Sinov yoʻsinida ishlamoqda

O‘n oltinchi asr bunyodkori

“O‘n oltinchi asr bunyodkori” nomli kitob 1918 yili taniqli olim Rashbruk Uilyams tomonidan yozilgan bo‘lib, bu asarda Bobur tom maʼnoda olim, shoh-bunyodkor deb tan olinadi.


Bobur nomidagi xalqaro jamg‘armaning 2000 yilning oktabr-noyabr oylari davomida safarga chiqqan ilmiy ekspeditsiyasi Garol Lambning “Bobur-yo‘lbars”, Anna Flora Stilning “Toj kiygan darvesh”, Rumer Godenning “Gulbadan”, Uilyams Erskinning “Bobur davridagi Hindiston tarixi”, Gulbadan begimning “Xumoyun tarixi” va boshqa jami 35ta noyob kitob va qo‘lyozma asarlarni qo‘lga kiritib, Bobur vataniga olib kelishga muyassar bo‘ldi.

Shuningdek, buyuk “Boburnoma”ning J.Leydin-Erskin, A.Beverij hamda amerikalik olim U.Tekistonlarning ingliz tiliga, Jan Luiz Grammontning fransuz tiliga qilgan tarjimalari ham olib kelindi. Taniqli yapon olimi Eyjye Mano “Boburnoma”ning tanqidiy matnini yapon tilida yaratdi. O‘zbekistonlik boburshunos olimlar ushbu asarni “ilmiy jasorat” deb tan oldilar. Hozirda ushbu uch tomlik asar ham Bobur bog‘idagi muzeydan joy oldi.

Shu kunlarda Eyji Manodan maktub oldik. Maʼlum bo‘lishicha u “Bobur zamoni” nomli asarini yozib tugatgan va nashriyotga topshirgan.

Yuqorida nomlari keltirilgan asarlarda buyuk Boburshohning dunyo xalqlari orasida tutgan o‘rni, olijanob, insoniy xislatlari haqida haqqoniy baho berilgan, “Boburnoma”-“Butun tarixda yaratilgan yozma yodgorliklarningeng bebahosidir” deb tan olingan. Leyn Poul Boburni “Sharq tarixidagi eng maftunkor shaxs” deb, bu buyuk inson yaratgan “Boburnoma” asarini muhim tarixiy xujjat deb biladi. “O‘sha davrga xos voqelikni tasdiqlaydigan biron-bir xujjat bo‘lmasa, bu masalada “Boburnoma”ga murojaat qilish kerak”, deb yozadi. Yana boshqa bir ingliz olimi esa bu asarga “Osiyoning haqqoniy tarixini aks ettiruvchi asar”deb qaraydi. “Boburnoma” deb atalgan uning xotiralar to‘plami dunyoda yaratilgan avtobiografik asarlar ichida eng aʼlosi deb hisoblanadi. Bobur “Omadli navkar bo‘lishi bilan birga, nozik didli adabiyotchi, tanqidchi ham edi. Uning janglaridan ham, maishatlaridan ham shoirlik nafasi ufurib turar edi”.

“Osiyo shahzodalari orasida Bobur bilan yonma-yon qo‘yiladigan shahzoda bo‘lgan emas”, yoki u o‘z davrining eng zo‘r shahzodalari edi. “Uning tarixdagi o‘rni o‘tmishdagi shahzodalar orasida eng katta maqtovga sazovordir”. “Islom dunyosi tarixidagi eng katta jozibador shaxslardan edi” deb taʼriflanadi.

Bobur sadoqatli o‘g‘il edi, mehribon ota, sodiq do‘st, vafodor er va yaxshi qarindosh edi. U keksa xeshlarining hurmatini joyiga qo‘yar va yordam berar edi. U farzandlarining o‘qishi va shaxsiyatining shakllanishiga alohida eʼtibor bilan qarar edi. “Dunyo intilganniki”, der edi va kutilmagan hollarda xotirjamlikka yo‘l qo‘ymas edi. “Beg‘amlik va dangasalik (loqaydlik) shohning ishi emas”. Bobur ajoyib chavandoz, mohir mergan, chaqqon qilichboz va tolmas ovchi bo‘lgan. Xushchaqchaq, jasur, ulug‘vor, o‘tkir va ochiq chehrali inson edi.

Bu borada, “Tarixi Rashidiy” kitobining muallifi Mirzo Haydar shunday deydi: “Boburni juda ko‘p fazilatlar va hisobsiz olijanob xislatlar burkab turadiki, ularning ichida uning mardligi va saxovatpeshaligi hamma xislatlaridan ustun turar edi”.

Bobur Mirzo o‘zining yaratuvchanligi, bunyodkorligi bilan mashhur bo‘lgan edi.

Albatta davrlar o‘tishi bilan yaratilgan inshootlar-imoratlar, saroylar, katta-katta meʼmorchilik obidalari, bog‘u rog‘lar o‘sha davr hokimi shuhratining belgisi bo‘lib qolaveradi.

Quvonchli tomoni ham shundaki, bu borada Bobur va boburiylar shuhratining bunyodkorlik belgilari butun olamga ko‘zgu bo‘lib, bir qancha asrlar davomida tan olinib kelinmoqda.

