Badiiy adabiyotdagi 3 asosiy adabiy tur (epos, drama, lirika)ning biri. L.da mavjud obyektiv voqelikdan ko‘ra ijodkor shaxsining his-tuyg‘ulari, qalb kechinmalari, lirik qahramonning ichki dunyosi birinchi o‘rinda turadi. Barcha ifoda shoirning «men»i orqali o‘tadi. L.da, eposdan farqli o‘laroq, muayyan epik syujet bo‘lmaydi. Dramatik turdan ajralib turadigan jihati esa, L.da subyektivlik kuchli. Ayni paytda L. emotsionalligi, o‘quvchi qalbini hayajonga solishi b-n farqlanadi. Lirik asarda subyekt va obyekt bir shaxsda mujassam topadi, undagi markaziy «personaj» ijodkorning o‘zi, yanada aniqrog‘i, uning ichki maʼnaviy-ruhiy olami sanaladi. L. ijtimoiy, madaniy, maishiy, ishqiy mavzularni qamrab olishi va juda katta ijtimoiy, estetik mohiyat kasb etishi ham mumkin. Biroq bunda ham, baribir, lirik asar o‘zagida individual shaxs kechinmalari, his-tuyg‘ulari yetakchilik qiladi. O‘quvchini o‘zligiga, o‘z maʼnaviy-ruhiy dunyosiga nazar solishga undaydi. L. qadimda xalq og‘zaki ijodi tarkibida mavjud bo‘lib, maʼlum bir mavsum, fasl yoki urf-odatlarga bag‘ishlab aytilgan. L. G‘arbda Qad. Yunoniston va Rim shoirlari ijodida, Sharqda xitoy, fors va o‘zbek shoirlari ijodida asosiy o‘rinni egalladi. Umar Xayyom, Saʼdiy Sheroziy, Atoiy, Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiylar lirik shoir sifatida shuhrat topdilar. Alisher Navoiydan so‘ng Bobur, Ogahiy, Furqatdek shoirlar o‘zbek mumtoz L.si xazinasiga munosib hissa qo‘shdilar.
O‘zME, T, 2000-2006, t.5, 2003, 704 b. – B. 285. (O‘zbekcha); Лирика (лира).
Fikr qoldirish#