Mustaqillik sababli yurtimiz ma’naviy qadriyati asoslaridan biri – buyuk allomalarimiz xotiralari tiklanmoqda, asarlari tarjima va chop etilmoqda, ular haqida ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda.
Allomalarimizning aksariyat qismi tasavvuf ta’limotlari zamirida faoliyat ko‘rsatishgan. O‘rta asrlarda bu ta’limotlar markazi bo‘lgan yurtimizda Naqshbandiya, Yassaviya, Qodiriya, Kubraviya, Chishtiya va Ne’matulloiya kabi tariqatlar faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, ular orasida, ayniqsa, Naqshbandiya silsilasi Xoja Ahrori Valiy faoliyatlari ta’sirida ustuvor darajaga yetishadi.
Naqshbandiya tariqatining yirik nazariyotchi olimi, Xoja Ahrori Valiydan keyingi buyuk vakili Maxdumi A’zam bo‘lib, bu tariqatning ahamiyatini ilmiy jihatdan asoslab berdi.
Ushbu muborak zotning asl ismi Sayid Ahmad ibn Jaloluddin Kosoniy, ilmiy-kitobiy nomi Mavlono Xojagiy Kosoniydir. Xalq orasida mashhur bo‘lib ketgan tarixiy-ma’rifiy laqabi esa Maxdumi A’zam Dahbediy bo‘lgan. Naqshbandiya tariqatining mashhur murshidi bo‘lgan bu zot o‘z davrining oddiy xalqni va hukmdorlarni ergashtiruvchi rahnamosi edi. Qizig‘i shundaki, o‘sha davrning temuriy mirzolar yetakchisi, Hindiston podshosi Boburmirzo va shayboniy sultonlari sardori, Movarounnahr xoni Ubaydullaxon kabi hukmdorlari bir-birlariga dushman bo‘lishlariga qaramay, tariqiy pirlari bir shaxs, ya’ni Maxdumi A’zam edi. Shu bilan birga, Iskandarxon, Jonibek Sulton kabi bir qancha hukmdorlar ham ul zotga murid bo‘lganlar.
Maxdumi A’zam Dahbediy (1461-1542) va ul zotning tariqiy muridi, nazmdagi shogirdi, buyuk ma’rifatparvar shoir, olim va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo (1483-1530) mukammal tadqiqot talab shaxslar sifatida yurtimiz tarixida alohida o‘rin egallab kelmoqdalar.
Maxdumi A’zam va Bobur mirzolar to‘g‘risida Xoja Abulbaqoning «Jome’ul-maqomot» hamda «Boburnoma» kabi dunyoga mashhur asarlaridan tashqari, bevosita u yoki bu tarzda zikr etilgan bir qator tarixiy manbalar mavjud. Jumladan, Hasanxoja Nisoriyning «Muzakkirul-ahbob», Hofiz Tanish Buxoriyning «Sharfnomayi shohiy», Sharafuddin Husaynning «Jodatul-oshiqin», boburiyzoda shahzoda Doro Shukuhning «Safinatul-avliyo», Olim Shayx Azizonning «Lamahot min nafahot il-quds», Muhammad Yusuf Munshiyning «Tarixi Muqimxoniy», Shoh Mahmud Charosning «at-Ta’rix», Maqsud Buxoriyning «Ravoyihul-quds», Nosiriddin Buxoriyning «Tuhfat uz-zoirin», Ab-u Tohirxojaning «Samariya», Musoxonxojaning turkum asarlari, Jumaquli Urgutiyning «Manoqibi Eshoni Musoxonxoja», Kattaxonxoja Dahbediyning «Risolayi tarixi Dahbediya», Sadriddin Ayniyning «Namunai adabiyoti tojik» asarlari bor.
