Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Madraimov Abdumajid Abduraimovich hayoti va ilmiy faoliyati

Abdumajid Abduraimovich Madraimov – manbashunos, san’atshunos, tarjimon, san’tshunoslik fanlari nomzodi, dotsent, tarixchi, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi bo‘lim mudiri, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti pedagogi.

Abdumajid Abduraimovich Madraimov 1946-yil 5-aprelda Andijon viloyati Andijon shahrida katta oilada tavallud topgan va u yettinchi farzand edi. U 1953-yili Andijon eski shahridagi 8o‘rta maktabning birinchi sinfiga o‘qishga kirgan va sakkizinchi sinfni tugutgach, 1961-yili shahar markazidagi 30o‘rta maktabga o‘tgan va uning o‘n birinchi sinfini 1964-yili oltin medal bilan tugatgan. 1964-yilda Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti)ning Sharq fakulteti, hind bo‘limiga o‘qishga kirib, R.Muhammadjonov va V.A.Muhammadjonovadan til bo‘yicha hamda akademik A.Rustamov, M. Baratov, tarix fanlari doktori T.G‘iyosov, falsafa fanlari doktori M.Nurmatovdan ta’lim olib, uni 1970-yili imtiyozli diplom bilan bitirgan. U hind, urdu, ingliz, fors, nemis tillarini biladi. Talabalik davrida, ya’ni 1968-1969-yillarda Hindistonning Lakhnau universitetida o‘quv amaliyotini o‘tagan. 1970-1977-yillari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida ishlagan. U dastlab prof. Hamid Sulaymon aspiranti bo‘lgan, keyin kichik ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. 1976-1977-yillari professor Hamid Sulaymon rag‘barligida tashkil etilgan O‘zbekistonga aloqador yozma manba va yodgorliklarni o‘rganish uchun Hindistonga uyushtirilgan ilmiy arxeografik ekspeditsiyada faol ishtirok etib, mamlakatning asosiy shaharlaridagi eng yirik muzey va kutubxonalar fondi bilan tanishgan. Muzeyda filologiya fanlari doktorlari M.Hakimov, B.Hasanov, S.Hasanov, filologiya fanlari nomzodi Yu.Tursunov ishlar edilar.

Abdumajid Madraimov 1978-2003-yillarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Ab-u Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida yirik olimlar akademiklar U.Karimov, B.Ahmedov, S.Azimjonova, M.Xayrullayev va boshqalar bilan ishlagan. U2003-2010-yillari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomli memorial bog‘-muzey muassasa direktori lavozimida ishlagan. 1979-yili “Tarixiy asarlarga ishlangan XVI asr oxiri XVII asr boshlari hind miniatyuralari ”(“Boburnoma” rasmlari) mavzuida nomzodlik, 2003-yili “XV-XVI asrlar Markaziy Osiyo kitobat tarixi manbalari” (“Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalari”) mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi. 2010-yil professorlik ilmiy unvonini oldi.

1990-yili Sankt-Peterburgda Rossiya FA Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg bo‘limida yirik arabshunos A.B.Xolidov rahbarligida malaka oshirgan, 2006-yili Turkiyaning Istambul shahridagi muzey va kutubxonalari bilan tanishdi.

Shuningdek, A.A.Madraimov Ozarbayjonda (Bok-u – 1983y., 1988 y.) YUNESKO tashkil etgan xalqaro simpoziumda, arxeografiya bo‘yicha Rossiyada (Qozon – 1988 y.) va Ozarbayjon (Bok-u – 1984 y.)da bo‘lib o‘tgan ilmiy konferensiyada, Rossiya (Moskva – 1989 y.)da ta’mirchilar xalqaro konferensiyasida, Hindistonda (Dehli – 2014 y.), “Buyuk ipak yo‘li shaharlari” (Qozog‘iston, Turkiston, 2018 y.) o‘zining ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. U 2010-yil 15-dekabridan 2016-yil apreligacha O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi lavozimda faoliyat yuritdi. 2016-yil may oyida O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyiga katta ilmiy xodim bo‘lib ishga kirdi va dekabr oyidan bo‘lim mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.

Abdumajid Madraimovning dastlabki risolasi “O‘zbek sovet rassomlari ijodida milliy an’analari” deb nomlangan bo‘lib, 1981-yilda chop etilgan. 1983-yil “Rasmlarda Bobir hayoti”, 2000 y. O.Usmonov bilan hammualliflikda “Kamoliddin Behzod”, 2001-yil ”Manbashunosliklikdan ma’ruzalar majmuasi”, G.S.Fuzailova bilan hammualliflikda 2006-yil “Tarixiy manbashunoslik” o‘quv qo‘llanmasi, 2007-yil kirill yozuvida ”Manbashunoslik”, 2008-yil esa shu asar lotin yozuvida O‘zbekiston faylasuflar milliy jamiyati nashriyotida chop etildi.

2015-yilda 1973-1990 yillarda yozilgan risola, maqola, taqriz va axborotlarni jamlagan “Temuriy va Boburiylar davri madaniyati, kitobat va rangtasvir san’ati tarixiga chizgilar”, 2019-yilda “Temuriy va Boburiylar davri miniatyura san’ati rivoji” nomli monografiyasi chop etilgan.

