Bugun Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 514 yilligi
Muqaddas qadamjolar boʻylab (Bobur nomli xalqaro jamgʻarma ilmiy ekspeditsiyasining navbatdagi safari yakunlari )
Ekspeditsiyaning bu safari 1996-yil 15-sentabrda boshlanib, 12-oktabrda yakunlandi. Safar davomida sohibqiron Amir Temur zurriyodlaridan boʻlmish Zahiriddin Muhammad Bobur qadamjolarida boʻlib, bular fotovideo tasvirlarga olindi. Shuningdek, qadimda shu yurt zaminida kamolga yetgan va hoklari oʻzga yurtlarda qolgan buyuk mutafakkirlardan ayrimlarining qabrlari ziyorat qilinib, bugungi holatlari oʻrganildi. Bobur nomidagi xalqaro jamgʻarma prezidenti ilmiy ekspeditsiya rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Zokirjon Mashrabov shu safar yakunlari haqida hikoya qiladi.
Safarimiz mamlakatimizga qoʻshni – Xitoy Xalq Respublikasining qadimiy va navqiron Qashqar shahridan boshlandi. Borgan kunimiz “Chimbogʻi” mehmonxonasida joylashganimizdan soʻng, kechki payt shahar aylangani chiqdik. “Idgoh” markaziy masjidi atrofidagi koʻchalarni va kechki bozorni tomosha qildik. Ertasi kuni XI-XII asrlarda yashagan buyuk mutafakkir, faylasuf shoir Yusuf Xos Hojib qabrini ziyorat qildik, kerakli ma’lumotlarni toʻpladik, video-fototasvirlarga oldik.
Soʻngra oʻz davrining mashhur kishisi boʻlgan Opoq Xoʻja maqbarasi ziyoratiga bordik. Bu yerdagi xodimlarning axborot berishicha Opoq Xoʻja saroyida shoir Boborahim Mashrab 20 yilga yaqin xizmatda boʻlgan. Oʻrtada chiqqan nizo sabab Mashrab ilm-fan va madaniyat markazlaridan boʻlmish Balx shahriga joʻnab ketgan. Biroq Oppoq Xoʻjaning maktubiga binoan Balx hokimi Mashrabni qatl ettirganligi haqidagi ma’lumotlarni eshitdik. Har ikkala ziyoratgohda ham odamlar gavjum, yaxshigina yuan (xitoy puli) toʻlab kirish mumkin ekan.
XIV asrda qoʻqonlik Yoqubbek Qashqarga yurish qilib, hokim lavozimiga koʻtariladi. Islom dinini targʻib-u tashviq qilib, u XI asrda qurilgan “Rozimaxsum” mozorini obodonlashtirib, natijada masjid-madrasa koʻrinishidagi “Idgoh”ni quradi. Davrlar oʻtib, masjid kengayadi va hozirgi qiyofasini oladi. Bu yerda bir vaqtning oʻzida 20 ming kishi namoz oʻqishi mumkin. Qurbon va roʻza hayitlarida bu yerga keluvchilarning soni 80 mingga yetishini taʼkidlashdi.
Uchinchi kuni XXR Tashqi ishlar vazirligi Qashqar boshqarmasi xodimi Van Yun Kuy hamrohligida 200 km masofa bosib, Yorkent shahriga kirib bordik. Sharqona koʻrinishdagi Yorkentda eshak va ot aravalar, avtomashinalarning turli xillari mavjud boʻlib, aholining koʻpchilik qismi velosipeddan foydalanar ekan. Koʻchaning ikki beti rastalardan iborat. Rastalar boʻylab yurib, Tashqi ishlar vazirligi Yorkent boʻlimi idorasiga bordik. U yerda bizni idora rahbari Jaloliddin hoji va idora xodimi, furqatshunos olim va yozuvchi, asli andijonlik Fayzillo hoji qarshi oldilar. Shoir Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli Furqat qabrini ziyorat qilayotganimizda Fayzillo xoji Furqatning she’rlar toʻplamini nashrga tayyorlaganligini soʻzlab berdi.
Furqatning qabri (maqbarasi) shaharning Sharqiy-Shimoliy qismidagi “Terak bogʻ” mahallasida joylashgan. Qabriston musofirlar yoki oʻzbeklar mozori deb yuritilar ekan. Aytishlaricha, adib Furqatning qabri bu yerga keyinchalik koʻchirilgan.