Bundan tashqari, zamondosh ustoz olimlarimizdan akademik Bo‘riboy Ahmedov, Boturxon Valixo‘jayev, Rasulxon Qodizodalarning bu boradagi bir qator ilmiy maqolalarini ham misol tariqasida keltirish mumkin. Shular jumlasidan, ushbu satrlar muallifi ham 1989-90-yillarda Samarqand viloyat gazetasi va respublika jurnalida e’lon etilgan maqolalari hamda 1994-yilda chop etilgan «Maxdumi A’zam va Dahbed tarixi» nomli kitobi Maxdumi A’zam va Boburmirzo tarixi va muammolari haqida ko‘tarilgan ilk yozishmalar edi.
SOHADAGI BA’ZI ILMIY CHALKASHLIKLAR
Maxdumi A’zam va Bobur mirzolar to‘g‘risida yurtimizda bir qancha ilmiy tadqiqotlar olib borilgan, ba’zi risola hamda ilmiy maqolalar yozilgan. Ammo, bu tadqiqotlarda yoritilgan jihatlar, asosan, Maxdumi A’zamning avlod va tariqiy faoliyati tarixi, Bobur mirzoning esa «Boburnoma» asari, devoni va shoirlik faoliyati bilan bog‘liqdir. Vaholanki, bu ikki zotni bog‘lab turgan rishtalar she’riyatdagi ustoz-u shogirdlik va tariqatdagi pir-u muridlik nisbatlari hozirga qadar deyarli o‘rganilmagan bo‘lib, bitta-ikkita maqolalardagina bayon qilingan xolos. Boshqacha aytganda, Bobur mirzoning zohiriy, ya’ni uning siyosiy, ijtimoiy va ijodiy faoliyati «Boburnoma» va she’riy devoni miqyosida qayta-qayta o‘rganilmoqda. Ammo, uning botiniy, ya’ni Maxdumi A’zam bilan bog‘liq tariqiy hayoti esa ilmiy tarzda, umuman, o‘rganilmagan, deyishga to‘la asosimiz bor.
«Boburnoma» asarining Maxdumi A’zam va Movarounnahr allomalari haqida yozilgan boblari (1509-yildan 1520-yilga qadar 10-yillik voqealar) yo‘qolgani sababli Boburmirzoning Maxdumi A’zam bilan tariqiy munosabati va irfoniy jihatlarini shoir g‘azaliyoti yordamida tiklash ham mumkin. Bu ish ham haligacha o‘z tadqiqot-chilarini kutmoqda.
Oxirgi davrlarda yurtimizda, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarda, hatto ba’zi taniqli olimlar tomonidan ham chalkashliklarga yo‘l qo‘yilmoqdaki, bularni isloh etish zarur va dolzarb ishdir. Maslan, quyidagi ba’zi chalkashliklarga qaratamiz:
A) Boburmirzoning Maxdumi A’zam sharafiga yozgan ba’zi ruboiy muallifligini shayboniy hukmdor Ubaydullaxon nomiga nisbat berib yozmoqdalar. Bu chalkashlikka Maxdumi A’zamning «Majmuai rasoil» to‘plamidagi Boburmirzo va Ubaydullaxonga atalgan risolalari va ulardagi g‘azallarning ketma-ket kelishi sabab bo‘lmoqda.
Shayboniy hukmdor Ubaydullaxon tomonidan piri Maxdumi A’zamga atab yozgan ruboiylari masalasiga keladigan bo‘lsak, bu nazmlar to‘g‘risida Maxdumi A’zamning «Majmuat ur-rasoil» to‘plamiga kiritilgan «Sharhi abyoti Ubaydiy» va Hasanxoja Nisoriyning «Muzakkirul-ahbob» asarlaridagi ma’lumotlar keltirilgan.
Jumladan, Hasanxoja Nisoriy yozadi: «(Shayboniy hukmdor Ubaydullaxonning) tasavvufdagi fikrlari mazmuni asosli va kuchli namoyon bo‘lar, baland ma’nolarni dilpisand iboralar bilan bayon qilar edi. Va bu ruboiyni hazrati Maxdumiy mavlono Kosoniy (Maxdumi A’zamga)ga yuborgan»:
Ahvaliyam, ey do‘st, yake du binam, * Har chiz, ki binam, ham bo O‘ binam. * Mustag‘riqi «Hu» chunon shudam dar hama hol, * «Hu» guyamu, «Hu» bishnavamu, «Hu» binam.
