Bobur tavalludining 510-yilligi oldidan
Ma’lumki o‘tgan yilning may oyida respublikamizning bir guruh ziyolilari Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlod-ajdodlari o‘tgan tarixiy yo‘llar bo‘ylab xalqaro ilmiy ekspeditsiya safarini tashkil etgan edilar. Ikki oy muddat davomida ekspeditsiya 8 ta chet el mamlakatida bo‘lib, muhim ilmiy-badiiy ma’lumotlar to‘plab qaytgan edi. Ekspeditsiya a’zolari bu boradagi izlanishlarni davom ettirib, o‘tgan yil oxirida yana bir xalqaro safarga otlanishdi. Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan maqolada shu xususda so‘z yuritiladi.
Bobur xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan ilmiy ekspeditsiyaning O‘rta asrning ulug‘ shoiri, buyuk olim va davlat arbobi, hamyurtimiz Zahiriddin Muhammad Bobur va uning alod-ajdodlari izidan chet el safariga rasmiy tarzda ikkinchi marotaba borib kelishi, vatandoshimiz nomini abadiylashtirishdagi, o‘zligimizni, milliy qadriyatlarimizni tiklashdagi sa’y-harakatlar – mustaqillik samarasidir.
O‘zbekiston Respublikasining tegishli vazirliklaridan, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston davlatlarining jumhuriyatimizning elchixonalaridan maxsus ruxsatnomalar olingach, Samarqand, Qarshi va Termiz shaharlarida bo‘ldik, tarixiy obidalarni ziyorat qilib, mehnatkashlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi va 1992-yil 30-noyabr kuni Afg‘oniston davlatining Mozori Sharif shahriga yetib bordik.
Hozirgi Afg‘oniston Islom davlati hududidagi Mozori Sharif, Hirot,Balx, Shibirg‘on, Maymana, Qunduz va shu atrofdagi boshqa viloyatlar qadimiy Movarounnahr davlati bilan birgalikda yagona Turkiston o‘lkasini tashkil qilgan bo‘lib, tarixan bir-biri bilan chambarchas bog‘langandir. Biz – Bobur nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiya a’zolari ikkinchi marta Hindiston tomon yo‘lga otlanib, bir hafta davomida Mozori Sharif, Balx, Shibirg‘on kabi shahru qishloqlarda bo‘ldik. E’tiborga sazovor joylarni ziyorat qildik, u yerdagi ichki ao‘vol vaziyatga o‘rgandik, xalq turmushi bilan tanishdik.
Mozori Sharif shahridagi hazrati Alining muazzam maqbarasi – “Ravzayi muborak” va yonboshidagi ko‘rkam masjid sharqona uslubda yaratilgan tarixiy obidalardan biri bo‘lib, qadimiy Turkistonda bunyod etilgan an’anaviy me’morchilik durdonalaridan biri hisoblanadi. Bu yerga ertalabdan kechgacha ziyoratchilar uzluksiz kelib turadi.
Ko‘hna va sermazmun tarixga ega Balx shahriga qilgan safarimiz ham g‘oyat qiziqarli o‘tdi. Bu shahar Buyuk ipak yo‘lidagi yirik savdo shaharlaridan biri sifatida Sharq bilan G‘arbni bog‘lashda muhim o‘rin egallagan. U yerda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida qadimgi shahar arki devorlari topilgan. Qadimgi shahar yodgorliklaridan BoloHisor qal’asi, O‘rta asr davridan esa ark va shahristonning paxsa devorlari saqlanib qolgan. Vatandoshimiz, mumtoz shoir Boborahim Mashrabning qabrini yuragimiz to‘la hayajon bilan ziyorat qildik. Shuningdek, shu yerdagi Xoja Ab-u Porso masjidi va maqbarasini ham ziyorat qilib, Qur’oni Karimdan tilovat qildik, bundagi mutasaddi birodarlarning mazkur tarixiy obidalar haqidagi suhbatlarini oldik.
