Zahiriddin Muhammad Boburshoh o‘zbek-fors adabiyoti tarixida yorqin iz qoldirgan zullisonayn shoir, Movarounnahr, Afg‘oniston va Hindiston tarixi, jug‘rofiyasi, etnografiyasi, demografiyasi, iqlimi, folklori, muxtasar qilib aytganda, bu yurtlar hamda unda yashaydigan xalqlar haqida ko‘plab aniq maʼlumotlarni beruvchi qomusiy asar – «Boburnoma»ning muallifidir.
Boburning ijodi, ayniqsa, «Boburnoma» asari jahon xalqlari orasida keng shuhrat qozonib, turli tillarga tarjima qilinib chop etilgan va etilmoqda. Jumladan, Boburning devoni ayrim qo‘lyozmalar asosida bir necha bor turli o‘lkalarda nashr etildi, uning hayoti va shaxsiyati, asarlari haqida alohida maqolalar, monografiyalar, risolalaru kitoblar yozilib, har tomonlama ilmiy tadqiq qilindi.
Afg‘onistonda ham Boburni o‘rganish tarixi uzoq o‘tmishga ega- dir. Bobur Afg‘onistonni sevib, uning qalbi bo‘lmish Kobulni «xolisa», deb eʼlon qilgani va o‘limi oldidan «meni Kobulda dafn qilinglar» deb, vasiyat qilgani uning bu yurtga nisbatan bo‘lgan samimiy mehridan dalolat beradi. Boburning bunday munosabati Afg‘oniston olimlari va tadqiqotchilarining unga bo‘lgan qiziqish va ehtiromini uyg‘otdi va shoir haqida ko‘plab tadqiqotlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Prof. Abdulhay Habibiy, Ustod Salohuddin Saljuqiy, Ustod Xalilullo Xaliliylarning Bobur haqidagi yirik ilmiy tadqiqotlari shu mehru muhabbatnishonasidir.
1983 yili Boburning 500 yilligi Kobul shahrida, Afg‘oniston Fanlar akademiyasi tomonidan nishonlanib, shu munosabat bilan shoir devonining ilmiy-tanqidiy matni mufassal muqaddima, so‘zlik va izohlar bilan ushbu satrlar muallifi tomonidan tayyorlanib, chop qilindi. Bu nashrda Turkiyaning Istanbul universiteti, To‘pqopi saroyi va Muallim Javdat kutubxonalari, Parij milliy kutubxonasi va Hindistonning Rampur kutubxonasi qo‘lyozma nusxalaridan foydalanilgan. Bundan tashqari, Bangol, Istanbul, Peterburg, Toshkent va Moskva nashrlari o‘zaro solishtirilib, ularda yuz bergan xatolar ham ko‘rsatilgan edi.
Bobur devonining ushbu nashri O‘zbekistonda «Kobul nashri» nomi bilan mashhur bo‘lib, hozirgacha eng to‘liq va to‘g‘ri matn hisoblanadi. Uning asosida prof. A. Abdug‘afurov va Muhammadxo‘ja o‘g‘li Hasanxo‘ja tomonidan Bobur devonining yangi nashrlari chop etilgan (ammo Kobul nashrida ko‘rsatilgan oldingi nashrlarning xatolari bu ikki nashrda qaytadan takrorlanib, yangi matniy va matbaa xatolarga yo‘l qo‘yilgan).
Biz «Devoni Zahiriddin Muhammad Bobur»ni tayyorlayotgan vaqtda, baʼzi bir sabablarga ko‘ra, Istanbul universiteti kutubxonasida saqlanayotgan Bobur devoni qo‘lyozmasining oxirgi sahifalarini nashrga kirita olmagan edik. Yaʼni, Boburning ushbu qo‘lyozmasidagi bir qancha forscha sheʼrlari, o‘zbekcha muammolari, masnuʼ sheʼrlari, masnuʼ tarjiʼbandi (masnuʼ tarjiʼ baytga bog‘lagan sheʼrlar), mansur nomalari va o‘zbek tilida yozgan bir qancha g‘azal va tuyuqlar, ruboiy va masnaviylar, qitʼa va fardlari hamda aruz vaznlariga doir Bobur yozgan ikki sahifali matn Kobul nashriga kiritilmay qolgan edi (Oldingi nashrlar hamda Bobur devonining Kobul nashri asosida tayyorlangan so‘nggi ikki nashrda ham ushbu sheʼrlar kiritilmagan).