Ana shu buyuk, mo‘tabar siymo Bobur Mirzo va boburiylar qoldirgan boy ilmiy-madaniy manbalarni to‘plash va o‘rganish maqsadida yo‘lga chiqqan Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning navbatdagi sakkizinchi safari roppa-rosa 51 kun davom etdi. Shu muddat ichida olingan taassurotlaru yig‘ilgan manbalar haqidagi maʼlumotlar va sharhlarni bir maqolaga sig‘dirish mushkul, albatta. Gapni nimadan boshlab, nima bilan yakunlashni bilmay qolasiz. Aslida Hindiston sari qilingan ikkinchi safar edi bu. Lekin bu bepoyon mamlakat hududida Bobur va uning shoh avlodlari hayoti va hukmdorlik faoliyati bilan bog‘liq tarixiy joylar, moziygohlar, ular haqidagi kitoblar, qo‘lyozmalar saqlanayotgan kitobxona hamda kutubxonalar shu qadar ko‘p va boyki, ularni bir emas, o‘nlab safar mobaynida ham to‘la ko‘rish, o‘rganish qiyin. Qolaversa, bu galgi rejalarimiz, niyatlarimiz Hindistongina emas edi... orzu –umidlarimiz bepoyon edi...

Shunday qilib biz, 2000 yilning 11 oktabr kuni, ekspeditsiyaning besh nafar aʼzosi Bobur Mirzoning ota yurti Andijonning shundoq kaftida yashnab turgan Bobur milliy bog‘idan qo‘shni va qondosh Qirg‘iziston- Ergashtom orqali Xitoy Xalq Respublikasiga jo‘nab ketdik. Yosh adabiyotshunoslardan birining respublika vaqtli nashrlaridan birida eʼlon qilingan maqolasida Zahiriddin Muhammad Boburning “Asrori musiqiy” asari qo‘lyozmasi Qashqarning markaziy kutubxonasida saqlanmoqda degan maʼlumot berilgan edi. Biz hozircha nomaʼlum bo‘lgan mazkur qo‘lyozmani ko‘rib, iloji bo‘lsa nusʼha olishni ekspeditsiya dasturiga kiritgan edik. Qashqarning muzeylari, markaziy va boshqa kutubxonalarini xo‘b izladik, afsuski bunday asar borligini ular xatto eshitmagan ham ekan. Faqat shaxsiy kitob do‘konlarini qidirib “Tavorixi musikiyun” degan risolani topishga muyassar bo‘ldik va bu kitobchani nashrga tayyorlovchilardan biri Hamid Temur (Urumchi-Pekin)ga qo‘ng‘iroq qilib, u kishining ham taassufini eshitgach, qo‘lyozmaning Qashqarda yo‘qligiga ishonch hosil qildik. “Tavorixi musikiyun” risolasida bir qancha buyuk allomalar qatori Zahiriddin Muhammad Boburning ham musiqa sirlari haqidagi fikrlari keltirilgan edi. Mazkur qimmatli asarni tez orada o‘zbek tiliga o‘girtirib, chop etish niyatidamiz.

Bobur Mirzoning qadamjoyi bo‘lgan sharqiy Turkistonda Maxmud Qoshg‘ariy, Oppoq xo‘jam, Yusuf Xos Hojib kabi buyuk ajdodlarimiz yotgan muborak qabrlarni ziyorat qilib, ular haqidagi maʼlumotlarni to‘plab yo‘lga chiqdik.

Qancha-qancha poyonsiz sayxonliklar, toshloq cho‘llar, besh yarim ming metrlik Qoraqurum dovonlarini, Pokiston past-tekistliklariyu tog‘larini ortda qoldirib, Hindiston zaminiga oyoq qo‘ydik.

Panipat shahrida shahid ketganlarga va mag‘lub Ibrohim Ludiyning qabriga ham o‘tib Qurʼoni karimdan tilovat qilib, ularning ruhiga bag‘ishladik.

Maʼlumki, ekspeditsiyaning Hindistonga qilgan birinchi safari chog‘ida Boburiylar avlodi-haydarabodlik Tusiylarning topilishi boburshunoslik tarixida yangi voqea bo‘lgan va bu voqea davlat ahamiyati darajasiga ko‘tarilgan edi. Keyingi safarlar davrida yana bir boburiy avlod-Pokiza Sulton begim kashf etilgan edi. Uning xonadoniga tashrifimiz jo‘shqin va qiziqarli suhbat-muloqotimiz bu galgi safarimizning sermazmun boblaridan biri bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Pokiza Sulton begim uyidagi tarixiy suratlar, hujjatlar, gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar, esdaliklar bu mo‘tabar ayolning Baxodirshoh-II-Zafarga, yaʼni boburiylarga boshqalardan ham ko‘ra yaqinroqligini tasdiqlar edi.

