Uzoq yillar huquqshunoslik sohasida ishlab nafaqaga chiqqan, ilm-u ma’rifat bobida shuuri, dili xiyla boy Yoqubjon Jalolov (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) hamrohligida o‘z amalining hadisini olgan Ahmadjon Isaboyev haydovidagi “Jip” avtoulovida Andijondan Xo‘jaobod tumanidagi Dilkusho qishlog‘iga yetib borganimizda soat hali yetti ham bo‘lmagan edi. Yo‘lovchining rizqi yo‘lda deganlariday, bir-ikki kunlik safarga uch yirik xaltadagi kiyim-bosh-u boshqa anjomlari bilan taxt bo‘lib turgan ushbu safar tashabbuskori - beshinchi sherigimiz Turdixo‘ja aka Ehsonov (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin)ning bir kun avval to‘y o‘tkazgan yon qo‘shnisi — Bobur ixlosmandi Ro‘zixo‘ja qistovi bilan uning hali yig‘ishtirib olinmagan bazm stolida Dilkushoning husaynisi-yu to‘y nonidan totib, ikki piyoladan achchiq ko‘k choy ichib, yo‘lga tushdik.
Sal avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston Ryespublikalari Prezidentlari uchrashuvlari munosabati bilan ikki qo‘shni davlatlararo “Do‘stlik” chegara-bojxonalaridan o‘tish rasmiyatchiliklari ancha soddalashgani bois ortiqcha muztarliklar bo‘lmadi, hisob.
Mirzo Bobur “Boburnoma” asarida mo‘tadil, sof-toza havoliq deb ta’riflagan Tabriz, O‘sh va Kosonni eslashdik-da, O‘shni ham ziyorat, ham tomosha qilib o‘tish maqsadida shahar oralab yurdik. Ancha-muncha yangi inshootlar qad ko‘targan, ko‘chalar tig‘izlashib, yo‘l bo‘ylari va xiyobonlardagi daraxtlar qalinlashibdi. Harqalay, manzaralar ko‘zimizga o‘tday ko‘ringani rost. Axir O‘sh bilan Andijon Bobur Mirzo zamonlaridan, balki undan ham avvaldan odamlari bir-birlariga talpinib turadigan, o‘zaro qadrdon, ser bordi-keldili qadimiy kentlar-ku.
Shahar adog‘idan janubi g‘arb sari ketdik. Darvoqe, biz Zahiriddin Muhammad Boburning ishonchli amirlaridan birining nomiga qo‘yilgani taxmin qilinayotgan Xoja Kalon (mahalliy lahjada Xo‘ja Kelen) qishlog‘i ziyoratini mo‘ljallab safarga chiqqandik.
Biz borayotgan yo‘nalishdagi eng mashhur joy va nomlar Oqbo‘ra daryosi-yu uning asosiga qurilgan Papan suv ombori edi. Daryoda suv kamayib, shiddat susaygani bois, omborning mahobati ham bir muncha pasayganday ko‘rinardi.
Suv ombori hududidan uzoqlashgach, tog‘sifat, somonrang adirlar boshlandi. Yaqin-atrofda aholi gavjum qishloq yo ovul ko‘rinmas, faqat onda-sonda yonida qo‘ra, molxonasi bor yakkam-dukkam tomlar uchrardi. O‘sha kulbalar atrofida g‘imirlab, kuymalanib yurganlarga nazari tushgan kimsaning xayolidan odam farzandi ham juda yashovchan jonzot ekan-da, degan fikr kechishi ayon. Lekin ularning hayotini “yashamoq” degan so‘z aynan ifodalashi gumonday tuyuladi. Balki, shunchaki kun kechirish, umrguzaronlik degan iboralar mos kelar. Boshqa bir jihatdan qarasangiz, sabr-bardosh, matonat sifatlari haqiqatga yaqinroqday. Axir atrofda yilt etgan suv yo‘q, faqat tog‘ yorig‘laridan chiqayotgan buloqlar mavjud bo‘lib, ko‘zga tashlangan yaxshilik hisoblanadi.
Yo‘l Oqbo‘radan goh uzoqlashib, aylanib-aylanib yana uning qirg‘og‘ida keng, dam tor o‘zanda paydo bo‘ladi. Tog‘lar orasida, toshdan toshga urilib hosil qilgan sadolari ba’zan olisroqlardan, ba’zan shundoq yonginamizdan eshitila boshlaydi.
Garchi aniq sezilmasa-da, sekin-asta yuqoriga borayotganimiz aniq edi. Chunki nam yerlardan uzoqlashib, qaqroq adirlarga yondashib ketardik. Shunda biz Andijon shahri dengiz sathidan 370 metr, O‘sh esa 900 metr balandlikda joylashganini eslab, ikkala yurtning iqlimi, tabiatini muhokama qilishga tushamiz.
Birdan oldinda yashil hudud ko‘zga tashlandi. U joy—Papan qishlog‘i edi. Oqbo‘raga tutash, aniqrog‘i daryoning ikki sohilida joylashgan mazkur ovul chindan ham serdaraxt, soya-salqinga boy ekan. Ayniqsa, mirzaterak ko‘p edi.
Oqbo‘ra bir vaqtlar katta daryo bo‘lgan, o‘sha davrlarda u Sirdaryoga quyilardi.
Papandan bir oz yurganimizdan keyin shag‘alli dovon yo‘li boshlandi. Yo‘l tor — bir ulovga mo‘ljallangan bo‘lib, ro‘paradan kelayotgan mashina yo‘lning nisbatan kengroq joyida tog‘ tomonga qapishib kutib turardi. Yo‘l ba’zi o‘rinlarda tog‘lar orasidan qisilib o‘tadi, goho yalanglikka chiqib qoladi. Ko‘chaning qachon shag‘allanganini chamalash qiyin. Lekin qattiq va qadimiyligi aniq. O‘tmishda Farg‘ona vodiysi bilan Qashqarni bog‘lagan bu yo‘l va undagi dovonlardan Amir Temur, Bobur Mirzolarning ham yurishganini taxmin qilish mumkin edi.