Juma namozini oʻqish va u yerdagi ulamolar bilan suhbatlashish niyatida ”Oltin” masjidiga bordik. Madrasa-masjidning imom xatibi va boshqa ulamolar biz – Oʻzbekiston fuqarolarini samimiy kutib oldilar. Birgalikda juma namozi oʻqib boʻlingandan soʻng, bizning kelish sabablarimiz Oʻzbekistonda qadriyat, ma’naviyat, urf-odatlarimiz, hozir erishayotgan yutuqlarimiz atrofida suhbat boʻldi.
Keyingi ziyoratimiz Qashqar shahriga tutash Toshqoʻrgʻon shahri yoʻnalishidagi Mahmud Qoshgʻariy qishlogʻiga boʻldi. Urumchi universiteti talabalari va domlalari ishtirokida M.Qoshgʻariy muzeyi, qabr-maqbarasini koʻrdik. Muzey direktori Abdurasul Karim Mahmud Qoshgʻariyning turkiyzabon xalqlar orasida tutgan oʻrni, qoldirgan ilmiy merosi haqida soʻzladi. Bu buyuk insonga yaqinda oʻrnatilgan haykalni jihozlash va obodonlashtirish nihoyasiga yetkazilayotgani haqida ma’lumot berdi.
Ges daryosi boʻylab, togʻ yon bagʻirliklaridan yurib, kechqurun toshqoʻrgʻon shahriga yetib keldik va ”Pomir: mehmonxonasiga joylashdik. Toshqoʻrgʻon deyarli tosh ustiga qurilgan boʻlib, Xitoyning sharqiy qismida joylashgan. 30 ming aholisi bor. Bu yerda VI asrda Qurbon ismli hukmdor qurdirgan podshohlik qal’asining qismlari saqlanib qolgan boʻlib, 1500 yillik tarixga ega.
Pokistonga dovon orqali oʻtiladi. Bunga tayyorgarlik koʻrdik. Togʻning qonun-qoidalariga rioya qilib, spirtli ichimlik ichish, sigaret chekish, kuchli ovqatlanishdan tiyilish va iloji boʻlsa kislorod yostiqlari olish lozimligini ekspeditsiya a’zolariga eslatdim.
Avtomashinamizda Kunjirob daryosi boʻylab, Pomir togʻi ustidagi pasttekisliklarda 134 km masofani bosib, Pokiston va Xitoy chegarasiga yetdik. Keyin Buyuk Ipak Yoʻli – Qoraqurum dovonini kesib oʻtdik. Bu yerning tabiati soʻlim, havosi toza, suvlari tiniq. Bir soʻz bilan aytganda, hali kimyoviy kashfiyotlar yetib kelmagan.
Qorli togʻlar, qaltis va chuqur gʻorliklar, shoʻx daryo va sharsharlar boʻylab Pokiston davlati hududiga oʻtdik. Tabiatan goʻzal Shimoliy Kashmir atrofida Pokiston davlati chegarachilariga yuzma-yuz keldik. Rasmiy ishlarni oʻrinlatgach, Gilgit shahriga borib, ”Xomot chook Gilgit” mehmonxonasida hordiq chiqardik. Nonushtadan soʻng shaharning e’tiborga sazovor joylarini ziyorat qilib, Islomobodga qarab ketdik. Bu yerda bizni Bobur nomli xalqaro jamgʻarmaning Ravalpindidagi boʻlimi mudiri janob Akbar Ahmad Oʻzganiy kutib oldi.
Ertasiga uning junni qayta ishlash fabrikasida boʻlib, ish jarayonlari bilan tanishdik. Soʻng Bobur nomli Xalqaro jamgʻarmaning boʻlimini rasmiy ochib, kerakli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Islomoboddagi Oʻzbekiston Respublikasi elchixonasida elchi Naim Gʻoipov va boshqa hodimlar bilan uchrashdik va oʻz ilmiy rejalarimiz haqida ma’lumotlar berdik. Kechqurun Islomobodning eng shinam, goʻzal ”Dostoniy koʻx” tepaligidagi restoranda ekspeditsdiya a’zolarining Akbar Oʻzganiy va elchixona xodimlari bilan uchrashuvi uyushtirildi. Shu joyda qadrdonimiz – Turkiston va Afgʻoniston tarixining bilimdonlaridan biri, Qoʻqon xoni Xudoyorxonning nabirasi Ozodbek bilan tasodifan uchrashib qoldik. U kishi bilan dastlab Mozori Sharifda tanishgan edik. U kishi bizga qiziqarli bir yangilikni, Xudoyorxon Haj safarida boʻlganligi va uing qabri Hirotning Piri Qorux mozorida ekanligini aytdi.
