Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Akbarshohning Lohurda bo‘lishi (1585-1598-yillar)

Badaxshon hokimi Sulaymon Mirzo bilan uning nevarasi Shohruh Mirzo o‘rtasidagi taxt talashish mojarosi natijasida kelib chiqqan qattiq araz va adovat Movarounnahr hukmdori Abdullohxon uchun Badaxshonni osongina bosib olishiga sabab bo‘ldi. 1584-yilda Abdullohxon Badaxshonga yurish qilib, uni jangsiz taslim etdi. Sulaymon bilan Shohruh Kobul tarafga chekindilar. Hakim Mirzo bu yangilikni Akbarshohga yetkazib, nima qilmoq kerakliga haqida maslahat so‘radi. Shoh Akbar unga yordam berishga va’da berib, mahkam turishni va hech kimga bo‘yin egmaslikni maslahat berdi. Shohruh Mirzo Kobuldan chiqib, Fotihpur sari yo‘l oldi va 1585-yilning 3-yanvarida yetib kelib, Akbarshoh xizmatiga kirdi. Oradan ko‘p o‘tmay Sulaymon Mirzo ham Akbarshoh huzuriga himoya izlab keldi va 1589-yilda Hindistonda vafot etdi.


Abdullohxon shijoatli va jasur g‘animlardan edi. Buxoro va Balxni egallab, 1585-yilda Xuroson davlatining anchagina qismini bosib olish niyatida yurish boshlagan edi. Badaxshonni egallash bilan Hindistonga yo‘l ochiladigan darvoza Kobul chegaralariga yetib qolgan edi. Shu paytdan boshlab Akbarshoh Movarounnahrni Abdullohxondan tortib olish emas, balki Kobulni saqlab qolish haqida o‘ylashiga to‘g‘ri keldi. Kobul hokimi Hakim Mirzo irodasi bo‘sh odam bo‘lib, Abdullohxonga bas kela olmas edi. Biroq kutilmaganda taqdir taqozosi bilan biroz kasallanib so‘ng Hakim Mirzo olamdan o‘tdi. Bu bilan Akbarshohning Kobul nazoratini ham o‘z qo‘liga olishiga yo‘l ochildi. Bu orada Kobuldan tashvishli xabarlar kela boshladi. Ularda aytilishicha, ba’zi kobulliklar, shu jumladan, Hakim Mirzoning ona tomonidagi qarindoshlari Mirzoning bolalarini olib, Abdullohxon tomoniga o‘tib ketish payida ekan. Bundan xabar topgach, Akbarshoh tezda anchagina qo‘shini bilan Man Singxni Kobulga jo‘natdi va 1585-yilning 22-avgust kuni o‘zi ham Panjobga qarab yo‘l oldi. Man Singxning Kobulga kelishi bu yerdagilarning Abdullohxon tomoniga og‘ib ketishlarining oldini oldi.


Roxtas degan joyga yetib kelganlarida Akbarshoh Hind vohasiga boradigan va Haybar dovoni orqali aravada Kobulga o‘tadigan yo‘lni tekislab, tartibga keltirish uchun Qosimxon ismli muhandisni kerakli anjomlar va ishchilar bilan yo‘lga otlantirdi. 1585-yilning 7 dekabr kuni Akbarshoh Ravalpindiga yetib kelganda Man Singx Hakim Mirzoning bolalarini Kobuldan olib kelib, uning huzuriga olib kirdi.


20 dekabr kuni Akbarshoh Hasan Abdaldagi qarorgohidan favqulodda vaziyatlarda zarur bo‘ladigan uch qism harbiylarni safarga yo‘lladi. Ulardan biri Shohruh va Bxagvan Das boshchiligida Kashmir vohasini zabt etish uchun, ikkinchisi (Pijojon enaganing o‘g‘li) Zaynxon Ko‘ka boshchiligida afg‘onlarning yusufzay qavmini tinchitish, Svat va Bajur viloyatlarini bo‘ysundirish uchun, uchinchi guruhni esa Ismoilqulixon boshchiligida Belujistonni fath etishga jo‘natdi.