Uning London shahrida yashayotgan opasi Tohira Sulton begim esa shoira ekan. Pokiza Sulton begim bizga opasining urdu tilida nashr etilgan sheʼriy kitobini tuhfa qildi. Pokiza Sulton begim bizga Hindiston ozodligi uchun kurashgan bobokaloni Bahodirshoh-II ning ayanchli qismati haqida, uning surgunda (Birmada) umrining so‘ngi damigacha ota-ona shahri Dehliga talpinib yashagani haqida gapirib berarkan, bobokalonining musofir yurtda jon taslim qilgani, o‘sha davrlarda uning jasadini Dehliga olib kelib dafn etish to‘g‘risidagi vasiyatini amalga oshirish imkoni bo‘lmagani, lekin, keyinchalik Ragundagi qabri tuprog‘idan olib kelib Dehlidagi Qutb minor majmuasi hududiga qo‘yilganini afsus va alam bilan aytib o‘tdi. Manbalarda uchratilmagan bu xabar biz uchun yangilik edi. Afsuski, Qutb minorni ziyorat qilish asnosida ushbu xabarning isbotini topolmadik. Qutb minor xiyobon-hovlisining har joylarida qabrlar bor edi, lekin, bu yodgorlik mutasaddilari va boshqa shaxslar Bahodirshoh-II qabridan olib kelingan tuproq haqida aniq bir gap aytib berisholmadi.

Ekspeditsiya aʼzolari Dehlida Humoyun shoh, Xisrav Dehlaviy, Mirzo G‘olib, Abduqodir Bedil va boshqalarning oromgohlarini va u yerdagi tarixiy obidalarni ziyorat qilib, kerakli maʼlumotlar to‘pladik.

Agra. Bu tarixiy shaharning Boburiylar hayotida aloxida o‘rin tutishi hech kimga sir emas. Bugungi kunda Samarqandu Buxoro, Xivamiz kabi ko‘hna yodgorliklarga boy va ziyoratgoh Agrada Bobur Mirzoning so‘ngi to‘rt yillik umri kechgan. Bobur iqlimi va boshqa jihatlaridan podshohlik qarorgohi uchun shu joyni tanlagan, bog‘lar barpo qilgan, uni Hindistonning obod va ko‘rkam markaziga aylantirgan.

Biz Agra ziyoratini shaharga kiraverishdagi Akbar qalʼasidan boshladik. Hindiston xalqining sevimli, eʼzozli podshohlaridan biri bo‘lgan, Javohirlaʼl Neru yuksak baholagan Akbarshoh bu muazzam mamlakatda ko‘p ulug‘, xayrli ishlar qilgan, chunonchi: bog‘lar yaratgan, qalʼalar qurdirgan. Umuman, Hindistonda Akbarshoh nomi bilan bog‘liq shaharlar, tarixiy yodgorliklar ko‘p. Hind va ingliz sharqshunos-boburiyshunoslarining kitoblarida ham Akbarshoh hayoti va faoliyatiga juda ko‘p o‘rin beriladi.

Iskandariya mavzeyida joylashgan Akbar qalʼasi nafaqat Agra, balki Hindistondagi sayohatchilar bilan hamisha gavjum bo‘ladigan ziyoratgoh joylardan biridir. Qalʼa hiyobonlari, yam-yashil maysazor va palmalar bilan o‘ziga rom etadi. “Boburnoma”da zikr etilgan go‘zal jayronlar sollanib, zangori to‘tilar shoxdan-shoxga uchib-qo‘nib yurishibdi.

Maqbaralar ichidagi qabrlarda Akbarshoh, uning oila aʼzolari, qizlari va boshqa yaqinlari dafn etilgan. Ular poyida Qurʼoni karim oyatlaridan o‘qib, o‘z insoniy burchlarimizni ado etdik.

Keyin biz Toj Mahal ziyoratgohiga jo‘nadik. Ko‘chalarda trasport qatnovi nihoyatda tig‘iz, odam ko‘p, yurish qiyin. Bular Toj Mahalni ko‘rishga oshiqayotganlar oqimi edi. Toj Mahal Hindistonni jahonga tanitgan obidalardan biri. Uni ko‘rish uchun dunyoning hamma tomonidan kelishadi. Kirib-chiquvchilarning keti uzilmaydi, hammaning dilida hayojon, ko‘zida, yuzida xayrat ifodasi, Ular “Muhabbat va sadoqat” yodgorligi deb atalmish bu muazzam obida ijodkoriga tahsinlar o‘qishadi, ofarinlar aytishadi. Biz esa g‘ururdan, iftihordan xayajonlanamiz. Chunki Toj Mahalning, bu mo‘ʼjizaning ijodkori, yaratuvchisi, muallifi aziz bobokolonimiz Bobur Mirzoning chevarasi Shoh Jahondir, bu buyuk obida uning sadoqatli xotini Mumtoz Mahal xotirasiga bitgan go‘zal asaridir.

Obidaning ichki devorlaridagi oppoq marmar orasiga olib ishlangan naqshlar, Qurʼoni karim oyatlarining chiroyli bitiklari, qabr toshlariga chekilgan betakror gul-bezaklar hayratga soladi, odamni...

Hovli-hiyobondagi har bir daraxtning raqamlanishi-bu obidaga uning hududidagi har bir narsaga mamlakat hukumatining qatʼiy nazorati va katta eʼtiboridan dalolatdir.

