Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Asrlarni chulg‘ayotgan nur

Besh asrdirki, jahon ahli Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyatiga juda katta qiziqish bilan qarab kelmoqda. Qomusiy olim, yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, benazir shoir sifatidagi faoliyati qayta-qayta o‘rganilmoqda. Shu asnoda buyuk zotning hali ilg‘ab ulgurilmagan jihatlarini ko‘rish, kashf etishga musharraf bo‘linmoqda. Fransuz olimi Jan Pol Ru «Tarixga taalluqli bo‘lgan eng buyuk tarixiy shaxslardan biri Bobur ularning eng barhayotlaridandir» deganida uning ijodiy merosi asrdan asrga o‘tib, dunyo xalqlarining ma’naviyatiga hissa qo‘shayotganini ko‘zda tutgani aniq.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning shu yil 2-iyun kuni Andijonga tashrifini buyuk dilbar shaxs nomi bilan ataluvchi Bog‘i Bobur ziyoratidan boshlashi ham bejiz emas. Zero, davlatimiz rahbari 2016-yilning kech kuzida Andijonliklar bilan bo‘lgan saylovoldi uchrashuvida Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyatiga yuksak baho berib, uning mashaqqatlarga to‘la hayoti va o‘lmas adabiy merosining xalqimiz, ayniqsa yoshlar tarbiyasida, ma’naviy kamolotida katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, uni keng targ‘ib-u tashviq qilish yuzasidan taklif-topshiriqlar bergan edi.

Yaqinda Prezidentimizning yurtimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida so‘zlagan ma’ruzasini eshitib, ko‘plar qatori men ham hayajonlandim, sevindim, qalbdan cheksiz g‘urur-iftixor his etdim.

Ma’naviyatimizni yanada yuksaltirish masalasiga davlatimiz rahbarining bu qadar kuyunchaklik bilan yondoshayotganligi, ijld ahliga shu darajada g‘amxo‘rliklar ko‘rsatayotganlarining qadriga yetishimiz kerak, albatta.

Yig‘ilishda aytilgan qanchadan qancha ezgu va xayrli tashabbuslarni sanab, adog‘iga yetish qiyin.

Ayniqsa Prezidentimiz buyuk ajdodlarimiz jumladan, ulug‘ bobomiz, qomusiy olim Bobur mirzo haqida dunyo andozalariga javob beradigan badiiy film yaratish zarurligi haqida gapirarkan, bu ezgu ishga kerakli mablag‘ ajratilishini aytganlarida, ayniqsa dilimdagi eng katta armonlardan biri ushalgandek bo‘ldi. Chindan O‘zbekiston xalqining, butun boburshunos olimlarning eng katta orzusi ushalmoqda, ro‘yobga chiqmoqda...

Biz eng avvalo, Yurtboshimizning ana shunday e’tiborlaridan cheksiz minnatdormiz va u kishiga o‘z ehtiromimizni bildiramiz.

Ma’lumki, Bobur madaniyat va istirohat bog‘i Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510-yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilgan. Bog‘da Bobur Mirzoning ramziy qabri va haykali, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi barpo etilgan. “Bobur va jahon madaniyati”, “Andijon shaharsozlik madaniyati tarixi” muzeylari, observatoriya, kutubxona, sport komlekslari barpo etilgan.

Xususan, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida buyuk vatandoshimiz izidan dunyo aro kezib, Bobur hayoti va faoliyatini o‘rganish, u qoldirgan boy ma’naviy merosni izlab topish maqsadida tashkil qilingan xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning safarlari natijasida qo‘lga kiritilgan va yurtimizga olib kelingan noyob qo‘lyozma asarlar, nodir kitoblar va tarixiy ashyolar o‘rin olgan.

Bog‘da esa aholining maroqli dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

2011-2015-yillar davomida bog‘ga Rossiya va Xitoy davlatlaridan o‘n turdan ziyod attraksion olib kelinib, o‘rnatildi. Bog‘ni rivojlantirish uchun fondimiz tomonidan 2 mld. so‘m miqdorida investitsiya kiritildi.