1598-yilda Abdullohxon vafot etgandan keyingina Akbarshohning tashvishli ko‘ngli biroz taskin topib, Panjobdan jo‘nab ketdi. Ungacha Lohur asosiy qarorgohi va poytaxti bo‘lib turdi.


Kashmirning olinishi. Akbarshohning ajdodlari ham Kashmirni egallashni niyat qilgan edilar. 1540 yilgi Qanaujdagi jangda katta talafot ko‘rgandan keyin Humoyun Kashmirga borishni orzu qilgan edi. Yuqorida zikr etilganidek, ushbu mag‘lubiyatdan keyin Humoyun ukalari bilan Lohurda to‘planishganda ularning boshini bir joyga qovushtirib, Sherxonga qarshi kurashishni taklif qilgan edi. Ammo ukalari bunga rozi bo‘lmagan edi. Boburshohning xolavachchasi bo‘lmish Mirzo Haydar o‘shanda Humoyunni o‘zi bilan bilan birga Kashmir sari yurishga undab, bu o‘lkada kuchlarni biroz mustahkamlab olgach, keyin yana Hindistonga qaytib kelish mumkinligini aytgan edi. Humoyunshoh ham bu taklifga rozi bo‘lgan edi-yu, biroq, pirovardida Hindol uni Sind sari yurishga ko‘ndirgan edi.


Shunga qaramay Haydar Mirzo Kashmirga yo‘l oldi va u yerda osonlikcha o‘z hukmini o‘rnatib oldi. Humoyunshoh Erondan qaytib Kobulni qo‘lga kiritgach, Haydar Mirzo Kashmirda Humoyun nomiga xutba o‘qitgan edi. 1551-yil oktyabr oyida kashmirliklar Haydar Mirzoning joniga qasd qilib, uni o‘ldirdilar va taxt mahalliy amirlardan birining qo‘liga o‘tdi.


Akbarshoh taxtga chiqqandan keyin to‘rt yil o‘tgach, beshinchi yili Haydar Mirzoning qarindoshlaridan biri bo‘lmish Qora Bahodirni qo‘shin bilan Kashmirni olish uchun yubordi. Biroq bu harakatlar zoye ketdi va Qora Bahodir bu ishni uddalay olmadi. 1580-yil yanvar oyida Kashmir hokimi Yusufshoh Akbarshoh saroyiga kelib, undan otasi Ali Qulixon o‘limidan keyin Kashmir taxti uchun kurashda yordam berishini so‘radi. Noyabr oyida Akbarshohning buyrug‘iga binoan Panjob hokimi bergan qo‘shin yordamida Yusufshoh Kashmirda o‘z hukmini o‘rnatdi. O‘shanda Akbarshoh Yusufshohdan bundan buyon o‘z hukmdori deb tan olishini talab qilgan edi.


1584-yilda Yusufshoh katta o‘g‘li Yoqubxonni Akbarshoh saroyida garov sifatida tutib turish uchun yubordi. Biroq saltanatda o‘rnatilgan qoidaga binoan, saroyga hokimning shaxsan o‘zi kelib ta’zim bajo aylashi podshohni o‘z hukmdori deb tan olinishining belgisi hisoblanardi. Yusufshoh Kashmir bilan poytaxt orasidagi masofa uzoqligini bahona qilib, o‘zi kelishga bo‘yni yor bermagan edi.


Hakim Mirzoning vafotidan keyin shimoli-g‘arbiy viloyatlar tomon yurish davomida Panjob viloyatidagi Qal’ai nav shahriga kelganlarida Akbarshoh shu yerdan Yusufshohga xat yo‘llab, masofaning uzoqligi uning ta’zimga kelishi uchun bahona bo‘la olmasligini ta’kidladi. Yusufshohning shaxsan o‘zi kelib, Akbarshoh ostonasiga yukunishi lozimligi talab qilindi. Vaziyatning keskinlashib borayotganidan qo‘rqqan Yusufshoh qarorgohdan qochib Kashmirga jo‘nab ketgandi.


