Sharq tabobatida olti zarur narsa [sittai zaruriya] (Arabcha: { ستة ضرورية} (sittatun ďarūriyyatun) – «olti zarur narsa». (Sh.R.)) degan istiloh bor. O‘tmish tabiblarining fikricha, kishining sog‘-salomat bo‘lishi uchun oltita shart mavjud bo‘lishi zarur. Bu haqda Ibn Sino, undan oldin va keyin o‘tgan olim-tabiblar ham yozishgan. Ana shunday olimlardan biri Yusufiydir. Yusufiy ibn Muhammad ibn Yusuf at-Tabib al-Haraviy («BE» II, –B. 533dan qisqacha ko‘chirma: «Yusufiy (Yusuf binni Muhammad) – Temuriylarga xizmat qilgan mashhur tabib. Hirotda «Ilojul-amroz» («Kasalliklarning tuzalishi»), «Jomi-ul-favo’id» («Foydalar jam’i») hamda «Ruboiyoti Yusufiy» asarlarini yozgan. Bobur Hindiston saltanatini qo‘lga kiritgach, Hirotdan uning huzuriga borgan. Yusufiy Hindistonda Boburga bag‘ishlab «Qasida fi hifzi sihat» («Salomatlikni saqlash haqida qasida», 1530 y.) va Humoyunga bag‘ishlab sodda va murakkab dorilar haqida «Riyozul-adviya» («Davolar bog‘i», 1539 y.) kitoblarini yozgan...». (Sh.R.)) XV asrning ikkinchi yarimlarida Xurosonga qarashli Hof shaharida dunyoga keldi. Uning otasi Muhammad Hirotning mashhur tabiblaridan biri bo‘lib, tabobatga oid «Ayn ul-hayot» [«Hayot bo‘log‘i»], «Javohir ul-lug‘ot» [«Tillar javohiri»], «Bahr ul-javohir» [«Javohir dengizi»] kabi asarlar muallifi edi. Yusufiy tabobat sirlarini o‘z otasidan o‘rgandi. Alisher Navoiy boshliq Hirot adabiy muhiti esa uni yetuk shoir qilib chiqardi. XVI asr va undan keyin tuzilgan tazkiralarda uning g‘azallari mavjud. Umuman, Yusufiydan 21 ta asar qolgan. Ularning ko‘pi tabobatga bag‘ishlangan bo‘lib, aksariyati nazmda yozilgan. Bu esa uning ajoyib shoir bo‘lganidan darak beradi (Biz bu yerda uning tarjimai holiga qisqa to‘xtaldik. To‘liq ma’lumot olish uchun qarang: Haqimlar hikoyati. So‘z boshi U.I.Karimovniki. Nashrga tayyorlovchi tarjimon M.Hasaniy, Toshkent: Meditsina, 1985; Yana: Tabobat xazinasi durdonalaridan. So‘z boshi O.Oqilovniki. Nashrga tayyorlovchi va tarjimon M.Hasaniy. Toshkent: Meditsina, 1987. (Ushbu maqola muallifining izohi)). Yusufiy avval Hirotda yashab ijod qildi. 1526 yildan keyin esa Boburning taklifi bilan Hindistonga bordi va umrining oxirigacha u yerda qoldi. Hindistonda uning «Badoyi’ ul-insho» [«Insho ajoyibotlari»], «Riyoz ul-adviya» [«Davolar bog‘i»] nomli yirik asarlari va ko‘pgina risolalari dunyoga keldi. Ularning bir nechasi Humoyunga bag‘ishlangan. Shulardan biri «Risolai sittai zaruriya» [«Olti zarur narsa haqida risola»]dir. Bu risola 1542 yili yozilgan, fors tilida, nusxalari O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda. Bu risolaning o‘zbek tiliga qilingan tarjimasi o‘quvchilar diqqatiga havola etilmoqda. Tarjimada mavzuga aloqador bo‘lmagan ba’zi joylar qisqartirildi va tarjimon tomonidan qo‘shilgan so‘zlar esa qavs ichiga olindi. Yusufiy Haraviy (Risoladagi hamdu sino hamda matnga aloqasi bo‘lmagan ba’zi iboralar qisqartirildi [Red.]