Bugungi kunda Bobur bog‘iga nafaqat viloyatimizdan balki vodiydan, xorijiy yurtlardan mehmonlar muntazam kelib, ziyorat qilib, xordiq chiqarib ketadilar. Andijon viloyatidan faqatgina Bobur bog‘i O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yildagi yig‘ilish qarori bilan xalqaro turizm marshrutiga kiritilgan.

Yuqorida aytganimizdek, davlatimiz rahbari shu yilning 2-iyun kuni Bobur bog‘iga tashrifi davomida “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida saqlanayotgan 500 dan ziyod qimmatli manba bilan yaqindan tanishar ekan, muzeyda amalga oshirilayotgan ishlar 2017-yil 24-mayda qabul qilingan “Qadimiy yozma manbalarini saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 31-maydagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlarga to‘la hamohang ekanligini alohida ta’kidlandi.

Muzeyda saqlanayotgan Usmoniylar davridagi “Qur’oni karim”ning nusxasi, Bobur Mirzo kashf qilgan alifbo va unda yozilgan Qur’oni karimdan parcha, “Boburnoma”ning Haydarobod nusxasi va “Kulliyoti Bobur”, 20 dan ortiq tillarda chop etilgan “Boburnoma” asarlari bilan yaqindan tanishib, bebaho xazinalarning bir joyda mujassamlashtirilgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Bu durdonalar bois Bobur mirzo hozir ham biz bilan birga yashamoqda, deya e’tirof etdi. Mana shunday qimmatga ega muzey eskponatlarini ko‘paytirish uchun buyuk ajdodlarimizning xorijda saqlanayotgan noyob asarlari, qo‘lyozmalarini olib kelish yuzasidan fikrlarini bildirdi.

Prezidentimiz “Bobur va jahon madaniyati” muzeyini rekonstruksiya qilish, kengaytirish, bog‘ni respublika maqomidagi zamonaviy maskanga aylantirish zarurligini ta’kidlab, tegishli mutassaddilarga Bobur xalqaro jamoat fondi bilan birgalikda yangi loyihalar taklifini tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Nafaqat dunyoviy, diniy ilmlar borasida ham bilimdon va noyob iqtidor sohibi Bobur mirzoning ramziy qabr-maqbarasini yangidan tiklash bo‘yicha ham zarur ko‘rsatmalar oldik.

Yurtboshimiz bilan muloqot davomida Boburning xolavachchasi, Toshkent shahrida tug‘ilgan Kobulda Bobur mirzoning tarbiyasini olgan va uning topshirig‘iga ko‘ra Andijonda xonning o‘rinbosari sifatida oliy maqomga va “ko‘ragon” unvoniga ega bo‘lgan, Mirzo Haydar Muhammadning “Tarixi Rashidiy” asari dunyo ilm ahli tomonidan haqli ravishda ikkinchi “Boburnoma” sifatida tan olinganligi haqida ma’lumot berdik. O‘zbek xalqidan chiqqan ana shunday buyuk shaxs nomini abadiylashtirish uchun oliygoh va ko‘chalardan biriga ul zotning nomini berish to‘g‘risidagi taklifimizni Prezidentimiz ma’qulladi.

O‘zbekiston FA Arxeologiya instituti va Bobur nomli xalqaro jamoat fondi jamoalari hamkorlikda shartnoma asosida 20-yil mobaynida Andijon shahri va uning atrofida arxeologik ilmiy-qidiruv ishlarini olib borib, Andijon shahrining miloddan avvalgi 6-4 asrlarga oid shaharsozlik madaniyati tarixini tikladilar. Olib borilgan izlanishlar natijasida tarix fanlar doktori, arxeolog Boqijon Matboboyevning “Drevniy i srednevekovыy Andijan” va “Andijon tarixi” nomli kitoblari nashr etildi. Shuningdek, topilgan osori atiqalar asosida “Andijon shaharsozlik madaniyati tarixi – Arxeologiya muzeyi” yaratildi. O‘zbekistondagi yetuk tarixchi olimlar va xorijlik olimlardan Andijonning 2500-yillik sanasini tasdiqlovchi yozma xulosalar qilindi. Davlatimiz rahbari ana shularni e’tiborga olib, Andijon shahrining yubileyini keng miqyosda nishonlash haqidagi fikrlarimizni ham qo‘llab-quvvatlaganligidan biz andijonliklarning boshimiz ko‘kka yetdi.

