Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylarning jahon tarixi hamda tamaddunidagi o‘rni beqiyos. Uilьyam Rashbruk Bobur Mirzoni “O‘n oltinchi asr imperiya bunyodkori”, deb ulug‘lagani bejiz emas. Hindistonning eng zarvaraqli tarixi – buyuk boburiylar davri bunyodkorliklar zamoni sifatida dunyo sharqshunoslari orasida ma’lum va mashhur Bu o‘lkaning barcha hududidagi eng buyuk me’moriy obida va bog‘larning ko‘p qismi Bobur va boburiylar davri mahsulidir. Dehlidagi Humoyun Mirzo maqbarasi va Agradagi Toj Mahal me’moriy yodgorligi ansambllari shular jumlasidan.
Mamlakat shimolidagi Kashmirning Shalimar va Nishot bog‘laridan janubdagi Bengaliyagacha yuzlab boburiy chorbog‘larining so‘lim go‘shalarini aytmaysizmi! Urdu tilining paydo bo‘lishi va fors adabiyotining intellektual cho‘qqisi Hindistonda tiklanganligi ham Bobur va boburiylar davr-u davronining xayrli natijasi.
Islom ma’rifati va adabiyotining Dehlidagi mashhur me’moriy yodgorliklari Nizomiddin Avliyo, Amir Xisrav Dehlaviy va Xondamirning maqbaralari, Abulmaoniy Mirzo Abdulqodir Bedilning bog‘i va maqbarasi hozirgi Dehlining ziynatidir.
Shuning uchun ham mashhur sharqshunos Jan Pol Ru “Bobur” nomli kitobida yozadi: “Ko‘zlarim qamashib, uning (Akbarning- V.R.) ajdodlari Hindistonda bunyod qilgan, ta’rifi yo‘q yodgorliklarini – turk dahosi, islom dahosi va hind dahosini zavq-shavq bilan tomosha qildim.
Biz o‘z ulug‘larimizni o‘zlariga yarasha darajada ulug‘lay olmayapmiz. Hatto olimlarimiz ham bundan istisno emaslar. Hatto hukmdorlik, amal-martaba darajalari-maqomini ham bilmaganimiz rost. Chunki hamma tarixchi va adabiyotshunoslarimiz Zahiriddin Muhammad Boburni asosan shoh, goho podshoh deydilar. Bizdan ko‘ra g‘arb, chunonchi, AQSH olimlari bu jihatdan insofliroqdirlar. Ular Boburni imperator deb to‘g‘ri nomlaydi.
Shu o‘rinda hukmdorlik maqomi nuqtayi nazaridan sharqona shoh, podshoh va shahanshoh istilohlariga izoh beraylik.
O‘rta asrlar amal-daraja rutbasiga ko‘ra Farg‘ona viloyati hukmdori Umarshayx mirzo shoh edi. Samarqand hukmdori Sulton Ahmad mirzo, Hisor hukmdori Sulton Mahmud mirzo va Badaxshon hokimi Sulton Uvays shohlardinlar. Movaraunnahr va Xurosonni birlashtirib, markazlashgan (poytaxti Hirot) davlat tuzgan Abusaid mirzo podshoh edi.
Shuningdek, Kobulga qarashli G‘azni (Nosir mirzo) va Qandahor (Jahongir mirzo) hukumatlari shohlik edi. Ularning bosh hukmdori Zahiriddin Muhammad podshoh edi.
Shu fikrimizni Bobur Sulton Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z amakivachchasi – Sulton Uvays binni Mahmud mirzoni – shoh, o‘zini esa podshoh deb ko‘rsatgani bejiz emasdir:
Podshohdur agarchi Bobur, lek-
Shoh Sulton Uvays binni Mahmud
Yirik Hindiston, Xitoy kabi mamlakatlar hukmdorlari –shahanshoh (shohlar shohi) deyilgan. Chunki shahanshoh mamlakati tarkibida o‘nlab shoh va podshohliklar bo‘lgan. Jahon olimlari shahanshoh tarixiy istilohini imperator so‘zi bilan ifodalaydi. Demak, biz ham Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylarning asosiy qismini-shahanshoh so‘zi bilan ifodalamog‘imiz joiz.
