Akbarshohning buyuk hukmdor sifatidagi xislatlarini mukammal o‘rganishdan oldin o‘quvchida uning tashqi qiyofasi qanday bo‘lganini bilishga qiziqish uyg‘onishi tabiiydir. Uning yoshligidagi qiyofasini hech bir muallif tasvirlab bergan emas. Shu bois biz hurmatli o‘quvchi e’tiboriga Akbar balog‘at yoshiga yetganda uni yaqindan ko‘rgan va fe’l-atvorini sinchkovlik bilan o‘rgangan ikki muallifning fikrlarini havola etamiz. Jahongirshohning ta’riflashicha, otasi «...qosh-ko‘zlari qop-qora, yuzi to‘qroq bug‘doyrang kishi bo‘lgan. U o‘rtadan tikroq jussali, ko‘kragi keng, baquvvat, qo‘llari uzun, sherkelbatli kishi edi. Chap yuzida no‘xatning yarmicha keladigan qora xoli bo‘lib, uning yuziga juda yarashib tushgan edi. Aytishlaricha, bu xol omad belgisi bo‘lib, egasiga omad keltirar emish. Podshohning ovozi ulug‘vor va jarangdor bo‘lib, gapirayotganda tinglovchiga juda shirali eshitilardi. Uning xatti-harakatlari bu dunyo kishisinikiga o‘xshamas va Allohning ulug‘ marhamati aynan shu zot ustiga yog‘ilganiga ishongingiz keladi» (Jahangir, “The Tuzuki-Jahangiri or Memoirs of Jahangir”, translated from Persian by A Rogers, 2 volumes (Jahongir Mirzo. Tuzuki Jahongiriy yoki Jahongir xotiranomasi. Fors tilidan A. Rojers tarj.). Delhi, 1968, vol., 1, r. 33-34.).
Akbarshoh saroyida ma’lum muddat istiqomat qilgan nasroniy rohiblardan bo‘lmish hazrat Monserat shoh qiyofasini tasvirlab shunday yozadi: «... uning qaddi-qomati va yuz ifodasi u egallab turgan mavqei, erishgan martabasiga juda yarashib tushganki, bir qarashdayoq, podshohlik liboslarisiz ham uning buyuk hukmdor ekanini fahmlab olish qiyin emas. Uning tanasi bug‘doyrang bo‘lib, peshonasi keng va ochiq yuzli, ko‘zlari quyosh nurlari ostida jimirlab turgan dengiz kabi tovlanib, charaqlab turadi. Qoshlarining chiziqlari aniq ko‘zga tashlanmasa-da, kipriklari uzun va yoydek egilgan edi. Burni to‘g‘ri, kichikroq, lekin burun kataklari go‘yo miyig‘ida kulib turgandek keng. Burni bilan yuqori labi o‘rtasida qora xoli bor, soqolini doimo qirdirib, mo‘ylov qo‘yib yuradi. Turkiylardan farqli o‘laroq, sochlarini turmaklab, hindcha usulda uzun olib yuradi. Kulganda yuzining asl shakli butunlay o‘zgaradi. Yuz ifodasi xotirjam, osoyishta, ochiq va serviqor, biroq u g‘azab otiga minganda “dahshatli olampanoh” qiyofasiga kirardi. Boshini o‘ng yelkasi tomon biroz qiya tashlab yurardi. Qaddi-qomati kelishgan, jussasi o‘rtacha baquvvat kishi edi. Ochiq yuzli, sog‘lom ko‘rinishdagi sarvqomat odam edi. Yelkalari keng, oyoq boldirlari xiyol egilgan bo‘lib, chavandozligidan dalolat berib turadi. Chap oyog‘ini sezilar- sezilmas siltab bosardi» (Monserate, Father A, “The Commentary... on his journey to the Court of Akbar” (Hazrat Monserat. Akbar saroyiga qilingan safar sharhlari. Fors tilidan J. Hoyland tarj., S. Banerji sharhlari). Translated by J.S. Hoyland and annoted by S.N. Banerjee, London, 1922, pp. 196-197).
Berk S.M. Akbarshoh – Boburiylarning eng buyugi / ingliz tilidan G‘. Sotimov tarjimasi; mas’ul muharrirlar: H. Boltaboyev, M. Mahmudov. –T. : MUMTOZ SO‘Z, 2009. – B. 52-53. (O‘zbekcha);
Внешность Акбар-шаха. В кн.: Берк С.М. Акбар-шах – самый Великий из Бабуридов.
Fikr qoldirish#