Toj Mahal moziygohida ushbu koshonaning yaratilish tarixiga, boburiy hukmdorlar, xususan Akbar, Jahongir, Shoh Jahonlar hayotiga oid ashyolar, osori-atiqa, farmonlar, maqbaraga ishlatilgan marmarlardan namunalar saqlanmoqda. Devorlardagi suratlarda Shoh Jahon, Mumtoz Mahal va boshqa boburiylarning siymolari aks etgan...

Jamna daryosi bo‘yidagi Bobur Mirzo yaratgan Orombog‘ darvozasi yonidagi boqqa kirish uchun chipta sotiladigan xonani ko‘rib xayron bo‘lib qoldik. O‘tgan safar kelganimizda bog‘ darvozasi ochiq, unga qarab turadigan bir bog‘bon bor edi, xolos. Chipta sotuvchilarga biz Bobur yurtidanmiz, dedigu, baribir pul to‘lab boqqa kirdik. Ichkarida yana bir kutilmagan holatga duch keldik: bog‘ yo‘laklariga marmarsimon yapaloq toshlar yotqizib, taʼmirlashmoqda, hiyobonlarning o‘skin maysalarini ayollar o‘rishmoqda edi. Bobur Mirzo qarorgohi va yashash joylari bo‘lgan shiyponli uylarning eshiklari ham qulflog‘lik, atroflari tozalab-sarishtalangan edi. Hatto mutlaqo qarovsiz haroba-Choburjidagi Bobur Mirzo dastlab dafn etilgan qabr-maqbara ham qo‘rg‘onlanib, kirish eshigi qulflangan, demak, bu yer ham muhofazaga olingan edi. O‘tgan gal yuraklarimiz achishib qaytgach, Bobur nomidagi xalqaro jamg‘arma nomidan mazkur joylarni taʼmirlab, obodonlashtirib, ziyoratgohga aylantirish to‘g‘risidagi takliflarimiz bilan Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasiga qilgan yozma murojaatlarimiz, Dehli va boshqa joylarda o‘tgan Xalqaro yig‘inlardagi so‘zlarimizda shu masalani alohida eslatib o‘tganlarimizning samarasimikin, deya benihoya quvondik.

Kalkutta shahridagi Viktoriya muzeyini (u yerda ham boburiylarga oid qurol-yarog‘lar, qo‘lyozmalar, kitoblar, boshqa xujjatlar bor) tomosha qilgach, Bangladeshga qarab yo‘l oldik. Safarga jo‘nashimizdan avvalroq Bengaliyada bo‘lgan suv toshqini haqida eshitgan edik. Tabiiy ofat yuz bergan ana shu hududdan o‘tar ekanmiz, yo‘lning ikki tomonida – suv ichida qolib ketgan uy-joylarni, yo‘l bo‘ylariga chiqib, omonat chodir tikib o‘tirgan odamlarning nochor ahvolini ko‘rib yuraklarimiz achishdi: keksalar, bolalar yupun, yalangoyog‘ edi..

Bepoyon sholizorlardan o‘tib, Bangladesh poytaxti-Dakka shahriga kirib bordik. Konsulxonamiz joylashgan-Gulshan hiyobonini izlab-izlab topdik. O‘zbekiston havo yo‘llari Bangladesh agentligining boshlig‘i Olloyor, uning yordamchisi Orifjon, yaqinginada ish boshlagan konsulimiz Faxriddin bizlarni quvonib kutib olishdi, bizga zarur yordamlar ko‘rsatishdi, uylarida Andijon devzirasidan damlangan palov bilan mehmon qilishdi. Eng muhimi-shu olis mamlakatda ham O‘zbekistonimiz havo yo‘llarining bo‘limi bir qancha yirik shaharlararo samolyot xizmati ko‘rsatayotganidan, Dakka ko‘chalarida ingliz tilidagi “O‘zbekiston havo yo‘llari” degan ko‘rsatkich-yozuvlarning cho‘g‘day ko‘rinishidan quvondik, faxrlandik.