Mazmuni: G‘ilayman, ey do‘st, bittani ikkita ko‘raman. * Har ne ko‘rsam, hammasini U bilan ko‘raman. * Barcha holatda «Hu»ga shunday g‘arq bo‘ldimki, * «Hu» deyman-u «Hu»ni eshitaman, «Hu»ni ko‘raman.
Alar (Maxdumi A’zam) bu ruboiyga yaxshi sharh yozganlar va ruboiy ijodchisining maqomotini bayon qilganlar.
B) Yassaviya tariqati murshidlaridan ba’zilarini Boburmirzoning asosiy piri deb ko‘rsatish hollari ko‘rinmoqda. Jumladan, shayboniylardan yengilgan Bobur mirzoga Maxdumi A’zam «endi, sening yurting qaro yerdur», deganda Hindiston zaminini nazarda tutgan. Bu olimlar buni Yassaviya tariqatidagi boshqa murshidga nisbat berib, o‘sha murshidni manba ko‘rsatmay Boburmirzoning tariqat piri deb, da’vo etishlari ham ajib holdir.
Boshqa hukmdorlar kabi, Bobur mirzo ham barcha tariqat murshidlarini hurmat qilgan, ulardan yordam so‘rab, ayonlarini yuborgan, ammo Naqshbandiya tariqati murshidi Maxdumi A’zamgagina murid bo‘lgani manbalarda keltirilgan. Zero, Hindistonni egallagan Boburmirzo issiq o‘lkani, qoraygan odamlarni ko‘rib, piri Maxdumi A’zamning yuqoridagi so‘zlarini hamda o‘z yurtida qizilboshlar bosqinida ishtirok etganini o‘kinch bilan eslar va buni misralarida aks ettirar edi:
Tole yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi, * Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi. * O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim, * Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.
V) bunda-da qiziqrog‘i shuki, bir yurtdosh olimimiz rus akademigi V.V.Bartoldga tayangan holda iddao etadi: «V.V.Bartold ko‘rgan bir qo‘lyozma asarda yozilishicha, Najmiddin Kubro maktabining xorazmlik mashhur namoyandalaridan Shayx Xoja Muhammad Xabushoniy karomatlari haqida Bobur ko‘p eshitgan va uni o‘zining piri hisoblab yurgan edi. Shayx 1517-yili Samarqandga ko‘chib kelganidan Bobur xabar topgan edi. Sharqiy va janubiy Hindistonning bosh rojasi Rano Sangoni yengish uchun barcha aziz avliyolardan tungi ibodatlarida madad so‘rardi. Hujum oldidan Bobur Shayx Xoja Muhammad Xabushoniy huzuriga Samarqandga salom xati va hadyalar bilan maxsus odam yuboradi va duo qilishni so‘raydi. Shayx unga o‘z hassasini hadya qilib yuboradi. Bobur hujum oldidan kechki payt mehrobga ushbu hassasini qo‘yib, yig‘lab namoz o‘qiydi. O‘sha kuni tushida Shayx uni qo‘rqayotganlikda ayblaydi va qo‘rqmaslikka undab, madad berajagini aytib, g‘oyib bo‘ladi. darhaqiqat, 1527-yili yozda sharqiy va janubiy Hindiston uchun jangda Rano Sangoning 120 minglik armiyasi ustidan 30-40 minglik armiyasi bilan Bobur ajoyib g‘alaba qozonadi va “G‘oziy” unvonini oladi. G‘alabadan so‘ng Bobur katta hadyalar bilan Samarqandga yana odam yuborib, Shayxga minnatdorlik izhor qilib, sovg‘alar yuboradi. Ammo Shayx Bobur yuborgan hadyadan ozgina olib, qolganidan voz kechadi». Ko‘rib turganimizdek, endi Kubraviya tariqati murshidlaridan biri pirlikka da’vo ettirilmoqda.