Shokirxon Rustamxo‘jayev tayyorlagan “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” kitobi Bobur va boburiy shahanshohlar hayoti, faoliyati va ijodi haqidagi qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to‘plamidan iborat.
Bir asr muddatda o‘zbek adabiyotshunosligi degan ulkan daraxtda bir necha yirik shoxlar yetilib, bo‘y cho‘zib, ko‘zga baralla tashlandi. Ushbu fan shaxobchalari – navoiyshunoslik, boburshunoslik, folklorshunoslik, manbashunoslik, matnshunoslik, tarjimashunoslikdir.
Mazkur fan tarmoqlarining uzil-kesil shakllanganlari: avval navoiyshunoslik (XX asrning oltmishinchi yillari), so‘ngra boburshunoslik (XXI asrning o‘ninchi yillari) bo‘ldi.
Chunki bu muddatda Navoiy va Bobur asarlariga izohli lug‘atlar tuzildi; qomusiy lug‘atlar yaratildi; bibliografiyalar yozildi, ensiklopediyalar bunyod topdi; Alisher Navoiyning ko‘p jildlik asarlari besh marotaba (1940-yili 3 jildli; 1960-yili o‘n besh jildli; 1987-2003-yillari yigirma jildli; 2011-2012-yillari o‘n jildli) chop etildi.
XX asrning 40-, 60-, 80-yillari, XXI asrning o‘ninchi yillari, 2011, 2012-yillarda Alisher Navoiyning ko‘p jildlik asarlari nashr etildi.
Zahiriddin Muhammad Boburning “Asarlar”i (3 jild) XX asrning 60-yillarida va XXI asrning 20-yillarida “Kulliyot”i 6 jildda chop etildi.
Birgina farq borki, Navoiy qomusi nashr etilmadi. “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediya”si ikki marotaba (2014, 2017) yirik adadda olam yuzini ko‘rdi.
Navoiyshunoslikdagi yutuqlarning qaddi a’losi 2022-yilda nashr etilgan “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunoslari asarlarining o‘ttiz jildligi” va “G‘aroyib us-sig‘ar” devonining o‘n kitobdagi sharhi bo‘ldi, desak Istiqlol davri navoiyshunosligi taraqqiyotining nechog‘lik miqyosli va teran ekanligi yaqqol namoyon bo‘ladi.
Xuddi ana shunday manzara boburshunoslikda ham yuz ko‘rsatdi. “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to‘plami besh jildligida jahon boburshunosligida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, xususan O‘zbekiston, Rossiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston va Tatariston boburshunoslarining asarlari bu besh yirik jildda jamlangan.
Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodining ilmiy talqini ajib tarzda juda tadrijiy tartibli kechdi: oldin ikkita lug‘at tuzildi: “Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari uchun lug‘at”, “Boburnoma” uchun qisqacha lug‘at”.
2000-yildan boshlab Bobur asarlari bibliografiyasini tuzishga sermahsul va zukko sharqshunos Shokirxo‘ja Rustamxo‘jayev kirishdi. Avval bu olim Bobur xalqaro jamoat fondi tasarrufidagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyidagi temuriylar va boburiylarga tegishli kitoblar bibliografiyasini tuzdi. So‘ngra bibliograf Zuhra Berdiyeva bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi temuriylar va boburiylar haqidagi kitoblar bibliografiyasini tartibladi.
Nihoyat Rossiya Fanlar akademiyasi Turkshunoslik instituti va Bobur nomli xalqaro jamoat fondi hamkorlikda jahon boburiylariga doir asarlar bibliografiyasi tuzildi.
Moskvada nashr etilgan “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya” nomli yirik kitobi ham Sh.Rustamxo‘jayev mehnatining natijasi o‘laroq dunyo yuzini ko‘rdi. Ushbu tadqiqotchi “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to‘plamining ham tuzuvchisi bo‘ldi.
“Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediya”si Bobur nomli xalqaro jamoat fondi rayosati va raisi Zokirjon Mashrabovning tashabbusi hamda jonbozligi, moddiy va ma’naviy homiyligi tufayli O‘zbekiston va jahon boburshunoslari mehnatlari natijasi bo‘lib, yetti yilda tayyorlandi va ikki marotaba chop etildi.
“Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to‘plamini qo‘lga olgan kishilar uni varaqlab birdan shoshib qoladi. Chunki bir shaxs, bir shahar... nomi qatorasiga va bir necha tillarda yozilgan. Har bir maqola so‘nggiga ahamiyat bergan kishigina bu “sir”ni tushunib yetadi. Bir manba haqida o‘ntagacha maqola berilgan; Hatto kitob nomlari bir xil... Biroq, nashr yillari farq qiladi. Mazmun va hajmdagi tafovut aniq ko‘zga tashlanadi.
Bu “sir” shundaki muayyan shaxs, shahar yo davlat haqidagi ma’lumotlar xronologik tadrijiy ravishda berilgan. Chunonchi “Rossiya” qomusida u yoki bu shahar haqidagi ma’lumot “Boburnoma”dagi ma’lumot bilan cheklangan bo‘lsa... Keyingi manbalarda bu ma’lumotlar boyib boradi.
Chunki, birgina Bobur yoki unga aloqador kishilar haqidagi ma’lumotlar jurnal, gazeta, o‘rta va oliy maktab darsliklarining turli nashrlari asosida takroran yilma yil berilaveradi. Dyemak, “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to‘plami o‘zida boburshunoslikning ilk namunalari, shakllanishi, taraqqiyoti bosqichlari – tadrijiy evolyutsiyasini o‘zida mujassamlashtirgan.
Kamina bu byesh jildni “jahon boburshunosligi qomusi” deb atagan bo‘lardim. Chunki unda, asosan, O‘zbekiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Belarus, Ozarbayjon, Angliya, AQSH, qisman, Hindiston boburshunoslari maqolalari jamlangan.
Tuzuvchi-muallif, sharqshunos olim Sh.Rustamxo‘jayev har bir maqoladagi so‘z (imloviy), tarixiy sana yoki boshqa biror ilmiy nuqson yohud boshqacha talqinga duch kelsa qomusda ularni isloh qilib, haqiqiy ilmiy istilohiy holati haqida tushuncha berib boradi.
Masalan Sh.Rustamxo‘jayev manbadagi “Shoh Akbar 1598-yilda shahar qal’asi ichida Devoni Avom maqbarasi qarshisida masjid qurdi” degan gapdagi “Devoni Avom maqbarasi” so‘zlariga hoshiyada quyidagicha izoh va tuzatishlar kiritadi:
“Manbada “Devoni Avom maqbarasi” tarzida xato yozilgan. Zero, u maqbara emas, balki podshohning umumiy majlislar zali ... “Devoni Om” bo‘lishi zarur. (“Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to‘plami. 3-jild, 373-bet). Yoki manbadagi: “Qabr toshiga Allohning 99 xil sifati o‘yib ishlangan” degan gapga tuzuvchi –muallif hoshiyada shunday izoh beradi:
”Manbadagi “Allohning 99 xil sifati” to‘g‘ri emas, balki Qur’oni karim va sahih hadislarda yozilishicha “Alloh taoloning 99 go‘zal ismi” (3-jild, 374-bet).
“Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to‘plami jildlari Bobur va Boburiylarning ko‘proq Hindiston va Pokistondagi hayot va faoliyatlari haqida siyosiy, iqtisodiy, etnografik, ma’naviy-maishiy, san’at va adabiyot, urf-odatlar xususida ham har tomonlama to‘la ma’lumot beradi.
Ushbu kitoblardan sharq mamlakatlaridagi yuzlab taniqli kishilar, hatto biz bilishni istagan, ammo fors manbalarida ham topilmaydigan ma’lumotlar ham uchraydi. Chunonchi, Sulton Mahmud va uning sevimli quli Ab-u Najm Ayoz haqida o‘nlab rivoyat, hikoyat, dostonlar yozilgan. Biroq Ayoz faoliyati, qayerlarda bo‘lgani borasida hech qanday ma’lumotga ega emas edik. Ushbu to‘plamdagi ma’lumot bizni hayratga soldi.
