Bobur va uning avlodlariga nisbatan qo‘llanib kelinayotgan, ilmiy jihatdan yanglish atama. Uning kelib chiqishi haqida turli versiyalar mavjud V.Tekston: Boburiylar o‘zlarini «Go‘ragoniylar» ( گ روکانیان , Gur(a)kanian – Amir Temur sulolasining davomchilari) deb hisoblashgan va shunday ataganlar. «Buyuk Mo‘g‘ul» atamasi Alfonso Albukerk Goa orolini bosib olganidan keyin (1503 y.) Hindistonda o‘rnasha boshlagan yevropaliklar tomonidan qo‘llana boshlangani ehtimolga yaqin. Masalan, italiyalik sayyoh Nikkolo Manuchchi (1639–1717 yy.) Hindiston yarimoroliga qilgan sayohati to‘g‘risidagi xotiralarini hatto «Buyuk Mo‘g‘ul» nomi bilan nashr ettirgan.
Yevropalik havaskor tarixchilarning bu xatosi hindshunos olimlar tomonidan qabul qilib olingan va hamon G‘arb tarix fanida iste’molda bo‘lib kelmoqda. Garchi boburshunos mutaxassislarning mutlaq ko‘pchiligi o‘z tadqiqotlarida Boburga nisbatan «mo‘g‘ul» etnonimi to‘g‘ri emasligini qayd eta boshlagan bo‘lsalar-da, Boburiylar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi ommaviy nashrlar, jumladan, Internet saytlarida mutlaq ko‘pchilik tomonidan Bobur va Boburiylarni «mo‘g‘ullar» deb atash odati davom etmoqda. Masalan, «Mo‘g‘ul imperatorlari musulmon bo‘lib, Chingizxonning Chig‘atoyxon va Temur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodlaridir» (Wikipedianing Mugal Empire sahifasidan; 2013 y.). Bu jumlada Chingizxon Amir Temurdan oldin zikr etilayotgani o‘quvchini beixtiyor Boburga Chingizxon ota tomonidan ajdod degan fikrga undaydi.
Shubhasiz, «Buyuk mo‘g‘ullar» atamasi tarixiy haqiqatga ham, sog‘lom mantiqqa ham zid. Birinchidan, «Boburnoma»ning bir necha o‘rnida Bobur o‘zini turkiy qavmiga mansubligini ta’kidlagan:
– Bobur Biyona amiri Nizomxong‘a yuborgan farmonida o‘zini turkiy qavmga mansubligini ta’kid etgan («B.», 298a).
– Bobur, asosan turkiy, ya’ni eski o‘zbek tilida ijod qilgan, mo‘g‘ul tilini esa bilmagan: «Ul mo‘g‘ul bo‘z bog‘lag‘on o‘yning o‘rta iligini ilgiga olib, mo‘g‘ulcha nimalar deb tuqqa ishora qildi» (100b). (Bu lavha munosabati bilan shunisi diqqatga sazovorki, Bobur o‘z ona tilidan tashqari fors va arab tillarini yaxshi bilgan, umrining oxirida Hindistonda yashagan davrda hind tiliga ham qiziqqan; q. Mulama’).
– «Tavba» farmonidan: «Sabili musta’minoni ziloli otifati podshohi az turk va tojik va arab va ajam va hindi va forsi va raiyat va sipohi va koffai umam va ommai tavoifi bani odam on ki...» (Podshoh (Bobur)ning mehribonchiligiga sig‘ingan turk, tojik, arab, hindi, forsiy fuqaro va sipohi – butun millatlar, hamma inson toifalari...; (314a). Bu lavhada sanalgan Boburning qo‘l ostidagi elatlar ro‘yxatini munshiy Shayx Zayn aynan turklar (ya’ni bugungi o‘zbeklar)dan boshlagan, mo‘g‘ullarni esa, uning qo‘l ostida ko‘plab mo‘g‘ullar xizmat qilganiga qaramay, zikr etishni lozim topmagan.
– 935 hijriy yilning oltinchi rabi’ul-avval (1528y. 18 noyabr) kuni Bobur Agrada uyushtirgan to‘yga Safaviylar, Shayboniylar va qo‘shni hind hukmdorlarining vakillari taklif etilgan, ammo Koshg‘arda hukm surayotgan Chingiziylar vakillari taklif etilmagan (351b).
– «Mo‘g‘ul, bovujudkim, suv bilmas, jiba bila daryodin ot yoldab o‘tar» (374a). Bobur esa, aksincha, suzishni yaxshi bilgan va sevgan: «Ushbu kun Gang daryosini qo‘l solib o‘tdim. Bir qo‘lni sanadim: o‘ttuz uch qo‘l bila o‘ttum. Yana tinmay uzub (suzib) bu yuzga ham o‘ttum. Bori daryolarni uzub (suzib), kechib edim, Gang daryosi qolib edi» (363b).
Ikkinchidan, «Boburnoma»ning o‘ndan ziyod joyida Boburning mo‘g‘ullarga nisbatan salbiy munosabati bayon qilingan. Bir necha o‘rinda bu munosabat keskin tarzda ifoda etilgan:
– «Yangikim, kutubda O‘tror bitirlar, mo‘g‘ul (G‘arbiy Mo‘g‘uliston qavmi nazarda tutilgan) jihatidin bu tarixda buzulubtur, aslo ma’mura qolmabdur» (1b);
– «Hamisha yomonliq va buzuqchiliq mo‘g‘ul ulusidin bo‘la kelgandur. Ushbu tarixqacha (Hindistonda «Boburnoma» yozilayotgan paytgacha) besh navbat mening bila yog‘iqtilar» (64b).
– «Mo‘g‘ul cherikikim, ko‘makka kelib edi, urushurg‘a toqatlari yo‘q edi. Urushmoqni qo‘yub, bizning elni o‘q talab, ottin tushura kirishtilar. Bir bu emas, hamisha badbaxt mo‘g‘ulning odati ushmundoqtur: bossa ham o‘lja olur, bostursa ham o‘z elini talab tushurub o‘lja olur» (89b, 90a).
– «Elni xud bu (Farg‘onada Bobur xizmatidagi mo‘g‘ul beklari) mufattin (fitnachi)lar va haromnamaklar andoq qilib edilarkim, va’da va vaid va nasihat va tahdid hech foyda bermas edi» (52ab).
Uchinchidan, Boburning mo‘g‘ullarga munosabati uning lirikasida ham aks etgan:
Noumid bo‘ldum, ey mo‘g‘ul, sendin,
To eshittimki, Andijon bording.
Aytg‘on so‘zga keldim, ammo sen
Yaxshi kelding demay, yomon bording («Devon», ruboiy).
Bu misollardan ko‘rinadiki, Boburni mo‘g‘ul, Boburiylarni «Buyuk mo‘g‘ullar» deb atash ilmiy asosga ega emasligidan tashqari, Boburning e’tiqodiga batamom zid. Bobur asos solgan davlat uchun «Boburiylar davlati (saltanati)», uning sulolasi uchun esa «Boburiylar» nomi to‘g‘ri bo‘ladi (Ibrohim G‘afurov, Halim Yorqin).
Abdulla A’zam.
Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi, Toshkent 2017 yil, “Sharq” nashriyot uyi.
Fikr qoldirish#