Shimoliy Afg‘onistonning to‘qqizta viloyatiga rahbarlik qilib turgan o‘zbek generali Abdurashid Do‘stim bilan avvalgi safarimiz chog‘ida ko‘rishib-tanishgan edik. Bu gal u kishi Saudiya Arabistoniga qilgan safaridan qaytib kelib, ona yurti Shibirg‘onda shahar va qishloq oqsoqollarini qabul qilish marosimini o‘tkazmoqda ekan. Biz ham uni ziyorat qilish va uchrashish maqsadida Shibirg‘onga yo‘l oldik. Bu yerga generalning tashrifi munosabati bilan qattiq harbiy tartib o‘rnatilganligi sababli qarorgohga qadar bir qancha tekshiruvlardan o‘tdik. Boburga bo‘lgan hurmat-ehtiromi uchunmi yoki mustaqil O‘zbekiston davlatining vakillari bo‘lganimiz uchunmi, general bizni birinchilar qatorida qabul qildi. Bo‘lib o‘tgan samimiy suhbat chog‘ida u Kobul va Jalolobod atrofidagi siyosiy vaziyatning biz uchun noqulay ekanligini hisobga olib, avtomashinamizni va yetti nafar ekspeditsiya a’zosini maxsus samolyotda Pokistonga olib borib qo‘yishni aviatsiya qo‘mondoniga topshirdi. Afsuski, bu taklifdan foydalanish imkoni bo‘lmadi – bu haqda keyinroq to‘xtalamiz.
Abdurashid Do‘stim bizga haj – umra safaridan olib kelgan sovg‘alardan ulashdi, biz ham O‘zbekistondan olib borilgan esdalik sovg‘alarimizni in’om etdik. So‘ng mezbonlarning taklifiga ko‘ra boy tarixga ega bo‘lgan shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdik. Shahar chekkasidagi ko‘rkam bir bog‘da joylashgan mehmonxonada tushlik qildik. Bu yerda Shimoliy Afg‘oniston milliy ozodlik partiyasining rahbari Ozodbek, general Do‘stimning otasiRizo hoji Raimboy, generalning ukasi Qodirjon, shoir Muhammad Yahyo Hafiziy va boshqa kishilar bilan uchrashib, bobomiz Bobur va uning avlod-ajdodlari haqida qiziqarli suhbatlar qurdik.
Mozori Sharif shahriga qaytib kelgan kunimizning ertasi tarixchi olim, o‘zbek generali Sirojiddinxonning shtab kvartirasiga taklif qilindik. Bu joyda boburshunos olimlar, shoirlar hamda harbiy-siyosiy rahbarlar bilan uchrashib, Turkiston tarixi haqida, xalqlarimiz do‘stligi haqida gurunglashdik. Sohibqiron Amir Temur va Bobur davlatining bayroqlarini ko‘rishga muyassar bo‘ldik, ularning fotonusxalarini va Amir Temur haqida yangi chop etilgan bir kitobni Andijonga olib keldik.
Mozori Sharif shahrida chiqadigan “Yulduz” gazetasi tahririyatida biz bilan maxsus uchrashuv o‘tkazildi. Bu yerda ham o‘zbek xalqining alloma fvrzandlari Ab-u Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab singari siymolarning nomlari suhbatimizning asosiy mavzui bo‘ldi. Bobomiz Boburshoh aytganlaridek, “donishmandlar sharaf bilan yodlanishni ikkinchi xayot deb bilganlar”. Binobarin, Afg‘oniston tuprog‘ida yotgan bu ulug‘ bobolarimizning ham ikkinchi hayoti bir necha yuz yildan buyon davom etib kelmoqda.