To‘g‘risi, avvalgi zamon kishilarining sabr-toqatiga, matonatiga har qancha qoyil qolib, har qancha tasannolar aytilsa, kam. Minglab chaqirim masofalarda poy-u-piyoda, toshlarga, o‘nqir-cho‘nqirlarga qoqilib-suqilib yurishganini bir tasavvur qilib ko‘ring-a! Biz esa nisbatan ancha yaxshilangan, atigi bir necha soatlik yo‘llarda yumshoq o‘rinli avtomobilda borayotib ham aylanalarda bellarimizning tolib ketayotganidan shikoyat-u shikvalar qilar edik.
Nihoyat, Qorag‘ul ovulidan keyin Xoja Kalonga kirib bordik. Qishloqning gir atrofi baland tog‘lardan iborat bo‘lib, odam o‘zini xuddi osmono‘par qo‘rg‘onga kirib qolganday his etardi. Bir joyning o‘zida bu qadar rang-barang tog‘larni ko‘rmagandik: kungay yoni yaydoq, salqin tarafi naq archazor...
O‘zini Ilyos ova deb tanishtirgan mo‘ysafidning tog‘ etaklari bilan tutash hovlisida yuz-qo‘llarimizni chayib, nafas rostlash asnosida oqsoqol bilan bir oz hangomalashdik. U bizning farazlarimizni tasdiqlab, shu yerdan Katta Oloy, Kichik Oloy tomonlarga yo‘l borligini, shuningdek, ovulchada uch yuz xo‘jalik yashashini aytib berdi. Markaziy shahar, guzarlardan olis bo‘lgan ushbu manzilda qishning katta qorli pallalarida qariyb chetga chiqishmas ekan. Ovaning bizga non-choy tutgan kelini Kenjahonning hovlida pildirab yurgan besh o‘g‘il-qizning onasi ekanini aytishganida hammamiz tang qoldik: ixcham jussali, pastroq bo‘yli juvonni nari borsa yigirma besh yoshga kirgan deb o‘ylash mumkin edi.
Ha, bu musaffo va shifobaxsh tog‘ havosining sharofati, degan xulosaga keldik. Zero, oltmishdan oshgan Ilyos ovaning o‘zi ham yoppa soqol-mo‘ylov bilan salobatli ko‘rinsa-da, tiniq yuzlarida tirish kam, dadil-baquvvatligi sezilib turardi.
Ba’zilarimizning Xoja Kalon dafn etilgan joygacha piyoda yetib borishimizga ko‘zimiz yetmadi. Chunki haydovchimiz Ahmadjon u yog‘ga borib azmoyish olib kelgan, aytishicha, masofa besh yuz metrdan ziyod bo‘lib muttasil tepaga ko‘tarilib borar va barcha tog‘ yo‘llari kabi o‘nqir-cho‘nqir, yurish noqulay va mashaqqatli ekan.
Biz uy egasidan ulov borasida yordam so‘radik.
—E, yo‘l juda yaqin. Hech qiynaladigan joyi yo‘q, - dedi Ilyos ova. – Bizda hozir ulov ham yo‘q, qo‘yib yuborganmiz, bari tog‘da.
Biz keksaroqlarimizning oyoqlarimiz og‘rishi, tog‘ yo‘liga yaramasligini aytib, iltimosimizni takrorladik. Ova katta nabirasiga eshak topib kelishni buyurdi.
Anchadan keyin bir qoramtir eshakni olib kelishdi.
Qisqasi, qay birlarimiz piyoda, qay birimiz ulovda tepaga qarab jo‘nadik. Chindan ham yo‘l afti yo‘q, boz ustiga shox-shabba, o‘tin-cho‘p to‘kilgan, chang edi. Bunaqa yo‘lning masofasini qadam bilan o‘lchash ham qiyin edi. Yigirma daqiqalar yurganimizdan keyin hansirashlar boshlandi. To‘xtab, qirshovga (chap – g‘arb tomon keng, ammo sayoz jarlik bo‘lib, ancha nari va quyidagi ariqda jildirab suv oqardi) cho‘nqayib bir oz nafas rostladik-da, yana yurishda davom etdik. Yo‘lning eng baland joyidan keyingi qismi quyiga tik qiyalab borardi. Bir amallab tushib, mo‘ljaldagi manzilga yetgach, yengil nafas oldik. Kun chiqish tarafda ancha baland, ikki yoni panjarali yog‘och ko‘prik ko‘rindi. Undan o‘tib, tog‘ poyiga yo‘l oldik. Tog‘ osti g‘orsimon katta g‘ovak bo‘lib, tepadan sizib tushayotgan tomchilar hisobiga ko‘l hosil bo‘lgan ekan. Ko‘lda katta-kichik tog‘ baliqlari erinchoqlik bilan suzib yurishardi.
Tashqariga chiqib, tog‘ poyi bo‘ylab yigirma-o‘ttiz qadamcha naridagi yolg‘iz qabr yoniga bordik. Sayyohlar va boshqa ziyoratchilar uchun ikkita o‘tirg‘ich yasab qo‘yilgan ekan. O‘tirib, buyuk boburiylar va ushbu mozorda yotgan Xoja Kalon haqqiga tilovat va duolar qildik.
Qabr oddiy, ko‘rimsiz va qarovsiz bo‘lib, usti-yu atrofi o‘skin buta va har xil o‘tlar bilan qoplangan edi.
Achina-achina, muhokamaga tushdik. Bu qabr asli qay bir Xoja Kalonga tegishli ekan?..