Akbarshoh Hasan Abdalda qarorgoh qurib to‘xtagan paytda Kashmirdan qaytib kelgan chopar Yusufshohning na o‘zi kelishi va na o‘g‘li Yoqubxonni Akbar huzuriga jo‘natish niyati borligi haqida xabar keltirdi. Bundan g‘azablangan Akbar Shohruh Mirzo bilan Bxagvan Dasni Kashmir sari otlantirib, vaziyatni ularga yaxshilab uqtirdi.


Dekabr oyi tog‘li o‘lka bo‘lmish Kashmir vohasi sari yurishni qiyinlashtiradigan mavsum edi. Akbarshohning qo‘shini yomg‘ir, qor va izg‘irinda tog‘ oralab yurishiga to‘g‘ri keldi. Bu holdan xabar topgan Yusufshoh vaziyatni chamalab ko‘rib, agar oxirigacha kurashadigan bo‘lsa, hamma narsadan mahrum bo‘lib qolishi muqarrar ekaniga imoni komil bo‘ldi. Shu bois 1586-yilning 14-fevralida Akbarning lashkarboshilari qarorgohiga kelib, ular bilan muzokara olib bordi va shoh huzuriga shaxsan o‘zi bosh egib borishga va’da berdi. Akbarshoh bunga rozi bo‘ldi-yu, lekin lashkarboshilariga harbiy harakatni davom ettirib, mamlakatni bosib olishga buyruq berdi. Bunga javoban kashmirliklar Yoqubxonni o‘zlariga sardor qilib, uning yetakchiligida qattiq qarshilik ko‘rsata boshladilar. Bir necha shiddatli janglardan keyin qarshilikni tuxtatib murosa qilishga kelishdilar. Ular Akbarni hukmdor sifatida tan olib, uning nomiga xutba o‘qitdilar va tanga pul zarb qildilar. Za’faron (Guldan olinib ovqatga maxsus ta’m berish uchun ishlatiladigan qizg‘ish sariq rangli talqon) va ipak ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi muassasalar ustidan nazorat qilishni Akbarshoh saltanati ixtiyoriga berishga rozi bo‘ldilar. Akbar bu shartlarga ko‘nishni istamagan edi-yu, biroq qo‘shinning kechirgan qiyinchiliklarini hisobga olib rozi bo‘ldi.


Yuqorida nomlari zikr etilgan muassasalarga Akbarshohning odamlaridan mas’ul kishilar tayinlangach, uning qo‘shini orqaga qaytdi va Yusufshoh 1586-yilning 28-mart kuni Shohruh Mirzo bilan Bxganvan Das nazorati ostida shoh huzuriga keltirildi. Akbarshoh avval Kashmir to‘laligicha zabt etilishi va keyin uni vassal davlat sifatida Yusufshoh tasarrufiga berishini bildirdi. Ungacha avvalgi kirdikorlari uchun Todar Mal ixtiyoriga berildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Akbarshoh Kashmirni to‘laligicha egallab olish uchun Qosimxon boshchiligida qo‘shin yubordi.


 Qosimxon 1586-yilning 28-iyunida Kashmirga jo‘nadi. Kashmir hokimi Yoqubxon o‘ziga Shoh Ismoil nomini olib, Akbar qo‘shiniga qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Kuz yaqinlashib qolganligi tufayli Akbar qo‘shini tog‘li yo‘llarda yog‘in-sochinda ko‘p tashvishli kunlarni boshidan kechirdi va 6 oktyabr kuni Qosimxonning ilg‘or guruhi poytaxt Shrinagarga bostirib kirdi. O‘sha kuni bu yerda Akbarshoh nomiga xutba o‘qildi. Qo‘shinning asosiy qismi ertasi kuni shaharni to‘la ishg‘ol qildi. Shuncha urinishlardan so‘ng, nihoyat, Kashmir Akbarshoh saltanati izmiga o‘tdi.