Avval Hindiston tarkibida bo‘lgan Bangladesh hududida ham Boburiylar nomi bilan bog‘liq joylar ko‘p: Akbarpur, Shohjahonpur degan mavzelar, shaharchalar, Dakkaning o‘zida esa Laʼlbog‘ deb atalgan qalʼa-muzey bor edi. Bu qalʼa-muzey hozirgacha biz Hindiston va Pokiston mamlakatlarida ko‘rgan moziygohlardan ham boshqacharoq, o‘ziga xosroq edi. Gap shundaki, Avrangzebning o‘g‘li Aʼzamshoh tomonidan 1678 yili boshlanib, 1688 yili Bengaliya hokimi Shoyistaxon Subador tomonidan qurib bitkazilgan qalʼa hovlisining kun chiqish tomonidagi ikki qavatli muzey faqat va faqat boburiylarga bag‘ishlangan edi. Muzeyning boyliklari ko‘p va qimmatli edi: keyingi boburiy hukmdorlar davrida ishlatilgan pichoqlar va ularning yog‘och g‘iloflari, chopqilar, har turli miltiqlar, mauzerlar, qilichlar, temir qalpoq, o‘q o‘tmas temir nimcha (sovut)lar, ingichka, qattiq simdan mayda zanjirsimon qilib to‘qilgan askariy kiyimlar, Zahiriddin Muhammad Bobur, Nosiriddin Muhammad Humoyun, Jaloliddin Muhammad Akbar, Jahongir shoh, Avrangzeb Olamgir, Bahodirshoh-I, Muhammad Farrux-Siyar, Ahmad shoh, Aziziddin Muhammad Olamgir, Muhammad shoh, Jaloliddin Muhammad shoh Olam, Shahobiddin Muhammad shoh, Muazzam shoh Aʼlam Bahodir, Muhammad Ibrohim shoh, Muiziddin Jahondor shoh (ism-shariflar o‘sha muzey hujjatlarida qanday bitilgan bo‘lsa, shunday olindi) va boshqa imperatorlar davrida zarb etilgan tanga pullarning namunalari, Avrangzeb, Aʼzam shoh suratlari, Bobur Mirzo, Akbar shoh Aʼlam farmonlari... Avrangzebning mana shu qalʼani qurish to‘g‘risida o‘g‘li Aʼzamshohga bergan farmoni bitilgan tosh... Birinchi qavatdagi alohida shiyponda esa tufakandoz turibdi. Uning yoniga ”Boburiylar (afsuski u joyda “mug‘ullar deyilgan”) ishlatgan zambarak” degan yozuv bitilgan.

Bangladeshdagi musulmonlar bilan hindlar birgalikda, hamkorlikda yaratishgan birinchi obida maqomini olgan mazkur qalʼa-hiyobonning obro‘-eʼtiborini shundan ham bilsa bo‘ladiki, uning surati mamlakat puliga ham tushirilgan.

Konsulxonamizdan sal narida “Samarqand” nomli restoran-oshxona bizni avval turkona bezaklari bilan jalb etgan edi, ovqatlari ham durust (oshpazlar pokistonliklar ekan), lekin yupqaroq, patirsimon nonlari juda ham mazali edi.

Bangladesh endi rivojlanayotgan, nisbatan yosh mustaqil davlat bo‘lishiga qaramasdan maʼnaviyatga, kitobga, ilm-fanga bo‘lgan intilishi, eʼtibori yuqori darajada ekan. Dakkaning ko‘chalaridan birida bepoyon kitob rastalariga duch kelib, yuqorida nomlari zikr etilgan kitoblarning bir qanchasini o‘sha joydan xarid qildik.

Bangladesh yo‘nalishidagi yana bir maqsadimiz: Baxodir Shoh II-Zafar surgun qilingan Rangun (Birma)ga o‘tib, so‘ngi boburiy podshohning qabr maqbarasi holidan xabar olib, birga ketgan yaqinlari, yaqinlarining taqdirini so‘rab-surishtirish, Zafar tahallusi bilan ijod qilgan shoh-shoirning bobokalonlaridan qolgan va o‘zi bilan olib ketgan kutubxonasini, kitob va qo‘lyozmlarini qidirishdan iborat edi. Afsuski, bu yopiq mamlakatning talab-tartiblari va boshqa sabablarga ko‘ra u yoqqa o‘tish imkoi bo‘lmadi. Lekin bu reja ilmiy ekspeditsiyamizning kelgusi dasturlaridan so‘zsiz o‘rin oladi.

Biz shuurimizda ana shunday taassurotlar va qalbimizda olamcha g‘urur bilan Bangladeshning sharqi-shimol tomonidan, Himolay tog‘larining pasttekisliklari bo‘ylab Hindistonga qaytdik. Yana bizni sarxadi cheksiz dalalar, sholi o‘rayotgan, xirmon qilayotgan, yangidan ekayotgan mehnatkash bengal xalqi, daryolar, ko‘llar, yam-yashil maysazorlar, qilich bargli palmalar bilan bezangan tabiat o‘ziga maftun va rom etdi.

Yana Hindiston hududidamiz. Endigi mo‘ljalimiz Patna shahridagi Xudobaxsh kutubxonasi edi. Biz bu noyob kitoblar xazinasi haqida avvaldan ko‘p yaxshi gaplar eshitib yurardigu, ammo yeta olmayotgan edik. Olloh nasib etib, bu gal mana shu muqaddas dargoh ostonasiga qadam qo‘ydik. Kutubxona direktori Xabib Rahmon bizni xushtavoʼze bilan qarshi oldi va kutubxonaning tashkil topishi, unda saqlanayotgan qimmatli qo‘lyozmalar haqida gapirib berdi, o‘sha noyob bisotlarni ko‘rsatdi.

1891 yili Mavlaviy Xudobaxshxon degan advokat huquqshunos, Kalkuttaning sobiq adliya vaziri tomonidan tashkil etilgan kutubxonada bugungi kunda arab, fors, urdu, pushtun tillarida bitilgan 20 mingdan ortiq turli davrlarga oid, eng mashhur xattotlar tomonidan ko‘chirilgan qo‘lyozma asarlar, 200 mingga yaqin har xil tillarda chop etilgan kitoblar saqlanmoqda edi. Ushbu bilim maskani dunyodagi eng yirik kutubxonalardan biri bo‘lib, jahondagi boshqa mashhur kutubxonalar bilan hamkorlik qilar ekan.