“Sharq miniatyura maktablari” nomli to‘plam (1989 y.) to‘plovchisi va asosiy maqolalar muallifidir. Shuningdek, Oriental Miniatures: Volume I: the 14th-17th centuries” (2001), “Oriental Miniatures: Volume II: the 18th-19th centuries” (2003), “Oriental Miniatures: Volume III: the 19th-20th centuries” (2004) uch jildlik “Sharq miniatyuralari” nomli ingliz tilidagi YUNESKO shafe’ligida chop etilgan kataloglarning tuzuvchilaridan biri, uni nashrga tayyorlagan, 2-3 jild kirish maqolasi muallifi va ingliz tilidagi matnning ilmiy muharriridir.

Abdumajid Madraimov “Kamoliddin Behzodning sharq madaniyati tarixida tutgan o‘rni” (2005 y.) to‘plamining mas’ul muharriri, Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy” asari noyob 1501 yilgi qo‘lyozma faksimilesi va o‘zbekcha tarjimasini (2010 y.), Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asarining o‘zbekcha tarjimasini nashrga tayyorlagan (2012 y. ikkinchi nashri 2013 y., uchinchi nashri 2018 y.). Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy” asarining o‘zbekcha tarjimasi yana 2011 (taqrizchi) va 2019-yillari shu muallifning boshqa bir “Futuvvati sultoniy” asari tarjimasi bilan qayta nashr ettirdi.

A.A.Madraimov “Sharq qo‘lyozmalari shoh asarlari” nomli ko‘rgazma katalogi (2007 y.) tuzuvchilaridan biridir. O.Bo‘riyevning “Temuriylar davri yozma manbalarida Markaziy Osiyo” mavzudagi doktorlik dissertatsiyasiga rasmiy opponent (2019, 26-avgust) bo‘lgan.

J.Rahimovning “Adolat va qudrat timsoli” (Amir Temur) kitobi (“O‘qituvchi”, 2017 y.)da tahrir hay’ati a’zosi, O.Bo‘riyevning “Farg‘ona vodiysining Temuriylar manbalaridagi tavsifi” risolasi (2018 y.) uchun mas’ul muharrir va so‘z boshi muallifidir.

“Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti to‘plami”, “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumi 7 jildi (2017 y., o‘zbek, rus va ingliz tillarida) albom-katalogining tuzuvchilaridan biridir.

Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”si miniatyuralari” (1533-yil, Britaniya kutubxonasi kolleksiyalaridan), “100 eng nodir qo‘lyozma” turkumidagi (2018 y.) o‘zbek, rus va ingliz tillarida chiqqan albom-katalogining tuzuvchilaridan biri sifatida ishtirok etgan.

Ab-u Homid G‘azzoliyning “Kimyoi saodat” asarini Hindol Madraimov va Askariy Madraimov bilan birgalikda 2019-yili fors tilidan tarjima qilib, izohlar bilan nashr qildirdi.

U chop etgan 400 dan ortiq ilmiy va ommabop maqolalarining bir qismi “Boburnoma” asari forscha tarjimasi qo‘lyozmalari, unga ishlangan miniatyuralar, Alisher Navoiy asarlarining mo‘tabar qo‘lyozmalari, Kamoliddin Behzod va Boburiylar davri hind miniatyuralarini o‘rganishga bag‘ishlangan.

U yana Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixiy Rashidiy”, V.Rahmonov va Ya.Egamova tarjimasi (2010 y.) taqrizchisi, N.V. Gilmanovaning “Kompozitsiya v izobrazitelnom iskusstve. Jivopis. Risunok. Skulptur. Arxitektura” (uchebnoye posobiye. Tashkent: “Istiqlol nuri, 2014 y.) o‘quv qo‘llanmasi taqrizchisi va ilmiy muharriri, N.V.Gilmanovaning “Nafis” (2013 y.), S.Kasimovaning “Ijodiy parvoz” (2015 y.), O. Mirzayevning “Qalbim jilolari” (2016-yil) albom-kataloglari tuzuvchisi va maqolalar muallifi, ”Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” (2014 y.)da tahrir hay’ati a’zosi va 42 maqola hamda 12 rasmning izohlar muallifidir. Tuzatilgan ikkinchi nashrda (2017 y.) ham tahrir hay’ati a’zosi, 37 maqola va 12 rasmning izohlari muallifi hamda 7ilovada keltirilgan 448 ta “Boburnoma rasmlari” ro‘yxatining tuzuvchisidir. Uning ilmiy rahbarligida Sh.Musayev va H.Aminov tarix fanlari nomzodi, N.V.Gilmanova arxitektura bo‘yicha falsafa doktori (RhD) ilmiy darajasi uchun tayyorlagan dissertatsiyalarini yoqlaganlar. Pedagog sifatida 1999-2015-yillari Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika uneversiteti tarix fakultetida, O‘zMU Falsafa fakultetining “Ma’naviyat asoslari va dinshunoslik” kafedralarida bakalavr va magistlarga ta’lim bergan, malakaviy bitiruv ishlari, magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbar bo‘lgan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida professor sifatida magistrlarga ta’lim berib, dissertatsiya ishlarining ilmiy rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda.

A. Madraimov 2018-yili Qozog‘istonning “Hazrat Sulton (Xoja Ahmad Yassaviy) muzey majmuasining 40-yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan medal sohibi, 2019-yili “I toifali Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi bo‘ldi.


Madraimov Abdumajid. Biobibliografiya. – Toshkent: «Fan va texnologiyalar nashriyotmatbaa uyi», 2020. – 196 b. – B. 3-7. (O‘zbekcha); Жизнь и научное творчество Мадраимова Абдумажида Абдураимовича.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
5.0