Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Akbarshohning rajputlar malikasiga uylanishi

1562-yilda Akbarshoh rajputlar xonadoni vakilasiga uylandi. Malika Ajmar viloyatidagi Anbor muzofotining hukmdori kachiva qavmi sardori roja Bixari Malning qizi edi. Bu uylanishning tarixi Humoyunshohning vafoti vaqtiga borib taqaladi.


Humoyunshohning vafoti xalqqa e’lon qilingan kunlarning birida marhum Shershoh surning qullaridan biri bo‘lgan Hojixon ismli amir Narnal qal’asini qamal qildi. Bu qal’ani Humoyunshoh Majnunxon ismli amiriga jog‘ir sifatida in’om etgandi. Qamal jarayonida Majnunxon va uning odamlari katta talafot ko‘ra boshlaganlarida bundan xabar topgan roja Bixari Mal o‘z ta’sirini o‘tkazib, sulh tuzishga erishgan va Humoyunshohga qarashli bu qal’ani vayron bo‘lishdan saqlab qolgan edi. O‘shanda Majnunxon Akbarshoh huzuriga beshikast yetib kelgach, bu mojaroda roja Bixari Malning nomi, obro‘si va martabasi tufayli qo‘shin qurbonsiz saqlab qolinganiga shohning diqkatini jalb qilgandi. Shundan keyin podshoh Bixari Malni Dehlidagi saroyiga taklif qilib, uni ancha siylagandi.


Kunlarning birida Akbarshoh odatdagicha mast filni minib mashq qilayotganda uni tomosha qilayotganlar filning harakatidan qo‘rqib, har tomonga qochadilar. Biroq rajputlar fildan cho‘chimay, o‘z o‘rinlarida turaverardilar. Ularning qo‘rqmasliklari Akbarshohning e’tiborini qozongandi.


1562-yilning yanvar oyida Akbarshoh Ajmar viloyatidagi Xo‘ja Muiniddin Chishtiy hazratlarining qabrini ziyorat qilishga otlandi. Ajmar sari yurish davomida uning ishonchli saroy ayonlaridan biri Chig‘atoyxon Mevot hokimi Sharafiddin Husayn Mirzo Anbor qal’asini zabt etish niyatida ekani va shu bois Bixari Mal oilasini ta’qib qilayotganini, Bixari Mal esa qo‘rquvdan adir tomonga chekinganligini aytib qoldi. Shoh qarorgohi Sanganir degan joyda to‘xtab turgan paytda Chig‘atoyxon Bixari Mal va uning bir necha qarindoshlarini Akbarshoh huzuriga boshlab keldi. Sharafiddin changalidan o‘zini saqlash va xavfsizligini ta’minlash maqsadida, Bixari Mal katta qizini Akbarshohga taklif qildi va Akbarshoh bu taklifni qabul qildi. Shundan so‘ng shoh Ajmar sari yurishini davom ettirdi. Bixari Mal uning safardan qaytishida bo‘ladigan to‘y marosimiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Ambor qal’asi tomon yo‘l oldi. Ajmardan qaytishda shoh va uning mulozimlari Sambxor degan joyda to‘xtab, o‘sha yerda to‘y qildilar va Akbarshoh rajput malikasiga uylandi. Keyinroq bu malika taxt vorisi shahzoda Salimni tug‘ib berdi.


Bu uylanish kelajakdagi voqealar rivojiga katta ta’sir ko‘rsatadigan hodisa bo‘lgandi. Rajput shahzodasi birinchi bor o‘z qizini musulmon hukmdoriga turmushga bergandi. Shuningdek, musulmon oilasida rajput ayol (kelin) musulmon diniga o‘tkazilgandi. Haqiqatan o‘shandan keyin shoh bir necha hindcha urf-odatlarni ham qabul qildi. Bu haqda keyinroq batafsil to‘xtaymiz. Bunda o‘zining turli diniy qarashlarga asoslangan dunyoqarashi asosida ish tutgandi. Biroq qisman bo‘lsa-da, Akbarshohdagi bu qarashlarning shakllanishida uning hind xotinlarining ham ma’lum darajada ta’siri bo‘lgandi. O‘n to‘qqiz yoshli podshoh yigit o‘zining rajputlar bilan bo‘lgan aloqasidan keyinchalik saltanatining rivoji maqsadida ustalik bilan foydalanganini ko‘rib, uning naqadar aqlli va dono yigit bo‘lganini tan olasiz.


To‘yning ertasiga Bixari Malning o‘g‘li Bxagvan Das va uning boqib olgan farzandi Man Singxlar darhol saroy ayonlari ro‘yxatiga kiritilib, saroy xizmatiga olindi va ular Akbarshoh bilan birga Agraga keldilar. 13 fevral kuni u ham 150 milyalik masofani uch kunda bosib o‘tib, poytaxtga yetib keldi.


Vaqtlar o‘tib, roja Bxagvan Das davlat bayrog‘i va nog‘orasiga beriladigan imtiyozlardan foydalanish nasib etgan birinchi hind bo‘lgan bo‘lsa, Man Singx 7 ming sarbozga qo‘mondonlik qilish huquqiga ega bo‘lgan hind lashkarboshi mavqeiga ko‘tarildi. Millatiga ko‘ra boburiy shahzodalar sulolasiga mansub bo‘lmagan mansabdor uchun bu misli ko‘rilmagan yuksak daraja edi. Akbarshohning rajput malikasiga uylanishi rajputlar bilan qudachilik qilishga yo‘l ochib berdi. Malika mansub bo‘lgan kachiva qavmiga bo‘lgan shohona munosabat ko‘pchilik rajputlarni boburiy podshoh bilan (keyinchalik shahzodalar bilan ham) qudachilik qilishga unday boshladi. Rajputlar Akbarshohda hududlarini bosib olish yoki ularni kamsitish niyati yo‘qligini anglay boshladilar. Ulardan faqat Akbarshohni o‘zlarining hukmdori deb tan olish talab qilinardi, xolos.


Boburiylar tomonidan Hindiston taxtidan quvilgan afg‘on sultonlari Akbarshohning eng ashaddiy dushmanlari bo‘lib qolaverdi. Lekin eng katta xavfni uning bebosh va qiziqqon markaziy osiyolik amir va beklaridan kutish mumkin edi. Bu toifaga uning o‘gay ukasi, Kobul hokimi Hakim Mirzo ham kirardi. Shia mazhabidagi amir va beklardan xavfsiramasa ham bo‘lardi, chunki ular hozir egallab turgan mavqeidan mamnun edilar. Biroq Akbarshohning eng ishonchli hamrohlari rajputlar edi. Bu jangari tabiat kishilarning Akbarshohni o‘z hukmdori deb tan olishi ko‘pchilikni tashkil etuvchi hindlar tabaqasini bo‘ysundirish va boshqarish masalasini osonlashtirar edi.


Berk S.M. Akbarshoh – Boburiylarning eng buyugi / ingliz tilidan G‘. Sotimov tarjimasi; mas’ul muharrirlar: H. Boltaboyev, M. Mahmudov. –T.: MUMTOZ SO‘Z, 2009. – B. 69-71. (O‘zbekcha);

Женитьба Акбаршаха на королеве раджпутов. В кн.: Берк С.М. Акбар-шах – самый Великий из Бабуридов.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0