Hayot bor ekan, albatta taraqqiyot yo‘lida turli vazifalar va muammolar ham kelib chiqaveradi. Ana shulardan biri necha yillardan buyon Andijon shahri aholisini o‘ylantirib kelayotgan shaharning markazida joylashgan Boburshoh ko‘chasining Eski va Yangi shahar qismini bog‘lash, ushbu ko‘chani bo‘lib turgan temiryo‘l vokzali osti yo ustidan ko‘prik yoki yer osti yo‘li qurish edi. Yurtboshimiz bu masala o‘z yechimini topishiga ham ijobiy munosabatini bildirdi.

Prezidentimiz joriy yilning oktyabr oyida Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixidagi o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish borasidagi rejalarimizni ma’qullab, bu konferensiyani yuksak saviyada tashkil etish lozimligini alohida uqtirib o‘tdi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Zahiriddin Muhammad va boburiylarning jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rniga yuksak baho berishi, 2017-yilni Andijonda “Zahiriddin Muhammad Bobur yili” deb e’lon qilishi andijonliklar, o‘zbek boburshunos-sharqshunoslari, olim-u ziyolilari va Bobur nomli xalqaro jamoat fondining chorak asr davomida olib borgan ishlariga berilgan yuksak bahodir.

Yurtboshimiz tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining qarori va yil Dasturi qabul qilindi. Ayni paytda bu hujjatlar hayotga tadbiq etilmoqda. Bobur va boburiylar faoliyatini keng targ‘ib qilishni yanada kuchaytirish maqsadida viloyat hokimligi va fondimiz hamkorligida “Bobur va dunyo” jurnalini ta’sis etish g‘oyasi tug‘ildi. Chunki Bobur mirzoning bizga qoldirgan merosini ummonga qiyoslasak, bilganlarimiz undan bir tomchi xolos. Xalqaro ilmiy ekspeditsiya safarlari davomida Bobur ijodiyoti va merosini dunyoning turli burchaklaridan qidirib topish hamda sinchiklab o‘rganish jarayonida mana shunday xulosaga keldik va biz ulug‘ ajdodimiz oldida yanada burchli ekanligimizni chuqur anglab yetdik. Bu jihatlar albatta yangi jurnalda o‘z aksini topadi.

Bunday ezgu ishlar aynan eng ulug‘ va aziz bayramimiz Mustaqilligimizning 26-yillik shodiyonalariga uyg‘un bo‘layotganidan qalbimizda faxr tuyg‘usini tuyamiz. Istiqlol bergan barcha imkoniyatlardan to‘la foydalanayotganimizdan, faoliyatimiz bilan shu yurtga, shu vatanga nafimiz tegayotganidan mamnunmiz. “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston” shiori bizning niyatlarimizga juda hamohangdir.

Avvalo, fond va ilmiy ekspeditsiya o‘zining Nizomida belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etishi natijasida g‘arb va sharq boburshunoslari bilan aloqalar mustahkamlandi. Bugungacha fondning Germaniya, Turkiya, Afg‘oniston, Rossiya, Yaponiya, Misr, Hindiston, Pokiston kabi o‘ndan ziyod davlatida bo‘limlari ochildi, ularning yordami bilan Bobur va boburiylar, temuriylar va boshqa buyuk ajdodlarimizga tegishli bo‘lgan noyob qo‘lyozmalar, qimmatli manbalarni O‘zbekistonga olib kelish imkoniyati kengaymoqda.

Jahon boburshunoslarining Bobur mirzoning kindik qoni to‘kilgan Andijonga kelishlariga sharoit yaratildi. Ularning o‘zbek olimlari, adabiyotshunoslari bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan 25-yil davomida Bobur va boburiylar hayoti haqidagi ilmiy, tarixiy, badiiy asarlar natijasida mamlakatimizda boburshunoslik ilmi rivojlandi.

