Bobur b-n shayboniylar o‘rtasidagi jang (1512 y. 28 apr.). Bobur 1511 y. Hisorni oladi, shu yil yozida Buxoroni egallab, okt. boshida Samarqandni qo‘lga kiritib, o‘z nomiga xutba o‘qittiradi. Buxoro hokimi Ubaydulla sulton (q. Ubaydullaxon), Samarqand hokimi Suyunchxo‘jaxon, Muhammad Temur sulton, Ko‘chkunchixon va Jonibek sultonlar Turkistonga qochadilar. Biroq, Ubaydulla sulton qo‘ldan ketgan hududlarni yana qayta olish maqsadida 1512 y. 7 apr.da Ahmad Yassaviy maqbarasi yonida yig‘in chaqirib, Movarounnahrni qaytib olishga qasamyod qiladi, uni faqat Muhammad Temur sulton va Jonibek sultonlar qo‘llab-quvvatlab, birga yurishga otlanishadi. 1512 y. apr. oxirida Ubaydulla sulton 3 ming askar b-n Yettiquduq orqali G‘ijduvonga keladi va Buxoroga hujum qiladi. Buxoro dorug‘asi Boburga xabar yuboradi. Bobur Samarqanddan 40 ming kishilik qo‘shin b-n chiqib, hech qanday xavfni xotiriga keltirmasdan Buxoroga yaqinla- shadi. Ubaydulla sulton shu yerda harbiy hiyla ishlatib, go‘yo qochgandek bo‘lib, Xorazm yo‘li tomon chekingan va Buxoro qamalini to‘xtatgan edi. Buxoro dorug‘asi Boburga «o‘zbeklar qochdi» deb xabar qilgandi. Ubaydulla sulton Buxoroning Xayrobod tumanidagi Ko‘li malik qirg‘og‘ida g‘aflatda kelayotgan Bobur lashkarlariga to‘satdan hujum qiladi. Qattiq jangdan so‘ng Bobur qo‘shini tor-mor keltiriladi. Bobur Buxoroga, ertasiga esa Samarqandga chekinadi va vaziyat mushkulligini sezib, bir kundan so‘ng oilasini olib Hisor tomonga ketadi. Ubaydulla sulton Buxoroni egallab, keyin Samarqandga keladi va o‘z nomiga xutba o‘qittiradi. Tarixchi olim Ruzbehon Isfahoniy o‘zining «Suluk ul-muluk» asari muqaddimasi-da: «Odob yuzasidan Ubaydullaxon o‘zini xuddi o‘ljasini taqsimlab bermoqchi bo‘lgan ovchiday tutdi va katta amakisi Ko‘chkunchixonga bosh xonlikni va poytaxti Samarkand taxtini berdi, Movarounnahrning boshqa yerlarini ham qarindoshlariga bo‘lib berdi», deb yozadi. Shunday qilib, 1512 y. bahorida O‘rta Osiyo temuriylar qo‘l ostidan butkul chiqib ketgan va yana shayboniylarga tobe etilgan.
Ad.: Mirza Muhammad Haydar, Tarixi Rashidi, T., 1996; Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993; Axmedov B.A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI-XVIII vv., Pismennыe pamyatniki, T., 1985. Faxriddin HASANOV.
// O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 12 tomlik. –T.: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Dav- lat milliy nashriyoti, T, 2000-2006, t.5, 2003, 704 b. – B. 179. (O‘zbekcha); Сражение в Кули-Малик между Бабуридами и Шайбанидами.
Fikr qoldirish#