... Bobur asarlarida haqqoniy tasvir uslubi hissiy tasvir uslubidan ustunlik qiladi. Misol uchun, shoirning quyidagi g‘azalini olaylik:
Xazon yafrog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sarg‘ardim,
Ko‘rub rahm aylagil, ey lolaruh, bu chehrai zardim.
Sen, ey gul, qo‘ymading sarkashligingni sarvdek hargiz,
Oyog‘ingg‘a tushub, bargi xazondek muncha yolbordim.
Latofat gulshanida gul kibi sen sabzu xurram qol,
Men archi dahr bog‘idin xazon yafrog‘idek bordim.
Xazondek qon yoshim, sorig‘ yuzumdin el tanaffurda,
Ba har range, bihamdillah, ulusdin o‘zni qutqordim.
Ne tolyeʼdur mangakim, axtari baxtim topilmaydi,
Falak avroqini har nechakim daftardin axtardim.
Ulusning taʼnu taʼrifi manga, Bobur barobardur,
Bu olamda o‘zumni chun yamon-yaxshidin o‘tkardim.
Mazkur g‘azal oshiqona mavzuda bo‘lib, shoir maʼshuqaning iltifotsizligidan shikoyat qiladi. Oshiq maʼshuqaning gulyuziga yetishish ishtiyoqida xazondek sarg‘ayganligini taʼkidlab, lolaruh maʼshuqadan uning sarg‘aygan chehrasini ko‘rib iltifot qilishni so‘raydi. Maʼshuqaning iltifotiga sazovor bo‘lmagan oshiq hayotdan kechishga ham rozi, lekin bunda maʼshuqani qoralamaydi, aksincha, unga baxt va “latofat gulshanida xurram” lik tilaydi.
G‘azalning bu avvalgi uch baytida anʼanaviy tasvir usullari orqali (tazod, tashbehi muzmar) oshiqning maʼshuqa iltifotsizligidan kechirgan ruhiy holatlari talqini berilgan bo‘lsa, keyingi uch baytda, xususan, beshinchi, oltinchi baytlarda shoirning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq misollar yoritiladi. Bobur o‘zining baxti kulmagani, o‘z tolyeini hayot dasturi varaqlaridan istab topa olmagani, umrini yaxshi va yomon ishlar bilan o‘tkazgani, shuning uchun ham unga kishilarning taʼrif va taʼnasining ahamiyati yo‘qligini bayon qiladi. G‘azaldagi ruhiy kechinmalar shuni ko‘rsatadiki, shoir unga anʼanaviy muammolarni aks ettirish bilan birga, aniq shaxs, yaʼni o‘z hayoti bilan bog‘liq haqqoniy kayfiyatlarini tasvirlay olgan, hayotiy kayfiyat bilan hayotiy haqiqatni mushtarak yorita olgan...
Saidbek Hasanov, “Sog‘lom avlod” gazetasi, 2012 yil 9 fevral, 6 (576)-son.
Fikr qoldirish#