Yoqubxon 1589-yilgacha goh u yerda, goh bu yerda paydo bo‘lib qarshilik ko‘rsatib yurdi. Biroq biron natijaga erisha olmagach, qurolini tashlab to‘g‘ridan to‘g‘ri Akbarshoh huzuriga kelib taslim bo‘ldi. Yusufshohga Bihar viloyatidan jog‘ir ajratib berildi. Unga besh yuz suvoriyga sarkardalik qilish huquqi berilib, Todar Malning Orissaga qilgan yurishlarida uning qo‘l ostida jang qilib yurdi.


Akbarshoh Kashmirni Yusufshohga qaytarib berish fikridan qaytgan edi. Chunki harbiy strategik jihatdan muhim ahamiyatga molik bo‘lgan bu o‘lkani ko‘p yaramas kirdikorlar qilgan Yusufshoh sulolasiga qaytarib berish noma’qul ko‘rindi. Kashmirliklar bilan shartnoma tuzgan Bxagvan Dasning fikricha, shartnomaning buzilishi Yusufshoh sha’niga dog‘ bo‘lib tushgan edi. Keyinroq Yusufshoh xanjar bilan o‘z joniga o‘zi qasd qilishga ham urinib ko‘rdi.


Lohurdan poytaxtga ko‘chib kelishdan oldin Kashmir vohasining go‘zal go‘shalariga Akbarshoh uch marta safar qildi. Birinchi bor bu yerga 1589-yilda keldi. Podshohning bu o‘lkaga kelishi oldidan uning yo‘lini tekislash ishlariga besh mingta toshkesar usta, kon ishchilari va yo‘lsozlar jalb qilindi. Aprel oyida Lohurdan chiqib, 5 iyun kuni Akbar Shrinagarga yetib keldi. Safar qisqa muddatli bo‘lib, 11 iyul kuni orqaga qaytdi. Safar davomida qirq olti yoshli podshohning hamrohlari unga yetib yura olmasliklari ikki marta ayon bo‘lib qoldi.


Akbarshohning Kashmirga qilgan ikkinchi safari 1592-yilning kuzida bo‘lib o‘tdi. O‘shanda noqulay ob-havo sharoiti tufayli saroydagilar safarda ancha aziyat chekkan edilar. Bir kuni safar davomida podshohning oti toyib ketib, ustidagi egasini uloqtirib yuborgandi. 7 oktyabr kuni Shrinagarga yetib kelgan podshoh bu vohaning sovuq ob-havosini ma’qul ko‘rmay, oy oxirida poytaxtga qaytib ketishga qaror qilgan edi. Uchinchi va oxirgi Kashmir safari 1597-yil bahorining serfayz kunlaridan tortib to oktyabr boshlarigacha davom etdi. O‘shanda Kashmirdan qaytishda Chinob daryosi ustiga ko‘prik qurilgan bo‘lsa-da, Akbarshoh odati bo‘yicha jo‘shqin daryoni filda kechib o‘tishga qaror qildi va undan muvaffaqiyat bilan o‘tdi. Uning hamrohlari va qo‘shini esa ko‘prik orqali o‘tdilar.


Berk S.M. Akbarshoh – Boburiylarning eng buyugi / ingliz tilidan G‘. Sotimov tarjimasi; mas’ul muharrirlar: H. Boltaboyev, M. Mahmudov. –T. : MUMTOZ SO‘Z, 2009. – B. 104-108. (O‘zbekcha);

Прибытие Акбар-шаха в Лахор. Захват Кашмира. В кн.: Берк С.М. Акбар-шах – самый Великий из Бабуридов.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0