Sulton Muhammad Hofiz Toshkandiy, Hofiz Ko‘ykiy (1490, okt. – 1584) – tarixchi, huquqshunos, tarjimon. Ali Qushchining nabirasi, parkentlik ziyoli Mirzo Kamoliddin oilasida tug‘ilgan. Keyinchalik Toshkent sh.ga ko‘chib kelgan. U jug‘rofiya, etnografiya, handasa, riyoziyot, falsafa, mantiq, fiqh va adabiyot sohalarining ham bilimdoni bo‘lgan. K.ning ilmda kamolot cho‘qqisiga chiqqan davri Ubaydullaxon va Abdullaxon II davrlariga to‘g‘ri keladi. Olim 10 dan ziyod asarlar yozgan. Shulardan «Risolai fi fanniy – at tafsir val kalom» («Eʼtiqodga oid ilmlar haqida risola») nomli asari qo‘lyozma holida bizgacha yetib kelgan. K. Toshkentning hoz. Sag‘bon ko‘chasidagi o‘z hovlisida qurdirgan madrasasi (q. Hofiz Ko‘hakiy madrasasi)da mudarrislik qilgan. Iroq, Misr, Suriya, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston va b. mamlakatlarda bo‘lgan. K. o‘z zamonasining ilmli va obro‘li kishisi bo‘lganligi uchun Toshkentdan to‘y munosabati b-n Hindistonga Bobur huzuriga yuborilgan (1528). Bobur «Boburnoma»da bu haqda yozadi: «Ulug‘ osh tortilganidan keyin... xoja Mirsultong‘a va o‘g‘lonlariga va Hofiz Toshkandiy va mullo Farrux boshliq Xojaning mulozimlariga va o‘zga elchilarga ham oltundin, kumushdin tarkash bila inʼomlar bo‘ldi». Shuningdek, hind tarixchisi Abdulqodir Mulukshoh Badavoniy o‘zining «Muntaxab at-tavorix» nomli tarixiy asarida keltirishicha, K. 2-marta Hindistonga boradi (1569-70), Akbar tomonidan qabul qilinadi va olimlik mahorati uchun katta tuhfalar olishga muyassar bo‘ladi. Ak- barshoh K.ni bobosi Boburni ko‘rgan tabarruk kishi sifatida ulug‘lab, Dehlidan bir kunlik yo‘lga chiqib tantana b-n kutib olgan. Badavoniy yozadi: «U Hindistondan Makkaga boradi va u yerdan Turkiyaga keladi. Turk sultoni b-n uchrashadi. Hind diyorida topgan izzat-obro‘ni u yerda ham topadi. Vazirlikka qilingan taklifni rad etib, o‘z diyori Movarounnahrga (Toshkentga) qaytib keladi va u yerda vafot etadi». Toshkentlik tarixchi Muhammad Solih Qoraxo‘ja o‘g‘lining «Tarixi jadidai Toshkand» asarida «Toshkent diyoridagi Hofiz Ko‘hakiy mahallasidan Mavlono Ko‘hakiy aqliy va naqliy ilmlarda zo‘r olim bo‘lgan. Jomiy Hirotiyning arab tili grammatikasiga oid «Sharhi mulla» asariga hoshiya yozgan. Bahs va jadal ilmining qoidalarini aʼlo darajaga yetkazgandir. Hofiz K. Toshkent aholisi va olimlarining iftixori bo‘lib, Dashti Qipchoq, Farg‘ona, Movarounnahr, Buxoro, Eron va Xurosonda keng shuhrat qozongan olimdir», deb taʼriflanadi. K. «Tarixi oliy Chingiz» («Chingizxon va uning avlodlari tarixi») asarini yozishda Juvayniyning «Tari- xi jahonkushoy» kitobidan keng foydalangan. K. Muhammad ibn Adnonning 2 jildli «Tarixi Turkiston» nomli asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan va unga baʼzi maʼlumotlarni qo‘shib boshqa nom b-n atagan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik in-tida uning «Sharhi odobul al-munozara» («Odob va axloq to‘g‘risida munozara» kitobiga sharh) kitobining arab tilida ko‘chirilgan nusxasi va arab tilida yozilgan «Favoid ziyoiya» («Munavvar foydalar») nomli sharhlangan asari saqlanmoqda. Baʼzi maʼlumotlarga qaraganda, K. Qaffol Shoshiy maqbarasiga kiraverishda o‘ng tarafga dafn etilgan. Hoz. Toshkent sh.ning Sobir Rahimov tumanida K. yashagan mahalla «Hofiz Ko‘ykiy» deb ataladi. Ad.: Munirov Q., Irisov A., Nosirov A., Toshkent tarixida baʼzi siymolar, T., 1983.
O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 12 tomlik. –T.: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat milliy nashriyoti, T, 2000-2006, t.5, 2003, 704 b. – B. 201. (O‘zbekcha); Кухаки (Куйки) Султон Мухаммад Хофиз Тошканди, Хофиз Куйки.
Fikr qoldirish#