Bobur Xalqaro fondi bilan ham- korlikda olib borgan izlanishlarimiz samarasi o‘laroq, baxt yor bo‘lib, yuqorida aytib o‘tilgan Istanbul universiteti kutubxonasida saklanayotgan Bobur devonining to‘liq ko‘lyozma nusxasi qo‘limga tushdi. Bu nusxadan foydalanib, Bobur devoninig takmila (qo‘shimcha)sini nashrga tayyorladim. Mana endi shu nusxa asosida «Bobur Devonining Takmilasi»ni aziz o‘quvchilarga takdim etmokdamiz.
Bobur devonining ushbu qo‘lyozma nusxasi tavsifi quyidagilardan iborat:
* Bu qo‘lyozma nusxa 3743 raqami ostida Istanbul universiteti kutubxonasining Turkiy qo‘lyozmalar bo‘limida saqlanadi.
* Xati nastaʼliq bo‘lib, ko‘lyozmaning o‘rta sahifalaridan ikki-uch varag‘i yomonrok xat bilan yozilgan.
* Nusxa 104 varaqdan iborat bo‘lib, bezaklar, tazhiblar va jadvallari yo‘q.
* Varaqlarning bichimi 20 ga 13,5 sm. bo‘lib, har sahifada 9-13 satrgacha matn yozilgan.
* Qo‘lyozmaning kitobat tarixi maʼlum emas, ammo hijriy 935 yil nusxasining yuzidan ko‘chirilgan.
* Qo‘lyozmada Bobur sheʼriyatiga oid quyidagi asarlarni ko‘rish mumkin: «Volidiya» risolasining tarjimasi, g‘azallar, ruboiylar, masnaviylar, muammolar, matlaʼlar va fardlar. Nusxaning oxirida Boburning forscha sheʼrlari va ikki sahifadagi aruz vaznlariga doir fikrlari joy olgan.
Nusxaning 1-B sahifasidan «Volidiya» risolasi tarjimasi boshlanib, 11-A sahifasida tugaydi. Qolgan sheʼrlar quyidagicha joylashgan:
* g‘azallar 13B-42B, masnaviylar 43B-52B, ruboiylar 52B-76A, muammolar 76A-80B, qitʼalar 80B-83A, tuyuqlar 83A-84B, matlaʼlar 84B-88A, masnuʼ sheʼrlar 88A-90B, masnaviy, ruboiy va tarjiʼbandlar 91A-98B, mansur maktublar 98B-99B, forscha sheʼrlar (g‘azallar, qitʼalar, ruboiylar va fardlar) 99B-102B, aruz vaznlari haqida qaydlar 102B-104B varaqlaridan joy olgan.
Yuqorida ko‘rinib turganidek, mazkur qo‘lyozma Bobur devonlari orasida eng to‘liq va ishonchli nusxa bo‘lib, boshqa nusxalarda uchramagan sheʼriy namunalar, jumladan, tarjiʼband, masnuʼ sheʼrlar, maktublar, forscha sheʼrlar unda mavjuddir. Ushbu sheʼrlar nafaqat son jihatidan Bobur ijodini boyitadi, balki janr nuqtai nazaridan turli sheʼr- larning to‘plangani, shoir ijodining yangi qirralarini ochib beradi.
Biz bu nusxadan foydalanib, hijriy 1362 (1983 milodiy) Kobulda nashr etilgan Zahiriddin Muhammad Bobur devoniga kiritilmagan va nashrdan tushib qolgan sheʼrlarni qo‘shib, baʼzi noqis qolgan sheʼrlarni takmil qilib, merosning to‘liqroq ilmiy-tanqidiy matnini qaytadan chop qilmoqchi edik. Afsuski, hozircha bunga imkoniyat bo‘lmay turibdi. Shuning uchun ushbu kitobchada faqat Bobur devonining Kobul nashriga kirmagan sheʼrlarni kiritish va baʼzi nomukammal holda chop bo‘lgan sheʼrlarni mukammal shaklda nashr etishga qaror qildik.
