Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobur yurgan yo‘llardan...

Bobur nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiya shu yil 22 iyuldan 13 sentabrgacha navbatdagi safarda bo‘lib, 20 ming kilometrga yaqin masofani avtomobilda bosib o‘tdi. Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston hududlarida hamyurtimiz Boburmirzo va boburiylar barpo qilgan tarixiy obidalar ziyorat qilindi, o‘rganildi va kerakli maʼlumotlar to‘plandi. Kutubxonalarda, muzeylarda, do‘stlik jamiyatlarida va ro‘znoma tahririyatlarida uchrashuvlarda mustaqil O‘zbekiston davlati, xalqimizning boy tarixi, respublikamiz Prezidenti I.A.Karimov olib borayotgan ichki va tashqi siyosat haqida, xalqimizning o‘tmishi, hoziri va kelajagi to‘g‘risida targ‘ibu-tashviq ishlari olib borildi. Bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur Andijonda tavallud topganligi, Farg‘ona viloyatining hokimi bo‘lganligi, uning “ulug‘ mo‘g‘ul” emas, “ulug‘ o‘zbek” ekanligi mumkin qadar uqdirildi.


Bu galgi ilmiy safarimiz mashhur allomalar shahri, sobiq Xuroson davlatining poytaxti Hirotdan boshlanadi.

Dastlab Hirot viloyatining hokimi Amir Ismoilshoh qabulida bo‘lib, unga safarimizning maqsad va vazifalari haqida gapirib berdik. Bizni hurmat-ehtirom bilan tashqi ishlar bo‘limi mehmonxonasiga joylashtirishdi. Harbiy lavozimdagi Anvar sohib bizga biriktirib qo‘yildi. Fors-tojik adabiyoti klassigi Abdurahmon Jomiy, Xo‘ja Abdullo Ansoniy qabr-maqbaralarini, Navoiy, Husayn Bayqarolar tomonidan taʼmirlangan jomeʼ masjid-madrasasini, Ixtiyoriddin qalʼasini ziyorat qildik. G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning devorlari o‘pirilgan, sag‘ana toshlari sinib, borar yo‘llarini o‘t bosgan maqbarasi yonida tilovat qildik.

Bu ulug‘ inson sag‘anasining shu holatga tushib qolganligi qalblarimizni larzaga keltirdi. O‘zbek xalqining ilmparvar sultonlaridan biri, shoir Husayn Boyqaro maqbarasini safarimizning ikkinchi kuni hirotlik tarixchi olim Anvar Mavlaviy yordamida arang topdik. Xuroson davlat hukmdorining qabri hazrati Navoiy hobgohidan 250-300 qadam narida joylashgan ekan. Ming afsuski maqbaradan birgina qabr toshi qolibdi, xolos.

Hirot shahri va uning atrofidagi Bobur Mirzo qadami yetgan eʼtiborga sazovor joylarda bo‘lib kerakli maʼlumotlar to‘plandi. Foto tasvirlar olindi.

Hirot hokimi Amir Ismoilshoh bilan ikkinchi uchrashuvda Alisher Navoiy, Husayn Boyqarolarning qabr-maqbaralarini birgalikda taʼmirlash yo‘l-yo‘riqlari kelishib olindi. Shuningdek, Afg‘on urushida bedarak yo‘qolgan o‘zbek jangchilarining ro‘yxatini topshirdik. U kishi bu borada imkon qadar yordam qilishga vaʼda berdi.

Ashgabad orqali Eronning Mashhad shahriga bordik. Tus shahrida olamga mashhur “Shohnoma” asarining muallifi Abulqosim Firdavsiyning sharqona uslubda yaratilgan nihoyatda go‘zal qabr-maqbarasini ziyorat qildik, taniqli ingliz olimi, “Boburnoma”ning tarjimoni Uilyam Erskinning “Eron va Bobur” kitobi, shuningdek bobomiz Amir Temur haqida yaratilgan asarlari bilan tanishdik. Zahiriddin Boburning Eron davlatida juda oz fursat bo‘lishiga qaramasdan shunday katta kitob yozilgani va uning fors tiliga yettinchi marta nashr qilinganligi quvonarlidir.