Ilmiy ekspeditsiya a’zolari bu mashhur allomalarning qabr-maqbaralari holati bilan qiziqib, vaziyat taqozo qilganda Bobur nomidagi xalqaro hayriya jamg‘armasi hisobidan ularni ta’mirlash ishiga tayyor ekanligini bildirdilar. “Yulduz” ro‘znomasi bosh muharririning aytishicha, taniqli adibimiz Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” va “Avlodlar dovoni” asarlaridan ushbu nashr sahifalarida bosib chiqarilayotgan ayrim boblar o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otayotgan ekan. Bizga ro‘znomaning ana shu nusxalarini tortiq qildilar. So‘ngra biz Afg‘oniston Navoiyxonlik anjumani raisi Abdulla Ruyin boshliq bir guruh shoir, noshir va olimlar kutib oldi. O‘rtada bo‘lib o‘tgan samimiy suhbatlar bizning ham, ularning ham yodlarida uzoq vaqt saqlanishi tabiiy. Bu qiziqarli fikr olishuvlardan so‘ng Bobur nomidagi xalqaro hayriya jamg‘armasi va Afg‘oniston Navoiyxonlik anjumani o‘rtasida Bobur nomini abadiylashtirish, tarixiy merosimizni o‘rganish, bu yo‘lda yangi chop etilgan kitoblar, yangi ma’lumotlar bilan bir-birini tanishtirib borish, boburshunos olim, shoir va ziyolilar vakillarini bir-birimizga jo‘natib turish kabi masalalar bo‘yicha o‘zaro shartnoma imzolandi.
“Mozori Sharif” miyexmonxonasiga qaytib kelganimizda bizni bir guruh kishi kutib turgan yekan. Ma’lum bo‘lishicha, ekspeditsiyamiz a’zolari bilan uchrashish istagini bildirgan mahalliy adiblar va olimlarga general Abdurashid Do‘stim alohida vertolyot ajratib, ularni Mozori Sharif atrofidagi viloyatlaran olib kelib, tegishli sharoitlarni yaratib beribdi. Mehmonxonaning 1-qavatidagi shiman zalda shoira Shafiqaxonim Yorqin, Muhammiad Yaxyo Hafiziy, Muhammad Nazir, Halim Yorqin va Abdulg‘affor Bayoniy kabi adabiyotshunos va shoirlar to‘planib, bir umrga esda qolarli musohaba bo‘lib o‘tdi. Shoirimiz To‘lan Nizom va olim-shoira Shafiqaxonim Bobur haqidagi yangi she’rlaridan namunalar o‘qib, to‘planganlarni hushnud etdilar. Tarixchi olimlarimiz Sayfiddin Jalolov va Sobirjon Shokarimov O‘zbekiston va Turkiston xalqlarining ko‘hna tarixi haqida, millat, til, urf-odatlar, hayot va mehnat tarzlari, ulug‘ inson Bobur va uning avlodlari, yangi chop etilgan asarlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildilar. O‘zbekiston Respublikasi teleradiokompaniyasining muxbirlari Farrux Rasulov va Ahmadjon Qosimov (bu kishi hind va urdu tillari bo‘yicha mutaxassis) qiziqarli suxbatlarni tasvirlarga tushirib, magnit lentalariga yozib oldilar.
Ekspeditsiyamizning Afg‘onistonda topgan boburshunos do‘stlaridan biri – doktor Elmurod Arg‘un. Bu yigit Vatan va millat yo‘liga o‘z hayotini bag‘ishlagan ajoyib zotdir. U Turkiston tarixini yaxshi biladi. Bobomiz Boburmirzoning asl fidoyilaridan. Suhbat chog‘ida u jumladan dedi: “Sizlar XX asr boshlarida Turkistonda sodir bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar tufayli bizga nisbatan yuqori taraqqiyotga erishdinglar, bu sizlarning yutuqlaringiz bo‘ldi. Ammo Vatan va millatga bo‘lgan e’tiqoddan birmuncha uzoqlashdinglar, bu sizlarning kamchiliginglar bo‘ldi. Biz esa har qancha uqubat ko‘rkamlik, ona yurtimizga va xalqimizga bo‘lgan e’tiqodimizni yo‘qotganimiz yo‘q”. Haqiqatdan ham, bu so‘zlarning isboti uchun 14-yillik afg‘on urushining natijalari dalil bo‘lsa kerak...