2013-yili Bobur tavalludining 530-yilligi munosabati bilan Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Zahiriddin Muhammad Boburning jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiyada 25 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan qatnashgan olimlar o‘tgan yillar davomida o‘zbek va jahon boburshunoslari xamkorligida olib borilgan izlanishlar samarasi natijasida jahon boburshunosligining markazi O‘zbekistonga, Toshkentga ko‘chganligini e’tirof etdilar.

Demak, Bobur Mirzo jisman qayta olmagan vataniga ruhan va ma’nan qaytdi.

Shundan kelib chiqib jurnal o‘z oldiga quyidagi maqsad va vazifalarni qo‘ygan:

Birinchidan, dunyo va o‘zbek boburshunoslarining tadqiqotlari, hamkorlikdagi izlanishlarini muntazam yoritish, yangiliklarni o‘quvchilarga yetkazish va yosh boburshunoslar safini bugungi talab darajasida o‘stirish borasida targ‘ibot olib borish;

Ikkinchidan, mustaqillik sharofati va hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi tufayli biz yurtimizdan yetishib chiqib, taqdir taqozosi bilan xorijda umrguzaronlik qilgan boshqa buyuk ajdodlarimizning ham izidan bordik. Afrika qit’asidan Hindi – Xitoy yarim oroli, Yevropa – Amerika davlatlarigacha 375 ming km.dan ortiq masofa, asosan avtomashina va qisman samolyotda bosib o‘tildi. Bobur ruhi madadkor bo‘lib, dyeyarli hamma buyuklarimiz mangu makon topgan qabrlarini izlab topishga muvaffaq bo‘ldik. Ab-u Ali ibn Sino, al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, mavlono Lutfiy, Ab-u Rayxon Beruniy, Ab-u Nasr Farobiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Xusrav Dehlaviy, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab, Ali Qushchi va boshqa ko‘plab buyuklarimizning so‘nggi manzillarini ziyorat qildik va ular yotgan joylarning holati o‘rganilib, ayrimlari milliy urf-odatlarimiz hamda bugungi kun talabi darajasida ziyoratgohlarga aylantirildi. Bunday savobli ishlar davom etadi va jurnalimiz sahifalarida bu haqda keng yoritib boriladi.

Uchinchidan, Bobur yozib qoldirgan toshbitiklari bir jihatdan uning tarjimayi holi, markazlashgan sohibqiron davlatini tiklash maqsadida Samarqandni uch marotaba olish va tashlab chiqish bilan bog‘liq davr ruhiyatini o‘rganishga ko‘maklashsa, shuningdek, “Boburnoma”dagi ayrim voqealar va sanalarga tuzatishlar kiritadi. Ilmiy ekspeditsiyaning Tojikiston respublikasining O‘ratepa, Obburdon va Mascho qishloqlarida, Zarafshon daryosining yuqori qismida olib borilgan izlanishlari tufayli topilgan toshbitiklar ana shunday xulosalar chiqarishga undaydi. Bu kabi toshbitiklar Zarafshon vohasida mavjudligi haqida ilmiy farazlar ko‘paymoqda. “Boburnoma” asarida faqat bitta toshbitik haqida so‘z boradi, olib borgan izlanishlar natijasida esa 6 ta toshbitik borligi ma’lum bo‘ldi. Jurnalimiz kelgusida olim va ijodkorlar e’tiborini shu masalaga qaratadi hamda ushbu mavzuning ilmiy yechimini yanada chuqurroq o‘rganishga harakat qiladi degan umiddamiz.

To‘rtinchidan, “Boburnoma” asari oxirgi yillarda 3 marotaba nashrdan chiqarildi. “Bobur va boburiylar bibliografiyasi” o‘zbek tilida, eng muhimi, Rossiya Fanlar Akademiyasi bilan hamkorlikda “Zaxiriddin Muxammad Babur. Boburidы. Bibliografiya” nomli jahon miqyosida tan olishga arziydigan mukammal kitob rus tilida chop etildi.

