Hech shubha yo‘qki, "Vaqoye”, “Voqeoti Boburiy”, “Boburiya”, “Voqeanoma”, “Tavorixi Boburiy”, “Tuzuki Boburiy" yoki "Boburnoma" shahanshoh Bobur tomonidan turkiy tilda yozilgan mumtoz badiiy yodgorliklardan biri bo‘lib, adabiy va tarixiy qimmatga ega bo‘lgan asarlar ichida eng yuqori o‘rinni egallaydigan manbadir. U o‘tmish tariximiz, ma’naviy qadriyatlarimiz, qolaversa, umuman Markaziy Osiyo va Hindiston, Afg‘oniston va Pokiston mamlakatlari tarixini o‘rganishda muhim tarixiy manba hisoblanadi. Shu bois ham bu asar o‘n oltinchi asrning o‘zidayoq boshqa tillarga tarjima qilina boshlangan. Ingliz tarixchisi Elfingstoun bu asarni "Osiyo tarixini haqqoniy yoritgan asar" deb baholagan. Ikkinchi ingliz tadqiqotchisi Leyn Poulning ta’biricha: "Agar biron tarixiy hujjatni boshqa guvohliklarsiz ham haqqoniy deb qabul qilish mumkin bo‘lsa, bunday hujjat Boburning yodnomasi, ya’ni “Boburnoma”dir" degan edi.
Asar boburiylar hukmronligi davridayoq to‘rt marta fors tiliga tarjima qilingan. Humoyun va Akbar hukmronligi davrida “Boburnoma” bilan bir qatorda Bobur mirzo qo‘lyozmalarining ko‘pchiligi bir necha nusxada ko‘chirtirilgan: Bobur mirzoning g‘azallari to‘plami – Devon, “Mubayyin”, “Risolai Volidiya”, “Xatti Boburiy”, “Aruz risolasi” shular jumlasidandir. “Boburnoma”, “Bobiriya” nomi bilan yuritilayotgan bu asar Markaziy Osiyo, keyinroq esa bir necha Ovrupo tillariga, shu jumladan, ingliz va fransuz tillariga qayta-qayta tarjima qilingan. Ular orasida Annetta Suzan Beverij hamda Uiller Tekstonning asl turkiy matndan qilgan tarjimalari eng yaxshi tarjima asarlari hisoblanadi.
O‘tmishdan ma'lumki, 1858-yilda britaniyaliklar Hindistonni bosib olgach, ular hind jamoasini boshqarishda qator qiyinchiliklarga duch keldilar. Chunki mamlakatda mavjud bo‘lgan turli til, turlicha din, e’tiqod va sharqona turmush tarzi yevropacha qonun-qoidalarni tan olmas, masalaga yevropacha qarash esa boshqaruv ishini mushkullashtirar edi. Shu bois qirolicha Viktoriyaning buyrug‘iga binoan boburiylar davrida yaratilgan barcha asarlar qo‘lyozmalarini to‘plab olib ketdilar va ularning barchasini ingliz tiliga o‘girib, Hindiston shtatlarini boshqarish uchun Londondan tayinlanadigan voliylar va viloyat hokimlari qo‘liga tarjima qilingan asarlar, xususan “Boburnoma”ni dasturulamal sifatida berish va undan hind jamoasini boshqarishni o‘rganish ta’kidlab ko‘rsatish odat tusiga kirgan edi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi Xalqaro Bobur ilmiy ekspeditsiyasi o‘z safarlari chog‘ida ushbu asarning ko‘plab nusxalari hamda tarjimalarini Andijondagi “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyida mujassamlashtirib kelmoqda.
“Boburnoma” quyidagi tarzda asta-sekin dunyo bo‘ylab tarqala boshladi:
1.Humoyunshoh hukmronligi davrida (1530-1555yy) “Boburnoma” ikki marta: dastlab Shayx Zayn Vafoiy tomonidan, ikkinchi marta esa Poyanda Hasan tomonidan turkiydan fors tiliga o‘girilib, qo‘lyozma sifatida xattotlar tomonidan ko‘chirildi va o‘quvchilar e’tiboriga havola etildi.
Uchinchi marta Akbarshoh hukmronligi davrida (1556-1605yy) Abdurahim Xonixonon tomonidan turkiydan fors tiliga o‘girildi.