Boburning forscha sheʼrlari va maktubi ushbu satrlar muallifi tomonidan tarjima kilindi. Biz bu manzum tarjimada imkon qadar Boburning tili, uslubi, qo‘llagan so‘zlariyu badiiy sanʼatlari, qofiyasi va aruziy vaznlarini saqlashga harakat kildik. Bir-ikki sheʼr tarjima qilinmay qolganining sababi sheʼrda tarsiʼ va tajnis sanʼatining qo‘llanganidir. Har bir tilning o‘ziga xos ko‘p maʼnoli so‘zlari borki, ularni boshqa tilga tarjima qilib bo‘lmaydi. Tarjima qilgan holda ham necha maʼnoli bir so‘z o‘rniga bir necha so‘zlarni ishlatish lozim bo‘ladi. Bu holatda sheʼrning go‘zalligi va shoirning mahorati yo‘qolib ketadi. Bu o‘zbekcha sheʼriy va nasriy tarjimalar o‘zbek o‘quvchilariga Boburning forscha merosibilan yaqinroq tanishish imkoniyatini yaratadi deb, umid qilamiz.
1993 yilda Boburning 510 yilligi Afg‘onistonning Jo‘zjon viloyatida tantanali bayram va ilmiy anjumanlar o‘tkazish bilan nishonlandi. Shu munosabat bilan Muhammad Halim Yorqin tomonidan «Bobur manguligi» nomli to‘plam nashr etildi. Bu kitobda Boburning Kobul nashriga kirmagan 52 muammosi ham eʼlon qilinib, jumladan, 27 muammo ushbu satrlar muallifi tomonidan yechilgan edi. Biz «Bobur devoni takmilasi» (qo‘shimchasi)da mazkur muammolarni «Bobur manguligi» kitobida ko‘rsatilgan yechimi (yana 3 muammo yechiladi) bilan birga taqdim etib, qolgan muammolarni zehni o‘tkir kitobxonlar hal qilishlariga ishonamiz.
Bobur devonining qo‘limizdagi 3743 - sonli qo‘lyozma nusxasining kopiyasi 2001 yil 14 fevralda Boburning 518 yilligi munosabati bilan Andijonda o‘tkazilgan tadbirdan so‘ng Bobur Xalqaro fondining «Bobur va jahon madaniyati» kitob muzeyida «Bobur devonining Andijon nusxasi» nomi ostida saqlanmokda.
Bobur devonining ushbu nusxasida baʼ- zi sheʼrlar va so‘zlarda keraklicha nuqta qo‘yilmagan yo nuqtalar qo‘yilganda ham o‘z joyida qo‘yilmagan, gohida so‘zlarning osti, usti yo orasida baʼzi bir so‘zlar kichikroq qilib yozilgan. Shuning uchun qanchalik urinmaylik, baʼzi joylarni o‘qiy olmadik. O‘qilmagan joylar uch nuqta (...), maʼnosi aniq ko‘rinmagan so‘zlar savol (?) alomati bilan ko‘rsatildi. Shuningdek, baʼzi joylarda biror so‘z kotib tomonidan ko‘chirilmay tushib qolgan. Sheʼrning vazni, maʼnosi va Bobur uslubi yordamida ularni to‘ldirib, ( ) alomati ichida ko‘rsatildi. Biz bu urinishlarni Boburga bo‘lgan xolis muhabbat, qadrshunoslik va cheksiz hurmatimiz yuzasidan qildik. Agar bilmay turib biror xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, Boburning pok ruhidan va barcha shoir ixlosmandlaridan uzr so‘raymiz.
Qo‘lingizdagi to‘plam 2001 yili nashrga tayyorlangan edi, biroq nashri kechikdi. 2004 yili bosmaxonaga yuborilayotgan zamonda Bobur devonining Istanbul universiteti kutubxonasi qo‘lyozmasining Anqara shahrida «Ototurk madaniyat markazi» tomonidan 1995 yili Dr. Bilol Yujil qilgan nashridan xabar topdik. Mazkur olim Bobur devonining aytib o‘tilgan qo‘lyozmasini bir to‘plamda ham faksimel, ham Turk Lotincha yozuvi bilan nashr qilib, sheʼrlarning aruziy vaznlari va grammatik tomonlarini ko‘rsatib, so‘zlik va sheʼrlarning alifboiy ro‘yxatini tuzgan.
So‘zimiz so‘ngida bu ixcham takmilani nashrga tayyorlashda menga ilmiy maslahatlar bergan barcha olimlarga, ayniqsa, uning nashrini o‘z zimmasiga olgan Bobur Xalqaro fondi raisi 3. Mashrabovga o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman.
Shafiqa YORQIN, filologiya fanlari nomzodi,
Bobur xalqaro mukofoti laureati
Bobur devoni :
Kobul nashriga takmila (Qo‘shimcha) = Bobur, Zahiriddin Muhammad. Devon. – Tsh.: Fan nashriyoti, 1994. –143 b. – B. 4-8. (O‘zbekcha); Водное слово.
Fikr qoldirish#