Bobur nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining Hindistonga qilgan ilmiy safaridan maqsad Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar hamda Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asaridagi voqea-hodisalar sodir bo‘lgan manzil-makonlar bo‘ylab ilmiy izlanishlar: Bobur va Haydar Mirzo qadamjolarida bo‘lib, ularning hayoti va ijodiga doir ilmiy maʼiotlar to‘plashdan iborat edi.
Bobur fondi jamoasi tashabbusi bilan “Tarixi Rashidiy” o‘zbek tiliga oradan 500 yil o‘tib o‘girildi. Biroq, Muhammad Haydar Mirzoning 1540-1551 yillardagi faoliyati haqida maʼlumotlar ozligi tufayli, nashr bir oz kechiktirilib, ushbu Hindiston safari, jumladan, Kashmir masalasi kun tartibiga qo‘yildi, chunki tarixiy asariga muallifining qismati ham bevosita daxldordir.
Kashmirning eng fusunkor maskanlaridan, Dalleyk ko‘lidagi “Safina” kema-mehmonxonasiga joylashdik. Ertalab mehmonxonamiz “Safina”dan bizni qayiqqa o‘tqazib, sohilga chiqarib qo‘ydilar. Biz shu joydagi ziyolilar bilan suhbatlashib, Mirzo Haydar haqida, u buyuk alloma qaysi qabristonga dafn etilganligi to‘g‘risida birlamchi maʼlumotlarga ega bo‘ldik. Ushbu qabriston Srinagarning eski shahar qismiga joylashgan bo‘lib, 3,5-4 gektar maydonni tashkil qilar ekan. Kashmir podshoxi Zaynulobiddin tomonidan Dehlam daryosining chap sohillarida asos solingan ekan.
Qora temir panjarali, ikki tavaqali darvozaning eshikchasidan birma-bir ichkari kirib ketdik. O‘ng tomonda, shoh Sulton Zaynulobiddin onasining besh yuz yil burun bunyod etgan ulug‘vor bino-maqbarasi turardi. Undan chaproqda, to‘g‘riga sal borilsa, Sulton Zaynulobiddin, uning oila aʼzolari, amaldorlarga tegishli qabrlar va katta-kichik sag‘analar alohida ajratib qo‘yilgan edi. Shularning chap tomonida, bir oz pastroqda, daryo bo‘yida yana bir qancha qabr va sag‘analar ihotalab ajratilgan maydoncha diqqatimizni tortdi. Sergak va chaqqon qizimiz Shafoatxon yam-yashil lavha uzra egillib, “Mirzo” so‘zini o‘qishlari bilan bir qo‘lini ko‘tarib, bizni chaqirdi. Biz ham o‘sh yoqqa jadal yurdik. Birdan uch kishi shu qabr lavhasiga yuz tuban tashlanguday bo‘ldik. Qurʼonni Karimdan tilovat qilib, Mirzo Haydar oldidagi insoniylik burchimizni ado etdik.
Bu maqbara 1822 yili tiklangan-u, lavha va lavha uzra tik turadigan tosh orasidan bir barvasta tut o‘sib chiqqanligi maʼlum bo‘ldi. Maqbaraning bosh tomonida tik turgan oq marmarga forsiy tilda, arab yozuvida qo‘yidagi mazmunda matn bitilgan:
Shahidlik yurtiga nog‘ara chalib
Yo‘l oldida Ko‘ragon shoh Haydar Mirzo.
Ilohiy qazosi shunday yuz berdi.
O‘limi tarixi:”Ilohiy qazo”.
Bu qabr toshi 1822 yilda bir ingliz sayyohi – kapitan Vilyam Morkraft himmati bilan barpo etilgan. Maqbara yozuvida Muhammad Haydar Mirzo hayoti va faoliyatining ixcham mazmuni ifodalangan. Faqat bu qabr toshini o‘rganuvchilar matnda uch nuqson borligini bilishlari lozim:
1. “Abusaid” so‘zi Boburning bobosi Abusaid Mirzo emasligi, balki bu “Abusaid” - Sulton Saidxon - Yorkand xoni, Saidiya davlatining asoschisi ekanligini;
2. Haydar Mirzoning O‘ratepada emas, Toshkentda tug‘ilganini;
3.Yunusxon ona tomondan bobosidir, ota tomondan emasligini inobatga olmoqlari darkor.