Bu yerda aytilgan voqea-tarixning barchasi to‘g‘ri, ammo Bartold faqatgina shaxsga va tariqatga nom qo‘yishda adashgan. Ya’ni, Bobur pir deb bilgan odam Naqshbandiya tariqatida faoliyat ko‘rsatgan; o‘sha sanada Samarqandga ko‘chib kelgan, maxsus kishi orqali sovg‘a-salom-u nazrlar yuborilgan o‘sha murshidning nomi Maxdumi A’zam Dahbediy edi.
Akademik Bartold va yurtdosh olimimizning adashishayotganining isboti tariqasida 1626-yilda yozilgan va ko‘chirilgan «Jomeul-maqomot» asaridan iqtibosni aynan keltiramiz:
«O‘sha zamonkim, kofir Rano Sango Bobur podshoh boshiga jang talabida lashkar tortib kelganida, podshohning boshi gangib fikr-u andishaga cho‘madi. Podshohning Amir Darvesh Muhammad Sorbon nomli vazirlaridan biri o‘z vaqtida Hazrati Mavlono Muhammad Qozining muridlaridan edikim, u podshohdan nega g‘amgin ekanligi sababini so‘raydi. Bobur podshoh deydi: “Nega g‘amgin bo‘lmaykim, kofirlar lashkari musulmonlarni qirishga kelishdi va bizning lashkar esa juda zaifdir. Shunda vazir deydi: “Bizdan shariat va tariqat xilofiga ne o‘tgan bo‘lsa tavba qilib, va Xojagon tariqati akobirlari arvohiga mutavajjih bo‘lib, Xudo dargohidan madad so‘raylik”. Ular Xudodan madad so‘ragach, podshoh tush ko‘radiki, bir Xojagon tariqati murshidi unga nasihat qilayotgan ekan. Uyg‘onib vaziriga voqeada ko‘rganini aytadi va kuchiga kuch qo‘shilib, juda oz sonli askari bilan necha karra ko‘p sonli dushmanni tor-mor etgach, Hindiston mamlakati unga muqarrar bo‘ladi. So‘ng o‘sha pir haqida vaziridan so‘raydi. Vazir pirning nomi Mavlono Xojagiy Kosoniy-Maxdumi A’zami Dahbediy ekanligini aytadi.
Bu orada Hazrati Maxdumi A’zam ham yoronlariga qarab aytadilar: «Tarixga yozingizkim, biz bu kech Alloh irodasi bilan Bobur podshohga yormandlik yetkazdik».
Bu vaqtda Hindistonda Bobur mirzo dushmandan tushgan juda katta o‘ljaning eng sarasidan bir necha oltin g‘isht quymasi va behisob javohirlarni o‘zining risola-yu ruboiylariga qo‘shib boshqa bir vaziri Amir Qo‘zi orqali Dahbedga yuboradi hamda o‘zining g‘oyiban irodat etib, qo‘l berganligini e’lon qiladi. Shundan so‘ng, Dahbedda uch-to‘rt kun mehmon bo‘lib, pir-u murshid suhbatini olgan vazir Amir Qo‘zi ham hukmdori kabi qo‘l berib, murid bo‘ladi. Hazrati Muaxdumi A’zam vazirga javob berayotib, podshoh Boburning ruboiyotiga yozgan sharhlarini berib yuboradi».
Bu ayon iddaoga bayon shart emas ko‘rinadi. «RISOLAYI BOBURIYYA» ASARI HAQIDA.
Endi, tadqiqotimiz markazi bo‘lmish «Risolayi Boburiyya» asari to‘g‘risida muhokama yuritamiz.