Ma’lumki, “Boburnoma”da ikki nafar Xoja Kalon — yigirmadan ziyod o‘rinda Zahiriddin Muhammad Boburning mashhur beklaridan biri Mir Xojai Kalon, besh-olti sahifada Movarounnahrdagi xojagon-naqshbandiya tariqatining peshvolaridan biri Xoja Axrori valiyning chevarasi Xoja Kalonning ism-shariflari qayd qilinadi. Mir Xoja Kalon haqida “Boburnoma”dan tashqari Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy”, Nizomiddin Ahmadning “Tabaqat-i Akbar-shohiy”, Amir Mahmud Xondamirning “Tarixi Shox Ismoil va Shoh Tahmosp Safaviy” asarlarida ham ma’lumot berilgan. Demak, Xoja Kalon ancha nufuzli, taniqli tarixiy shaxslardan bo‘lgan. Darhaqiqat, Amir Xoja Kalon – Sulton Abusaid mirzo o‘g‘li Umarshayx mirzo saltanati va islom dinining ulug‘ ustunlaridan biri Mavlono Muhammad Sadrning o‘g‘li edi, - deyiladi “Tarixi Rashidiy”da. Shu asarda ta’kidlanishicha, Xoja Kalonning yana besh og‘a-inisi ham Bobur Mirzo xizmatida yurishgan, janglarda faol ishtirok etib, mardlarcha halok bo‘lishgan. Jumladan, Xoja Kalonning akasi Kichikbek ham Bobur mirzoning hurmat-e’tiborini qozongan va juda yaxshi taassurot qoldirgan mulozimlardan biri bo‘lganini quyidagi ta’rif orqali bilib olish mumkin: “Qalotga yetganda beyaroq va beasbob yetgan bila-o‘q har taraftin urush solduk, xeyli urush bo‘ldi. Xoja kalonning og‘asi Kichikbek xeyli mardona yigit edi, necha navbat mening olimda qilichlar chopib edi, nechukkim bu tarixta mazkur bo‘lubtur.”
Xo‘sh, Xoja Kalon va uning og‘a-inilariga padari buzrukvor bo‘lmish Mavlono Muhammad Sadrning o‘zi kim edi? U - Umarshayx mirzoning sadri – masjid, madrasa, xonaqolar ta’minoti bo‘yicha mas’ul podsholik mansabdori edi. Uning o‘g‘illaridan biri Xojagi Mullo Sadr esa Bobur mirzoning sadri bo‘lib, 1497-yili Samarqandni olish uchun bo‘lgan jangda lashkarning ichki beklar tarkibida qatnashgan.
Mir Xojai Kalonga kelsak, u Zahiriddin Muhammad Boburning ishongan, qadrdon safdoshi, yirik sarkarda va davlat arbobi bo‘lgan. “Boburnoma” asarining oxiridagi ilova tarzida berilgan, xulosanamo sahifada “musavvidi avroq” ( kimligi noma’lum ko‘chiruvchi, kotib) shamshir va qalam sohibi, qobil va saodatmand podshohning she’r, san’at, ilm borasidagi doimiy va eng yaqin hamsuhbatlari sanog‘ida Xoja kalon nomini ham zikr etar ekan, uning Boburning xos amirlaridan biri, fozillik va saxiylik bobida barchaga o‘rnak bo‘lgulik fazilatlar egasi ekanligini alohida ta’kidlagan. Endi Bobur Mirzoning ushbu xotiralariga e’tibor qarataylik:
“Hindustonni fath qilg‘on yil bu bandni (G‘aznadagi to‘g‘on) yasamoq uchun Xoja Kalondin yarmoq (mablag‘) yiborildi. Tengri inoyatidin umid borkim, bu band obodon bo‘lg‘ay.”
“Chahorshanba kuni, muharram oyining o‘nida sayr qila otlanib, Bajavr qal’asig‘a borib, Xoja Kalonning uyida shurb majlisi bo‘ldi.”
“Yakshanba kuni, oyning o‘n to‘rtida Xoja Kalong‘a tug‘ inoyat qilib, Bajavr qo‘rg‘onig‘a ruxsat berildi. Xoja Kalong‘a ruxsat bergondin bir-ikki kun so‘ng bug‘ina qit’a xotirg‘a keldi. Xoja Kalong‘a bitilib yiborildi:
Qaror-u ahd ba yor inchunin nabud maro,
Gazid hajr-u maro kard beqaror oxir.
Ba ishvahoi zamona chi chora sozad kas,
Bajavr kard judo yorro zi yor oxir.”
“Odina kuni, safar oyining uchida Panjkura suyi bila Bajavr suyining qotilishig‘a tushuldi.
Yakshanba kuni, oyning beshida bu yurttin Bajavr borib, Xoja Kalon uyida chog‘ir suhbati bo‘ldi.
Tonglasi ko‘chub, Xoja Xizrdin o‘tib tushdik. Xoja Kalong‘a bu yurttin ruxsat berildi.”
“Ushbu majlisda-o‘q Sulton Tarohiydin bu sorig‘a kelgan kayfiyatni mashruh bitib, Bajavrg‘a Xoja Kalong‘a yiborildi. Farmon hoshiyasida bu baytni bitidim:
Sabo, ba lutf bigo‘ on g‘azoli ra’noro,
Ki sar ba ko‘h-u biyobon tu dodai moro. (Ya’ni: Ey sabo, ayt ohu ko‘zli ra’noga, Uni izlab keldik tog‘-u sahroga.).”
“Atardin otlanib, Darai Nurni sayr qilib, Suvson kentigacha yetib, yonib, Amlag‘a tushuldi. Xoja Kalon Bajavrni yaxshi zabt qilib edi. Chun musohib edi, ani tilab, Bajavrni Shoh Mir Husayn uhdasig‘a qilindi.”