. (Ushbu maqola muallifining izohi)) Risolai sittai zaruriyya [«Olti zarur narsa haqidagi risola»] ...Bu risola «Sittai zaruriyya» [«Olti zarur narsa»] deb nomlangan bo‘lib, unga diqqat qilmoq salomatlikni saqlovchilarga [xos] shartlardan va u haqda o‘ylash zakovat va donolik arboblarining rasmu rusumlaridan [hisoblanadi]. Masnaviy: [Bu risola] podshoh [Humoyun] zamonida yozildikim, Unga osmon ham [baxt] ato etishdan ko‘z yummagan. Davron nazoratchisi Humoyunshohning, Saroy tuprog‘i oldida osmonlar ham pastdir. U qudrat burjining oyi bo‘lib [dunyoga] keldi, Millat va dinning oftobi bo‘lib [dunyoga] keldi... Yusufiy o‘zining seriqbol baxti tufayli, Unga zarxarid g‘ulom bo‘lgan [kun]dan boshlab, Kechayu kunduz uning duosidan boshqani tilga olmaydi, Kechayu kunduz uni rozi qilishdan o‘zga [narsa]ni qidirmaydi. To zangori falak osmonda ekan, Uning davlat va iqboli doimo rivojda bo‘lsin! Yuragiga hech qachon g‘am g‘ubori qo‘nmasin, Boshidan bir dona ham qil kamaymasin!
Muqaddima. Bilmoq zarurki, tabobatdan [ko‘zlaniladigan] maqsad ikki ishdir: biri – sihatni asrash, boshqa biri esa kasallikni yo‘qotish. Sihatni asrash kasallikni quvishdan yengilroq va muhimroqdir, chunki davolash uchun tashxis [diagnoz] va muolajasiga to‘liq ishonch hosil qilsa bo‘ladigan hoziq tabib kerak. Hoziq tabib esa kam topiladi. Hoziq tabib topilsa-da, biroq kasallik davo qabul qilmaydigan kasalliklardan bo‘lishi mumkin. Biroq [kasallik] davo qabul qiluvchi bo‘lsa ham, muolaja asboblari muhayyo bo‘lmasligi va davolash vaqti o‘tib qolgan bo‘lishi mumkin. Muolaja asboblari hozir bo‘lsa-da, bemor tabibga itoat qilmasligi mumkin. Bordi-yu, bemor tabibga itoat qilsa ham, bemorning kuchi davolash vaqtiga tob berolmasligi mumkin. Bordi-yu, bemorning quvvati tob berolsa va davolash amalga oshirilsa-da, tabiiy yoki boshqa haroratning tarqab ketishi tufayli dorining zarar qiluvchi ta’siri badanda qolishi mumkin... Shuning uchun «Oldini olish davolashdan afzal», deb buyurilgan. Demak, har bir kishiga o‘zining sog‘lig‘ini asrash vojib va lozim. Sihhatni asrash olti narsaga ega bo‘lish bilan muyassar bo‘ladiki, o‘shani «Sittai zaruriyya» deyiladi. Olti zarur narsadan birinchisi havodurkim, u badanni o‘rab turadi va inson o‘z ruhini mu’tadil qilish uchun undan nafas olishga va nafas chiqarish orqali chiqindilarni chiqarishga muhtojdir. Modomiki, bu havo sof va mo‘tadil ekan, qamishzorlardagi bug‘, badbo‘y daraxtlar, yomon giyohlar bug‘i, o‘lgan jonivorlar hidi, tutun va changlar va shunga o‘xshash narsalar aralashmagan ekan, sihhatni asrovchi hamda paydo qiluvchi hisoblanadi. Bordi-yu, [havo] o‘zgargan bo‘lsa, hukmi [shulki], u kasallik paydo qiluvchi va uni haydashni og‘irlashtiruvchidir. Havo [o‘zgarishi] esa tabiiy yoki g‘ayritabiiy bo‘ladi. G‘ayritabiiy o‘zgarish [kishi] tabiatiga qarshi yoki qarshi bo‘lmasligi mumkin. Tabiiy o‘zgarish esa fasliy o‘zgarishdir. Fasliy o‘zgarish deyishdan ko‘zlanilgan narsa shundayki, [bu