Maxdumi A’zam va Boburmirzolar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tarixiy va nazmiy aloqalar to‘g‘risida to‘liq bayon beruvchi «Risolayi Boburiyya» asari Maxdumi A’zamning hajm jihatidan eng katta asarlaridan biridir. Risolaning nomidan ham ma’lum bo‘layotirki, kitob Boburmirzoning iltimosiga ko‘ra yozilgan. Yuqoridagi manbalarda aytilganidek, Boburmirzo Xoja Ahrorning «Risolayi Volidiya» asarini tarjima qilib, o‘z ruboiylari va sovg‘a-salomiga qo‘shib piriga yuborgan. Javob tariqasida Maxdumi A’zam «Risolayi Boburiyya» asarini yozgan, deb keltirishadi. Ammo fikrimizcha, Bobur mirzo piriga yana bir alohida xat yuborib, undan zikrga doir ba’zi masalalarni hal qilib berishni iltimos qilgan ko‘rinadi. Chunki, faqatgina yuborgan nazm va nasrga oid yozishmalarga javob berilganda edi, unda risolaga «Sharhi g‘azaliyoti Boburiyya» (xuddi, «Sharhi g‘azaliyoti Ubaydiy» nomli risolalari kabi) deb, nom qo‘yilardi. Bundan tashqari, risolaning aksariyat qismi zikr masalasiga bag‘ishlangan. Shuning uchun ham, pir-u murshidning bu asarini avvalo Boburmirzoning tariqat sohasida qo‘ygan savoliga javob tariqasida yozilgan kitob, deb qarashimiz lozim ko‘rinadi.
Shu bilan birga, «Risolayi Boburiyya» asarida o‘quvchi ko‘ngliga ta’sir qila oladigan g‘oyat chiroyli nazmlar va so‘zlar orqali asosiy g‘oya bayon etilgan. Muallif o‘zining nazmlaridan tashqari o‘zgalarning har xil g‘azal va baytlarini ketma-ket o‘rinlatib joylashtirganki, bundan chiroyli ma’nolar chiqqan.
Risoladagi ba’zi g‘azallarda «Qosim» taxallusi keltirilishi Qosim Anvar yo boshqa shoir g‘azalimi yoki Maxdumi A’zam shu taxallus bilan nazm etganmi, degan savollarga ham adabiyotshunos olimlarimiz kelgusida javob topishadi, deb umid qilamiz.
Afsuslar, Maxdumi A’zamning dolzarb ilmiy ahamiyatga molik bo‘lgan ushbu «Risolayi Boburiyya» asari hozirga qadar tadqiqotchi olimlarimiz nazaridan chetda qolmoqda. Vaholanki, risolaning tadqiq etilishi natijasida nafaqat ikki buyuk arbobning faoliyatlariga doir noma’lum qirralar, nazmiy va nasriy yozishmalar yoritiladi, balki tasavvuf oqimlari yo‘nalishidagi ko‘plab tariqatlarda muhim o‘rin tutgan arkonlardan bo‘lmish jahriy va xafiy zikrlarning kelib chiqish tarixi, o‘rni va mohiyati to‘g‘risida olimlar uchun kutilmagan xulosa-yu natijalar, necha yillik savollarga izlab yurilgan javoblar topiladi.
Yuqorida keltirilgan chalkashliklarni hal etishda, tariximizning qora sahifalarini o‘chirib, bo‘sh qolgan oq sahifalarini to‘ldirishda «Risolayi Boburiyya»ning ahamiyati beqiyos bo‘lib, unda ikki zotning nazmiy-irfoniy va nasriy yozishmalaridan ko‘p muammolarni ayon-u bayon etish ham mumkin.