Shuningdek, Ozodbekning Islomobod-Peshavor yoʻnalishidagi Hasanabdol shahri atrofida Boburning zurriyodlaridan biri boʻlgan Lolaruhbegim nomiga qoʻyilgan bogʻ va uning maqbarasi borligi, bu oromgoh Boburiylar tomonidan yaratilganligi haqidagi fikrlari ham biz uchun qimmatli yangilik boʻldi.
Ertasi kuni Akbar Oʻzganiy hamrohligida Lolaruhbegim bogʻiga bordik. Bogʻning chap tarafiga katta hovuz va uning yoniga maqbara qurilgan. Akbarshoh amri bilan Panjob hokimi Humoyun ham shu yerga qoʻyilgan. Shoh buyrugʻiga binoan, burniga tilla halqa qoʻyilgan 12 dona baliq hovuzga tushirilgan. Baliqlar shu kungacha ham mavjud.
1902-yili maqbara ostidan topilgan tilla buyumlar va baliqlar burnidagi halqalar ham davlat tomonidan olib ketilgan ekan.
Bog‘ning etagida qizil toshdan qoʻrg‘on qilib oʻralgan yana bir bog‘ boʻlib, unda Lolaruhbeminning qabri joylashgan. U toʻrt qirrali katta tosh ustiga oʻrnatilgan. Qizil toshning balandligi ikki-ikki yarim metrga, uzunasi ikki-uch metrga boradi. Hozirgacha yaxshi saqlangan. Boburiy malika Lolaruhbegimning abadiy oromgohiga ishlatilgan toshqabr va uning sag‘ana toshi sangtaroshlik san’atida yagona boʻlib, boburiylar bunyod etgan me’morchilik tarixiy obidalarining bir koʻrinishidir.
Hasanabdol – Islomobod yoʻnalishida “Buyuk moʻg‘ullar” bog‘i bor. Shu bog‘da sharqona usulda qurilgan hovuz va qizil toshdan barpo etilgan shiyponlar saqlanib qolgan. Bog‘ tog‘ning atrofidan chiqib turgan buloqlar oʻrtasiga qurilgan. Buloqlardan yig‘ilgan suvlar bog‘ning oʻrtasidagi chiqayotgan daryochaga qoʻshiladi. Bu joydan Islomobodga qarab yurilsa, “Losarbovariy” degan joyda Bobur tomonidan qazdirilgan quduqqa duch kelinadi. Afsuski, bizga quduq yoniga borishga ruxsat etilmadi.
Qadimiy shaharlardan boʻlmish Lohurda “Alnur” mehmonxonasiga joylashdik. Nonushtadan soʻng ekspeditsiyamizning Lohurdagi doʻsti hoji Abdujalilni topdik va uning ofisida boʻlib, oʻg‘li Muhammad Shafiqni Lohurda biz bilan birga boʻlishini iltimos qildik. U Lohur shahrini yaxshi biladi, avtomashinani mohirona haydaydi va bizga eng qulay tomoni – ingliz, urdu, fors va oʻzbek tillarini yaxshi biladi.
Shu kunning oʻzida Zebunisobegimning Lohur-Moʻlton yoʻlidagi “Multon Rut” koʻchasi yoqasida joylashgan maqbarasi ziyoratiga bordik. Boburiy malika Zebunnisobegim 1639-yili Dehlida tug‘ilgan va 1707-yili vafot etgan. U Dehlidagi Qizil qal’aning Qobul darvozasi tashqarisidagi bog‘ yonidagi “Zarzariy” qabristonida dafn etilgan. Maqbara 1885-yilda inglizlar tomonidan temiryoʻl oʻtkazilgan paytda buzilgan. Shu bois, zukko olimaning qabr maqbarasi Lohurga koʻchirilgan. Bu qachon va kimlar tomonidan amalga oshirilganligi bizga noma’lumligicha qoldi.
Boburiy avlodlari orasida zabardast shoira, yetuk olima, tanbur chertuvchi usta sozanda va mohir hattot boʻlib oʻtishgan Zebunnisobegimning qabri yoʻldan 50-60 metr chamasida ichkari boʻlib, sag‘ana tosh va maqbara saqlanib qolgan. Bu maqbara ancha nuragan, ichki, tashqi bezaklari tushib ketgan, suppa atrofidagi g‘ishtlar va toʻrt qirrali toshlar koʻchib, ta’mir talab boʻlib qolgan.