- Bugundan eʼtiboran O‘zbekiston bilan ham aloqa o‘rnatildi, deb hisoblasak bo‘ladi, -dedi Habib Rahmon suhbat chog‘ida.-Sizlarning bu tashrifingiz va o‘zaro kelishuvlarimiz Hindiston bilan O‘zbekiston madaniy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Biz sizlar so‘ragan, boburiylarga daxldor qo‘lyozmalarning nusxalarini mikrofilm yo boshqa shaklda yetkazishga harakat qilamiz.

Zero, har qanday boylik qachondir o‘z egalariga qaytarilishi kerak. Kutubxonada boburiylarga oid kitoblar, qo‘lyozmalar ham ko‘p edi. Jumladan, salkam 500 yil avval Bayramxon tomonidan ko‘chirilgan 2 jildli “Voqeoti Boburiy”, Javohirning xijriy 1082 yilda ko‘chirilgan “Tazkirat-ul voqeot”, “Tarixi xonadoni Temuriya” asarlari qo‘lyozmalarining kutubxona mutasaddi va xodimlari tomonidan ko‘z qorachig‘idek asralayotganiga guvoh bo‘ldik, o‘zimiz ham bu noyob durdonalarni ohista varaqlab ko‘rishga muyassar bo‘ldik. “Tarixi xonadoni Temuriya” asarini Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur avlodlari aks ettirilgan 130 dan ziyod miniatyura suratlari bezab turibdi. Ana shu suratlardan yigirmaga yaqini tanlab olinib, kutubxona tomonidan “Temurnoma miniatyuralaridan namunalar” sarlavhasi ostida nashr etilgan ekan. Habib Rahmon bizga o‘sha albom-kitobdan va kutubxonaning kitob shaklidagi katalogidan tuhfa etdi.

“Boburnoma”ga ishlangan miniatyuralar ichida Bobur Mirzoning Qashqardagi Abu Bakr qalasiga xujum qilayotgan payti aks etgan suratni ko‘rib, uning chindan ham sharqiy Turkistonda bo‘lganligiga, taniqli boburshunos olima Anna Mariya Shimmel qayd etgan ayrim sheʼrlarini Qashqarda yozganligiga yana bir bora ishonch hosil qildik.

Albatta, yangi olam-Hindistonning go‘zal tabiati manzaralarini, tog‘ tizimlarini, hayvonot dunyosini, rangin gullarini tomosha qilish, o‘rganish zavqli, maroqli edi, lekin biz uchun Boburiylar qadami yetgan joylarni ziyorat aylash, ularning tarixiy, badiiy asarlarini, ular haqida yozilgan kitoblarni izlab topish, o‘qib-o‘rganish yanada qiziqroq va muhimroq edi. Chunki bunday noyob, madaniy-maʼrifiy boyliklarning ko‘p qismi boburiylarning ota-ona yurtida nomaʼlum, yoki maʼlum bo‘lsada, yetib kelmagan. Zero, ekspeditsiyamiz dasturini asosiy bandlarini mana shu qutlug‘ vazifalar tashkil etardi. Shuning uchun ham biz endi qancha shaharu qishloqlarni ortda qoldirib Laknov shahriga oshiqardik.

Laknov ham Hindistonning qadimiy shaharlaridan biri, “Boburnoma”da ham bir necha bor zikr etilgan. Laknov Universiteti qoshidagi Robindranad Tagor kutubxonasi ham boy maʼnaviy xazinalardan biridir. Biz qaysi kutubxona yoki kitob do‘koniga kirmaylik, birinchi va asosiy savolimiz: “Boburiylarga- Bobur, Humoyun, Akbar, Jahongir, Shoh Jahon, Avrangzeb va boshqalarga oid qanday kitob yo qo‘lyozmalar bor?” degan savol bo‘lardi.

Urdu, arab, hind tillarida 1200 dan ortiq qo‘lyozma va kattagina kitob jamg‘armasiga ega bo‘lgan ushbu kutubxonada ham biz uchun qimmatli bo‘lgan, biz qidirib yurgan ancha-muncha kitoblar bor edi. Ingliz tilidagi “Boburnoma”, ingliz sharqshunosi, boburshunos Uilyam Erskining “Hindiston tarixi”, “Temuriylar va boburiylar davri”, “Bobur va Humoyun” kabi hajman juda yirik kitoblari, tabiiyki, qimmatli maʼlumotlarga ham boy edi. Bular Erskinning boburiylar to‘g‘risidagi asarlarining atigi bir qismi edi.

“Boburnoma”ga ishlangan miniatyura suratlardan iborat albom-kitob ham diqqatimizni tortdi. Hind tarixchisi M.S.Randhava tomonidan chop ettirilgan mazkur kitobdan juda noyob suratlar o‘rin olgan. Masalan: Shahzoda Boburning otasi Umarshayx Mirzo vafoti munosabati bilan Andijon qalasidan Axsiga qarab otda yo‘lga chiqayotgani, Bobur Mirzoning Andijonda o‘zbek sultonlarini qabul qilayotgani, Bobur Andijondagi chorbog‘da, Bobur askarlari bilan Qashqardagi Abu Bakr qalasiga hujum qilayotgan payti...

