Biz Bobur hazratlarining hayoti va ijodini shunchalar ko‘p o‘rganganimiz, asarlarini tez-tez o‘qiganimiz, ul zot haqida bisyor gapirganimiz hamda badiiy, ilmiy teleasarlar yaratganimiz bilan ko‘nglini, ruhiy olamini hali to‘la bilolmadik, anglolmadik. Betakror g‘azalu ruboiylarini, “Boburnoma”sini o‘qib, bu haqda faqat faraz qilishimiz mumkin, xolos.
Xo‘sh, Hazratning ruhiy olami nechog‘li quvvatga ega edi? U kishida valiylik, sohib karomatlilik bormidi? Aniqki, bularning bari tasavvuf tariqatiga munosabat orqali ayon bo‘ladi. Zero, Hazratimiz ahli tariqat bo‘lib, pirga bayʼat qilgandi. Umuman, qadim Turkistonda ko‘plab kishilarning, ayniqsa, sultonu shohlarning tariqatga kirishi va ulug‘ shayxlarning tarbiyasida bo‘lishi urf edi. Chunki tariqat ruhiyat olamiga kirilguvchi eshikning tutqichi – dastasidir. Har qanday daraxtning asosiy o‘q tomiri bo‘ladi va u daraxtni adl tutib turadi. O‘q tomiri qirqilgan daraxt qurishga, qulashga mahkum. Tariqat inson ruhiy olamining o‘q tomiridir. Tariqatdagi odam hamisha – xoh gunoh, xoh savob holatida bo‘lsin, g‘aybiy bir nazoratni his etib, ogoh turadi. Bu silsalai sharifdagi ulug‘ pirlarning tarbiyati, xayrixohligi tufaylidir. Bobur Mirzoning bir muddat ichkilikka berilganidan so‘ng birdan undan voz kechib, rostlik olamiga qaytishi ana o‘sha nazorat hosilidir.
Hazratimiz sohibi davlat – hukmdor edi, istagi oz fursatda muhayyo bo‘lgan. Ammo u kishining nazmidaga iztirob, sog‘inch, o‘zidan qoniqmaslik, dunyo zalolatidan hasratda yonish kishini hayratga soladi. Demak, u Iloh oshig‘i, nekbin qalb va ruh sohibi bo‘lgan. Mana bu ruboiyga eʼtibor qiling:
Ruhum yaratib eding
Latofat birla,
Qilding anga tanni
Hamroh ofat birla.
Ruhimni chu tan evi
Ga keldurdung pok,
Mundin bori eltma
Kasofat birla.
Shoir o‘z ruhining Iloh olamidan kelgan pokiza xilqat ekanligini aytmoqda va tan istaklari kasofati urmay yana o‘z sohibiga pok qaytmog‘ini orzulamoqda. Mana, bizga Hazratimizning haqiqiy ruhoniyati surʼati.
Podsholik daraja, martaba, biroq maqom emas. Payg‘ambar alayhissalom va undan keyin o‘tgan buyuk valiy zotlarning kishilar tushiga kirishi, turli ishoratu bashoratlar berishi ruhiy hamda qalb tozaligi ortidan sodir bo‘ladi. (Ular oddiy va noqis odamlarning tushiga kirmaydilar.) Bu tozalik esa xos ibodat va tariqat vazifalarini mukammal bajarish tufayli qaror topadi. Demak, ulug‘lar uyg‘oq, pok ruh va qalb sohiblari, xoh u shoh, xoh gado bo‘lsin, tushiga kirishlari mumkin. Hazratimizning tushiga Xoja Ahror Valiy bobomizning bir necha bor kirishi va bashoratlar berishi, xavfdan ogoh etishi, ul zotning tariqatda sobit, ruhoniy maqomga ega bo‘lganligidan dalolatdir.
Yana bir fikr: rivoyatlarga qaraganda naqshbandiy avliyolar, xususan, Bahouddin Naqshband hazratlari bemorning xastaligini-dardini o‘zlariga olib, so‘ng o‘z vujudlaridan chiqarib tashlash qobiliyatiga ega bo‘lganlar. Bunga aslo shubha qilmangiz, azizlar!
Hazratimizning suyukli o‘g‘li Humoyun mirzoning dardini o‘ziga olganligini, bir so‘z bilan aytganda, jonini unga baxshida qilganligini ko‘pchilik biladi. Bu oson ish emas. Bag‘oyat kuchli ruhiy tayyorgarlik, zo‘riqish, zarur duolarni o‘qish bu karomatning birlamchi shartidir. Demak, Hazratimiz valiy edi va maʼrifat bobida maʼlum darajot – maqom sohibi ham bo‘lgan. Biroq farzandi dardini o‘ziga olganu, vujudidan chiqarib tashlashga qurbi – maqomi ojizlik qilgan. Balki bir necha yil yashasa, g‘ayb olami murshidlari tarbiyasi bois ana o‘sha maqomga ham yetarmidi. Axir Hazratimiz 47 yoshida bu olamni tark etgan-ku. Hozirgi zamon nazari bilan qaraganda, bu ayni kamolotga erishgan yigit yoshi emasmi? Mabodo yetmish yoki saksson yil yashaganida yana qancha go‘zal asarlar yaratardi, balki maqomi yuksalib, xos valiylar qatoriga o‘tarmidi? Lekin taqdir Haqdan, bandasi ojiz. Fikrimiz intihosi esa ushbudir: Hazratimizning valiy, sohib karomat bo‘lganligi rost. Illo o‘zi aytganidek:
Bedard habib bilmadi dardimni,
Tufroqcha ko‘rmadi ruhi zardimni.
Mendin necha ko‘nglida g‘ubori bo‘lg‘ay,
Ketdim muna, emdi topmag‘ay gardimni.
Nabi Jaloliddin, “Andijonnoma” gazetasi,
2010 yil 13 fevral, 14(18679)-son.
Fikr qoldirish#