To‘rtinchi marta esa Shoh Jahonning farmoniga binoan Abu Tolib Turbatiy tomonidan fors tiliga o‘girildi. “Boburnoma”ning ana shu nusxalaridan Yevropada “Boburnoma” boshqa tillarga tarjima qilina boshladi.
2.“Boburnoma”ning noma’lum qo‘lyozmadan olingan parchalari 1705 -yilda Vitsen tomonidan golland tiliga tarjima qilinib, Amsterdamda nashr etildi.
3.Asarning ingliz tilidagi ko‘plab tarjima nusxalari mavjud. Dastlab 1775-1811-yillarda yashagan ingliz sharqshunosi Jon Leyden 1809-yilda ingliz tiliga tarjima qilishga kirishgan. U bevaqt vafot etgach, bu ishni shotlandiyalik rohib, sharqshunos olim Uilyam Erskin davom ettirgan va 1816-yilda oxiriga yetkazgan. Jon Leyden va Uilyam Erskin hammuallifligidagi o‘zbekcha va forscha nusxalarini solishtirish asosidagi ushbu tarjima 1826 -yili Londonda nashr etildi. Bu tarjima o‘z navbatida 1921 -yilda Uayt King tomonidan to‘ldirilib nashr etilgan.
1905-yilda Londonda Beverij xonim “Boburnoma”ning Haydarobod qo‘lyozmasining faksimiliyesini sinkografiyada chop ettirdi. Beverij xonim tomonidan “Boburnoma”ning ingliz tiliga qilingan tarjimalari 1921-, 1989- va 1990 -yillarda Hindistonda qayta-qayta chop etildi. 2006-yili hamda 2017-yillari Dilip Xiro so‘zboshisi bilan ham 2 marotaba chop etildi.
1993-yilda amerikalik taniqli sharqshunos Garvard universiteti professori Uiller Tekston “Boburnoma”ni ingliz tiliga o‘girgan bo‘lsa, 1995-yilda yangitdan tarjima qilingan “Boburnoma”ning ingliz tilidagi nashri Oksford universiteti nashriyotida chop etildi. Bu nashrga professor Uiller Tekstonning o‘zi muharrirlik qilib, so‘z boshi yozgan. 2002-yilda professor Uiller Tekston “Boburnoma”ni yana tarjima qilgan va tahrir etgan inglizcha nusxasini AQSHda qayta nashr ettirdi. Bu kitobga taniqli jamoat arbobi Salmon Rushdi so‘zboshi yozgan.
4.“Boburnoma” nemis tiliga birinchi marta Yulius Klaprat tomonidan 1810 -yilda, 1828-yilda esa nemis sharqshunos olimi Amadeus Kayzer tomonidan tarjima qilingan bo‘lib, ular ingliz tili orqali o‘girilgan. Shuningdek, ikkinchi jahon urushi davrida (1939-1945) turkiydagi asl nusxa, forscha va inglizcha tarjimalari asosida ham nemis tiliga o‘girilgan. Nemis tilidagi keyingi ancha tuzuk tarjima 1990 -yilda Volfgang Shtammler tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, uni tarjimon fransuz tilidagi nusxadan o‘girgan.
Germaniyalik tarixchi olim va tarjimon Xelmut Dalov esa asarni 2015- va 2022 -yillarda Porso Shamsiyev tayyorlangan 1960 -yildagi nashrdan foydalangan va asarni Germaniyada chop ettirdi.
5.1857-yilda Qozon shahrida rus sharqshunos olimi Nikolay Ilminskiy tomonidan “Boburnoma”ning asl turkiy nusxasi toshbosma usulida nashr ettirildi. 1948 -yilda esa rus tarjimoni Mixail Sale tomonidan “Boburnoma”ning rus tiliga qilingan tarjimasi Toshkentda nashr qilindi. Unda asarning 1504-1505 -yillargacha bo‘lgan voqealari bayon qilingan. 1958-yilda “Boburnoma”ning to‘la ruscha tarjimasi Mixail Sale tomonidan Toshkentda nashrdan chiqdi. Bu asar 1993 -yilda tarix fanlari doktori Sabohat Azimjonova tahriri ostida qayta nashr etilgan bo‘lsa, 2008 -yilda aynan Mixail Sale tarjima nusxasi asosida Vahob Rahmonov mas’ul muharrirligida jiddiy tuzatishlar bilan Bobur fondi tomonidan “Sharq” nashriyotida qayta chop etildi.