“Shanba kuni Bog‘i Vafoda tushuldi. Xoja Kalon ham G‘aznidin ushbu kun keldi (to‘g‘onga pul eltgan edi).”
“Xoja Kalon G‘aznining chog‘irlaridin bar necha teva yuklatib edi. Xoja Kalonning yurti bir balandida voqe’ bo‘lub edikim, qo‘rg‘ong‘a va urdug‘a mushrif edi. Anda suhbat tutulub, ba’zi el chog‘ir ichdi.., tavr suhbat edi.”
Bunday ta’rif-tasniflar ko‘p va bejiz emas edi. Zero, Xoja Kalon Bobur Mirzo tomonidan avval Qandaxor, keyin G‘azni, Gardiz, Hazarojat viloyatlariga hokim etib tayinlangan va u yerlarda tartib o‘rnatib, o‘zini ko‘rsata olgan. Shuningdek, u o‘z mahorati va tadbiriy choralari bilan Panipatdagi tarixiy jang g‘alabasining ta’minlanishi va Hindistonning zabt etilishiga juda katta hissa qo‘shgan amirlardan biri edi..
Bundan tashqari, Hindistonning boshqa shahar va qal’alarini, jumladan Bajavrni ishg‘ol qilishda ham alohida xizmati singgan edi. Yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, Bobur Mirzo Patnadagi zafardan so‘ng Agrani qo‘lga kiritib, xazinani egallash uchun Humoyun Mirzo, Shoh Mansur barlos, Yunus Ali va Abdullo Vali kabi eng ishonchli kishilari qatorida Xoja Kalonni ham yuboradi.
Umuman olganda, yuqorida ta’kidlanganiday, Bobur bilan Xoja Kalonning o‘zaro juda yaqin va qadrdon bo‘lishgani ayon. Bu yaqinlikning nechog‘ligini Bobur Mirzoning o‘g‘li Humoyunga yozgan xatidagi ushbu jumladan ham faraz qilish mumkin: “Xoja Kalon men bilan tortinmay muomala qilishga o‘rgangan edi. Men Xoja Kalonga qanday munosabatda bo‘lgan bo‘lsam, sen ham o‘shanday muomala qilgin”.
Xoja Kalon xususida shuni alohida ta’kidlash joizki, Bobur Mirzo u haqda qayda va qay sabab bilan so‘z yuritsa, mazkur qadrdoniga bo‘lgan mehri jo‘shib turgani va har bobda unga ishongani, suyanganini anglab olish qiyin emas.
***
Hatto unga nisbatan o‘pka-ginasi aks etgan o‘rinlarda ham ko‘ngil yaqinlik, samimiyat balqib turadi. “Boburnoma”dan keltirilgan quyidagi jumlalarda bu munosabat ifodasi va Xoja Kalonning Boburiylar huzurida naqadar e’tiborli shaxs bo‘lganiga yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin: “Kobuldin chiqib, Ibrohimni bosib, Agrani olguncha Xoja Kalon yaxshilar bordi, mardona so‘zlar aytti va sohib himmatona ra’ylar ko‘rsatti, vale Agrani olg‘ondin necha kun so‘ngra tamom ra’ylari o‘zga bo‘ldi. Bir bormoqqa bajid Xoja Kalon edi...
Chun Xoja Kalonning turar ko‘ngli yo‘q edi. Muqarrar andoq bo‘ldikim, savg‘otlarni Xoja Kalon, qalin navkarlik kishidur, olib borg‘ay. Kobul va G‘aznida ham kishi ozdur, alarni zabt va saranjom qilg‘ay. G‘azni va Gardiz va Sulton Ma’sudiy hazorasini Xoja Kalong‘a inoyat qildim. Hindustonda yana uch-to‘rt laklik hurram parganasini ham berildi.”
Mazkur voqea, ko‘ngilhollik va yana inoyatlar tafsiloti shundayki, Hindistonning yuqori haroratli iqlimiga dosh berolmagan sarkarda va navkarlarning ayrimlari Boburdan o‘z yurtlariga qaytishga izn so‘raydilar. Ular orasida, taassufki, Xoja Kalon ham bor edi. Bobur Mirzo unga noiloj ijozat beradi. Xoja Kalon Xurosonga ketish oldidan Dehlidagi uyi devoriga fors tilida “Agar Sind daryosidan sog‘-salomat o‘tib olsam, Hindistonni yana havas qilsam yuzim qora bo‘lsin” degan mazmundagi baytni yozib qoldiradi. Bundan xabar topgan va dili ozurda bo‘lgan do‘st Bobur Mirzo quyidagi to‘rtlikni badiha tarzida aytib, Xoja Kalonning ortidan jo‘natib yuboradi:
Yuz shukr de, Boburki, karim-u G‘affor,
Berdi senga Sindu Hind-u mulki bisyor.
Issig‘lig‘ig‘a gar sanga yo‘qdir toqat,
Sovuq yuzini ko‘ray desang G‘azni bor.
Xoja Kalonning ham shoirligi bor edi, ushbu ruboiyni bitib Bobur Mirzoga yo‘llaydi:
Izhor-u latofat-u zarofat qilasiz,
Har nuktada yuz tuman kinoyat qilasiz.
Gar Hind ishi sardseriy emas, nechun
Issiq yerdin sovug‘ zarofat qilasiz?
Boburdan javob kelmagan chog‘i, uning ranjiganini anglagan Xoja Kalon uzrnoma sifatida yana bir bayt yozib Hindistonga yuborgan ekan:
Ey Podshohi xubon, tokay kuni tag‘oful,
Yode namekuni hech az oshiqoni Kobul?
(Ey yaxshilar podshohi, qachongacha bizga nisbatan g‘aflatda bo‘lasan, Kobuldagi seni yaxshi ko‘ruvchilarni hech esga olmaysan?).