Sharqning mash’allaridan biri – Zebunnisobegimning hozirgi oromgohini saqlab qolish, qabr-maqbarasini ta’mirlash, atrofini koʻkalamzorlashtirib, shu joyning oʻzida bu buyuk zotga muzey tashkil qilishdek ishlarni amalga oshirish zarurati tug‘ilganligini qalbdan his etdik.
Zebunisobegimning qabr-maqbarasiga yaqin joyda Jahongirshoh davrida yaratilgan “Shalimar”, ya’ni “sevgi makoni” bog‘i boʻlib, 40 gektar maydonni egallagan, atrofi baland tosh devor bilan oʻralgan. Bog‘ sharq me’morchilik va musavvirlik an’analari asosida bunyod etilgan. Unda toʻg‘ri geometrik shakllardan tuzilgan gulzor, xiyobonlar boʻlib, arxitektura obidalari bir-birlariga mutanosibdir. “Shalimar” istirohat bog‘ida qad koʻtargan xonalar, marmar shiyponlar, soʻrilar, toʻrt burchakli hovuzlar oʻrtasidagi favvoralar yaxshi saqlangan. Bu joy dam oluvchilar bilan gavjum boʻlib, bog‘ga chipta olib kiriladi.
Afg‘onistonda tolibonlarning yetakchisi Din Muhammadga murojaat qilib, Bobur nomidagi Xalqaro ilmiy ekspeditsiya a’zolari Oʻzbekiston xalqining vakili sifatida Afg‘onistonga madaniyat va ma’rifat, ilm-fan targ‘ibi bilan kelgani hamda Markaziy Osiyo davlatlari xalqlarining ma’naviy qadriyatlarini tiklash borasida kuzatuv-qidiruv ishlarini olib bormoqchi ekanligini tushuntirdik. Din Muhammad 35 yoshlarda boʻlishiga qaramay, sallasini boshidan olib, choʻzilib yotib oldi va yonimda oʻtirgan hoji Muhammad Sodiqqa sekin pichirlab, menga qaragan holda fors tilidan uzr soʻrabdi, u olti joyidan jarohatlangan ekan.
Soat uch yarimlar chamasida turib, diniy arbob Abdumannon Muhammad Rasul hamrohligida Qandahorga yoʻl oldik. Avtomashinani men boshqardim. Yoʻl yomon, oʻydim-chuqur, ba’zi joylari esa oʻpirilib, jar boʻlib yotibdi.
Qandahorga choshgohda yetib kelgan boʻlsak-da, tashqi ishlar boʻlimida uzoq turib qoldik. Yoʻlimiz davomi uchun yangi kuzatuvchi olish kerak edi. Tayinlangan kuzatuvchi kelmadi. Shu atrofdagi soqchilar va boshqa kishilar bilan Farrux Rasulov va Muhammad Sodiq suhbatlashib, Gʻaznaga oʻtish imkoniyati toʻgʻrisida ma’lumot toʻplashdi. Oliy ma’lumotli bir vrach yigitni mening huzurimga olib kirishdi. U Gʻaznaga olib borib kelishga rozi ekanligini bildirdi. Biz unga kelishilgan xizmat haqini toʻlash kafolatini berdik.
Soʻngra bemalol boʻlib, qadimiy Qandahor shahrining g‘arbidagi “Sarpuza” tog‘ining baland choʻqqisiga Bobur Mirzo tomonidan qurdirilgan me’moray asar – qirq zinadan chiqadigan gumbazli ayvonni ziyorat qilgani bordik. Ushbu yalpi tog‘ga ishlangan “Chilzina” toʻqqiz yil davomida qurilgan boʻlib, unda 80 ta sangtarosh ishtirok etgan ekan. Lekin bu obida ham yarim vayrona holga kelgan. Oʻqlar, portlatilgan minalar peshtoqlarga oʻz muhrlarini bosgan. Bu obidaning qimmatli joyi shundaki, Bobur tosh devorlarga oʻz baytlaridan va farzandlari Mirzo Kamron, Mirzo Asqariy va Mirzo Hindollarga atalgan she’riy oʻgitlarini yozdirgan edi. Soʻng “Chorbog‘”ga yoʻl oldik.
