Eng qadimiy shaharlar haqida so‘z ketganda, shubhasiz Rim, Afina, Sian, Samarqand tilga olinadi. Darhaqiqat, dunyoning to‘rtta ustuni sanalgan bu shaharlar qadimdan madaniyat markazi sifatida allaqachon tan olingan.
Aslida esa uch ming yillik tarixga ega bunday shaharlar anchagina. Jumladan, vatanimiz hududidagi Buxoro, Termiz, Shahrisabz, Xiva va Andijon ham uzoq tarixga ega. Ayniqsa, Andijon deganda har bir inson beixtiyor buyuk mutafakkir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburni eslashi tayin. O‘n bir yoshida boshiga toj kiyib, siyosat bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan Boburning ilm olishga vaqti deyarli qolmagan. Shunday bo‘lsa-da uning bolaligida olgan bilimi va hayotiy tajribasi natijasida yirik shoir va ulug‘ olim bo‘lib yetishganini hisobga olsak, o‘rta asrlarda Andijon chindan-da yirik ilmiy markaz bo‘lgan va baʼzi tarixiy manbalarda “qubbat ul islom” deb atalgan.
Boburning shoh asari “Boburnoma”da keltirilgan maʼlumotlarga qaraganda, Temuriylar davrida Andijon Movarounnahrning eng yirik shaharlari orasida Samarqand va Kesh (Shahrisabz)dan so‘ng uchinchi o‘rinda turgan. Shahar qo‘rg‘oni ulkan devorlar bilan o‘rab olingan bo‘lib, uchta darvozasi bo‘lgan. Shahar arki janub tarafida joylashgan va to‘qqiz tarnov suv kirib, bu suv bir yerdan ham tashqariga chiqmagan.
Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Andijon temuriylar davlatining Farg‘ona viloyati poytaxti bo‘lib, Xitoy, Hindiston va boshqa yurtlardan savdo karvonlari qatnab turgan. Andijon adabiy muhiti nihoyatda yuksak darajada bo‘lgan. Temuriylar davrida bu adabiy muhit yanada taraqqiy topgan. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan ilmi toliblar Andijon madrasalarida taʼlim olishgan.
Andijon tuprog‘ini yalab ilm olgan toliblardan juda ko‘plari keyinchalik Samarqand, Hirot va boshqa adabiy va madaniy hayot gullagan shaharlarda yashab ijod etganlar. Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, Mirzo Haydarning “Tarixi Rashidiy”, Xoja Hasan Nisoriyning “Muzakkiri ahbob”, shuningdek, “Boburnoma” kabi o‘rta asr nodir qo‘lyozmalarida andijonlik shoir, adib, musiqachi va boshqa adabiy muhit vakillari tilga olingan. Atigi olti-etti yil adabiy saboq olgan Boburning o‘zi buyuk shoir bo‘lib yetishishida ana shu muhitning taʼsiri katta bo‘lgan. O‘n ikki yoshga to‘lmay turib boshiga toj kiygan Bobur adabiyot va kindik qoni to‘kilgan ona shahriga bo‘lgan muhabbatini butun umr saqlab qolgan. Taqdir taqozosi bilan Movarounnahrdan chiqib ketgan Bobur hech qachon Andijonni yodidan chiqarmagan.
Noumid bo‘ldim, ey Mo‘g‘ul sendin,
To eshittimki, Andijon bording.
Aytqon so‘zga keldim, ammo, sen
Yaxshi kelding demay, yamon bording.