Kveta, Mo‘lton, Lohur Pokistonning yirik shaharlaridan hisoblanadi. Lohur davlat milliy muzeyi direktori, professor Sayfur Rahmon, boburshunos Oshiq Muhammadxon Durroniy va boshqa olimlar bilan suhbatlarimiz ekspeditsiya aʼzolarining bir umr yodidan chiqmasa kerak. Pokiston xalqining Bobur va boburiylarga hurmati baland. Sulola haqida ingliz hamda urdu tillarida ko‘plab maqolalar chop etilibdi. Baxtli tasodif tufayli Lohurda Bobur haqidagi yangi videofilmni tomosha qildik va Andijonga olib kelishga muvaffaq bo‘ldik.

Hindistonga o‘tish biroz qiyin bo‘ldi. Chegaradagilar avvaliga avtomobil bilan o‘tishimizga ruxsat berishmadi. Dehliga (500 km) tarjimon Ahmad Qosimov ikkimiz poyezdda borib, O‘zbekiston davlatining Hindiston konsuli yordamida Hindiston Tashqi ishlar vazirligiga chiqdik. Chegarada ekspeditsiya aʼzolarining vaqti bekorga ketayotganligini aytib, safarimiz mohiyatini tushuntirganimizdan so‘nggina Bobur bobomizning uchinchi yurti hisoblangan zaminga o‘tish nasib etdi.

Amritsar shahri orqali Panipatga yetib bordik. Operator shahardan to‘rt chaqirimcha naridagi Bobur bilan Ibrohim Lo‘diy boshliq askarlar to‘qnashuvi aks ettirilgan o‘yma rasm-chizmalarni tasvirga tushirdi. Shu jangda halok bo‘lgan hamyurtlarimizni xotirlab, tilovat qildik. “Bobur bilan Ibrohim Lo‘diy o‘rtasidagi jang Hindiston tarixida katta o‘zgarish yasagan” degan haqqoniy eʼtirof qayd etib qo‘yilgani bizda chuqur taassurot qoldirdi.

O‘sha kuni kechki payt Dehlini manzil tutdik. O‘zbekistonning Hindistondagi konsuli Ahmadjon Luqmonov huzurida bo‘lib, dastlabki taassurotlarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Hindiston davlati hududida bajarajak vazifalarimiz borasida fikrlashib, maslahatlashib olindi.

Ertasi kuni Hindiston Tashqi ishlar vazirligida rasmiy qabul marosimi bo‘ldi. Mustaqil O‘zbekiston davlatining kelajagi haqida, boburiylar to‘g‘risida mulozahalar aytildi. Dorilfunun, kutubxona, milliy davlat muzeyi, ro‘znomalar tahririyatlarida O‘zbekiston-Hindiston do‘stlik jamiyatida o‘tkazgan uchrashuvlarimiz jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Qomus asar “Boburnoma”, Bobur devoni va boburiylar farmonlarining qo‘lyozma nusxalari bilan tanishib, ularni kino, video-foto lavhalarga tushirdik. Bobur haqida olti qismdan iborat videofilm yaratish haqida Gopal Misra (Indiya kompaniyasi) bilan shartnoma tuzildi. Filmning uch qismi O‘zbekistonda, uch qismi Hindistonda olinadigan bo‘ldi.

Jamna daryosining chap qirg‘og‘idagi Bobur yaratgan Zarafshon-Orom (Rom) bog‘i u ulug‘ inson yashagan uylar hamon saqlanib qolgan. Boburning jasadi vaqtincha saqlangan pastki xonadon va xarobaga aylangan avvalgi maqbarasidan tuproq olinib, uni shu yil 5 oktabr kuni jamoatchilik ishtirokida Andijondagi Bobur bog‘ida qad ko‘targan ramziy maqbaraga qo‘yildi.

Bobur nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiya avtomobilda safarga chiqqanligi haqidagi xabar matbuot va radio orqali Hindiston jamoatchiligiga ham yetib borgan ekan. Shuning uchunmi, Haydarabod shahridagi qadimiy Salarjang rahbari, doktor Gexlat janoblari, shu muzey qo‘lyozmalar bo‘limining mudiri, professor Rahmatillo Alixon va boshqa olimlar bizni juda yaxshi qarshi olishdi. Bu yerda “Boburnoma” va “Bobur devoni”ning turkiyzabon qo‘lyozmalari saqlanar ekan. Amir Temur va boburiylar shajarasining yirik-yirik vakillari suratlaridan fotonusxalar olishga muyassar bo‘lindi. Muzey xodimlari Bobur qo‘lyozma asarlarining mikrofilm nusxalarini olib bizga jo‘natishga vaʼda berdilar. Ertasi kuni janob Gexlatning shaxsan o‘zi bizni shahardan 30-35 chaqirim uzoqlikdagi Qutbishoh qalʼasiga olib borib, ziyorat qildirdi va qalʼaning tarixini batafsil so‘zlab berdi. Hindiston bo‘ylab safarimizning eng quvonchli voqealaridan biri boburiylar avlodi Laylo Ummaxoni va uning o‘g‘illari Ziyovuddin va Masihuddin Tusiylar bilan uchrashuvimiz bo‘ldi. Tabarruk xonadonda mehmon bqlib, shu narsani angladikki, ular avlodlariga nisbatan o‘z eʼtiqodini saqlab qolishgan. Zahiriddin Muhammad Boburdan tortib to o‘zlarigacha bo‘lgan shajaralarini yaxshi bilisharkan. Biz bu oila aʼzolarini Andijonga taklif etdik.