Mamlakatimizda olib borilgan ilmiy-amaliy izlanishlar O‘zbekistonda ilk bora shaxsga bag‘ishlangan qomus – “Bobur ensiklopediyasi” yaratilishiga zamin hozirlandi. Fond tashabbusi bilan 10-yildan ko‘proq vaqt davomida bu ishga yetuk boburshunoslar jalb qilingan holda ushbu qomus tayyorlanib, keng jamoatchilikka tuhfa etildi. Yaponiyalik olim, boburshunos Eyji Mano bu qomusga jahondagi barcha sharqshunoslar uchun muhim qo‘llanma bo‘ladi, deya baho berdi.

Misrlik taniqli boburshunos olima, “Boburnoma”ni arab tiliga tarjima qilgan Magda Maxluf xonim qomusni boshqa tillarga, xususan arab tiliga tarjima qilish zarurligini bildirib, buning natijasida u dunyodagi arab tilida so‘zlashadigan 22 ta mamlakatning kitobxonlari uchun muhim manba bo‘lishini ta’kidladi. Bu boradagi izlanishlarning samaralari albatta “Bobur va dunyo” jurnalining yetakchi mavzularidan biri bo‘lib qoladi.

Beshinchidan, albatta, Bobur ijodini Navoiy madaniy merosidan ayrib tasavvur qilish qiyin. G‘azal mulkining sultoni jurnalimiz uchun eng asosiy mavzulardan biriga aylanishi zarur. Gap shundaki, bugungi kunda Hazratning asarlari nisbatan keng o‘rganilgan bo‘lsada, uning hayoti va tavllud joyi bilan bog‘liq ayrim munozarali qarashlar ham mavjud. Misol uchun Alisher Navoiyning katta bobosi Isomiddin Pahlavon Qirg‘izistonning Aravon tumanida tug‘ilganligi haqida manbalar ko‘plab topilmoqda. Navoiy Samarqandda o‘qib yurgan chog‘larida bir necha bor Andijon orqali Aravonga borgan, degan ma’lumotlar ham yo‘q emas. Bu haqda matbuotda “Buyuk Alisher Navoiyning katta otasi Isomiddin Polvon (Pahlavon Aravoniy) Aravonlikmi?”, “Aravondan Hirotga ko‘chib borganmi?” kabi ma’lumotlar yoritilgan. Mualliflarning yozishicha, buyuk sohibqiron Amir Temurning o‘g‘li Shohrux Mirzo poytaxtni Hirotga ko‘chirgach, ikki ming suvoriy Samarqand orqali Hirotga chaqirilgan. Ular orasida Isomiddin Polvon ham bor edi. Hirotga borilgach, Shohrux Mirzo Isomiddin Polvonni lashkarboshi Amir Bug‘aning Shahribonu ismli qiziga uylantiradi. Ular o‘g‘il ko‘rib, ismini G‘iyosiddin qo‘yishadi. G‘iyosiddin Kichkina (Polvon) ulg‘ayib voyaga yetgach, mashhur sarkarda Said changning qizi Halimabonuga uylanadi va ularning oilasida jahonga mashhur, buyuk Nizomiddin – Alisher Navoiy tug‘iladi. Zahiriddin Boburning “Boburnoma”da Andijonga bergan ta’rifini eslaylik: “Andijon eli turkdir (o‘zbekdir). Shahar aholisi va bozorga keluvchilardan turkiyni bilmaydigan kishi yo‘q. Elining tili adabiy tilga muvofiq. Shuning uchun ham mir Alisher Navoiyning asarlari garchi Hiriy (Hirotda) shuhrat qozongan bo‘lsada, bu til bilan yozilgan” (“Boburnoma”, 2008-yil, 29 bet). Ushbu ta’rifda yuqoridagi ma’lumotlarga bog‘liq o‘rinlar bor. Chunki odatda farzandning tili va shevasi u ulg‘aygan oila muhitida, ota-onasining talaffuziga qarab shakllanadi. Agar shu nuqtayi nazardan yondoshsak, hazrat Navoiy tili andijonliklarning shevasiga – bugungi adabiy tilga mos. Chindan ham bu tarix va adabiyot ahli, keng ziyolilar ommasi uchun o‘ylab ko‘rsa arziydigan va Navoiy tarjimayi holi yangi ma’lumotlar bilan boyishiga sabab bo‘ladigan qiziqarli masaladir. Bu yo‘nalishdagi fikr-mulohazalar minbari “Bobur va dunyo” jurnali bo‘lishiga ishonamiz.