Shu kuni kechki payt Mozori Sharif teleradio idorasi rahbariyatining taklifiga ko‘ra, ekspeditsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Televideniye orqali safarimizning maqsad – vazifalari haqida, mustahkamlash, tinchlik va iqtisodiy barkamollik yo‘lida Prezidentimiz Islom Karimovning jonkuyarlik bilan olib borayotgan siyosati haqida so‘z yuritdik.
Ehtimol, ekspeditsiya a’zolariga bunchalik samimiy hurmat-e’tiborning sababi nima ekan, degan savol tug‘ilar. Menimcha, u yerdagi xalqlarning, millatga, vatanga, o‘tmish tariximizga, buyuk ajdodlarimizga va ertangi kunimiizga bo‘lgan e’tiqod-ishonchi – bunga sabab bo‘lsa kerak. “O‘tmishi yo‘q elning kelajagi ham yo‘q” , deydi donolar. Chindan ham, Amudaryoning u tarafida yashovchi Janubiy Turkiston (Shimoliy Afg‘oniston) xalqlari bilan Markaziy Turkiston (O‘zbekiston) xalqlarining sermazmun tarixiga, tiliga, urf-odatiga o‘sha o‘rta asr davridan to hozirgi kunga qadar alohida, bir-biridan ajratilgan holda qarash mumkin emas. Chunki, Boburshox va boshqa ulug‘ bobokalonlarimiz, ularning asrlar davomida yaratgan madaniy obidalari qadim va yaqin tariximizni chambarchas birlashtirib turibdi. Bobur 1483yil 14-fevral kuni Andijonda tug‘ilib voyaga etdi, Farg‘ona vodiysiga hukmron bo‘ldi-yu, ammo Kobulda yangi davlat tuzib, uning podshohi bo‘ldi, aksariyat farzandlari shu yerda dunyoga keldi. 1526-yili u Hindistonni zabt etdi, Agrani poytaxt qilib, Balx – Amudaryo qirg‘oqlaridan tortib Bangolagacha bo‘lgan hududni qamragan ulkan saltanat tuzdi. Bobur 47-yillik umrining 36-yilini hukmdorlikda o‘tkazdi. Umrining 20-yili Andijon va uning atrofida, 22-yili Kobulda va 5-yili Agrada o‘tdi. 1530-yilning 26-dekabrida Agra shahri yaqinida, chorbog‘dagi saroyda qazo qildi va Jamna daryosining chap sohilidagi Nurafshon bog‘iga dafn etildi. Keyinchalik, vafotidan uch-to‘rt yil o‘tgach, o‘z vasiyatiga ko‘ra xoki Kobul shahri chekkasidagi tepalikka ko‘chirildi. Ushbu hushmanzara ziyoratgoh hozir “Bog‘i Bobur” deb ataladi. Bobur qabri atrofida uning oila a’zolari ham dafn etilgan. Mamlakatni birlashtirish va obod qilish yo‘lidagi ulkan xizmatlari bois Bobur nomi afg‘onistonliklar uchun ham aziz va mo‘tabardir.