“Mushoira” — yozishmalardan sezilib turibdiki, Xoja Kalon va Bobur Mirzo Humoyunga yozilgan nomadagiday o‘zaro erkin munosabatda bo‘lishgan.
Ushbu munosabatlardan va o‘shal ko‘ngilsizliklardan keyin ham Xoja Kalonga kitobat(maktub)lar va o‘zining badiiy bitiklaridan muntazam ravishda yuborib turganligi adolatshior, kichik ko‘ngil podshoh Zahiriddin Muhammad Boburning naqadar bag‘ri keng, rahmdil Alloh va payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom o‘gitlari-yu sunnatlariga muvofiq juda kechirimli, olijanob zot bo‘lganligining yorqin dalolatidir.
Shunday qilib, Xoja Kalon Hindistonni yelkamning chuquri ko‘rsin, deya Kobulga ketib yuborgan. Ammo “Tarixi Rashidiy” tarixiy ro‘monida Bobur Mirzoning arazlashgan qadrdoni qariyb o‘n to‘rt yildan keyin yana Hindistonda, aniqrog‘i Sialkutda va Loxurda paydo bo‘ladi. Hatto Kashmirni zabt etishda Muhammad Haydarga yordamga kelishi kutiladi, ammo u kelmaydi (Bu “Tarixi Rashidiy”da yozilishicha, 1540-yil noyabr oyida sodir bo‘lgan voqea edi). Xullas, Xoja Kalonning o‘shandan keyingi taqdiri shaxsan biz uchun aniq emas.
Endi savol tug‘iladi: Xoja Kalon o‘shanda o‘z lashkarlari bilan Loxurdan chiqib, Kashmirga kelmay, qayoqqa ketgan? Uning so‘nggi oromgohi bu chekka hududlarda qanday paydo bo‘lib qoldi?
Ekspeditsiya a’zolari Yoqubjon Jalolov, Turdixo‘ja aka va boshqalarimiz ham mavqe, obro‘-e’tibor va mantiqiy nuqtayi nazardan fikr yuritilsa, ushbu ziyoratgohning Bobur Mirzoning do‘sti va sarkardasi bo‘lmish Xoja Kalonga mansubligiga shubha qilinmasa ham bo‘ladi, degan to‘xtamga keldik.
Ha, hamonki Movarounnahrdan, Xurosondan Oloy, O‘sh, Qashqarga olib boradigan yo‘l shu taraflardan ham o‘tgan ekan, Xoja Kalonning ham bu yo‘ldan qatnaganligi ehtimoldan uzoq emas. Bangladesh safaridan qaytishda Shimoliy Hindiston tomondan yurib, yo‘l-yo‘lakay kutubxona-muzeylarda zarur ma’lumotlar to‘plaganmiz...
Endigi mo‘ljalimiz Patna shahridagi Xudobaxsh kutubxonasi edi. Biz bu noyob kitoblar xazinasi haqida avvaldan ko‘p yaxshi gaplar eshitib yurardigu, ammo yeta olmayotgan edik. Alloh nasib etib, bu gal mana shu muqaddas dargoh ostonasiga qadam qo‘ydik. Kutubxona direktori Habib Rahmon bizni xushtavo’ze bilan qarshi oldi va kutubxonaning tashkil topishi, unda saqlanayotgan qimmatli qo‘lyozmalar haqida gapirib berdi, o‘sha noyob bisotlarni ko‘rsatdi.
1891-yili Mavlaviy Xudobaxshxon degan advokat huquqshunos, Kalkuttaning sobiq adliya vaziri tomonidan tashkil etilgan kutubxonada bugungi kunda arab, fors, urdu, pushtun tillarida bitilgan 20 mingdan ortiq turli davrlarga oid, eng mashhur hattotlar tomonidan ko‘chirilgan qo‘lyozma asarlar, 200 mingga yaqin har xil tillarda chop etilgan kmtoblar saqlanmoqda edi. Ushbu bilim maskani dunyodagi eng yirik kutubxonalardan biri bo‘lib, jahondagi boshqa mashhur kutubxonalar bilan ham hamkorlik qilar ekan.
Bugundan e’tiboran O‘zbekiston bilan ham aloqa o‘rnatildi, deb hisoblasak bo‘ladi, dedi Habib Rahmon suhbat chog‘ida. Sizlarning bu tashrifingiz va o‘zaro kelishuvlarimiz Hindiston bilan O‘zbekiston madaniy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Biz sizlar so‘ragan, Boburiylarga daxldor qo‘lyozmalarning nusxalarini mikrofilm yo boshqa shaklda yetkazishda harakat qilamiz.
Zero, har qanday boylik qachondir o‘z egalariga qaytarilishi kerak. Kutubxonada boburiylarga oid kitoblar, qo‘lyozmalar ham ko‘p edi. Jumladan, 500-yil avval Bayramxon tomonidan ko‘chirilgan 2 jildli “Voqeoti Boburiy”, Javohirning hijriy 1082-yilda ko‘chirilgan “Tazkirat-ul-voqeot”, “Tarixi xonadoni Temuriya” asarlari qo‘lyozmalarining kutubxona mutasaddi va xodimlari tomonidan ko‘z qorachig‘idekasralayotganiga guvoh bo‘ldik. “Tarixi xonadoni Temuriya” asarini Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur avlodlari aks ettirilgan 130 dan ziyod miniatyura suratlari bezab turibdi. Ana shu suratlardan yigirmaga yaqini tanlab olinib, kutubxona tomonidan “Temurnoma miniatyuralaridan namunalar” sarlavhasi ostida nashr etilgan ekan. Habib Rahmon bizga o‘sha albom-kitobdan va kutubxonanining kitob shaklidagi katalogidan tuhfa etdi.