Kitob dastlab Dehli milliy muzeyi tomonidan 1983 yili, demakki, Bobur Mirzo tavalludining 500 yilligiga nashr etilgan ekan. Suratlarni taniqli hind rassomi Farrux Sheyer mahorati bilan ishlagan.

Mashhur ingliz sharqshunosi Rashbruk Uilyamsning “O‘n oltinchi asr bunyodkori” degan kitobi yanada noyob topilma bo‘ldi. Nomning zo‘rligiga, Bobur bobomiz shaʼniga aytilgan taʼrif-bahoning yuksakligiga eʼtibor bering! Asar dastlab 1918 yili Londonda, keyin Bombey, Kalkutta, Madras va boshqa shaharlarda qayta-qayta chop etilgan. Kitobning ichki muqovasida Bobur Mirzoning o‘rta yoshlardagi otliq surati berilgan. Ichki sahifalarda “Bobur Andijonda Eson Davlat Begimning chorbog‘ida” deb nomlangan va boshqa noyob suratlar bor. Kutubxona mutasaddilarining marhamati va muruvvati bilan Randxavaning miniatyuralar albomi, “O‘n oltinchi asr bunyodkori”, Muni Laʼlning “Bobur” asarlarining kseronusxalarini olishga muvaffaq bo‘ldik.

Islom Universiteti qoshidagi Nadvat-ul ulamo deb nomlangan madrasaning sharqshunoslik kutubxonasida ham ajoyib kitoblarga duch keldik va ayrimlarini qo‘lga kiritishga erishdik. Ingliz sharqshunos olimi Steyn Leyn Poulning “Imperator Bobur” asari dastlab 1899 yili Dublinda (Irlandiya) nashr qilingan, 1987 yili Dehlida qayta chop etilgan ekan. Avstraliyalik sharqshunos Fridrix Augustusning “Imperator Akbar” (ingliz tiliga Anetta Beverij xonim tarjimasi, 1-jild, 1890 yil), taniqli hind adibi Muni Laʼl (Bobur Mirzo, Humoyun, Akbar, Jaxongirlar to‘g‘risidagi asarlar muallifi) ning “Shoh Jahon”, Maxdiy Husaynning “Bahodir shoh-II” asarlari ham yirik-yirik hajmda edi.

Shu yerda Anna Flora Stilning noyob nom bilan atalgan “Toj kiygan darvish” kitobi borligi ekspeditsiya aʼzolarini quvontirdi.

Boburshoh Ibrohim Ludiyni yengib, Hindistonda buyuk boburiylar saltanatini tiklagandan keyin qo‘lga kiritilgan behisob o‘ljalarning o‘g‘illariga, beklarga, qarindoshlariga, yordamga muhtoj kishilarga, Samarqand, Andijon, Qashqar, Erondagi yaqinlariga bo‘lib bergan. Makkai Mukarrama va Madinai Munavvaradagi yaqinlari ham u ulug‘ insonni ushbu saxovatidan benasib qolmaganlar.

Bobur Mirzo boriki boyliklarini bo‘lib berganligi uchuun atrofidagi diniy ruhoniylar tomonidan “qalandar” deb atalishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu adibning “Toj kiygan darvish” asariga shunday nom berishiga Boburmirzoning kamtarin, tavakkalchi-mard va saxovatpeshaligidek olijanob jasoratlari sabab bo‘lgan bo‘lishi kerak.

Laknov shahridagi markaziy kitob do‘koniga kirib, xayratdan yoqa ushladik. Ikki qavatli do‘konda olam-olam go‘zal muqovali kitoblar nihoyatda did bilan terilgan, xaridor-kitobxonlar bilan gavjum edi. Aholining yalpi savodliligi 60 foizga ham yetmaydigan mamlakat odamlarida kitobga shu qadar qiziqish, ishtiyoq kattaligi biz uchun kutilmagan hodisa edi. Aslida kitoblar narxi hiyla qimmat edi. Masalan, xajman “Boburnoma” bilan barobar “Jahongirnoma”ning Londonda, ingliz tilida chop etilgan nusʼhasi bir yarim ming rupiy, “Hindistonning Boburiylar davridagi hayvonot dunyosi” degan suratli kitob bir ming to‘qqiz yuz rupiy edi. Bir AQSH dollari 45,9 rupiy, demak, yuqoridagi kitoblar 35-40 dollar atrofida bo‘ladi.

Biz do‘kondan Leyn Poulning “Hindiston tarixi” turkumiga kiruvchi “Bobur”, huddi shu turkumdagi Akbar to‘g‘risidagi kitoblarni sotib oldik.

