni jangga tayyorlash haqida buyruq berdi. Berilgan kuchli zarbalardan so‘ng shahar qal’asi qo‘lga kiritildi. U yerda Ahmadshohni qoldirib, sharqiy qo‘shinlardan xabar olish uchun orqaga qaytdilar. Ko‘p o‘tmay Boburshohning ashaddiy dushmanlaridan biri bo‘lmish Rana Sanga vafot etdi.


Uilyam ERSKIN. Xorijda boburshunoslik, T, 2008. –224 b. – B. 35-42. (O‘zbekcha); Войны Рана Санга. Битва в Чандери. 

В кн.: Бабуроведение за границей: Исследование, версии и статьи.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0