o‘zgarish] fasldan faslga ko‘chganda havoda yuz beradi. [Demak] tabiblar istilohi bo‘yicha fasllarning [har birini] ta’riflab o‘tish zaruriydir. Shunday qilib, aytamizki, bahor ularning nazarida shunday zamonki, unda giyoh va daraxtlarning nash’u namosi paydo bo‘ladi va inson sovuqqa qarshi haddan ortiqcha kiyimga, issiqqa qarshi haddan ortiq o‘zni sovutishga muhtoj bo‘lmaydi. Ko‘z esa bahorga qarama-qarshi zamondir. Yoz – issiq davrning hammasi, qish esa sovuq davrning hammasini [ichiga oluvchidir]. Ularning nazarida bahor ehtimolga ko‘ra hamalning (Xamal – 21 martdan 21 aprelgacha bo‘lgan vaqt. (Ushbu maqola muallifining izohi)) avvali, yo oldin, yo undan so‘ng ozrog‘i – to savrning (Savr – 21 apreldan 21 maygacha bo‘lgan davr. (Ushbu maqola muallifining izohi)) yarmigachadir. Ko‘z esa uning muqobilida, yoz va qish o‘sha ikkovining o‘rtasidagi [zamon]dir. Demak, bahor va kuzning har biri yoz va qishning xar biridan qisqaroq bo‘ladi. Har bir faslda esa shu faslga munosib bo‘lgan kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ular bir-biriga ziddir. Masalan, ho‘l-issiq [mijozli] fasl ho‘l-issiq kasalliklarni keltirib chiqaradi va o‘zi esa quruq-sovuq kasalliklarni yo‘qotuvchidir. Ho‘l-sovuq fasl ho‘l-sovuq kasalliklarni keltirib chiqaruvchi va o‘zi esa quruq-issiq kasalliklarni yo‘qotuvchidir. Tabiatga qarshi bo‘lmagan g‘ayritabiiy o‘zgarishlar yo samoviy sabablardan yoki zaminiy sabablardan bo‘ladi. Samoviy sabablarda, chunonchi, Qo‘yoshning izdiror, ya’ni katta va yorqin yulduzlarning ko‘pchiligi bilan, masalan, Mushtariy [Yupiter], Zuhra [Venera], Sha’riy [Sirius], Qalb al-asad [Sher yulduzlar turkumi] va boshqalar bilan gradus va minutda jamlanishi bo‘lib, ularning Quyosh bilan jamlanishi, garchi qishda bo‘lsa ham, havo haroratining ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Zaminiy sabablar esa turar joylarning har xil bo‘lishi, [masalan], mamlakat [jug‘rofiy] kengligi, dengiz yoki toqqa qo‘shni bo‘lishi, [qanday] joylashishi yoki tuproqning xilma-xil bo‘lishligi hamda mamlakatning ekvator chizig‘idan g‘oyatda mu’tadil bo‘lgan uzoqlik miqdori bo‘lmish jug‘rofiy kengligidir. Ikkinchi va uchinchi iqlim o‘ta issiq, oltinchi va yettinchi iqlim o‘ta sovuq, to‘rtinchi [iqlim] esa bu sohada mo‘tadillikka yaqindir. Dengizga yondoshlik havoni namlantiruvchidir. Mamlakat daryo orasida yoki qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lsa, [havosi] namlidir. U havo to‘lqini tufayli havoniig quyuqligi va namligidan issiqliq va sovuqlikda o‘rtacha bo‘ladi, ya’ni yozning qizdirishidan qizib ketmaydi, qishning sovutishidan sovib ketmaydi, [bu ikki hol] ozroq yuz beradi. Shimoliy tog‘ qizdiruvchidir, chunki u sovuq shimol shamolining esishiga to‘sqinlik qiladi va janubiy shamolni esa to‘sadi. Va quyosh nurlarining aksi janubiy shaharlar uchun sovuq bo‘ladi, shu sababdan janubiy shamollar to‘silgan, shimoliy shamollar bo‘g‘ilgan bo‘ladi. Quyosh