“Boburnoma”ga ishlangan miniatyuralar ichida Bobur Mirzoning Qashqardagi Ab-u Bakr qal’asiga hujum qilayotgan payti aks etgan suratni ko‘rib, uning chindan ham Sharqiy Turkistonda bo‘lganligiga, taniqli boburshunos olima Anna Mariya Shimmel qayd etgan ayrim she’rlarni Qashqarda yozganligiga yana bir bora ishonch hosil qildik. O‘shanda kutubxona mudiri Habib Rahmon bizga taqdim etgan “Boburning Qashqarni olishi” miniatyurasi uchun unga minnatdorchilik bildirdik.
Albatta, yangi olam Hindistonning go‘zal tabiati manzaralarini, tog‘ tizimlarini, hayvonot dunyosini, rangin gullarini tomosha qilish, o‘rganish zavqli, maroqli edi, lekin biz uchun Boburiylar qadami yetgan joylarni ziyorat aylash, ularning tarixiy, badiiy asarlarini, ular haqida yozilgan kitoblarni izlab topish, o‘qib-qrganish yanada qiziqroq va muhimroq edi. Chunki bunday noyob, madaniy-ma’rifiy boyliklarning ko‘p qismi boburiylarning ota-ona yurtida noma’lum, yoki ma’lum bo‘lsada, yetib kelmagan.
Zero, mazkur tarixiy voqeada Xoja Kalon Bobur Mirzoga yaqin hamdastlik qilgan bo‘lishi ham mumkin. Balki, Loxurdan chiqqach, ma’lum bir sabablarga ko‘ra, yurtiga shu yoqdan qaytishiga to‘g‘ri kelgandir? Agar sohibi hiyla nufuzli, e’tiborga sazovor shaxs bo‘lmaganida ushbu qabr uzoq vaqtlardan beri saqlanishi va qishloq ham uning nomi bilan atalishi dargumon edi. Nima bo‘lgan taqdirda ham qabr ta’mirga, obodonlashtirishga muhtoj edi. Atrofni tomosha qilishga tutindik. Bu yerda ham dastlab va yaqqol ko‘zga tashlanadigan manzara – uch tomon – kun chiqish, shimol va kun botishdagi tog‘larning bo‘ylari qariyb barobar, ammo Xoja Kalon qishlog‘idagi kabi, shakl-shamoyili, tuslari rang-barang va pastdagidan ko‘ra-da, jozibali, ko‘rkam edi. Tepa qismlariga qandaydir ilohiymi, sirlimi qo‘l o‘ta mahorat bilan simmetrik jihatdan g‘oyatda muvoziy va muvofiq “naqshlar” solgan, jinsi faqat toshdan iborat bo‘lib ko‘rinadigan tog‘lar qaraganingiz sari qaragingiz keladigan darajada go‘zal edi. Tog‘larning toshlari sovuq emasday, balki ulardan harorat ufurib turganday tuyular va ko‘nglimizdan beixtiyor toshlardan ham zavq olish mumkin ekan, degan fikr kechardi. Ha, bular ayrim yalang‘och va tussiz tog‘lar kabi o‘shshaygan emas, balki yuz metrcha keladigan teppalarida, qirshov va yonlarida archalar va allaqanday to‘p-to‘p butalar, maysalar yam-yashil bo‘lib turardi. Demak, o‘sha baland joylarga suv sizib chiqayotir. Holbuki tog‘larning katta-katta qismlari yaxlit va metin toshga o‘xshab ko‘rinardi. Pastlardagi uyday, balki ikki uyday, usti tekis, chorqirra va boshqa shakllardagi toshlarni ham biz boshqa joylarda uchratmagan edik. Turdixo‘ja aka Xoja Kalon qabri orqasidagi tog‘ning peshtoqidagi shakllarni “La ilaha illalloh...” deb o‘qidi, yana boshqa “bitiklar” ham bor edi, lekin ularni uqishning iloji bo‘lmadi.
Hudud serdaraxt, salqin bo‘lib, daraxtlar asosan oqqayindan iborat edi. Biz bu daraxtni Rossiya tabiatiga xos o‘simlik deb o‘ylardik, bu yerda ularning ko‘pligi va aksariyatining kyeksa yoshdaligidan hayratga tushdik. Ikki kishining qulochi yetmaydigan daraxtlarning yoshini yuzdan oshiq deb chamalash mumkin edi. Odatda oqqayin sarv archalariga o‘xshab tik o‘sar, yon novdalari u qadar uzun va yo‘g‘on bo‘lmas edi. Bu yerdagi oqqayinlar esa tolsimon tarvaqaylab ketgan – bunaqalarini Rossiya o‘rmonlarida ham ko‘rmagan edik. Qisqasi, bu chigiling joyning tabiati Arslonbobu Shohimardonlardan qolishmaydigan darajada so‘lim va jozibali edi.
***
Oqqayinlar orasidan, tog‘lar bag‘ridan sizib tushayotgan suvlarni to‘plab, ko‘paytirib to O‘shgacha va hatto Turdixo‘ja akaning qishlog‘i Dilkushodgacha olib boradigan ariq oqib o‘tgan bo‘lib, u Xoja Kalon soyi deb atalar edi.
Aslida ham qirg‘iz xalqi bilan, hozirgi Qirg‘iziston bilan yer-suvlarimiz, yo‘llarimiz, taqdirlarimiz azaldan uyqash, tutash va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi, inshoalloh.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Jafarovlarning Toshkentdagi uchrashuvida davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash va o‘rtadagi chegara yo‘llar masalalariga ham katta ahamiyat berilib, Farg‘ona viloyatiga qarashli So‘x rayoni bilan borish-kelish muammosi yaqin yo‘l bilan hal etildi. Shuningdek, O‘sh, Jalolobod va Bishkekka borish uchun O‘sh – O‘zgan aylanma yo‘li bilan, Tyan Shan tog‘i orqali yurilar edi. Hozir O‘sh – Qorasuv – Xonobod – Jalolobod yo‘liga chiqib, masofani bir necha yuz kilometrga kamaytirishga erishildi.