“Laho‘r azaldan go‘zal bog‘lari bilan mashhur. Shaharning daryo bo‘yida joylashuvi hukmdorlar va go‘zallik oshiqlariga estetik didini ro‘yobga chiqarish imkonini yaratib, tarixiy manbalar musulmonlar hukmron bo‘lgan davrlarda 36 ta, sikhlar davrida 23 ta va inglizlar davrida 3 ta bog‘ barpo etilganidan dalolat beradi.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Maxmud G‘aznaviyning sodiq quli, shahar hokimi Ayoz Malik birinchilardan bo‘lib bog‘ qurgan”. (“Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar to‘plami, 3-jild, 372-bet).
Yoki:
“Laho‘r qal’asi. Tarixiy va me’morchilik nuqtayi nazaridan qal’a juda ko‘p voqealarni boshdan kechirgan va deyarli ming yillik tarixga ega... Mahmud G‘aznaviyning yaqinlaridan Ayoz Malik shaharga hokim qilib tayinlangach, u shaharni loydan qayta qurgan va “Mahmud nur” deb atagan. (3-jild, 375-376-betlar).
Tuzuvchi-muallif Sh.Rustamxo‘jayev Bobur va boburiylarga ulkan ehtiromi tufayli ushbu yirik sulola vakillarining ijodi, faoliyati, tuzumi va tutumi, siyosati va harbiy harakatlari, bunyod etgan shahar va me’moriy obidalar, bog‘-rog‘lar, oilaviy munosabatlari ikir-chikirigacha aks etgan ma’lumotlarni o‘zbek, hind, ingliz, nemis, fransuz, urdu, fors, rus, tatar, belarusь, ukrain, ozarbayjon, turk, tojik... tillaridagi qomus, to‘plam, albom, jurnal, kitob, gazetalardagi materiallarni sinchiklab o‘rganib, besh jildda jamlagan. Go‘yo bu kishi Olimjon Davlatovning navoiyshunoslikdagi ishini boburshunoslikda bajargan.
“Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” to‘plami Bobur va boburiylar bo‘lgan, zabt etgan, qurdirgan shahar, bog‘–rog‘lar haqida, hukmdorlar shaxsi va murakkab qismatlari, tantana va tanazzuli, buyuk himmati va nochorligi... xullas, ular hayoti va faoliyati borasida yuz xil qarashdagi mualliflarning aytgan, yozgan fikrlari, faktlari xazinasini o‘zida jamlagan qomuslar qomusidir.
Bungacha biz, boburshunoslar bu ma’lumotlardan bir hovuchginasini O‘zbekistondagi nashrlar asosida bilar edik, xolos. Endi bu yirik sulola faoliyatini jahon boburshunoslari ko‘rgan-bilganlarigacha bu yirik jildlardan kuzatish imkoniyatiga egamiz.
Ushbu besh jildlik qomusni o‘qir ekanman, taassurotlar tufayli menda shunday fikr tug‘ildiki:
Bu kitoblar – besh jildlik qomuslarni Sh.Rustamxo‘jayev davom ettirsalar, o‘n-o‘n beshta shunday adabiy ilmiy qasrlarni bunyod eta oladilar. Chunki bu kerak.
Bu kitoblar jahon boburshunoslarining boburshunoslikka qo‘shgan hissalaridan namunalardir. Chunki jahonnning XX-XXI asrdagi mashhur boburshunoslari Eyji Mano, Uiler Tekston, Shafiqa Yorqin, Halim Yorqin, Bilol Yujel, Aziz Qayumov, Saidbek Hasanov, Hasan Qudratillayev va shular safidagi yuzlab jahon va o‘zbek boburshunoslari asarlariga murojaat etilsa. “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” qomuslari jildlari 20-, 30-jildga yetkazilsa hech bir ajab emas.
Shu ma’noda ushbu besh jildli “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” to‘plamlarini ushbu xayrli ishlarning ibtidosi degim keladi.
Quvonarlisi, ibtidodagi ilmiy axborot tarzidagi qomusiy ushbu to‘plamlar Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligiga zahmatkash boburshunos Shokirxon Rustamxo‘jayevning ulkan armug‘oni bo‘ldi.