6.1948-1949-yillarda o‘zbek olimlari Porso Shamsiyev va Sodiq Mirzayevlar tomonidan 2 ta kitob shaklida “Boburnoma” birinchi bora Boburning ona tilisida nashr etildi. 1960 -yilda esa Porso Shamsiyev tomonidan “Boburnoma”ning to‘la nusxasi Toshkentda chog‘ishtirish va tuzatishlar asosida qayta chop etildi. Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayevlarning ushbu o‘zbekcha nashri, yapon olimi Eyji Mano tuzgan ilmiy tanqidiy matni va Tehrondagi “Guliston” muzeyidagi “Bobur kulliyoti”ga asoslangan holda esa 2002-yilda Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi homiyligida Saidbek Hasanov tomonidan nashr etildi.
2008-yilda “Boburnoma”ning o‘zbek olimlari Vahob Rahmonov va Karomat Mullaxo‘jayevalar tomonidan hozirgi o‘zbek tiliga qilingan tabdili Bobur xalqaro jamoat fondi homiyligida Toshkentda nashr etildi. Jumladan, 2002-yildan to shu kungacha asarning bu tabdili fond homiyligida 8 marotaba chop etilgan. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 25 yanvar 2023-yilgi PQ-20-sonli “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 -yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorining “Boburnoma” asarining zamonaviy o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi tabdilini yaratish” haqidagi maxsus 6-bandi ijrosi yuzasidan “Boburnoma”ni yangi oq va qora rasmlar bilan to‘ldirilgan, zamonaviy o‘zbek tilidagi tabdili tayyorlanib, “O‘zbekiston” nashriyotida 5000 nusxada Bobur fondi grifi bilan chop etildi.
7.Asarning fransuz tiliga qilingan tarjimalari 1871-yilda fransuz olimi Pave de Kurteyl hamda 1980-1985 -yillarda ikkinchi marta fransuz olimi Bakyu Grammont tomonidan tarjima qilinib, nashr etildi.
8.1924 -yili “Boburnoma” ilk marotaba urduga Mirzo Nosiriddin tomonidan tarjima qilinib, Dehlida chop ettirilgan bo‘lsa, “Tuzuki Boburiy” nomi bilan 1969 -yilda Axtar Nadviy tomonidan, 2000-yilda Hasan Bek tomonidan uchinchi marotaba rangli suratlar bilan bezatilgan holda nashrdan chiqarildi.
9.Taniqli turk olimi Rashid Rahmati Arat tomonidan dastlab 1943-1944-yillarda asar “Babur vaqaye” (Baburun xatirati) sarlavhasi ostida 2 jildda, keyinroq 1987-yilda Anqarada, xususan, uning yana bir turkcha nusxasi 1993 -yilda Istanbulda turk olimi Mesut Shen tomonidan nashrga tayyorlanib chop etildi.
10.“Boburnoma”ning hindcha tarjimasi Yugjit Navalpuriy tomonidan amalga oshirilgan va 1974-yilda Dehlida chop etilgan. O‘ziga xosligi bilan ilmiy ahamiyat kasb etadi, ammo Boburning fors tilidagi farmonlari va Hindistondagi sarkorlardan tushadigan -yillik daromad haqidagi ma’lumotlar tushirib qoldirilgan.
11.1992 -yili asar Hamit Temur tomonidan Pekinda uyg‘ur tilida chop etildi.
12.1995-yilda yaponiyalik tarixshunos olim Eyji Mano tomonidan “Boburnoma” inglizcha kirish qismi bilan yapon tilida Kioto universiteti nashriyotida chop etildi. Ushbu nashr tez orada muxlislar tomonidan sotib olingani bois kitob 2006-yilda yana qayta chop qilindi.
13.1997-yilda Vang Jilay tomonidan Pekin shahrida xitoy tilida nashrdan chiqarildi.
14.2001-yilda ispaniyalik olima Marisa Komas tomonidan “Boburnoma” asari ispan tiliga tarjima qilinib, nashrdan chiqarilgan.
15.2008-yilda arab olimasi, Misrdagi Ayn Shams universiteti professori Majida Maxluf “Boburnoma”ni arab tiliga tarjima qilib, Qohirada qayta-qayta nashrdan chiqardi. Aynan shu tarjima sababli bugungi kunda 20 dan ortiq arab tilida so‘zlashuvchi davlatlar asarni o‘z ona tillarida o‘qiydilar.