Qirg‘izistonga qilgan safarlarimizdan birida bizga taqdim etilgan “Safedbulan tarixi” kitobida qishloqdagi maqbara – tarixiy obidani Andijon hukmdori Umarshayx Mirzo emas, balki uning o‘g‘li “Zahiriddin Muhammad Bobur bu qishloqqa kelib, Islom dinining targ‘ibotchilaridan biri shoh Fozil maqbarasiga gumbaz ayladi. Uch yuz ellik tillo berdi, anga marxad ayladi. Gumbazni bitirub, koshin qilay deb chog‘landi” degan jumlalarni o‘qib hayratga tushgan va bu haqda gazetalarda ( “Andijonnoma” 2018-yil 28-noyabr, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 2018-yil 21-dekabr) “Bobur qurdirgan maqbara Farg‘ona vodiysida topildi” degan maqola ham bergan edik.
Safedbulan qishlog‘i ahli asosan o‘zbek oilalaridan iborat bo‘lib, 12 ming kishi istiqomat qilar ekan. Qishloq O‘zbekistonning Koson, Nanay shaharlaridan 8 km. narida joylashgan.
Bobur Mirzo poyqadami yetgan Safedbulandan siyosiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy sohalar bo‘yicha yaxshi mutaxassislar yetishib chiqqan. O‘zbekistondagi yirik nashriyotlardan biri “Sharq” nashriyot-matbaaa konserni bosh muharriri Ahror Ahmedov, taniqli publitsist Ahmadjon Meliboyev, jahon adabiyoti jurnalining bosh muharriri, taniqli olim, fan doktori, professor Odiljon Olimjonov va taniqli bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev shular jumlasidandir.
Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya bir necha safarida Qirg‘izistonning O‘sh va boshqa manzillari orqali o‘tgan. Har gal bu yurtda tariximizga oid muhim voqeliklarga duch kelamiz yo yodga olamiz. Ushbu mamlakatning chegara nuqtasi Ergash-tomdan ikkinchi marotaba Xitoy Xalq Respublikasiga o‘tganimizda Sharqiy Turkistonning Qashqar, Ho‘ton, Yorkent, Toshqo‘rg‘on shaharlarini, buyuk ajdodlarimizdan Ofoq Xoja, Yusuf Xos Hojib, Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat va boshqa azizlarning qabr-maqbaralarini ziyorat qilib, ular haqida muhim ma’lumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘ldik.
Xitoy Xalq Respublikasi chegarasida kutib olgan mazkur mamlakat vakili hazrat Van eng qadimiy chegara shaharlardan biri Toshqo‘rg‘ongacha kuzatib bordi-da, o‘sha yerda biz bilan xayrlashib orqaga qaytdi.
Biz Pomir, Tibet, Himalay tog‘lari orasida eng baland dovonlardan biri, Qorakurim (5km) baland dovonlardan Pokiston hududi orqali yura boshlagan vaqtimizda, O‘zbekiston Respublikasi teleradiokompaniyasi muxbiri Farrux Rasulov avtomashinani to‘xtatib, meni pastga tushishimni so‘radi. Biz to‘xtagan joylar Tibet, Pokiston, Afg‘oniston va qisman Tojikiston hududlari atrofida bo‘lib, men fikrlanmagan savollarni kinooperator F.Rasulov berib, biroz o‘ylantirishga majbur qildi.
Zokirjon aka? Biz Siz bilan eng baland Markaziy Osiyo tog‘lari orasida, oktyabr oyida, laylak qor yog‘ayotgan baland dovonning tog‘lik hududida turibmiz. Sizni hozirgi yoshingizda nabiralaringizni yoningizga olib, sandalda mazza qilib o‘tirsangiz bo‘ladigan vaqt keldik-u, degan savol bilan menga murojaat qildi. Men qo‘shni Qozog‘istonning O‘turar shahrida Amir Temur bobomiz qurdirib-ta’mirlagan davrimiz ulug‘lardan biri Ahmad Yassaviy hazratlarining bo‘lg‘usi qabr-maqbarasi yonida aytgan so‘zini esladimda... “U kishi meni yoshimda bo‘lgan vaqtda qolgan umrimni faqat Allox-Taollohga atab duoyi tadbir o‘qib quyida joylashgan yer to‘lada qolgan umrimni o‘tkazmoqchiman” deb javob bergan ekan.
Men ham u kishidan ibrat olib, qolgan umrimni Xudo yo‘lida turli davr va sharoitlarda xorijiy davlatlarga g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan olib chiqib ketilgan, xorijda madaniy ilmiy muassasalarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma asarlarni va o‘ta muhim kitoblarni asl yoki ko‘chirma nusxalarini mamlakatimizga olib kelib “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyiga joylashtirmoqdaman. Biz uchun o‘ta muhimdan muhim masalalardan yana biri taqdirning taqozosi bilan xorijda umrguzaronlik qilgan buyuk ajdodlarimiz Ab-u Ali ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farobiy, Ahmad Farg‘oniy, Ali Qushchi, Mavlono Lutfiy, Mirzo Haydar, Alisher Navoiy, Sulton Xusayn Boyqaro va boshqalarning qabr-maqbaralarini hozirgi holatini o‘rganib va zaruratga qarab, sharqona loyihalar tayyorlab u joylarni ziyoratgohlarga aylantirishdek muhim vazifalar turibdi.