“Boburnoma”ni ingliz tiliga tarjima qilgan Erskin degan olim shunday yozadi: “Hukmdorlar orasida Bobur singari daho va talantli kishilarni kamdan kam uchratasiz. Uning aqlining aktiv faoliyati, talanti, mardligi, sahiyligi jihatidan, fanga, san’atga va ulardan mohirona foydalana olish salohiyatiga ko‘ra unga teng keladigan podshoh topilmaydi”. Ekspeditsiyamizning dastlabki safari chog‘ida, ya’ni 1992 yil iyul oyida Afg‘onistonning Kobul, Jalolobod singari yirik shaharlarida bo‘lganimizda tarixiy obidalarni, bu o‘lkaning go‘zal tabiatini va so‘lim bog‘larini ko‘rishga musharraf bo‘lgan edik. Kobul shahri o‘tmishda baland devor bilan o‘ralgan bo‘lib, bir tomoni yuksak tog‘ga qo‘shilgan. Bu tog‘ tepasida Bolo Hisor qal’asi bor. Shahar o‘rtasidan daryo oqadi. Uning shimoliy tomonidagi Pug‘mon tog‘ining yarmigacha qor bilan qoplangan qismini ko‘m-ko‘k yaylovlar ajratib turadi. Shahardagi bog‘larga qorli tog‘lardan miroblar juda mohirlik bilan suv olib kelishgan edi. “Bu yaylovlar va anvoyi gullar Kobulni jannatga, bahorga aylantirib qo‘ygan”, deb ta’riflaydi Bobur.
Darhaqiqat, Kobulda bog‘ va gulzorlar ko‘p. Bog‘i shahar va Bog‘i tajannar shular jumlasidan bo‘lib, ular “jannat bog‘lari” deb ham ataladi. Tartib bilan sharqona uslubda qurilgan masjid, madrasa, xonaqo va karvonsaroylar ko‘p. Shaharning qarama-qarshi tomonlarida yuksak tarixiy minoralar qad rostlab turibdi. Buloqlar ko‘p uchraydi. Hindi qariyalarning aytishlariga qaraganda Kobulni bir marta ishg‘ol qilmagan podshoh armonda qoladi. Kobulga Kobulshoh asos solgan.
Bobur o‘z saltanatiga qarashli yerlar jo‘g‘rofiyasini puxta o‘rgangan. Mashhur sayyoh – tabiatshunos olim bo‘lgan. Shuning uchun ham o‘zining abadiy oromgohi qilib qo‘l ostidagi bepoyon yurtlardan eng shinam, tabiati go‘zal bir joyni tanlagan. Kobul shahri haqida Bobur shunday deb yozadi: “Iqlimi shunday jozibaliki biz bilgan olamda buning tengi yo‘qdur”. Boshqa bir o‘rinda u shaharni quyidagicha ta’riflaydi: “Kobul arkida may ich, kosani to‘xtatma ketma-ket aylantirki, bu yer ham tog‘, ham daryo, ham shahar, ham sahrodir”. Bobur va uning yaqinlari dafn etilgan bog‘ atrofi o‘z davrida oq marmar devor bilan o‘ralgan bo‘lib, ariqchalardan sharqirab oqib turgan suvdar gullarni, bog‘ni sug‘orish, hovuzlarni suv bilan ta’minlash uchun foydalanilgan. Bu go‘sha kobulliklarning istirohatgohiga aylangan. Kobuldagi sag‘ana va maqbara 1607-yilda Boburning evarasi Jahongirshoh tomonidan qurilgan. Qabrdan sal quyida mo‘jazgina oq marmardan bunyod etilgan masjidda ziyoratga kelgan musulmonlar namoz o‘qib, qur’on tilovat qilib Bobur ruhini shod qilar ekanlar. Bu masjid 1640-yilda, ya’ni Boburning vafotidan 110-yil keyin uning chevarasi Shoh Jahonning buyrug‘i bilan qurilgan. Boburdek ulug‘ insonning keyingi avlodlari tomonidan bu tarzda ulug‘lanishi kishini g‘oyat quvontiradi.