Jaypur shahrida Akbarshoh tomonidan qurdirilgan ko‘l o‘rtasidagi qasr va Amir qalʼani ko‘rib, boburiylar yaratgan sharqona uslubdagi tarixiy meʼmorchilik obidalariga yana bir bor tasannolar aytmay iloji yo‘q edi.

Shu kuni mehmonxonadagi televizorda “Hindiston tarixi” nomli ko‘p seriyali videofilmning shoh Akbarga bag‘ishlangan qismi namoyish etildi. Film mazmunidan hind xalqining ulug‘ bobomiz Bobur va uning avlodlariga xayrixohligi sezilib turibdi. Demak, boburiylar mavzui Hindiston olimlari, yozuvchilari, kinochilar diqqatini hamon o‘ziga tortib kelayapti ekan.

Bobomiz Boburning qadami tekkan tarixiy joylardan o‘tgan vaqtimizda qomus asar “Boburnoma”da tasvirlangan Tyan Shan, Pomir, Hindiqush, Himolay tog‘ tizmalari va ularning pasttekisliklari vodiylariga oid geografiya, geologik muhit va jarayonlarni o‘rganishga va qiyoslashga harakat qildik va buyuk sayyoh va betakror tabiatshunos olim sifatida bildirgan fikr-mulohazalari bugungi kun ilmiy qarashlari bilan naqadar yaqinligiga ishonchimiz komil bo‘ldi. Kelajakda ulug‘ Bobur faoliyatining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha alohida-alohida ilmiy ekspeditsiyalar tuzilib, ishlanishlar, tadqiqotlar olib borilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yaqin kunlarda ekspeditsiyamiz safarlari mahsuli sifatida uch qismli “Bobur izidan” videofilmi va “Bobur nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiya” degan hujjatli kinofilm xalqimiz eʼtiboriga havola etiladi. Shuningdek, kelajakda safarlarimiz haqida kitoblar yozish va nashr etish ham mo‘ljallanmoqda.

1994-yili Andijon – O‘sh – Ergashtom – Qashqar dovoni orqali tuya, otlardan iborat karvon tashkil etish niyatimiz bor. Bu safardan maqsad – Xitoy (Uyg‘uriston) bilan O‘zbekiston ziyolilari olimu ulamolari o‘rtasidagi madaniy-ilmiy aloqalarni, savdo sohasidagi qadimiy munosabatlarni qayta yo‘lga qo‘yishdir.

Xayriya jamg‘armamiz 1994-95 yillarda keng jamoatchilik ko‘magi va ishtirokida yuqorida zikr etilgan yurtdoshlarimizning qabrlarini taʼmirlash va u ulug‘ insonlarning haqiqiy siymosini tiklashdek ishlarni amalga oshirishni ham ko‘zda tutadi.

Kelgusidagi Andijondagi Bobur nomidagi bog‘ xalqimizning sevimli dam olish maskaniga aylanib, aziz va mo‘tabar inson Zahiriddin Muhammad Boburning ramziy qabr-ziyoratgohi avlodlarimiz uchun madaniy markaz bo‘lib qolajak. Bu yerda 1994 yili “Ijodkorlar uyi” qurish haqidagi taklifimizni ham viloyat hokimiyati sidqidillik bilan maʼqulladi.

Shu munosabat bilan ushbu maskanning “Milliy bog‘” maqomini olishi uchun uni YUNESKO ro‘yxatidan o‘tkazishdek masʼuliyatli vazifani zimmamizda his etib turibmiz.


Zokirjon Mashrabov, ekspeditsiya rahbari.

“Xalq so‘zi” gazetasi, 1993 yil 6 noyabr, 217 (715)-son.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0