Yuqorida aytilgan vazifalarni bajarishga kirishib, oxirgi yillarda Andijondan 2150 tup manzarali daraxt ko‘chatlari olib borilib, Mavlono Lutfiy, Kamoliddin Behzod va qisman Alisher Navoiy qabr-maqbaralarini ziyoratgohlarga aylantirishga erishdik. Men qolgan umrimni shunday ushbu ezgu vazifalarni bajarishga sarflayman.
Buyuk sohibqiron Amir Temur yozib qoldirgan “Tarix yetti yuz yil to‘qson uchda, qo‘y yili, ko‘klamning ora oyida men Turon sultoni Temurbek ikki yuz ming qo‘shin bilan Islom uchun To‘xtamish xonligiga yurdi. Bu yerga yetib, belgi bo‘lsin deb ushbu bitikni yozdirdim. “Tangri Nusrat bergan, inshoolloh. Tangri fuqaroga rahm qilgay (fuqaro bizni duo birla yod qilgay...)” Sohibqiron Amir Temur. 26 aprelь 1391-yil. (Ulug‘tog‘ Qozog‘iston).
Bobur bog‘idagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi oldiga qo‘yilgan toshbitikning asl nusxasini ko‘rgan taniqli olim A.A.Syemyonov hayratini yashirolmay, “Bobur bitik toshi jahonning eng mashhur muzeylariga ziynat bo‘lishga arziydi” degan ekan.
Mashhur fizik olim, Nobel mukofoti sovrindori Per Kyuri katta bir tarixiy haqiqatni e’tirof etib, shunday degan edi: “Musulmon Andalusiyasidan bizga bor-yo‘g‘i 30 dona kitob yetib keldi. Va biz o‘sha kitoblarni o‘qib, atomni parchalashga erishdik. Agar biz o‘z vaqtida Andalusiyadagi Musulmon sivilizatsiyasiga oid qolgan besh yuz ming kitobni yoqib, yo‘q qilib yubormaganimizda, ularni asray olganimizda edi, hozir fazodagi galaktikalar orasida sayr qilib yurgan bo‘lar edik”.
Hech shubha yo‘qki, yo‘qotilgan va bizgacha yetib kelmagan mazkur kitoblar ichida bizning ulug‘ allomalarimiz qalamiga mansublari ham ko‘p edi. Afsuski, ana shunday buyuk zotlarga, buyuk kitoblarga va buyuk voqealarga boy O‘zbekiston tarixi bugunga qadar to‘la yozib bitilganicha yo‘q deb hisoblaymiz. Yon qo‘shnilar - Turon zamin deb atalmish tarixiy mamlakatning bo‘laklari bo‘lgan Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmanistonlarning mukammal tarixlari yozilib bo‘lgan bir paytda ona yurtimiz O‘zbekiston tarixi ham mukammal bitilishida tarixnavis olimlarimizga kuch-g‘ayrat, ijodiy barkamollik va shijoat tilaymiz.
Ha, qayerda, qanday bo‘lishidan qat’i nazar, O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid boyliklar, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa buyuk ajdodlarimiz qoldirgan madaniy meroslar ham bashariyat mulki bo‘lib, umuminsoniy qadriyatlardir. Ularni asrab-avaylash, o‘rganish va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish esa bizning muqaddas burchimizdir.
Biz keyingi mahalda jahondagi koronavirus balosi tufayli xorijiy yurtlarga ilmiy ekspeditsiya safarlarini vaqtincha to‘xtatib, Farg‘ona vodiysidagi Bobur Mirzoga daxldor joylarga qilgan safarlarimizning navbatdagisida yana bir tarixiy obidani topishga muyassar bo‘ldik.
Zahiriddin Muhammad Boburning Safed Bulandagi yodgorlikdan tashqari O‘shdagi Sulaymon (Baroko‘h) tog‘ida ayvonli xujra ham soldirganini “Boburnoma”dan bilar va uni bir necha bor ziyorat ham qilgan edik. Mana, boburiylarga doir bunyodkorlik ishlarining vodiy, hozirgi Qirg‘iziston hududidagi uchinchi namunasi - Xoja Kalon marqadi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib turibdi...
Orqaga qaytdik. Ertalab qiziqishda uncha bilinmagan ekan: yo‘l chindan ham uzoq va notekis - do‘qirama joylari ko‘p edi. Yo‘l-yo‘lakay bugungi safar davomida ko‘rgan-bilganlarimiz, olgan taassurotlarimizni muhokama qilib keldik. Dildagi mulohazalar tilga chiqdi. Agarda mahalliy rahbariyat himmat ko‘rsatib, Xoja Kalon mahallasidan keyingi avtoulov yura olmaydigan o‘sha 500 qadamlik masofani tekislab, shag‘allab, epaqaga keltirishga ko‘maklashsa, Bobur xalqaro jamoat fondi tomonidan Xoja Kalon qabri tepasiga sag‘ana ko‘tarib, yon-atrofiga qo‘noqxona sifat bir bino tiklab qo‘yilsa, bu diltortar maskanning husni-ko‘rki yanada chandon latofat kasb etib, mehnatkashlar hordiq chiqaradigan oromgoh go‘shaga, sayyohlar qadami uzilmaydigan fayzli ziyoratgohga aylanib qolishi hech gap emas, unda Zahiriddin Muhammad Bobur-u Xoja Kalonlar ruhi ham shod bo‘lardi, degan mulohazani o‘zaro qo‘llab-quvvatladik va bu fikrni o‘shlik ma’naviyat va ma’rift peshvolari diqqatiga havola qilib ko‘rishni ko‘ngillarga tugib qo‘ydik.
Zokirjon MASHRABOV, Bobur xalqaro jamoat fondi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
Qamchibek KENJA, yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
“Andijonnoma” gazetasi, 2021 yil 12, 19, 26 iyun, 28-30(19811-19813)-sonlari.
Fikr qoldirish#