“Chorbog‘” Qandahor shahrining shimoliy – g‘arbida joylashgan boʻlib, Qandahor-Hirot katta yoʻlining oʻng tomonida, 1.5-2 chaqirimcha ichkaridadir. “Chorbog‘”ning tor koʻchalari, ariqlari hozirgacha ham saqlangan. Xumoyunshoh Erondan Hindistonga qaytayotib, shu bog‘da bir qancha muddat toʻxtagan. Hozir bu bog‘ yerlari xoʻjaliklarga boʻlib berilgan. “Chorbog‘”dagi anorlar baland oʻsar ekan. Uning tuyatish anoridan tanavvul qildik. Quva anorlarini eslatadi.
Endigi yoʻlimiz - qadimiy G‘aznaga. Yoʻl og‘ir, tez yurib boʻlmaydi. Bir soatda atigi 15 kilometr masofani bosib oʻtdik, xolos. Bu yoʻlda yuruvchi mashinalarga ressor-amartizatorlar oʻrnatishar ekan. Aks holda har qanday kuchli mashina ham bardosh berolmaskan: Bizning “Toyota” rusumli oq tulpor Oʻzbekiston bayrog‘ini hilpirayotganicha asta-sekinlik bilan oldinga intilmoqda.
Kunduz soat 12 larda G‘aznaga kirib bordik. Katta-kichik harbiylar atrofimizni oʻrab olib, mashinani chetroqqa olishimizni buyurdi. Qurollangan ikki harbiy kelib, hujjatlarimizni tekshiruvga olib ketdi. Boshqa bir zobit askari bilan kelib mashinani tintuvdan oʻtkazib, nima maqsadda kelganimiz haqida ma’lumotlar soʻradi. Biz ular bilan iloji boricha kamgap boʻldik. Rasmiy savollarga rasmiy javob berishdan nariga oʻtmadik.
Tarjimonimizning ikki gapi qoʻl keldi. Diniy ulamolar va koʻcha-koʻydagi fuqarolar bilan suhbat hoji Muhammad Sodiq, davlat va harbiy xodimlar bilan muloqot Farruh Rasulov koʻmagida olib borildi.
Bir soatdan koʻproq chamasida askarlar ixtiyorida boʻldik. Biz bu toʻsiqdan ham oʻtib, tevarak-atrofni surishtirsak, Mahmud G‘aznaviy maqbarasiga yaqin joyda toʻxtaganligimizni aytdilar. Lekin Beruniy haqida aniq gap ayta olmadilar. Mahmud G‘zanaviyning qabr-maqbarasi G‘azna-Kobul katta yoʻlining chap tomonida, markaziy bozor oldidan 2,5-3 km. shimol tarafda joylashgan ekan. Deyarli yaxshi saqlanib qolgan. Katta yoʻldan taxminan 200 metr chamasi g‘arbga qarab zinapoya orqali balandlikka koʻtarilinsa, bir tomoni ochiq qabr-maqbara koʻrinadi. Maqbara atrofi devor bilan oʻralgan boʻlib, hovli ichidagi daraxtlar saqlanib qolingan. Maqbaraning ichki-tashqi bezaklari sharqona uslubda ishlangan. Kiraverishda ikki tomonda bittadan shayx oʻtiribdi. Biz ekspeditsiya a’zolari maqbaraning ichkarisiga kirdik. Hoji Muhammad Sodiq Qur’oni Karim oyatlaridan tilovat qildi.
Maqbara tomi ostidagi devorlarga Mahmud G‘aznaviyni maqtab bitilgan marmar toshlar joylashtirilgan. Pastroqda kichkina hujrali madrasalarda bolalar oʻqitilyapti, ularning mudarrisi bilan G‘aznada saqlanib qolgan tarixiy obidalar toʻg‘risida, xususan Abu Rayhon Beruniy qabri joylashgan hududga qanday borish kerakligi haqida suhbatlashib, ma’lumotlar oldik. Tarixdan bizga ma’lumki, Boburmirzoning ukalari – Jahongirmirzo va Nosirmirzolar qadimiy G‘azna shahrining hokimi boʻlganlar va shu yerda umr guzoron etganlar. Ularning ruhi pokiga bag‘ishlab tilovat qildik. Ular haqida va ularning abadiy oromgohlari toʻg‘risidagi qiziqishlarimiz, afsuski ijobiy natija bermadi.