aksining g‘arbiy mamlakatlarga bo‘lmasligi sharqiylariga nisbatan afzalroqdir, bu shu jihatdanki, kunduzning bir muddatida sharqiy quyoshni bekitgan bo‘ladi va mamlakat ahli tungi sovuqdan birdaniga kuchli quyosh [issig‘i]ga chiqadi va yana shu jihatdanki, u g‘arbiy [shamol]dan afzal bo‘lgan [shamolni] sharqiy shamolni man etadi, bunda u quyosh harakati bilan birga kunning avvalida sharqiy [shamol]ni, quyosh harakatiga zid holda, kunning oxirida, g‘arb [shamoli]ni to‘sadi. Baland[da joylashgan] mamlakat past mamlakat [shahar]dan yaxshiroq va sovuqroqdir. Tekis mamlakat yaxshiroq. Oltingugurtli tuproq qurituvchi, qizdiruvchi va qonni kuydiruvchidir. Ho‘l tuproq, ya’ni suvi na oqadigan va na chuqurlarda yig‘ilib qoladigan suvli yer namlantiruvchi va hidlantiruvchidir. Tog‘ [havosi] badanlarni quvvatlantiruvchidir. Sovuq havo hazmni yaxshilovchi, rangni chiroyli qiluvchi, [biroq] tumov, rezanda, tutqanoq, falaj, laqva [yuz falaji] va qaltiroqni paydo qiladi. Issiq havo bo‘shashtiruvchi, zaiflantiruvchi, sezgilarni buzuvchi, miyani og‘irlashtiruvchi, xo‘noq [angina], isitmalar va ko‘z og‘rig‘ini tug‘diruvchidir. Tabiiy [holat]ga zid bo‘lgan g‘ayritabiiy o‘zgarishlar, chunonchi, vabokim, bu havo buzilishi bo‘lib, buzilish bilan ruh javharidagi sozlik ketadi va boshqa ko‘zlangan narsalar, chunonchi, badan mo‘tadilligi va boshqalar ham ketadi.
Olti narsadan ikkinchisi yeyish va ichishdir. Sog‘liqni saqlashni yeyish-ichish bilan [quyidagicha] amalga oshirish mumkin. Ovqatlardan: toza bug‘doy xamiridan qilinib, tandirda pishirilgan non, guruch, no‘xot, bir yoshli qo‘y go‘shti, buzoq, tustovuq, kaklik, qirg‘ovul, chala pishirilgan tovuq tuxumining sarig‘i. Ho‘l mevalardan: suvli shirin qovun, yetilib pishgan nozik uzum, xushbo‘y hidli shirin olma, nok va nashvati, anor, yangi [pishgan] anjir bilan chegaralanadi. Shifobaxsh yemishlarga, chunonchi, ko‘knor, sutcho‘p, ismaloq kiradi, [bundan] boshqalarga iltifot qilmaydi, bordi-yu, mijozni mo‘tadillash kerak bo‘lsa, chin ishtaha paydo bo‘lganda ovqat bilan qo‘shib yeydi. Chin ishtahaning belgisi shuki, uzoq vaqt ovqat yeyilmagan va me’da [ovqatdan] bo‘shagan bo‘ladi. Kekirish esa avval yeyilgan taomning hazmidan xabar beradi, [biroq ich] yel va qurullashdan xoliy bo‘ladi. Yolg‘on ishtahaning belgisi esa bunga qarama-qarshidir. Hali yeyish istagi biroz boqiy ekan, [yeyishni] bas qilish kerak. Kishi o‘zini zo‘rlab yeyishdan tiyishi lozimki, zo‘rlab yeyishda zarar juda ko‘p. Xilni ko‘paytirish, ya’ni bir necha xil ovqatni bir vaqtning o‘zida yeyish, yeyish zamonini cho‘zish, ya’ni ovqat yeyilayotgan muddatini uzaytirish zo‘rlab yeyish zarariga yaqindir. Hakimlarning aytishicha, taom yeyishda eng yaxshi navbatlar shundayki, ikki kunda uch marta [ovqat] yeyiladi. Birinchi kuni ertalab va kunning oxirida, ikkinchi kuni peshin namozi [vaqti]da. Bu Shayxning (Shayx – Abu Ali ibn Sinoning laqabi. (Ushbu maqola muallifining izohi)) ixtiyor