Oltinchidan, Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx Mirzoning qabri bugungi kunda saqlanmagan. Agar Sirdaryo qirg‘og‘idagi tashlandiq Axsi xarobalariga dafn etilgan bo‘lsa, u holda asrlar davomida bu qabrni Sirdaryo yuvib ketishigacha kuchli ma’naviyatga ega Namangan xalqi hech qachon yo‘l qo‘ymagan bo‘lar edi. Vaholanki, o‘sha davrda yashagan boshqa podshohlarning qabrlari saqlanib qolgan. Shu ma’noda, so‘nggi yillarda Umarshayx Mirzo Nanay qishlog‘idan 10-12 km. olisdagi Qirg‘izistonning Axsi tumanidagi Safedbulonga dafn etilganligi haqida ma’lumotlar bor. Ushbu ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida Bobur nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiya Aravon va Safedbulon, Afg‘onistonning Hirot shaharlariga 2017-yil yakunigacha maxsus safar uyushtirishni rejalashtirmoqda. Bu ilmiy ekspeditsiya xulosalarini “Bobur va dunyo” jurnali sahifalarida to‘laqonli chop etish imkoniyati vujudga keladi. Qolaversa, bu borada tarixchilar, adabiyotshunos olimlarimiz ham ilmiy izlanishlar olib borib, buyuk ajdodlarimiz merosini yanada kengroq yoyishga hissa qo‘shadilar, deb umid bildiramiz.

Yettinchidan, Prezidentimiz yurtimiz ijodkorlari vakillari bilan uchrashuvda alohida ta’kidlaganlaridek, Bobur hayoti va ijodi haqida keng qamrovli badiiy film hanuzgacha yaratilmagan. Biz Bobur mirzodek ajdodimiz bilan faxrlanamiz, demak uning buyukligiga, serqirra ijodiga mos xalqaro miqyosda e’tirof etiladigan badiiy filmni xamkorlikda yaratib, uni o‘zbek, arab, rus va ingliz tillarida dunyoga namoyish qilishdek vazifalarning amalga oshishi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu muhim masalalarni hal etish kelgusi faoliyatimizda ro‘yobga chiqishiga shubha yo‘q.

Bobur hayoti va ijodiy faoliyati yuqorida qayd etganimizdek, dengizga qiyosdir. Mushtariylarimiz uning madaniy merosidan qanchalik ko‘p bahra olsalar, bu xazina yana shunchalik bitmas-tuganmas ekanligini tushunib yetadilar. Jurnalimiz Zahiriddin Muhammad Boburning ajdod-avlodlarining hayoti, faoliyati va ijodi, ularning buyuk zamondoshlari haqida ham maqolalar berib boradi. Ishonamizki, jurnalni varaqlagan o‘quvchi albatta Bobur va boburiylar haqida o‘zini qiziqtirgan savollarga javob topa oladi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlashimiz joizki, “Bobur va dunyo” jurnali ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshiriq va tavsiyalari asosida tashkil etildi. Bu nafaqat jurnal ijodiy jamoasi uchun, balki hammamiz uchun juda katta mas’uliyat va ishonch demakdir.

Maqsadimiz ulkan, niyatimiz ulug‘. Jurnal nafaqat vodiy viloyatlari, nafaqat mamlakatimiz mushtariylarining, balki yaqin kelgusida jahon sharqshunoslari, boburshunoslari, tarixchilarining ham sevimli nashriga aylanishini istardik.

Fursatdan foydalanib, xalqimizni Istiqlolimizning 26-yillik to‘yi bilan muborakbod etaman. Buyuk ajdodlarimiz izidan borib, kelgusi avlodga istiqboli porloq Vatanni qoldirish yo‘lida xizmat qilayotgan har bir yurtdoshimizning savobli amallari ko‘payishiga tilakdoshman.


Zokirjon Mashrabov, Bobur xalqaro jamoat fondi

va ilmiy ekspeditsiyasi rahbari.

“Bobur va dunyo” jurnali, avgust 1-son.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0