O‘tgan davr mobaynida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi ko‘hna tariximizni tiklash, ma’naviyatimizni yanada yuksaltirish, zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ular qoldirgan boy ilmiy-madaniy meroslarini izlab topib, Vatanga olib kelish va ilmiy iste’molga kiritish borasida qator xayrli ishlarni amalga oshirdi.
30-yildan buyon fevral oyida Andijonda xalqaro miqyosdagi xalqaro ilmiy anjumanlar tashkil etish, o‘tkazish an’anaga aylangan. Bu tadbir dunyo boburshunoslarini Bobur Mirzo tug‘ilgan yurtga yanada yaqinlashtirish barobarida, keng jamoatchilikni izlanishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan doimiy tarzda tanishtirib bormoqda.
Barchamizga ma’lumki, o‘zbek xalqining atoqli farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ensiklopediya ikki marotaba nashr qilinib, jahon sharqshunos olimlari va ziyolilari tomonidan ulkan ilmiy yutuq va olamshumul voqea sifatida qabul qilindi. Bu ulkan hajmdagi ma’lumotlar jamlanmasini yaratishda o‘zbek boburshunoslari bilan bir qatorda Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston va Yevropa olimlari ham faol ishtirok etdilar. Alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda shu kunga qadar hali birorta ulug‘ shaxsga qomus yaratilmagan edi. “Bobur ensiklopediyasi”ning birinchi nashrini tayyorlashda taniqli olim, akademik Abdulla A’zam juda katta fidoiylik ko‘rsatdi.
Hozirda “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”ning uchinchi to‘ldirilgan nashrini hamda ingliz va rus tillaridagi nusxalarini 2021-2023-yillarda nashrdan chiqarish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ensiklopediyaning uchinchi nashrini tayyorlash ishlari o‘ziga yarasha ko‘p mehnat talab qiladi. Avvalgi nashrlardagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni baholi qudrat bartaraf etish, yangi nashr uchun maqolalarni to‘plash, ularning tarjimasi, tahrir va tahlil ishlari, olim va mutaxassislarni jalb qilish va boshqa ko‘plab tadbirlarni bir me’yorda tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda qomusning avvalgi nashrlari tajribasidan kelib chiqib, kitoblarni nashrga tayyorlash ishchi guruhi tuzilib, tarjimonlar, mutaxassislar fond qoshida ishlamoqdalar. Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasining uchinchi to‘ldirilgan nashrini hamda uning ingliz va rus tillaridagi nusxalarini 2021-2023-yillarda nashrdan chiqarish bo‘yicha Andijon Davlat universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Toshkent Davlat O‘zbek tili va Adabiyoti universitetlarining bir guruh tarjimon va mutaxassislari bilan hamkorlikda qator ilmiy-amaliy ishlar bajarilmoqda.
Shu o‘rinda ensiklopediyaning ingliz tilidagi nashriga filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov, o‘zbek tilidagi to‘ldirilgan yangi 3-nashriga filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev, uning rus tilidagi variantiga filologiya fanlari nomzodi Vahob Rahmonovlar mas’ul muharrirlik qilmoqdalar.
Bobur xalqaro jamoat fondining faoliyati keng qamrovlidir.
Mustaqillikning dastlabki yillari ya’ni 1992-yilda Andijonda Bobur nomli xalqaro jamoat fondiga tamal toshi qo‘yilgan bo‘lib, 2022-yilda fond faoliyatiga 30-yil to‘lishi munosabati bilan 30 iyul kuni “Bobur nomli xalqaro jamoat fondi: izlanish, natija, rejalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Xalqaro anjuman doirasida respublikamizning taniqli boburshunos olimlari bilan bir qatorda professor Munavver Tekjan (Turkiya), professor Muhammad Rizo Nosiriy (Eron), jamiyatshunoslik fanlari nomzodi Dilsora Komil Fozilova (British Kolumbiya universiteti), Zera Bekirova (Qrim-Tatar muxtor respublikasida chop etiladigan “Nenktcan” jurnali bosh muharriri), professor Baxtiyor Memmedov (Ozarbayjon), professor Islom Jemeney (Qozog‘iston), dotsent Baxtiyor Fayzullayev (Tojikiston), O‘zbekistondagi Hindiston madaniyat markazi direktori Chandra Shekxar janoblari, shuningdek, yurtimizning turli hududlaridan boburshunos olimlar, shoir-yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, ma’naviyat vakillari ishtirok etdilar. Shvetsiya davlatidan boburshunos olimlar Shafiqa xonim Yorqin, Halim Yorqin, fondning Shvetsiya bo‘limi rahbari Abdulhakim Jurjoniy, Pokiston davlatidan fondning Pokiston bo‘limi rahbari Bobur Forumi direktori janob Ramzan Muhammad, Fondning Ozarbayjon bo‘limi rahbari, Ozarbayjon Milliy Ilmlar Akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti filologiya fanlari doktori, professor Almaz Ulvi Binnetova, Fondning Qirg‘iziston bo‘limi rahbari, taniqli adib va yozuvchi Begijon Ahmedov, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi janob Manish Prabxatlarning onlayn ishtiroki tashkillantirildi.