qilganidir. Ba’zilarning aytishicha, bir kecha kunduzda ikki marta, chunonchi, ikki ovqat orasi olti soatdan kam bo‘lmasin. Ba’zilarning aytishicha, bir kecha-kunduzda ikki marta [yeyiladi]. Ba’zilarning nazarida shunisi to‘g‘riroqdir. Shirin ovqatlardan yemoq kerak, biroq ko‘p iste’mol qilmaslik sharti bilan. Taffadan (Taffa – qozonda yog‘siz qizdirish orqali iste’molga tayyorlanadigan don va boshqa narsalar. (Ushbu maqola muallifining izohi)) doimiy yemaslik kerakki, u taomga bo‘lgan xohishni yo‘qotadi va hafsalasizlik paydo qiladi. Nordon narsalardan [doimiy yemaslik kerakki], odamni tezda oriqlatadi va ozdiradi. Shirinlik esa ishtahani yo‘qotadi va badanni qizdiradi. Tuzlangan narsalar badanni quritadi va ozdiradi. Shirinlik zararini achchiqlik bilan, achchiqlik zararini shirinlik bilan, taffa zararini tuzlangan narsa bilan, tuzlangan narsa zararini taffa bilan yo‘qotmoq kerak. Cog‘ paytda parhez qilmaslik kerakki, sog‘liqda qilingan parhez kasallik paytida qilinmagan parhezga o‘xshaydi. Ovqat va boshqa narsalarni [bir kunda] mecha marta yeyilsa, shu odatga [qat’iy] rioya qilish lozim. Doimo yomon ovqat yeyishga odat qilgan kishilar bunga mag‘rurlanmasinlar va bu [odat]ni asta-sekin tark qilsinlar. Qon [mijozli] odamlarning ovqati sovuq va tozalovchi, safro [mijozli] kishilarniki sovuq va ho‘l, balg‘am [mijozli] kishilarniki qizdiruvchi va latiflashtiruvchi, savdo [mijozli] kishilarniki kizdiruvchi va xo‘llovchi bo‘lishi lozim. Tajribakor [tabib]lar sut bilan baliqni, qichi bilan sarimsoqni, tovuq go‘shti bilan turpni, kaptar bolasi[ning go‘shti] bilan piyozni, yalpiz bilan guruchni, boqilla bilan qatiqni, asal bilan qovunni, uzum bilan kalla [gushti] ni, anor bilan harisani (Harisa – halim. (Ushbu maqola muallifining izohi)), sirka bilan guruchni aralashtirishdan, quduq suvi bilan anhor suvini ham aralashtirishdan qaytaradilar. Suvlarning afzali anhor suvidir. Anhor suvlaridan bo‘lgan eng yaxshi suv shunday suvki, unda sakkizta xislat mavjud bo‘ladi. Birinchi – toza tuproq yoki toshlar ustidan oqadi, ikkinchi – [balanddan] pastga tomon oqadi, uchinchi – uzoq manbadan kelayotgan bo‘ladi, to‘rtinchi – vazni yengil bo‘ladi, beshinchi – [hajmi] ko‘p bo‘ladi, oltinchi – shirin bo‘ladi, yettinchi – tez [oquvchi] bo‘ladi, sakkizinchi – janubdan shimolga va g‘arbdan sharqqa tomon yurgan bo‘ladi. Buloq suvi g‘alizlikdan xoliy emas, chunki u latiflantiruvchi quyosh [nuri] va shamoldan uzoqdir. Koriz suvi buloq suvidan yomon, quduq suvi buloq suvidan, koriz suvi daryo suvidan [yomondir]. Suvni ovqat hazm bo‘lishga boshlanganda ichish mumkin va buni ikki astronomik soat deb taxmin qiladilar. Meva ustiga, xususai, qovun ustiga, jinsiy aloqa va hammomdan so‘ng va ovqat orasida suv ichilmaydi, biroq me’dasi issiq kishilargina ichishi mumkin. Me’da issiqligining alomati shuki, ovqat orasida suv ichilsa, [ovqatga] xohish kuchayadi va hazm qilishda nuqson hosil bo‘lmaydi.
