O‘zbekistonda mustaqillik sharoitida tasviriy san’atga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgach, uning barcha sohalarida katta ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. 1995 yil O‘zbekiston hukumatining maxsus qaroriga ko‘ra Sharqning buyuk musavviri ustod Kamoliddin Behzod tavalludining 540 yilligi keng nishonlangan edi.
1997 yil 23 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Badiiy akademiyasini tashkil etish haqida» e’lon qilingan tarixiy farmoni yurtimiz hududida qadimdan shakllangan, jahoniy shuhrat qozongan nafis san’atlar maktablarining noyob an’analarini avaylab-asrash, o‘rganish, boyitib borish, milliy tasviriy, amaliy, miniatyura san’atimizning nodir durdonalarini dunyoga olib chiqish va targ‘ib qilish, ulardan xalqimiz ongida milliy g‘urur va iftixor, istiqlol va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish yo‘lida keng foydalanish, zamon talablariga mos badiiy ta’lim tizimini barpo etish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, akademik ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan edi.
1997 yilning 23 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Buyuk musavvir Kamoliddin Behzod tavalludining 545 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilindi. Unga muvofiq 2000 yili YUNESKO homiyligida Toshkentda xalqaro «Kamoliddin Behzod va Sharq miniatyura san’ati» mavzuidagi konferensiya tashkil qilinib, unda yigirma uchta xorijiy mamlakat olimlari ishtirok etdi, ma’ruzalar to‘plami, «Kamoliddin Behzod 545 yilligi» albomi chop etildi, maxsus ko‘rgazma tashkil etildi.
2001-2004 yillari YUNESKOning O‘zbekistonga ajratgan granti asosida «Sharq miniatyuralari» nomli uch jildlik katalog ingliz tilida nashr etilgan bo‘lib, ularda 113 noyob qo‘lyozma ziynatlari va ilova rasmlari tavsifi o‘rin oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 1 martdagi Farmoyishiga binoan buyuk musavvir tavalludiga 550 yil to‘lishi munosabati bilan «Kamoliddin Behzodning jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni» mavzuida ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi, badiiy ko‘rgazma tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 23 dekabridagi 559-sonli Qaroriga binoan 2002 yili Kamoliddin Behzod nomidagi memorial bog‘-muzeyi tashkil etildi va 2010 yil 28 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida» 1997 yil 11 martdagi 131-sonli Qaroriga qo‘shimchalar kiritish haqida» qarori qabul qilindi va unga muvofiq memorial bog‘-muzey O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi tarkibiga kiritildi.
Xususan, sharq nafis san’at namunasi bo‘lmish miniatyura va xattotlik qayta tiklandi, yoshlarning uni o‘rganishga qiziqishi kuchaydi, maxsus badiiy ta’lim va oliy ta’lim maskanlari Respublika Badiiy va Dizayn kollejlarida, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida o‘qitilmoqda.
Sharq nafis san’at tarixi deganda, faqat X-XX asrlardan bizgacha yetib kelgan mumtoz namunalarning aynan o‘zigina emas, balki o‘sha davrlarda yaratilgan yozma manbalar, badiiy va ilmiy asar, tarixiy solnomalar hamda nafis san’at ustalarining maxsus risolalari: «Rangtasvir ustalarning risolasi» (XIV-XV asrlar yodgorligi), Sulton Ali Mashhadiyning «Xattotlik haqida riso- la», Do‘st Muhammad Hiraviyning «Holoti hunarvaron» (Xattot va rassomlar holati haqida risola), Qozi Ahmad Qumiyning «Gulistoni hunar» (Xattot va rassomlar to‘g‘risida risola), Sodiqbek Afsharning «Qonun us-suvar» («Surat chizish qonuni»), Shermuhammad Munisning«Savodi ta’lim» va boshqa asarlarda mavjud ma’lumotlarni ham jiddiy o‘rganish nazarda tu- tiladi. Chunki, bular va shunga o‘xshash asarlarni puxta o‘rganmay turib, sharq nafis san’atlar xususiyatlari va estetikasini yaxshi tushunish mumkin emas.