«Risolayi Boburiyya» o‘z zamonasida favqulodda inqilobiy ahamiyatga ega bo‘lgan asarlar sirasiga kiradi. Nega deganda, o‘sha davrlarda Naqshbandiya va Yassaviya tariqati orasidagi jahriy va xafiy zikrlar masalasi tufayli ikki tariqat orasidagi vaziyat taranglashgan bo‘lib, agar bu masala siyosat darajasigacha ko‘tarilsa, davlatda katta mojarolarga sabab bo‘lishi mumkin edi. Ana shunday vaziyatda Naqshbandiya peshvosi Maxdumi A’zam muridi Boburmirzoning iltimosidan foydalangan holda xufya va jahriya zikrlarning har ikkisining joizligi borasida ilk marta ilmiy asosda chiqish qiladi. O‘sha davr muhitini inobatga oladigan bo‘lsak, bu juda katta qahramonlik bo‘lib, o‘rtada o‘z nom-u obro‘lari qo‘yilgan edi. Shunday qilib, Maxdumi A’zam Xojagon-Naqshbandiya tariqati ulug‘lari orasida birinchi bo‘lib, jahriya tariqati zikrini ilk asar yozib, e’tirof etgan va hurmatini joyiga qo‘ygan olim hisoblangan.
Yassaviya tariqati allomalari to‘g‘risida asosiy maqomat asar hisoblangan «Lamahot min nafahotul-quds» (muallifi zamon olimlari peshvosi Olim Shayx Azizon, 1564/1632 yy.) asarida tarixda uchramaydigan voqea tasvirlangan: Miyonkolda o‘sha zamonning uch tariqat rahbarlari – Naqshbandiya peshvosi Maxdumi A’zam, Yassaviya peshvosi Shayx Xudoydod Valiy va Kubroviya peshvosi Shayx Maxdumi Xorazmiylar bir joyda uchrashib, birma-bir o‘z zikrlarini namoyish etishgan. Har bir tariqat zikri ijro etilayotganda, boshqa tariqat peshvolari o‘rinlaridan turib, hurmat bajo keltirishgan. Tariqatlarning bu ajoyib kelishuvi yoki bir-biriga hurmati Maxdumi A’zamning ilmiy jihatdan zikrlarning joizligini isbotlaganlarining natijasi va «Risolayi Boburiyya»ning asl maqsadi edi.
Maxdumi A’zam Dahbediyning tasavvuf tariqatlariga yo‘naltirilgan «Risolayi Boburiyya» asari o‘sha zamon mutasavvif olimlari, pir-u murshidlariga qo‘llanma sifatida yozilgan bo‘lsa-da, tarixiy kelishtiruvchilikni amalga oshira oladigan asosan ikki shaxsga – Boburmirzo va Ubaydulloxonlarga ham mo‘ljallangan edi. Va oxir oqibat ikkalasini yarashtirib qo‘yish hamda Movarounnahr va Hindiston o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadi ham bo‘lgan edi.
Movarounnahr diyoridan tashqari, Hindistonda ham tasavvuf tariqatilari markazi paydo bo‘la boshlaganligini Maxdumi A’zam tushunib yetgan edi. Hindistonda shakllangan to‘rt zikr talqinidan (ya’ni, to‘rt tariqatdan) inobat-u irodat olish mumkin bo‘lgan suluk paydo bo‘lishida, tariqatlarni tinch kelishtirishda va Naqshbandiya silsilasining Alfi Soniya suluki shakllanishida «Risolayi Boburiyya» asari va uning muallifi Maxdumi A’zam Dahbediy juda katta ish qilgan. Kezi kelganda aytish joizki, Maxdumi A’zamning chevarasi, Naqshbandiya tariqati nazariyotchisi Musoxonxoja Dahbediy (Muhammad Muso ibn Xoja Iso Dahbediy) Hindistonda faoliyat ko‘rsatgan va yigirmaga yain asarlar yozib, bu ishga o‘z hissasini qo‘shgan.
