Farg‘ona vodiysida shaharlar ko‘p. Ular ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy markazlar sifatida O‘rta Osiyo shaharsozlik madaniyatida o‘z o‘rinlariga ega. Biroq ularning tarixi yaqin vaqtlargacha bir tomonlama tadqiq etib kelindi. Xususan , vodiyda shaharsozlik madaniyati ko‘hna ildizga ega ekanligi shubha ostiga olindi. Ayniqsa, shaharsozlik madaniyatining asosiy yodgorligi Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Dalvarzin yodgorligining tariximizdagi roli masalasi eʼtirozlarga sabab bo‘lganligi sir emas. Bu masalada haqqoniy fikrlar faqat mustaqillik yillarida aytildi. Yangi kuzatuv-tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Xo‘sh, hozirgi kunga kelib bu yodgorlik to‘g‘risida nimalar maʼlum, kelgusida qanday ishlar amalga oshirilishi mo‘ljallanmoqda?
Dalvarzin Andijon viloyati Jalaquduq tumani Oyim qishlog‘i yaqinida joylashgan. Avvalo, atamasi xususida. Dalvarzin, Dalvarzintepa, Dalvarzinariq nomi bilan atalgan joylar vatanimiz hududida ko‘p. Bu atamaning kelib chiqishi to‘g‘risida yakdil fikr yo‘q. Bir guruh tadqiqotchilar uni arab-fors so‘zlaridan tashkil topgan: Dal-tepa, var-qalʼa, zan-tuproq, degan maʼno asosida tepalikdagi qalʼa, deb hisoblaydilar. Boshqalari Dalvarzin qadimgi turk va mo‘g‘ul so‘zlari birikmasidan hosil bo‘lgan, deydilar. Ular fikricha, mo‘g‘ulchadagi Dolbordjun, forschadagi Choldivor, turkchadagi To‘rtko‘l bir xil maʼnoda eski qo‘rg‘on, eski shahar xarobasi maʼnolarini bildiradi.
Dalvarzin xarobasini arxeologik tekshirish natijalari shuni ko‘rsatdiki, ajdodlarimiz uni uch qismdan iborat qilib qurganlar. Bu yerda 400-500 yil muttasil hayot qaynagan, yaʼni eng dastlabki qatlamlar va topilmalar miloddan avvalgi XII asrga to‘g‘ri kelsa, yodgorlikda hayot miloddan avvalgi VII asrda to‘xtagan, yaʼni Dalvarzin bundan 3200-2700 yillik tariximiz ko‘zgusidir.
Professor Yu.A.Zadneprovskiy maʼlumotlariga ko‘ra, 18 gektar maydon odamlarni asosiy yashash joyi, 5 gektar yer mol-qo‘y saqlaydigan qism bo‘lgan. Maxsus ajratilgan 2 gektar maydonda ark joylashgan. Har bir qism alohida mudofaa devorlari bilan himoyalangan. Dalvarzin atrofi ilk paytlarda ochiq bo‘lgan, keyinchalik mustahkam uch qator devor bilan o‘rab olingan. Bu mudofaa inshootlari va ark nafakat vodiyda, balki O‘rta Osiyoda ham eng qadimgilardan hisoblanadi. Inshoot poydevori maxsus tayyorlanib (kotirilib), ustiga devor tiklangan. Dalvarzin devorlari mahobatli bo‘lgan: eni 4-6 metrga, balandligi 2,5 metrga borgan. Shahar darvozalaridan biri uning sharq tomonida bo‘lgan. Ark tomondagi darvoza hali aniqlangani yo‘q.
Kuchli himoyalangan yodgorlikda uch xil uy-joy bo‘lgani qayd etilgan, yaʼni g‘isht va paxsadan tiklangan, yarim yerto‘laga o‘xshaydigan va yengil qora uy (kapa) tipidagi uy-joylar. Lekin ular barchasi yomon saqlangan. Sababi, bizningcha, qadimgi Farg‘onada uy-joylarni qurishda ko‘proq yog‘och-sinchdan foydalanilgan ko‘rinadi. Vaqt o‘tishi bilan yog‘ochli sinchlar chirib yo‘q bo‘lib ketgan va binolar qoldig‘i bizlargacha yomon holda yetib kelgan. 2003 yili Dalvarzinda ochilgan quyi qatlamlarga oid uy-joy qoldig‘i ushbu fikrni tasdiqlaydi. Uning poydevorida ustunlar o‘rni saqlanib qolgan.
