Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Boburiylar “mogol” еmaslar!

Haftanomaning shu yil 12-fevral sonida hurmatli adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻafurovning “Boburiylar “mogul” emaslar” nomli maqolasi berildi. Muallifning bu borada aytgan gaplari goʻyo mening dilimdagi fikrmlarimni ifoda etgandek tuyuldi. Bundan 35-yil muqaddam, yaʼni 1958-yili Zahiriddin Muhammad Bobirning (u vaqtlari “Bobir” bitilar edi) 475-yillik yubileyiga bagʻishlab Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining Andijonda oʻtkazilgan ilmiy anjumanida kamina yosh oʻqituvchi sifatida muzokara maʼruzasida qatnashib, jumladan, “Buyuk moʻgʻullar imperiyasi” emas, balki “Boburiylar imperiyasi” deb atash masalasiga ham toʻxtalgan edim. Oʻshanda “bu masalani ham koʻrib chiqadigan vaqt kelar” degan umumiy tarzda fikr bildirilgan edi.

Qator yillar mobaynida Bobur mavzuni chetga surib qoʻyishga sabab boʻlgan ijtimoiy-siyosiy ahvol hukm surdi. Bunday ahvol bobomiz ulugʻ Alisher Navoiyning 525-yillik yubileyi munosabati bilan sohibqiron Amir Temur shaxsini va davrini oʻrganish masalasini oʻrtaga tashlagan marhum Ibrohim Moʻminovning maʼnaviy kaltaklanishi bilan yakunlandi. Undan keying yillari ham siyosiy muhit umuman “oʻtmishni ideallashtirishga sabab boʻladigan” tarixiy mavzularni koʻtarib chiqishga imkon bermadi. Nihoyat 1980-yillar boshida Bobur ruhi biroz shod boʻlib, sobiq Markazkom 1983-yili uning 500-yilligiga atab Andijonda Oʻzbekiston FAning ilmiy anjumanni oʻtkazish haqida chiqardi. Bu qulay ijtimoiy-siyosiy muhitdan unumli foydalanib, Boburga daxldor olimlarimiz yirikroq masalani, chunonchi, Gʻarbiy Ovrupali olimlarning “Buyuk moʻgʻullar imperiyasi” deb boburiylarga bergan nomi gʻalati ekanini koʻtarib chiqishlari edi.

Аfsuslar boʻlsinki, Andijondagi yubiley tantanalariga sanoqli kunlar qolganda Markazkoʻmdan “ortiqcha tantana qilinmasin!”, degan mavzuda koʻrsatma kelib, akademiyaning vitse-prezidenti Erkin Yusupov raislik qilgan ilmiy sessiya bor-yoʻgʻi ikki soatda tugadi. 

Oradan yillar oʻtdi, yaxshi davrlarga ham mana yetib keldik, oʻtmish merosimizni ardoqlaydigan mustaqilikka erishdik. Ammo hamon bobomiz Bobur chet el yozuvlarida “mogol” va “moʻgʻul”ligicha turibdi, buyuk boburiylar imperiyasini “Buyuk moʻgʻullar imperiyasi” deb atab kelyaptilar. Biz - Bobur merosxoʻrlari esa nechundir hamon sukutdamiz. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining muxbir aʼzosi, boburshunos Sabohat Azimjonova, ardoqli olimimiz Aziz Qayumov 1958-yili oʻsha, Andijonda oʻtkazilgan 475-yillik yubiley tantanalarida markazdan qatnashgan olimlardandir. Ular meni kechirsinlaru, nega bu masalani oʻrtaga tashlamay jim yuriptilar?..

Ushbu sukunatni buzgan mazmunli maqola muallifi Ibrohim Gʻofur Boburning “moʻgʻul” atalib ketishi “Hind oʻlkalarida, Afgʻonda va keyinroq Ovrupada urf boʻlib ketgan tarixiy anglashilmovchiliklardan bittasi, deb juda toʻgʻri yozgan. Lekin, menimcha, bu “tarixiy anglashilmovchilik”ka biroz sharh berish kerakka oʻxshaydi. 