Ma’lumki, Prezidentimiz Islom Karimovning vatanga, tilga, din-diyonatimizga, urf-odatlarimizga alohida e’tibori, o‘lmas tariximizni tiklash yo‘lida ko‘rsatayotgan olijanob e’tiqod va muruvvatlari tufayli Boburning ona yurti Andijonda ham viloyat hokimining maxsus qarori bilan shaharning janubida joylashgan Bog‘ishamol sayrgohida Bobur nomida shinam, go‘zal tabiatli milliy bog‘ tashkil etildi. Bobur yubileyiga bag‘ishlab viloyatimizda qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Uning bronzadan yasalgan siymosi shu joyga va markaziy Bobur xiyoboniga o‘rnatilishi, bu yerda muzey, ark inshootlarining qad ko‘tarishi va ramziy qabr-maqbarasining tiklanishi mo‘ljallanmoqda. Bularning barchasi 500-yildan keyin ham hamyurtimiz Bobur mirzoning ulug‘ligi namoyon bo‘layotganidan, ota-onalarimizning orzulari voqelikka aylanib borayotganidan dalolatdir. Shu o‘rinda ingliz olimi Eduard Xoldenning Bobur haqida aytgan so‘zlarini keltirib o‘tish joiz. Olim Boburning eng jasoratli inson – donishmand bir shaxs ekanligini ta’kidlab, “U olijanoblik borasida insonda qanday jihatlar mavjud bo‘lsa, barchasini egallagan”, deb yozganida ming bora haq edi.
Bobur nomidagi xalqaro xayriya jamg‘armasi 1993-yili Bobur tavalludining 510-yilligi munosabati bilan viloyat hokimligi va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining rahbarligida Andijonda ilmiy simpozium o‘tkazishni rejalashtirgan. Yaqin kunlar ichida bu masalani YUNESKO tashkiloti bilan kengashib, anjumanga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborishga hozirlik ko‘rilayotir.
Qaramlik changalida bo‘lgan davrimizda Bobur bobomizga munosib tarzda muruvvat-e’tibor ko‘rsata olmadik. U ulug‘ inson qoldirgan noyob asarlar va tarixiy obidalar yetarlicha qadrlanmadi. Sobiq sho‘rolar zamonida Bobur haqida erkin so‘z yuritib, uning tavallud to‘ylarini ulkan madaniy bayramlar qilib o‘tkaza olmadik. Xalqimizda bir naql bor: har qanday dardning da’vosi vaqt deydilar. Shunday davr keldi, o‘zbek xalqining asrlar davomidagi ezgu istaklari ro‘yobga chiqib, O‘zbekiston mustaqillikka erishdi. Bobur tavallud topganligining 510-yilligi munosabati bilan 1993-yili yubiley to‘yini keng jamoatchilik ishtirokida, xalq miqyosida va tarixda qoladigan darajada o‘tkazishimiz lozim. Shu munosabat bilan bu yilni jumhuriyatimizda Bobur yili deb e’lon qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lur edi, deb o‘ylayman.
Andijonda barpo etilayotgan Bobur bog‘i, u yerda qad ko‘tarayotgan inshootlar (shoirning ramziy oromgohi), maqbarasi kamtarona, ayni vaqtda fayziyob bir imorat bo‘ladi. Ular yoshlarni, kelajak avlodni tarbiyalaydigan, madaniy, ma’naviy xordiq chiqaradigan markaz bo‘lib qoladi, degan umid bildiraman.
Mening fikrimcha, Kobuldagi Bog‘i Bobur bilan Andijondagi Bobur bog‘ining bir-biriga o‘xshash jihatlari ko‘p. Tabiat manzaralarining go‘zalligi, ob-havosi, mo‘tadil va yoqimli iqlimi, mevalari, quyi qismidan soy oqib o‘tishi va oromgoh, qabr-maqbaralarning joylashishi bir-birini eslatib turadi. Andijondagi bog‘da ham sharqirab oqib turadigan suv muammosi hal qilinsa, Boburning har ikki oromgohi bir olmaning ikki pallasiday go‘zal bir ko‘rinish kasb etadi.
1992-yil 12-dekabr kuni Andijonga qaytib keldik. Yaqin kunlarda ekspeditsiya o‘z ilmiy faoliyatini yana davom ettiradi.
Zokirjon Mashrab o‘g‘li, ekspeditsiya rahbari,
Bobur nomidagi xalqaro xayriya jamg‘armasi prezidenti.
“Xalq so‘zi” gazetasi, 1993 yil 11 fevral, 29 (534)-son.
Fikr qoldirish#