Amir Temur bog‘lari – Amir Temur Samarqand atrofida bunyod ettirgan bog‘lar. Amir Temur bog‘lari xususidagi dastlabki ma’lumotlar o‘tmish tarixchilari, shoirlari, sayyohlari asarlarida uchraydi. Shuningdek, Amir Temur bog‘lari o‘rta asrlar rassomlari miniatyuralarida ham tasvirlangan.
Amir Temur bog‘lari tuzilishiga ko‘ra 2 turga bo‘lingan:
1) chorbog‘lar – geometrik (to‘rtburchak, to‘g‘ri to‘rtburchak) shaklda bo‘lib, har tomoni taxm. 1 km masofaga cho‘zilgan. Sahnidan o‘tgan ariqlar ularni teng 4 qismga ajratib turgan. Atrofidagi baland paxsa devorlarning har burchagida minora bo‘lgan. Markazda saroy joylashgan. Bunday bog‘larning darvozalari shahar tarafga qaratib qurilgan;
2) tuzilishi geometrik shaklda bo‘lmagan, tabiiy daraxtzor va chakalaklar bag‘rida barpo etilgan bog‘lar. Bunday bog‘lar hukmdor shikor (ov) qilishi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, asosiy qismi tabiiy, qo‘l tekkizilmagan holda saqlangan.
... Amir Temur Samarqandning shim.da, Cho‘ponota tepaligi etagida qurdirgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, bog‘da hashamatli bir ayvon (ko‘shk) va qimmatbaho toshlardan yasalgan taxt bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek bu bog‘ni yanada obod qilgan. Bobur shu haqda bunday deb yozadi: «Bu bog‘ning o‘rtasida (Ulug‘bek) bir oliy imorat qilibdur. Chil(qirq) sutun derlar, du (ikki) oshyona (qavat), sutunlari tamomi toshdin. Bu imoratning to‘rt burchida to‘rt manordek burjlar qo‘poribturlarkim, yuqorig‘a chiqar yo‘llar bu to‘rt burjdindur. O‘zga tamom yerlarda toshdin sutunlardir. Ba’zini morpech xiyora (burama, ko‘pqirrali) qilibturlar. Yuqorigi oshyonaning to‘rt tarafi ayvondir, sutunlari toshdan. O‘rtasi chordora uydir. Imorat kursisini tamom toshdan farsh qilibdir-lar». Bu bog‘ o‘rni hozir ham Bog‘i Maydon deb ataladi. ... Amir Temurning bog‘ qurish an’anasini temuriylardan Shohrux, Ulug‘bek, Bobur va b. ham davom ettirishgan.
O‘tkir ALIMOV.
O‘zME, T, 2000-2006, t.1. 2000, 736 b. – B. 281-282. (O‘zbekcha);
Сады Амира Темура.
Fikr qoldirish#