Qandahor tomonga yurib, qandaydir bozor ichidan oʻtdik. Arava ham sig‘maydigan tor yoʻlak ustida toʻxtadik. Bizni boshlab kelgan mudarrislardan biri, choldevor tagidagi qabrni, aniqrog‘i qabrdan qolgan bir uyum qoldiqlar: parchalangan sag‘ana toshi va buzilgan maqbara boʻlaklarini koʻrsatib, “mana shu” deganida, dastlab koʻzimizga ishonmadik. Nahotki, butun dunyoga dong‘i ketgan buyuk inson – Abu Rayhon Beruniyning soʻnggi maskani shunday xarob va g‘arib boʻlsa?!
Shu atrofda yashayotgan kishilar bilan suhbatlashdik. Mahalliy xalqning aytishicha, Zoirshoh hukmdorligi davrida nimalarnidir qidirilib (ehtimol boylik) qabr ochilgan, uning ikkinchi bir yonidan yana boshqa odamning kalla suyagi ham chiqqan ekan. Bu balki Beruniyning yaqin kishilaridan birining suyagi boʻlishi ham mumkin, degan tahmin hayolimizdan kechdi. Lekin qarovsizlik tufayli har ikkala qabr ham choʻkkan, nuragan, xaroba holiga kelib qolgan. Omi halq tirikchilik qilish maqsadida qabr maydoni va atrofini ekinzorga aylantirib yuborgan. Agar ahvol shu zaylda davom etsa, bir-ikki yil ichida qabr oʻrni yer bilan tekislanib, sholipoya yoki bug‘doyzorga aylanib ketishi hech gap emas...
Abu Rayhon Beruniy – bizning ulug‘ ajdodimiz, qadim Xorazm oʻg‘loni. U nafaqat oʻzbek xalqining, balki butun bashariyatning buyuk farzandi. Mamlakatimizda beruniy nomidagi shaharlar, tumanlar, institutlar, koʻchalar, xoʻjaliklar, haykallar, davlat mukofotlari, stipendiyalar va ularning koʻp lauryatlari mavjud. Allomaning nomi va ijodi yurtimizda bu qadar e’zozlangani holda, uning adabiy oromgohi shanchalar g‘arib va xarob boʻlib yotgani nihoyatda achinarlidir.
Uning qalamiga mansub “Kitobul – Hind” Hindiston, “Tahdid nihoyot” (geodeziya), minerologiya va boshqa asarlari jahon ilmi xazinasiga qoʻshilgan munosib hissa sifatida to hozirgacha oʻzining ilmiy qimmatini saqlab kelmoqda.
Biroq xalqimizning nomini dunyoga tanitgan mana shu buyuk allomalarimizning qabrlari, ularning muqaddas hoki bilan hamisha ham qiziqavermaymiz. Ayniqsa, biz Hirotda boʻlgan chog‘imizda allomalar – Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Husayn Boyqaro, Behzod, Xondamir, Shimoliy Afg‘onistonda Boborahim Mashrab, G‘aznada Abu Rayhon Beruniylarning qabrlarini ziyorat qilar ekanmiz, buyuk ajdodlarimizning abadiy oromgohlari qarovsizligini, nochor ahvolga tushib qolganligini koʻrib, nihoyatda afsuslandik. Afg‘onistonda ma’naviyat masalasi bedad urushlar girdobida qolib ketgan koʻrinadi.
Oʻzbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida tarixiy obidalar, ziyoratgohlar ta’mirlanmoqda. Yurtboshimiz tashabbusi bilan Bobur nomidagi Xalqaro jamg‘arma tasarrufidagi “Mador” muhandislik ishlab chiqarish birlashmasi jamoasi Alisher Navoiy qabr-maqbarasi loyihasi ustidagi ishlarni tugatdi.
Abu Rayhon Beruniy qabrini ta’mirlash, Al-Xorazmiy qabrini izlab topish va bu joylarni xalqimizning sevimli ziyoratgohiga aylantirish rejalari Bobur nomidagi xalqaro jamg‘arma tasarrufidagi ilmiy ekspeditsiya va “Mador” muhandislik-ishlab chiqarish birlashmasi diqqat nazaridadir. Inshoolloh, bu hayrli ishlarni ham oʻz nihoyasiga yetkazurmiz.
Zokirjon Mashrabov, “Andijonnoma” gazetasi, 1997-yil 14-fevral, 14 (17284)-son.
Fikr qoldirish#