Bu satrlarda Andijondan ayro tushgan Boburning ona shahriga bo‘lgan sog‘inch va muhabbatini anglash qiyin emas. Sohibqiron Amir Temur saltanati taxti joylashgan Samarqand uchun bo‘lgan kurashlarda faol ishtirok etgan Bobur Andijonni qo‘ldan chiqarib qo‘yadi. Buning sababi Boburning Samarqandda ekanidan foydalangan uning g‘animlari baʼzi sotqin beklar bilan til biriktirib fitna uyushtiradilar. Bobur tayin qilgan Andijon va Axsi hukmdorlari xoinlik yo‘liga o‘tadilar. Boburning onasi va ustozi Xoja Qozining Samarqand Andijon kuchi bilan olingani, agar Andijon qo‘lda bo‘lsa, yana Samarqandni olish mumkinligi mazmunidagi xatlardan so‘ng to‘shakda og‘ir yotgan Bobur ona shahrini himoya qilish uchun yo‘lga chiqadi. Xo‘jandga yetgan Bobur o‘zining Samarqanddan chiqqan kuni Andijonning muxoliflarga topshirilgani xabarini eshitadi. “Andijong‘a bo‘la Samarqandni ilikdin berduk, Andijon ham ilikdin chiqmish edi”, deb yozadi Bobur bu haqda taassuf bilan. Bu paytda Bobur atigi o‘n to‘rt yoshda bo‘lgan. Toshkent, Xo‘jand, va Andijonning janub tarafidagi tog‘li joylarda sarson-sargardon yurgan Bobur yana Andijon taxtini egallaganida “ota viloyatikim, ikki yilcha yovuqlashib erdikim, ilikdin chiqib edi, Tengri inoyati bila zul-qaʼda oyida sana 904 da yana muyassar va musaxxar bo‘ldi” deb maʼlumot keltiradi.
Bobur Kobul taxtiga o‘tirganidan so‘ng bir necha yil tevarak-atrofni o‘z tasarrufiga kiritish va obodonchilik ishlari bilan shug‘ullanadi. 1510 yilda Movarounnahr va Xurosondagi siyosiy o‘zgarishlar oqibatida andijonliklar Boburga odam jo‘natib ota taxtini egallashini so‘rashadi. Bu paytda asosiy nigohini Hindistonga qaratgan Bobur o‘z o‘rniga tog‘avachchasi Sulton Saʼidxonni xon qilib ko‘tarib, “zodu bud Andijon” viloyatini unga bag‘ishlaydi. Mazkur iboradagi “zodu bud” so‘zi “tug‘ilgan joyim” maʼnosini beradi.
Bobur Hindiston taxtiga o‘tirganidan so‘ng ham Andijon bilan aloqasini uzmagan. Panipat shahri yaqinidagi g‘alabasidan so‘ng o‘z ona vataniga sovg‘a-salomlar yuborib, barcha temuriy malika va shahzodalarni Agraga chorlagan. Xuroson, Iroq va movarounnahrlik shoir, adib va boshqa ijod ahli orasida andijonliklar ko‘p edi. Bobur saroyida va uning avlodlari zamonida Hindistonda yashab boburiylar panohida bo‘lgan Qilichxon Andijoniy va boshqa shaxslar bo‘lgan.
Bugun ham zamonaviy go‘zal va ko‘hna Andijon vatanimizning eng yirik shaharlaridan biri sanaladi. Mustaqillik yillarida ulug‘ alloma va shoir Boburga haykal o‘rnatildi. Bobur qadami tekkan muqaddas tuproq Bog‘ishamol mavzesida shoirning ashaddiy muxlisi, boburshunos olim Zokirjon Mashrabov saʼy-harakatlari bilan ulkan bog‘ va “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi yaratilgan. Boburdagi vatanparvarlik va bunyodkorlik xislatlarini o‘zida jo qilgan Zokirjon hoji aka har yili Bobur tavalludi kuni munosabati bilan Andijonda ilmiy-adabiy tadbir o‘tkazadi. Ana shunday tadbirlarda qatnashgan chet ellik olimlardan biri menga, “Bobur nega Andijonni sevganini endi tushundim. Bu yerning havosini qarang, nafas olib to‘ymaysan. Agrada bunaqa sof nafas ololmaysan” degan edi. Boburning ikki poytaxti orasidagi tafovutni izohlayotgan hamkasbimga “Vatanni sevmoq iymondandur” degan Hadisi sharifni eslatdim.
Bobur eʼtiqodli shaxs bo‘lgan. U ana shunday iymon bilan Andijonni suygan. Besh asr avvalgi kabi hozir ham andijonliklar Boburni sevishiga ishonaman. O‘z xalqining dovrug‘ini Bobur darajasida ko‘targan shaxslar kam topiladi.
Botirali Yo‘ldoshev, hindshunos.
“Xolis” gazetasi, 2015 yil 15 fevral, 7-(977) son.
Fikr qoldirish#