Tadbir doirasida ushbu sanaga o‘ziga xos katta to‘yona – Bobur fondi tashabbusi va homiyligida nashr etilgan Hazrati Bobur Mirzoning to‘la asarlar to‘plami, olti jildlik “Kulliyot”, Z.Mashrabov va A.Madraimov hammuallifligidagi Temuriy va Boburiylar davri madaniyati, kitobat va rangtasvir san’ati bilan qiziquvchi barcha muxlislarga mo‘ljallangan, Temuriylar davri buyuk shaxslari: jumladan, Amir Temur, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarning dunyo madaniyati tarixidagi o‘rni hamda shu davr hattotlik, kitobat va rangtasvir san’ati atoqli namoyandalari faoliyati haqida chop etilgan “Temuriy va Boburiylar san’ati”, Z.Mashrabov va B.Matboboyevlar hammuallifligidagi “Farg‘ona vodiysi tarixiga chizgilar” kitoblarining taqdimoti ham o‘tkazildi.
Anjuman davomida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasining 30-yillik faoliyati tahlil qilindi.
Ma’lumki, fond tomonidan Xalqaro Bobur mukofoti ta’sis etilgan bo‘lib, u Boburning hayoti va ijodi, uning moddiy va ma’naviy merosini, boburiylar tarixi va madaniyatini o‘rganish va targ‘ib etishga bag‘ishlangan, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan, yuksak saviyada bajarilgan ilmiy tadqiqotlar, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi asarlar uchun beriladi. Hozirga qadar mamlakatimiz va chet ellardagi qirq nafarga yaqin mashhur ilm-fan va madaniyat arboblari ushbu mukofot bilan taqdirlandi. Qutlug‘ sana munosabati bilan Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar, “Boburiylar merosi”, “Boburnoma - buyuk asar” kitoblari hamda buyuk ajdodimizning ilmiy va ijodiy faoliyatini mamlakatimiz va chet ellarda targ‘ib-u tashviq qilish borasidagi munosib xizmatlari uchun taniqli olim va tarjimon, filologiya fanlari doktori, professor Ansoriddin Ibrohimov (marhum) hamda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiy faoliyatini, uning betakror shaxsiyatini tarannum etuvchi “Tashnadil” to‘plami hamda turkum she’rlari orqali ulug‘ ajdodimiz nomini abadiylashtirish, uning bebaho ma’naviy merosini yosh avlodning qalbi va ongiga singdirishga qo‘shgan katta hissasi uchun shoira Zamira Ro‘ziyeva xalqaro Bobur mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar ilmiy-madaniy merosini o‘rganishdagi hamda boburshunoslik ilmini rivojlantirishdagi xizmatlari, fond bilan uzoq yillik samarali ijodiy hamkorligi uchun yana bir guruh ziyolilar – xalqaro ilmiy ekspeditsiya a’zosi sifatida qator safarlardagi taassurotlar asosida o‘zbek milliy adabiyotida yangi janr – safarnomaga asos solganligi hamda bu asarlari orqali o‘quvchilarga buyuk ajdodlarimiz izidan borib amalga oshirgan ishlari haqida to‘laqonlik ma’lumot berganligi uchun taniqli yozuvchi va adib Qamchibek Kenja, xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi a’zosi, boburshunos va matnshunos olim Vahob Rahmonov, Andijon shahrining yoshini aniqlash borasidagi o‘zaro hamkorlik natijasida erishilgan yutuqlari, jamoatchilikka yetkazishdagi ishtiroki uchun Boqijon Matboboyevlarga Bobur nomli xalqaro jamoat fondining samimiy tashakkurnomasi bildirildi.
Shuningdek, anjuman doirasida Kanadaning British Kolumbiya universiteti o‘qituvchisi, jamiyatshunoslik fanlari nomzodi Dilsora Komil Fozilova bilan fondning Kanada bo‘limi, Tojikiston Respublikasining Bobojon G‘ofurov nomidagi Xo‘jand Davlat universitetining filologiya fanlari nomzodi, dotsent Baxtiyor Fayzullayev bilan fondning Tojikiston bo‘limi, Qrim Muxtor Respublikasi “Nenktcan” xotin-qizlar jurnali bosh muharriri Zera Bekirova bilan fondning Qrim bo‘limi, Jizzax Davlat universiteti o‘qituvchisi Hulkaroy Ne’matovalar bilan fondning Jizzax bo‘limlari jamoatchilik asosida tashkil etilib, tomonlar o‘rtasida kelishuv memorandumlari imzolandi
Kyeyingi paytlarda Bobur mirzo ijodi va faoliyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Fond tomonidan o‘tkazilgan xalqaro va respublika miqyosidagi anjumanlar hamda ana shu anjumanlar natijasida chop etilgan qator ilmiy-ommabop maqolalar to‘plamlarida bu narsa o‘z aksini topmoqda.