Shuningdek Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkirat ush-shuaro», Abdurahmon Jomiyning «Dastxat maktublari», Alisher Navoiyning «Xamsa» dostonlari, «Xazoyin ul-maoniy» devonlar majmuasi, «Majolis un-na- fois», «Mahbub ul-qulub», «Munshaot» kabi asarlari, G‘iyosiddin Xondamirning «Makorim ul-axloq», «Xulosat ul-axbor», «Nomai nomiy» («Mashhur nomalar»), Zahiriddin Muham- mad Boburning «Boburnoma», Mirzo Muhammad Haydarning «Tarixi Rashidiy», Hasanxoja Nisoriyning «Muzakkiri ahbob» («Do‘stlar yodnomasi»), Abulfazl Allomiyning «Oyini Akbariy» («Akbar qonunlari») va boshqa yozma manbalarda ham qimmatli ma’lumotlar mavjud. Ulardagi ma’lumotlar mutaxassislar tomonidan to‘liq o‘rganilgan deyish qiyin.
Buyuk Sharq mutafakkirlari Abu Rayhon Beruniy, Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida tasviriy san’at va xattotlik to‘g‘risida juda muhim fikrlar mavjud. Bularning qimmatli asarlari, ularga ishlangan nafis mo‘jaz miniatyuralar badiiy xususiyatlari va asarlari mo‘tabar qo‘lyozmalari matni mazmunini qiyosiy o‘rganmasdan, Sharq, jumladan, o‘zbek estetik tafakkurini bilish va to‘g‘ri tasavvur qilish mumkin emas.
Mumtoz Sharq nafis san’atlari va xattotligini o‘rganmoqchi bo‘lganlar O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda bu sohada ma’lum ishlarni bajargan yirik olimlar, xususan, F.R.Martin, T.V.Arnold, B.Grey, J.Vilkinson, I.Shukin, B.Robinson, M.Bayoniy va boshqalar tadqiqotlari bilan tanish bo‘lishi, ularni bilishi zarur.
Bugungi kunda o‘rta maxsus va oliy ta’limi uchun miniatyura va xattotlik bo‘yicha Davlat ta’lim standarti, namunaviy dastur va fan dasturlarini tuzishda yuqorida keltirilgan ilmiy adabiyotlarni nazarda tutish, ular to‘g‘risida o‘quvchi, bakalavr va magistrlarga ma’lumot berish kerak. Mavjud maxsus adabiyotlar, xususan, uch tomlik «Sharq miniatyuralari» katalogi (ingliz tilida, uch jildlik, 2001-2004), Sh.Patxiddinovning «Kompozitsiya» va «Miniatyura» qo‘llanmalari, Sh.Shoyoqubovning «Zamonaviy o‘zbek miniatyurasi» albomi, Z.A.Shoyunusovning «Arab xattotligi» darsligi, T.Zufarovning «Xat ta’limi» o‘quv qo‘llanmalari zamonaviy mukammal o‘quv qo‘llanmalari va darslik yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Umuman, Sharq nafis san’atlar tarixi va uslubiyati deganda, shu sohaga oid mavjud manba va ilmiy adabiyotlarni o‘rganib chiqib, uni zamonaviy pedagogik texnologiyalarga moslab, yangi qo‘llanma va darsliklarni yaratishni nazarda tutish kerak bo‘ladi.
Madraimov A. Temuriy va Boburiylar davri miniatyura san’ati rivoji.
Mas’ul muharrir va so‘zboshi muallifi: Xurshid Fayziyev
O‘zR «Fan» nashri- yoti, 2019. – … b.. – B. 7-10. (O‘zbekcha); Введение: история и методика изящней культуры Востока.
Fikr qoldirish#