Maʼlumki, Chingizxon ulkan imperiyasini oʻz oʻgʻillari va yaqin qarindoshlariga “ulus” nomida mulk qilib taqsimlab bergan edi. XIV asrdan boshlab “ulus”lar mustaqillashib keta boshladilar. Chunonchi, Joʻji ulusi ajralib chiqib, Oltin Oʻrda davlatiga aylandi. Shuningdek, XIV asr oʻrtasida Chigʻatoy ulusi ham ajralib chiqdi va Moʻgʻuliston nomida yangi davlat paydo boʻldi.

Keyinchalik Chigʻatoy ulusi ham ikkiga boʻlinib, bir qator qabilalar, jumladan, turkiy barlos qabilasi ham Movarounnahrga koʻchib oʻtib oʻrnashdilar. Shu tarzda Chigʻatoy ulusi boʻlinib, uning shimoliy-sharqiy qismida qolgan xalqi oʻzlarini “moʻgʻullar”, mamlakatini esa “Moʻgʻuliston” deb atay boshladilar. Movarounnahr tomonida qolgan oʻtroq qavmlar esa, Ibrohim Gʻafur yozganidek, “chigʻatoyilar” deb atalib ketdi. Aslida bu nom ham izoh-munozara talab qiladi. (Bu tushunmovchilikka barham berish uchun, nazarimda tilshunoslarimizni jalb etish kerak). Bobur va boburiylar oʻsha sof turkiylarning oʻzbek qavmlaridandir. Axir Temur bobo shu urugʻdan-ku! Koʻchmanchi turkiy xalqlarni “oʻzbeklar” deb, oʻtroq turkiy xalqlarni “chigʻatoylar” deb, keyincha “moʻgʻullar” deb atalib ketishi, menimcha, avval Hindistonda odat boʻldi. Soʻng buyuk oʻlka Britaniya ixtiyoriga oʻtgach, ushbu nom Angliya orqali Gʻarbiy Ovrupoga tarqaldi. Shuning kasridan Hindistondagi Bobur imperiyasi ham “Buyuk moʻgʻullar imperiyasi” deb atalib ketdi. Shunday boʻlgach, uning asoschisi Bobur, chet elliklar nazarida, “moʻgʻul” hisoblanib kelinmoqdaki, endi bu soxta tushunchaga, nihoyat, tuzatish kiritmoq vaqti yetdi. 

Toʻgʻri, Javohirlaʼl Nerudek Hindistonning ulugʻ farzandi oʻz asarlarida “Buyuk moʻgʻullar imperiyasi” deb bu nomni muhrlab ketdi. Bu asarlar oʻrischasiga tarjima qilinib allaqachon bizga ham yetib kelgan. Shu damgacha bizlar Javoharlaʼl Neruning Bobur shaxsiga, boburiylar davlatiga nisbatan odilona bildirgan samimiy hurmati va muhabbatiga mahliyo boʻlib yuramiz va Bobur haqida nima yozsak, fikrimiz isboti uchun askarimiz Neru gaplaridan keltiramiz. Demoqchimanki, Neru shaxsiga boʻlgan umumxalq hurmatini also kamaytirmagan holda “moʻgʻul” nomining gʻalat isteʼmol qilinganligiga eʼtiborni jalb qilib qoʻyish fursati, umuman, ilm-fandagi mutelik ruhiy holatiga barham berish fursati kelmadimikan?

Ibrohim Gʻafurning “Bobur “mogol” emas” (menimcha, “moʻgʻul” yozilishi kerak) deb aytishi ayni shu jihatdan dastlabki qadam, deb oʻylayman. Biz bu yil ulugʻ inson Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligini nishonlaymiz. Shu munosabat bilan haftalik uzoq tarixdan meros boʻlib kelayotgan chalkash fikrlar, xato xulosalarni tuzatishda olimlarga ham, oʻquvchilarga ham saboq boʻladigan xayrli ishlarni amalga oshirish lozim. 


SAYFIDDIN JALIL

Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati gazetasi. 1993-yil mart oyi

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0