To‘plovchimiz oddiy yig‘uvchi emas, u olimona zakovat va bilimdonlik bilan o‘z vazifasi ijrosiga kirishgan va kutganidan ham kattaroq yutuqlarga erishgani bilan uni tabriklaymiz.
Bunday ishlarga tanqidiy nuqtayi nazar bilan ham qaramaslik kerak. Mazkur ishni tuzuvchimiz imkoni darajasida yaxshi bajargan. Uning o‘ngga yaqin tillarni yaxshi bilishi, zakosi va tolmas g‘ayratchanligiga qarab havasimiz keladi.
Bu kitoblarning har biriga kelgusida yirik so‘zboshilar yozilmog‘i va har bir muqaddimada “Bobur asarlari va boburshunoslikdagi chin va nuqsonsiz nuqtayi nazaridan sof ilmiy aniqlikni talab qiluvchi bahsli masalalarni ko‘proq qo‘ya bilmoq kerak.
Chunonchi, shu muammolardan biri – Boburning Kobulga ko‘milishi haqidagi masala yuzlab ilmiy maqola va kitoblarida “Vasiyatiga ko‘ra, Bobur Kobulda dafn etilgan” degan ma’lumot beriladi. Holbuki, bu ma’lumot quyidagi sabablarga ko‘ra to‘g‘ri emas;
birinchidan, Boburning bu haqda hech qanday vasiyati yo‘q (na yozma, va na og‘zaki);
ikkinchidan, bunday vasiyat bo‘lsa, Bobur jasadi uch oy maxsus moyda saqlanmasdi. Chunki uch oyda Agrada shahanshoh Boburga munosib maqbara bunyod etildi;
uchinchidan, Bobur islomiy e’tiqodli (marhum o‘lgan joyda ko‘milmog‘i lozim), vorislarini sevuvchi va ular ziyoratiga ishonuvchi bo‘lgani uchun agar vasiyat qilsa, “Meni Agrada ko‘minglar”, degan bo‘lardi. Chunki o‘z sulolasi shu ulkan mamlakatda hukm surishini o‘tkir aqli bilan tasavvur eta olardi. Unda nyega Bobur hoki Kobulga ko‘chirildi? O‘rta asrlarda sulolalar hukmronligi almashganda yirik buzg‘unchiliklar sodir bo‘lardi. Hatto Muhammad Haydar Mirzo Kashmirni egallaganda, Kashmir musulmonlari shia mazhabida bo‘lgani uchun e’tiqodidan qaytmaganlarni qatl ettirgan. Uning tarafdorlari Shayx Iroqiyday azizni qabridan chiqarib o‘tda yoqqan.
Boburning kenja zavjasi Bibi Muborika ana shunday hodisalarning oldini olish uchun yangi hukmdor (Boburning sobiq navkari Faridxon) Sherxon Surdan “Boburning xokini Kobulga olib ketishga” ruxsat olgan. Chunki Humoyun Mirzo Sherxondan yengilib, Eronga qochib ketgan edi.
Bunday muammolar “Boburnoma”ning o‘zida ham oz emas. Chunki asarda shayboniylar bilan qizilboshlar jangida ko‘p sultonlar qatori Ubaydxon (Ubayxon) ham o‘ldirilgani yozilgan. Holbuki, Ubaydullaxon Bobur mirzodan ancha keyin vafot etgan. Yoki Muhammad Haydar mirzo Yorkentga ketdi, degan ma’lumot ham to‘g‘ri emas. U Bobur huzuridan Andijonga – pochchasi Sulton Saidxon dargohiga borib, ikki yildan so‘ng Sulton Saidxon bilan Yorkentga harbiy yurishga jo‘nagan.
Xullas, Sh.Rustamxo‘jayevning ushbu yirik xizmati adabiyotshunoslikka, xususan boburshunoslikka qo‘shilgan yirik olimona hissa sifatida har tomonlama tabriklashga arziydi.
Vahob Rahmonov, filologiya fanlari doktori, professor.
Yangi O‘zbekiston gazetasi, 2024 yil 11 may, 91-son.
Fikr qoldirish#