Olti zarur narsadan uchinchisi harakat va harakatsizlik. Badan harakati mo‘tadil [o‘rtacha] bo‘lsa, badanni ovqat qabul qilishga tayyorlaydi, yumshoq rutubatlarni yo‘qotadi va bo‘g‘inlarni, pay va bog‘ichlarni baquvvat qiladi, barcha moddiy va mijoziy kasalliklardan omon saqlaydi. Harakatsizlik hazmga va harakat esa ovqatning o‘tishiga yordam qiladi. Riyozat vaqti [bu badanni harakat qildirishdan iborat] ovqat [me’dadan] o‘tgandan va to‘liq hazm hosil bo‘lgandan keyindir. Buning belgisi esa tabiatning yana ovqatga va boshqa narsalarga moyil bo‘lishidir. Yuzning qizarishi o‘rtacha riyozatga dalil bo‘ladi, sarg‘ayish esa ko‘pligiga. Har qanday a’zoning riyozati kuchli bo‘lsa, xususan, riyozatning turiga qarab, [o‘sha a’zo] baquvvat bo‘ladi. Masalan, narsalarni ko‘tarib tashishda badan riyozati kuchli bo‘lsa, og‘ir narsalarni ko‘tarishda [gavda] kuchli bo‘ladi. Har bir a’zoning o‘ziga xos riyozati bo‘ladi. Ko‘krak riyozati esa o‘qishdir. Bunda sekin o‘qishdan ohista baland ovozda o‘qishga o‘tiladi, chunki to‘satdan boshlangan kuchli ish zararli va charchatuvchi bo‘ladi. Eshitish riyozati – o‘tkir, og‘ir yoki shu ikkovining o‘rtasida bo‘lgan yoqimli muzikalarni eshitishdir. Ko‘z riyozati esa mayda [yozilgan] xatlarni o‘qish, uzoq joylarga, xususan, yoritilgan joylarga qarashdir. Yig‘i o‘rtacha bo‘lsa, nafsoniy ruh siqilsa ham, so‘ng yana yoziladi, bunda miya ifloslashgan va og‘irlashgan bo‘lsa, chiqindilardan mavjudlari yosh orqali chiqib ketadi. Otda yurish o‘rtacha bo‘lsa, u butun badan riyozati hisoblanadi. Uning qizdirishidan ko‘ra tarqatishi ko‘proq bo‘ladi. Kasaldan yangi turayotganlar uchun qolgan kasallikni [butunlay] haydashda foyda qiladi. Yana rojih va muhud bilan tik turgan, o‘tirgan va yonboshlagan holda tarajjuh qilish badanning to‘lik; riyozatidir. Tarajjuh – qimirlash va tebranish, rojih esa arjuhning ko‘pligi, arjuha esa mahd [beshik]ning boshqa nomi bo‘lib, [forscha] goz [arg‘imchoq, belanchak]dir. Yana otda chopish ham badanning to‘liq riyozatidir. Ammo, u kuchli riyozatlardan bo‘lib, tarqatishi va qizdirishi ko‘p. Chavgon o‘yini badan hamda jon uchun barobar riyozatdir, bordi-yu, go‘y kichik yoki katta bo‘lsa ham, chunki u badanga tashqi tomondan oshkoro riyozatdir. Ammo, boshqa tomondan, jonga riyozatligi shundaki, unda g‘alabadan shodlanish va yutqizishdan g‘amginlik bor. Bu [o‘yin] riyozat tufayli jon ishiga bir ta’sirdir, chunki u badan harakati orqali bo‘ladigan maxsus riyozatdir. Bu esa bundan avval ma’lum bo‘ldi. Otda musobaqa qilish ham badan va jon uchun umumiy riyozatdir. Kemada yurish ham badan uchun umumiy riyozat bo‘lib, quyuq va suyuq xiltlarni harakatga keltiradi va eski kasalliklar, chunonchi, moxov va sariq kasalligini yo‘qotadi. Me’dani quvvatlantiradi. Undan ko‘ngil aynish va qusish hosil bo‘lsa, chiqindilarni chiqarish bilan katta foyda yotqizadi. [Biroq qusish] haddidan oshmasa va zaiflik xavf solmasa, [qusishni] bo‘g‘maslik kerak. Uqalash [massaj] ham riyozat turlaridan hisoblanadi. Uning xillari oltita: qo‘pol, yumshoq, qattiq, muloyim, ko‘p va oz. Qo‘pol uqalash chiqindilarni tarqatadi, yuz rangini qizartiradi, badanni semirtiradi, biroq [bu bobda] qattiq [uqalash]dan kamroqdir, Qattiq [uqalash] a’zolarni qotiradi, chiqindilarni tarqatadi. Muloyim [uqalash] a’zoni sustlatadi, [chiqindilarni] ozgina tarqatadi, xolos. Ko‘p [uqalash] chiqindilarni [yaxshi] tarqatadi, oz [uqalash] chiqindilarni uncha tarqatmaydi. Riyozat – «tayyorlovchi» [iste’dod] va «qaytaruvchi» [istirdod] o‘rtasida bo‘lishi kerak. Tayyorlovchi uqalash shundayki, yumshoq uqalash asta-sekin qattiq [uqalashga] yetkaziladi. Qaytaruvchi uqalash shundayki, qattiq [uqalash]dan yumshok [uqalash]ga qaytiladi.