Qo‘yida qabrtoshning lavha matnining to‘liq mazmunini keltiramiz:
U (Ollox) boqiydir Mirzo Haydar Ko‘ragon ibn Mirzo Muhammad Xusayn Ko‘ragon ibn Yunusxon. Bobur podshohning xolavachchasi, Ahmadxonning o‘g‘li Yorkand va Mo‘g‘ulistonning podshohi Abu Saidxonning vaziri. Xonlar - Tug‘luq Temurxon avlodidan, Chig‘atoy ibn Chingizxon naslidan. Mirzo tavalludining qutlug‘ yili hijriy 805 yilda O‘ratepa shahrida bo‘lgan. Ko‘p zamonlar o‘tishidan so‘ng Abu Saidxon hukmi bilan Yorkandga qaytdi, Tibetni egallaganidan so‘ng, 4000 otliq bilan Shaʼbon oyining 4-kunida Kashmirni fath etdi. Kashmir podshohi – Muhammad shohga taxtni qaytarib berib, Tibetga – Sulton Saidxon huzuriga qaytib ketdi. Sulton Saidxon Mirzoni Lhasaga hokim etib tayinladi va o‘zi Yorkandga qaytayotganda halok bo‘ldi. Mirzoning qarori keskin o‘zgarib, Badaxshonga ketdi. U yerdan Hindistonga – Humoyun podshoh huzuriga bordi. Humoyun podshoh yengilib, Eronga ketganda, Mirzo 450 otliq bilan Lahordan chiqib, Kashmirga jo‘nadi va hijriy 947 yil Rajab oyining 22 sida Kashmirni yana egalladi. U yerda 10 yil hukm surdi.
Ilohiy qazo tufayli o‘z tan qo‘riqchisining tasodifiy o‘qi bilan shahid bo‘ldi. Mirzo Turon, Mo‘g‘uliston va Sind (Hindiston) mamlakatlarida buyuklar xizmatlarida bo‘ldi, hunar va ilmga bo‘lgan muhabbati sabab yoshlikdan botir, tadbirli, idrokli bo‘lib yetishdi.
Albatta, yevropalik ingliz sayyohi Vilyam Morkraftning Kashmirga kelib, Mirzo Haydar dafn etilgan qabristonni topib, buyuk allomaga yodgorlik qo‘yib ketishiga asosiy sabab, “Tarixi Rashidiy” qomus asarini o‘qib, olgan taassurotlarining samarasidir.
Buyuk alloma Mirzo Haydarning 10 yillik faoliyatini va Kashmir tarixini baholi qudrat chuqurroq o‘rganish maqsadida “Arxeologiya va qadimgi Kashmir” tarixiy muzeyiga borib, tarixiy manbalar, yodgorliklar, Bobur va boburiylar, shuningdek, Mirzo Xaydarga bog‘liq ashyoviy dalillar va ko‘rgazmalar bilan tanishdik. Kashmir universitetiga borib, tarixnavis olimlar bilan suhbatlashdik. O‘zbekistonimizda sodir bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar,ayniqsa, maʼnaviyatimizning yanada yuksalishida, ko‘hna tariximizni tiklanishida olib borilayotgan ezgu ishlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar haqida fikr almashdik.
Muhammad Haydar shohligi tufayli Kashmir eli libosi, imoratlari yangilandi. Ushbu qisqagina maʼlumotlar Muhammad Haydar Mirzoning Kashmirdagi o‘n yillik jang-jadal ichida ham yirik bunyodkorliklarga vaqt va kuch topa olganidan darak berib turardi.
Kashmirdan qaytar ekanmiz, mutaxassislar va kitob do‘konlaridan fors, ingliz, urdu tillarida Mirzo Bobur va Muhammad Haydar Mirzo hayoti va ijodiga oid ko‘plab kitoblar olib keldik. Endi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga topshiriladigan bu kitoblardan buyuk hamyurtimizning hayoti va ijodi bilan shug‘ullanadigan olimlar foydalansalar bo‘ladi.
Muhammad Haydar Mirzo Kashmir muhiti tarixiy-adabiy anʼanalariga amal qilib, “Tarixi Rashidiy” asarini fors tilida yozgan bo‘lsa-da, u saroyda va oilada Navoiy va Bobur kabi turkiy-o‘zbek tilida so‘zlashgan va yozgan. Buning isboti uning turkiy-o‘zbek tilidagi “Jahonnoma” va “Mahmudnoma” dostonlaridir.
Inshoolloh, 2010 yili o‘zbek kitobxonlari ham ushbu qomusiy asarni o‘z ona tilida o‘qishga muyassar bo‘ladilar.
Zokirjon Mashrabov, Bobur nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiya rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
Vahob Rahmonov, ekspeditsiya aʼzosi, Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori.
“Andijonnoma” gazetasi, 2010 yil 13 fevral, 14(18679)-son.
Fikr qoldirish#