16.2011-yilda ozarbayjonlik jurnalist, navoiyshunos va boburshunos professor Ramiz Asker «Boburnoma»ni ozarbayjon tiliga tarjima qilib, uning bir necha nusxasini o‘zbek xalqiga in’om qildi.
Xuddi shu yili professor Fuzuli Bayat ham ushbu ulug‘ asarni ozar tiliga o‘girib, nashr ettirdi.
17.1990-yili Almati shahrida Bayuzoq Kojabekov tomonidan “Boburnoma” rus tilidagi tarjima asosida amalga oshirilgan bo‘lsa, 2022-yilda qozog‘istonlik professor olim Islom Jemeney tomonidan Mozori Sharifning “Ulug‘bek” nashriyotida tayyorlangan “Boburnoma” (Eyji Mano ilmiy matni) Hidoyatulla Hidoyat nashri asosida qozoq tiliga o‘girildi. Mazkur nashrning o‘ziga xos jihati shundaki, asar, shaxs va joy nomlari tavsifi bilan o‘quvchiga taqdim etilgan.
18.“Boburnoma” asari Afg‘onistonda ham bir necha marotaba nashr etildi. Jumladan, 2007 -yilda mashhur olima Shafiqa xonim Yorqin tomonidan Kobulda (Kobul voqealari) fors-dariy tilida chop ettirildi.
2007 -yilda Hidoyatulloh Puqniyor “Boburnoma”ning Eyji Mano yaratgan ilmiy matnini Afg‘onistonda nashr ettirdi. 2020-yilda navoiyshunos va boburshunos olim Burhoniddin Namiq tomonidan “Xurshidiy” nashriyotida dariy tilida hamda 2023-yilda Mozori Sharifda boburshunos Rahim Ibrohim tomonidan arab grafikasidagi eski o‘zbek tilida tayyorlangan nashrlar so‘nggi nashrlar hisoblanadi.
19.2023-yilda Z.M.Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan asar Italiyaning Rim shahridagi Teti Editore nashriyot uyida mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda atoqli italyan adibi Franko Kardini so‘zboshisi bilan tarjimon Federiko Pastore tomonidan italyan tiliga o‘girildi: “Boburning o‘lmas ijodi dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Endilikda uni tengsiz Petrarka va Dante, Mikelanjelo va Bokachcho tilida o‘qish imkoniyati tug‘ilganidan behad xursandman. Ishonchim komilki, “Boburnoma” kitobxonlarda katta taassurot uyg‘otadi...” deyiladi mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarjima asar so‘zboshisida. Kitobni tayyorlashda professor Shuhrat Sirojiddinov va italiyalik taniqli turkshunos, professor Federiko De Rensi ilmiy va adabiy muharrirlar sifatida ishtirok etishgan.
Ta'kidlash joizki, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi tashkil etilganidan to shu kungacha 30 ga yaqin fondning jamoatchilik asosidagi bo‘limlarini tashkil etgan. Aynan italiyalik olim, «Sandro Editore» nashriyot uyining rahbari janob Sandro Teti rahbarligida tashkil etilgan Italiya bo‘limi ham kelajakda Bobur va boburiylar ilmiy merosini jahon bo‘ylab targ‘ib tashviq qilishga xizmat qiladi, degan fikrdaman.
Darvoqe, Bobur mirzo tavalludining 540 yilligi munosabati bilan 2023-yilda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli yozuvchi va adib Kenesbay Karimov tomonidan qoraqalpoq tiliga tabdil qilinib, Sahhof nashriyot uyida chop etildi.
Ha, Bobur mirzoning o‘lmas ijod namunasi dunyoning yana boshqa tillariga ham tarjima qilinishda davom etmoqda. Yuqorida nomlari tilga olingan “Boburnoma” tarjimalari Bobur xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida jamlanishda davom etib, asar turli mamlakatlardagi sharqshunos va tarixchilar, tilshunos va adiblar tomonidan katta ishtiyoq bilan o‘rganilmoqda.
Zokirjon Mashrabov, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
“Hurriyat” gazetasi, 2024-yil 29-may, 22 (1397)-soni.
Fikr qoldirish#