Olti zarur narsadan to‘rtinchisi nafsoniy harakat va [harakatning] to‘xtashi. Nafsoniy harakat ruhning birdaniga, masalan, g‘azablanganda yoki oz-ozdan xursandchilikda harakat qilishidir. Yoki [uning harakati] birdaniga ichkariga, masalan, qo‘rqishda yoki oz-ozdan xafa bo‘lganda yuz berishidir. Yoki [uning harakati] tashqariga ham, ichkariga ham bo‘ladi, masalan, uyalgan paytda. Nafsoniy harakatda [ruh harakati gavdani] ham qizdirishi, ham sovutishi mumkin. Nafsoniy harakatning oshib keti[ning oxiri] halokatlidir. Nafsoniy harakatning tuxtashi esa sovutuvchi va aqlni pastlatuvchidir.
Olti zarur narsadan beshinchisi – uyqu va uyg‘oqlik. Och qorin bilan uxlash ruhni tarqatish bilan sovutuvchidir. Kunduzgi uyqu rangni buzadi, nafsoniy quvvatlarni bo‘shashtiradi, taloqning kattalashuvini paydo qiladi. Agar odat qilingan bo‘lsa, uni birdaniga tark qilmay, asta-sekinlik bilan tark qilinadi. Ortiqcha uyqusizlik miyani zaiflashtiradi va quvvatni tarqatib yuborishi bilan hazmni buzuvchidir. Mudrash tabiatni hayronlikda qoldiruvchi hamda [qorindagi] ovqatni buzuvchidir.
Olti zarur narsadan oltinchisi – bo‘shalish va bo‘shalmaslik. Ortiqcha tabiiy bo‘shalish badanni qurituvchi va sovutuvchidir. Chunki undan ho‘lliklar va ruhlar tarqab ketadi. Notabiiysi qizdiruvchi va ho‘llovchi bo‘lishi mumkin. Chunonchi, chiqayotgan xilt sovuq va quruq bo‘ladi, chiqishiga yaqin esa badanga harorat va ho‘llik hokim bo‘ladi. Bu esa harorat va ho‘llikning qo‘zg‘olishiga zid holat, ya’ni sovuqlik va quruqlikning zavol topishidir. Ushlab turish [bo‘shalmaslik] haddidan oshganda tiqilma, chirish, ishtahaning yo‘qolishi va badanning og‘irlashuvi yuz beradi.
Xotima. To‘qqiz yuz qirq to‘rtinchi yilda (Milodiy yil bo‘yicha 1537 yil. (Ushbu maqola muallifining izohi)), Maqsad yuzi tugash ko‘rinishini topdi. Bu ojiz [risola] butun olamning – * Kattasiga ham, kichigiga ham foydali bo‘lsin!
Hasanov, M. Sharqshunoslik, № 1, 1990. –T.: «Fan» – 168 b. – B. 50-59. (O‘zbekcha); Трактат о шести необходимых вещей.
Fikr qoldirish#