Shoir va davlat arbobi. Boburning o‘g‘li. Adabiyot, harb va siyosat ilmlarini dastlab otasi Boburdan, so‘ngra o‘sha davrning yetuk olimlari, davlat arboblaridan o‘rgangan. Otasi hayotligida Qandahor va Kobul hukmroni edi. Bobur vafotidan so‘ng Humoyuning farmoni bilan Panjob va Hind daryosi vohasi ham unga topshirildi. Shershoh Suriy Boburiylar davlatini bosib olgach (1540), ushbu vaziyatdan foydalangan K. ukasi Hindol Mirzo bilan qo‘shilib, Agrani egallaydi. Humoyun Eronga qochib, safaviylar shohi Tahmaspdan ko‘mak so‘raydi. K. esa Afg‘onistonda ota mulkini asrab, mamlakatni obodonlashtirishga katta eʼtibor beradi. Shoirlar, olimlar, sanʼatkorlar, hunarmandlarni saroyiga chorlab, ularga moddiy va maʼnaviy jihatdan yordam ko‘rsatadi. Kobulni ilmu hunar, adabiyot va sanʼat markaziga aylantiradi. Afg‘onistonning barcha viloyatlarini qo‘lga kiritib, o‘zini podshoh deb eʼlon qiladi. O‘z nomiga xutba o‘qitib, tanga zarb qildiradi. 1545 yil Humoyun Erondan harbiy yordam olib, K. tasarrufidagi Qandahor, Kobul, G‘azna, Badaxshonni egallaydi. Jangda K. yengilib, asirga olinadi. Humoyun K.ning gunohidan kechib, unga Ko‘lob hokimligini beradi. Ammo 1 yildan so‘ng Humo- yunning Balxga ketganidan foydalangan K. yana akasiga qarshi chiqadi. Kobul yaqinidagi Tangihoda bo‘lgan jangda K. yengilib qochadi (1550), ukasi Askariy Mirzo asirga olinadi. K. pushtunlar qabilasining sardori Odam Kaxkardan yordam so‘raydi. Odam Kaxkar pushtunlarning mehmondo‘stlik odatlariga xilof ravishda K.ni Humoyunga tutib beradi. Humoyun yana K.ning gunohidan kechmoqchi bo‘lganida, arkoni davlat bunga yo‘l qo‘ymaydi. Natijada Humoyun K.ni ko‘ziga mil torttiradi. K. Kaʼbani ziyorat qilib, 3 yil Makkada yashaydi va shu yerda vafot etadi. U Muhammad (s.a.v.)ning kat ta zavjalari Xadicha qabrining oyoq tomoniga dafn qilinadi. K. devonining 3 ta qo‘lyozma nusxasi saqlanib qolgan. Ulardagi turkiy sheʼrlar: 40 g‘azal, 21 fard, 26 ruboiy, 3 qita, 9 masnaviy va tarkibband (1114 misra). Dariy tilidagi sheʼrlar: 26 g‘azal, 22 fard, 4 ruboiy, 3 qita, 4 masnaviy (346 misra). Devonining qo‘lyozma nusxalariga kirmagan dariy tilida bitilgan baʼzi g‘azal, ruboiy va fardlar turli tazkira va bayozlardan topilgan. K.ning hozirgacha maʼlum dariy tilidagi sheʼ- rlari 418 misradan iborat. K. otasi Bobur kabi, asosan, g‘azal janrida ijod qilgan. G‘azallarida ko‘proq sufiyona qarashlar aks etgan («Zihi har zarradin husnung huvaydo...»). Borliq va undagi barcha narsa-hodisalar Yaratganning tajallisi bo‘lib, butun olam o‘zining turli shakllarda tovla- nishidan boshqa narsa emasligi kabi maʼlum darajada panteizmga yaqin turuvchi g‘oyalarni ilgari suradi. Shoirning masnaviylari, asosan, irfon va tasavvuf, hikmat va pand-nasihat, axloqiy va maʼnaviy mavzularga bag‘ishlangan. K. devoni qo‘lyozma nusxalari Hindistonning Pat (Xudobaxsh kutubxonasi, inv. № 470) va Kalkutta (Osiyo jamiyati qo‘lyozmalar fondi, inv. № 668) shaharlari- da saqlanadi.
As.: Devon, T., 1993. Ad.: Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993; Fayziyev T., Temuriylar shajarasi, T., 1995. Habib ABDUNAZAR. // O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 12 tomlik. –T.: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat milliy nashriyoti, T, 2000-2006, t.4, 2002, 704 b. – B. 688-689. (O‘zbekcha); Комрон, Комрон Мирзо.
Fikr qoldirish#