Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Ko‘hinur – Boburning olmosi. Muqaddima.

1850 yil 29 iyun. O‘tgan yilning 6 aprelidan boshlab Britaniya bayrog‘i ostida suzayotgan, qirolicha Hazrati oliyalariga qarashli «Medea» harbiy kemasi Bombaydan boshlangan uzoq muddatli safarini yakunlab, kimsasiz Portsmut bandargohi qirg‘oqlariga kelib to‘xtadi. Kema bortida ekipaj aʼzolaridan tashqari ikkitagina yo‘lovchi bor edi. Ulardan biri Britaniyaning Hindistondagi Bosh voliysi, markiz Dalho uzining adyutanti, kapitan Ramsey va ikkinchi Dalhouzining Britaniyaning panjobdagi harbiy korpusi bilan bog‘lab turadigan vositachisi leytenat-polkovnik Meykson edi. 

 Ulkan «Medea» harbiy kemasining shunchalik olis masofadan olib kelgan yuki cho‘ntakka joylanadigan kichkina quticha edi. Qutichada nima borligini faqat kapitan Ramsey va polkovnik Meykson bilar edi. Bir necha kundan so‘ng matbuotda ushbu sirli qutichaning sir pardasi ochildi. Kemadagi yuk Ost-Indiya kompaniyasi rahbarlari tomonidan qirolicha Hazrati oliyalariga tortiq qilinishi lozim bo‘lgan afsonaviy qimmatbaho tosh – Ko‘hinur olmosi ekan. Sovg‘ani topshirish marosimi 3 iyul kuni soat to‘rtda Bukingem saroyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ekan. 

 ... 1849 yil 29 mart kuni Panjob viloyatining yosh maxarojasi Dalip Singx o‘z viloyatining britaniyaliklarga taslim bo‘lganini tasdiqlovchi hujjatni imzoladi. Ushbu hujjatning 3-moddasida dunyodagi eng mashhur olmoslardan biri Ko‘hinur (Tog‘ yog‘dusi)ning qirolicha Viktoriyaga taqdim etilishi tasdiqlab qo‘yilgan edi. 

 Dalhouzi o‘z hukmdoriga shunday satrlarni yozib jo‘natdi: «Bu g‘aroyib olmos avval boshda Dehli imperatorlari xazinasidan joy olgan; keyin Eron shohi Nodirshoh Hindistonni zabt etgach, uning qo‘liga o‘tgan. U yerdan Kobul shohlari tasarrufiga o‘tgan, undan so‘ng maxaroja Ranjit Singh tomonidan shahzoda Shoh Shujodan tortib olingan. Ko‘hinurga Hindistonni fath etishimiz ramzi sifatida qarash mumkin. Hindiston Bosh voliysi ushbu olmos nihoyat Sizning tojingizda o‘z o‘rnini topganidan mamnun ekanini bildiradi». 

 Biroq, bu olmosga o‘z egasiga omadsizlik keltiradigan tosh sifatida qarab, irim qilishgani uchunmi, bilmadim, unga o‘sha davrdagi hukmdor qirolichaning tojini bezash nasib etmadi. 1851 yilda Londonda o‘tkazadigan ulkan ko‘rgazmaga qo‘yilgandan keyin uni kesib, qayta ishlov berildi va qirolicha Viktoriyaning  bosh kiyimlaridan biriga, keyinroq qirolicha Mariyaning tojiga va nihoyat, 1937 yilda hozirgi qirolicha Yelizaveta II ning onasi Yelizaveta I ning tojiga qadaldi. 

 Bugungi kunga kelib, ushbu olmosni dunyodagi eng katta va eng go‘zal olmos, deb atash o‘rinli bo‘lmaydi. Keyingi davrlarda topilgan qimmatbaho toshlar, yaʼni hozir Britaniya hukumati xazinasida saqlanayotgan «Gullinan» (Afrikaning ulkan yulduzi) deb nomlangan olmos, Parijdagi Luvr muzeyi eksponatlari qatoridan joy olgan «Regent» deb nomlangan olmos, Moskva Kremlidagi Olmos fondida saqlanayotgan «Orlov» kabi olmos ham hajman, ham taratayotgan yog‘dusi bilan Ko‘hinurdan ancha katta va jozibador ko‘rinishga ega. Lekin Ko‘hinur boshqa qimmatbaho toshlarga nisbatan ancha boy sarguzashtlarga guvoh. Uning har bir qirrasi alohida tovlanib, ulug‘vor rang taratadi. Hindiston, Eron, Afg‘oniston va Britaniya tarixining rang-barang va g‘aroyib, yorqin sahifalarini, bu jarayonda ishtirok etgan kishilar hayotining eng muhim va hayratlanarli jihatlarini aks ettirib turadi. 

 Ko‘hinur Angliyaga olib ketilgandan keyin turli mualliflar uning kelib chiqishi haqida har xil uydirmalar to‘qidilar. Baʼzilar uning kelib chiqishini yer yuzida hayot paydo bo‘lgan davrga olib borib taqasalar, boshqalari bu olmosning topilishini Boburning Hindistonga kelishi bilan izohlaydilar. Yana boshqa bir tarixchilar uni Shoh Jahon hukmdorligi paytiga bog‘laydilar. 

 Bu olmos o‘sha «Mahabhorat» eposi qahramoni Karan va Arjuning bilaguzugidagi olmosmi? Yoki ko‘pchilik tarixnavislar va mineralogiya mutaxassislari taʼkidlaganidek, «Boburning olmosi»- mi? Ehtimol, u fransuz sayyohi va zargari Jan-Baptist Tavenniyer 1665 yilda Avrangzeb saroyida ko‘rgan “Buyuk Mo‘g‘ul” (Bu xato ibora ishlanmay qabul qilingan – “Buyuk Bobur” deb to‘g‘ri shaklda taʼriflanmagan) deb nomlangan qimmatbaho toshdir? Hali-hanuz bu borada yechilmagan taxminlar ko‘p. Biz bu qimmatbaho tosh tarixi haqida 1739 yildan eʼtiboran so‘z yuritishimiz mumkin. Zotan uning tarixi ancha ilgarigi davrga, yaʼni «Buyuk boburiylar» nomi bilan tanilgan temuriylar sulolasi vakili Boburshohning Hindistonga kelishi bilan boshlanganiga shubhamiz yo‘q. Ko‘hinur olmosi haqida birinchi bor uning «Boburnoma» asarida so‘z borgani uchun voqealar rivojini o‘sha vaqtda Kobul hukmdori bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Boburning afsonaviy va jozibador o‘lka hisoblanmish Hindiston sari yurish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan davr, yaʼni XVI asrdan boshlaymiz.


 Aminiy, IROJ. Boburning olmosi. Inglizchadan G‘ofurjon Satimov tarjimasi. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019. – 272 b. – B.3-5. 

 Ayni: Aminiy, IROJ. Ko‘hi- nur – Boburning olmosi. Inglizchadan G‘ofurjon Satimov tarjimasi. – T.: «Sharq», 2019. – 256 b. – B.7-9. (O‘zbekcha); Кохинур – алмаз Бабура.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0