Qadimgi aholi asosan sug‘orma dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Dalvarzinda topilgan bug‘doy, arpa, tariq, dukkakli ekinlarning bir necha xillari buning dalili. Yana bu yodgorlikda dehqonchilik bilan bog‘liq mehnat qurollari ham aniqlangan. Ular ichida jez va toshdan yasalgan o‘roqlar ham bor. Etnografik maʼlumotlarga ko‘ra, hosil pishgach, donli ekinlar tomiri bilan yulib yig‘ishtirilib olingan yoki boshoq qismi qirqib olingan. Bu ishlarda bizlar yuqorida taʼkid etgan jez va tosh o‘roqlardan foydalanilgan. Yana donni unga aylantirishda ishlatilgan katta va kichik tosh yorg‘uchoqlar ham ko‘plab uchraydi. Dehqonchilik sunʼiy sug‘orish va lalmi usullarida olib borilgan. Chunki sanab o‘tilgan donli va dukkakli ekinlar, mehnat qurollari dehqonchilikni rivojidan dalolat beradi. Qolaversa, bu jarayonlar faqat sug‘orma dehqonchilik asosidagina amalga oshishi mumkin edi. To‘g‘ri, sunʼiy kanal yoki ariqlar aniqlanganicha yo‘q. Biroq aksariyat hollarda bu davr yodgorliklari tabiiy suv manbalari yaqinida joylashgan. Shu bois dehqonchilik qilish uchun katta suv inshootlari tiklash shart bo‘lmagan.
Dalvarzindan aniqlangan topilmalar ko‘p va xilma xil. Ular suyak, tosh, sopol, loy, jez, temir kabi materiallardan foydalanib tayyorlangan. Topilmalar soni va sifati o‘sha paytdayoq hunarmandchilikning baʼzi sohalari shakllanganini ko‘rsatmoqda. Bular kulolchilik, to‘qimachilik, metall eritish (bronza), toshtaroshlik, suyakka ishlov berish, zargarlik kabilar edi. Bu yerda tayyorlangan sopol idishlarning xushbichimligi, gullarining jimjimadorligi, sifatli pishirilganligi hozir ham mutaxassislarni hayratga soladi. Kulolchilik va toshtaroshlik buyumlari soni (ular bir necha minglab) o‘z ehtiyojlaridan tashqari uzoq va yaqin qo‘shnilar uchun ham tayyorlanganidan darak beradi. Bu fikrni yana bir xil topilma-jez (bronza) buyumlar quyish uchun qumtoshdan yasalgan qoliplar ham tasdiqlaydi. Albatta, bunday qoliplar ko‘plab mahsulot ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan va ular markazlashgan holda tayyorlangan.
Demak, Dalvarzin puxta o‘ylangan reja bilan qurilgan yirik yodgorlikdir. Unda shaharga xos belgilar ko‘p. Birinchidan, uning maydoni katta, yaʼni 25 gektar bo‘lgan. Buni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot mahsuli edi, deb qarash kerak. Ikkinchidan, yodgorlik hududi uch qismdan va arkdan tashkil topgan. Uchinchidan, mukammal mudofaa sistemasi mavjud bo‘lib, shaharning har bir qismiga alohida himoya devori qurilgan. Hokim qarorgohi – arkka alohida eʼtibor berilgan. To‘rtinchidan, Dalvarzin hunarmandchilikning ko‘p sohalari rivojlangan markaz ham edi. Nihoyat, bu joy aholi muqim yashagan makon bo‘lgan. Yaʼni, Dalvarzin kamida 300-400 yil mobaynida Farg‘ona vodiysining madaniy, hunarmandchilik va maʼmuriy markazi bo‘lgan. Shuning o‘ziyoq uning ilk shaharlardan ekanligi dalilidir. Xullas, Dalvarzin vodiy shaharlari ichida eng yoshi ulug‘i, qadimgi shaharsozlik madaniyati beshigidir. Bir so‘z bilan aytganda, 2700-3200 yil oldin Dalvarzin Farg‘ona vodiysining poytaxti, yaʼni boshkenti bo‘lgan, deb bemalol aytish mumkin.
Zokirjon Mashrabov, Bobur nomidagi Xalqaro jamg‘arma raisi,
Boqijon Matboboyev, O‘zbekiston FA Arxeologiya instituti ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi.
“O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2004 yil 16 iyul, 28 (3754)-son.
Fikr qoldirish#