Ma’lumki, Rossiya Fanlar Akademiyasining Turkologiya instituti va Bobur nomli xalqaro jamoat fondining ilmiy hamkorligida 2016-yili “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya” degan hajman va mazmunan salmoqli kitob nashrdan chiqarilgan edi. Bugunga kelib, Bobur Mirzoning tarixiy va ijodiy merosini ilmiy nuqtayi nazardan tahlil etish, tizimga solish, izohlar bilan ta’minlash va targ‘ib etish maqsadida 4 jildlik “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar. Ensiklopedik, ilmiy va ommabop materiallar to‘plami”ning 1-jildi Rossiya Fanlar Akademiyasining Turkologiya instituti olimasi – professor Anna Dыbo boshchiligida 2019-yili dunyo yuzini ko‘rdi. Qolgan uchta jildning 2021-2022-yillar davomida chop etilishi rejalashtirilgandi. Ammo yuzaga kelgan bir qator moddiy omillar tufayli ushbu rejaning amalga oshirilishi ortga surilgandi. Shu sababdan fond ushbu bibliografik asarni xuddi “Kulliyot” singari yaxlit bir to‘plam holida nashrdan chiqarishga qaror qildi. Ayni paytda “Zilol buloq” nashriyoti bilan shartnoma imzolanib, arabshunos mutaxassis Shokirxon domla Rustamxo‘jayev bilan hamkorlikda ushbu asarni 5 jildga bo‘lib, nashrdan chiqarish yakuniga yetmoqda. Ushbu bibliografik asar ham yosh, ham keksa boburshunos tadqiqotchilarimiz uchun bebaho xazina bo‘lib qolishi shubhasiz.
Mamlakatimizda ma’naviyat, jumladan, adabiyotni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqimiz hayoti va tarixida yorqin iz qoldirgan buyuk allomalarimiz xotirasini abadiylashtirish, yoshlarning madaniy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishga qaratilgan qator tashabbuslar vatandoshlar dunyokarashini, ezgu va yorqin g‘oyalarni tarbiyalaydi, ongini mustahkamlaydi.
O‘zining noyob asarlari hamda olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim, Ilk Renessans davrining yorqin namoyandasi Ab-u Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini yanada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishda tadqiqotlar olib borayotgan yetakchi xalqaro ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, Ab-u Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Ab-u Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida” gi 2022-yil 25-avgustdagi PQ 361-sonli qarori e’lon qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi va shiori hamda ilm-u fan mash’ali, vatandoshimiz Ab-u Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini munosib nishonlash yuzasidan e’lon qilingan maxsus qarori munosabati bilan ekspeditsiyamiz bosib o‘tgan yo‘llarga nazar solib, safarlarning, xususan Beruniy yodi, uning xarob qabriga oid lavhalar va boshqa voqea-hodisalarni esga olishga jazm qildik va shu munosabat bilan men va taniqli yozuvchi va adib Qamchibek Kenjaning “Buyuklar buyugi. 1050” nomli asari e’lon qilindi.
Fond tomonidan 2022-yilning 10-avgust kuni «Buyuk ajdodlarimizning O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida dafn etilgan joylarini aniqlash va obodonlashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashi qaroriga binoan buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur qadamjoylari bo‘ylab ilmiy ekspeditsiyaning navbatdagi safari tashkil qilindi. Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi rahbarining AQSH davlatidagi muzey hamda universitetlarga tashrifi samarali bo‘ldi. U yerdan O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy merosiga taalluqli qo‘lyozma va noyob kitoblar haqida ma’lumotlar to‘plash, shuningdek, ularning nusxalarini yurtimizga olib kelish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Amerika davlatiga ilmiy safarlar natijasida “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyi fondi boyidi hamda ilmiy xulosalar qilindi.
O‘tgan yillar davomida amalga oshirgan ishlarni sarhisob qila turib, Bobur Mirzo asarlari yetib borgan, ammo biz yetib borolmagan manzillar hali borligiga amin bo‘lmoqdamiz. Bu ulug‘ zotning qoldirgan ijodiy merosini o‘rganish borasida ancha ishlar qilishimiz kerak. U “Boburnoma” asarini 12 yoshidan boshlab umrining oxirigacha yozgan bo‘lsa-da, asarda 18-yillik voqealar aks etgan sahifalar yo‘qolgan bo‘lib, ular hanuzgacha bizga ma’lum emas. Shuningdek, “Harb ishi”, “Musiqa sirlari”, “Qofiya” asarlari, Gulbadanbegim tomonidan yozilgan “Humoyunnoma” asarining bir qismi topilmagan. Balki bu noyob qo‘lyozmalar o‘sha biz yetib borolmagan manzillarda qaysidir muzey yoki kutubxonada, shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgandir? Bu nodir ma’naviy boylikni topib, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga olib kelish eng muhim vazifamiz bo‘lib qolmoqda”.
Zokirjon Mashrabov, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
“Andijonnoma” gazetasi, 2023-yil 14 fevral, 5-6(19911-19912)-son.
Fikr qoldirish#