«Risolayi Boburiyya» asari dunyo ilm ahllari tomonidan buyuk sarkarda, tarixchi olim va mutafakkir shoir sifatida tan olingan shavkatli yurtdoshimiz Boburmirzo uchun ko‘ngul shikastaliklaridan qutulish malhami ham bo‘ldi, desak adashmaymiz. Negaki, qizilboshlilar madadi bilan bobosining poytaxti Samarqandni fath etmoqchi bo‘lgan Boburmirzo uchun Maxdumi A’zamdek rahnamo murshidning nazariga tushib, o‘z yo‘lini qayta topib olganlik darajasida edi. Misra:
Yo‘lni ne bilgay kishi to rahnamo ko‘rsatmagay.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Boburmirzo o‘z hayotida ko‘p azoblarni ko‘rib, dashnomlarga qolganiga qaramay, hozirgi davrimizda ba’zi yurtdosh olimlar uning faoliyatidan xato izlab sharaf topmoqchi bo‘lishadi. Misra:
Charxning men ko‘rmagan javr-u jafosi qoldim-u?!
Ammo, oldin uning favqulodda qobiliyati, tarixda qoldirgan ijobiy-salbiy xizmatlarini taroziga qo‘yishlari kerak edi. Vaholanki, uning piri faoliyatini taroziga tortib, ijobiy bahoni yarim ming yilcha oldinroq bergandi. Zero, «Risolayi Boburiyya» asari ularga moziydan berilgan javob bo‘ldi. Maxdumi A’zamdek ustozi yarim ming yil oldin Boburmirzoni oqlagan ekan, hozirgi qoralovchilar endi «jim» o‘tirishsin!
«Risolayi Boburiyya»da Maxdumi A’zam Boburmirzoni, u orqali barchani adolatga, halollikka, sabr-u qanoatga, qo‘l, ko‘ngul va nafs tozaligiga, birovning haqini yemaslikka va asosiysi xalq manfaati yo‘lida kelishuvchilikka chaqiradi. Shu jihatdan ham bu asar o‘z zamonasida bo‘lgani kabi, hozirgi davrimizda ham yoshlar tarbiyasi uchun ayniqsa dolzarbdir.
So‘zimiz nihoyasida Maxdumi A’zamning ushbu dastxat kitobini bizgacha asrab yetkazgan Naqshbandiya tariqati oxirgi murshidlaridan Muznibiy taxallusli Kattaxonxoja Dahbediyning (1868-1969) qoralamalaridan shoir Mavlono Eshonjon Qunduziy bilan nazmiy yozishmalaridan birini keltiramizki, bu Boburmirzoning piri Maxdumi A’zamga yozgan nazmidan ilhomlanib yozilgani bilinib turadi. Ruboiy:
Bandagiy dar tarki nafs-u rohi Haq paymudanast, * Sar ba xoki ostonai Haqparaston sudanast. * Davlat-u dunyovu din hangomai izzu sharaf, * Dar javori Hazrati Maxdumi A’zam budanast.
Mazmuni: Bandaliknafs tarki-yu Haq yo‘lidan yurmoqlikdur, * Boshini Haqparastlar ostonasiga surtmoqlikdur. * Davlat, dunyo, din va sharafli izzat payti, * Hazrati Maxdumi A’zam qabri yonida turmoqlikdur.
«Risolayi Boburiyya» asari «Majmuat ur-rasoil» qo‘lyozma to‘plamining 285a sahifasidan to 301a sahifasigacha (33 sahifa) joyni egallab, qora-qizil bo‘yoqlarda juda chiroyli xattotlik uslubida yozilgan.
2019-yil aprel oyida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov qo‘ng‘iroq qilib, «Risolayi Boburiyya» asarini o‘zbek tiliga tarjima etishni taklif ettilar. Biz, tarix fanlari doktori, sharqshunos olim va shoir Mahmud Hasaniy bilan bu ishga bel bog‘lab, barcha ishni yig‘ishtirib, ushbu taklifni bajonu dil qabul etdik hamda bir oy vaqt davomida ushbu tabarruk asar tarjimasini oxiriga yetkazdik.
Komilxon KATTAYEV, manbashunos olim // Risolai Boburiyya (Boburga atalgan risola). Bobur nomli xalqaro jamoat fondi. – T.: “Navro‘z” nashriyoti, 2020, 132 bet. – B. 3-10, 28-34. (O‘zbekcha); Махдуми Аъзам и понятие духовности бабуридов.
Fikr qoldirish#