Temurbek eramizning 1336-yilida Samarqanddan 30 milyacha masofada joylashgan Kesh shahrida, aniqrog‘i, Xoja Ilg‘or qishlog‘ida tavallud topgan edi. Aslida u chig‘atoy turklarining qavmlaridan bo‘lgan barlos urug‘i sardori edi. Tarixnavislarning yozishicha, Chingizxon singari Temurbek ham jangovorlik bobida tengsiz mahoratga eta bo‘lgan. Tarixda osiyolik fotihlar ham jangovor mahorati tufayli Yuliy Sezar, Aleksandr Makedonskiy va Napoleon singari dunyo sahnasidagi ma’lum va mashhur jahongirlar bo‘lib yetishdilar. Ulardan keyin ham ko‘pgina mashhur fotih sarkardalar yetishib chiqdi-yu, lekin ular dunyo miqyosida mashhur bo‘la olmadilar.
1405-yilda Amir Temur Xitoy sari yurishi davomida vafot etdi. Bu vaqtda uning qilichi Dehlidan tortib janubiy Rossiyagacha bo‘lgan hududni o‘ziga bo‘ysundirgan edi. 1398-yilda Dehliga yetib keldi va uni zabt etdi. U Hindistondan ulkan xazina, yuzlab toshkesar ustalar va juda ko‘p miqdorda fillarni olib ketdi. Hindistonlik ustalar fath etilgan boshqa o‘lkalardan keltirilgan ustalar bilan birga Amir Temurning poytaxti Samarqand va tug‘ilgan yurti Keshdagi go‘zal binolar hamda maqbaralarni bunyod etishda mehnat qildilar.
Temurbek askarlari ilgari fillarni ko‘rmagan edi. Hindistonda o‘lja olingan fillar jahongirning Misr, Suriya va Rumga qarshi yurishlarida hamrohlik qilib, unga ko‘plab muvaffaqiyatlar olib keldi.
Amir Temur Hindistonda bir necha ko‘rkam bog‘lar yaratdi va ulardan birining qoq o‘rtasiga ulkan ko‘shk qurdirib, uni o‘zining Hindistondagi janglarini aks ettiruvchi rasmlar bilan bezattirdi.
Temurning o‘g‘li Shohruh va nabirasi Ulug‘bek muhtasham binolar bunyod etish ananasini davom ettirdilar. Ular tasviriy san’at rivojlanishiga ham homiylik qilganlar. Ulug‘bek astronomiya va geografiya fanlariga ham qiziqardi. Ular hukmdorlik qilgan davrlarda Samarqand va Hirot shaharlari madaniyat, savdo va hunarmandchilik markazi sifatida taraqqiy topdi.
Temuriylar sulolasi davomchilari bo‘lmish boburiy shahzodalar bobokalonlarining me’morchilik va bog‘dorchilik san’atidan tashqari o‘z ajdodlariga xos odat va udumlarni ham Hindistonda joriy qildilar. Musiqiy va she’riy bazmlar uyushtirish, yovvoyi hayvonlarni davraga qamab ovlashning “qamargoh” deb atalgan usuli, harbiy yurishlar natijasida qo‘lga kiritilgan g‘olibiyat bayramlarini nishonlash ana shular jumlasidandir.
Berk S.M. Akbarshoh – Boburiylarning eng buyugi / ingliz tilidan G‘. Sotimov tarjimasi; mas’ul muharrirlar: H. Boltaboyev, M. Mahmudov. –T. : MUMTOZ SO‘Z, 2009. – B. 10-11. (O‘zbekcha);
Амир Темур. В кн.: Берк С.М. Акбар-шах – самый Великий из Бабуридов.
Fikr qoldirish#