Umuman Hindistonda boburiylar haqida kitoblar juda ko‘p edi. Hindiston, Pokiston tarixi bilan bog‘liq kitoblarning asosiy qismini boburiylarga bag‘ishlangan boblar tashkil etardi. Biz bundan nihoyatda xursand edik, faqat bir narsa dilimizni g‘ash qiladi: hamma joyda, hamma kitobda boburiylar haqida gap ketganda “mug‘ullar” (mogolov) iborasi ishlatiladi. Bu xato atama shu qadar ommalashib ketgan ediki, xatto boburiylar tomonidan bunyod etilgan barcha tarixiy obidalar, bog‘-rog‘larning maʼlumotnoma risolalarida ham “mug‘ul” degan so‘z qo‘llanadi. Nazarimizda bu tarixiy xatoni o‘nglash, uni qo‘llovchilarga xalqaro miqyosda asosli zarba berish mavridi keldi. O‘zbekistonimizning mustaqilligi, Bobur Mirzoga bo‘lgan qarashning musaffolashganligi bu fikrga to‘la asos bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Axir Bobur Mirzo o‘zini turk deb bilgan va yozgan-ku, yana qanday asos kerak o‘zi? Faqat shuni ingliz va boshqa hamkasblarga yaxshiroq eslatish, tushuntirish, qayta-qayta taʼkidlab turish kerak xolos, bizningcha.

Umuman ekspeditsiyamiz davomida goh suyunib, goh kuyunib-g‘ashlanib yurdik. Pokistonning Loxurida (bu tarixiy shahar Bobur va boshqa boburiy hukmdorlarga uzoq yillar poytaxt va qarorgoh bo‘lgan) Jahongir shoh qabr-maqbarasi qarovli, obod, boburiy Zebunisoning qabr-maqbarasi esa pana-pastqam, ko‘rimsiz joyda, qarovsiz edi. Maqbara devorlaridagi marmarlar ko‘chirib olingan, g‘aribona holatda. Umuman olganda bu maqbara chindan ham o‘sha, Avrangzeb-Olamgirning qizi, biz bilan mashhuri jahon shoiraning maqbarasimi yo boshqanikimi degan masala ham oydinlik kiritishni taqozo qiladi. Gap shundaki, Zebunisoning qabri asli Dehlidagi Zarzara qabristoniga dafn etilgan, keyinchalik temir yo‘l o‘tishi munosabati bilan buzilgan degan maʼlumot bor. Shu qabr-maqbara o‘sha Zebunisoniki bo‘lsa (maqbara devoriga “Zebuniso qabri” deb yozilgan xolos), uni kim, qachon olib kelib dafn etgan va nega bu buyuk Temuriylar malikasining qabr-maqbarasi shunday qarovsiz holatga tushib qolgan? Bundan tashqari Agrada, Akbar qalʼasidagi qabrlardan birini ham Zebunisoniki deyishadi. Xullas, bu muammo o‘z yechimini kutmoqda.

Hasan Abdol shahridagi boburiylar nomi bilan bog‘liq bog‘da bo‘lganimizda ham shunday muammoga duch keldik. Bizga maʼlum bo‘lgan manbalarda bog‘ning yaratilish tarixini Bobur Mirzoga nisbatan beriladi. Hasan Abdol tarixidan hikoya qiluvchi maʼlumotnoma –risolada esa bog‘ning Boburdan keyin, Jahongir va boshqa boburiy hukmdorlar tomonidan bunyod etilgani qayd qilingan. Lekin muhimi, Pokistonning mana shu chekka bir shaharchasidagi bu so‘lim go‘shaga Bobur Mirzo va uning avlodlari qadami yetgan, ularning irodasi bilan obod bo‘lgan va hali-xanuz ziyoratgoh bo‘lib turibdi.

Mashhad shahri (Eron) markazini ishg‘ol qilgan Imom Rizo xarami hududidagi Qurʼon muzeyining ko‘zga tashlanadigan joyida qalin oyna ichida mo‘jazgina bir kitobcha turibdi. U Bobur Mirzoning o‘zi tuzgan alifbosida, o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan muqaddas Qurʼoni karimdir..

Biz ana shu noyob, tabarruk qo‘lyozmadan bir necha sahifani kseronusxa qilib, olishga muyassar bo‘ldik. Shuningdek buyuk siymo Ulug‘bek Mirzoning ukasi Boysunqur Mirzoning husni-xati bilan bitilgan Qurʼoni karim suralari ham muzeyni bezab turibdi.

Xullas, biz Sharqning eng yirik mamlakatlari-Hindistonda ham, Pokistonu Bangladeshda ham, Eronda ham qayerga bormaylik, ulug‘ yurtdoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur va uning nafasini tuydik, ularning nomlarini ezgu ishlar ijrochilari sifatida ziyolilar tilidan ham, oddiy kishilar lafzidan ham eshitdik. Ular bizning chinakam faxr va iftixorimiz ekanligini yana bir karra, teranroq his qildik. Shu bilan birga biz, Bobur bobolarimiz bahonasida qay bir oliygoh yo kutubxona-ziyoxonada, moziygoh va boshqa tarixiy joylarda bo‘lganimizda Bobur Mirzoning ota-ona yurti bo‘lgan O‘zbekistonning endilikda hur, ozod, mustaqil mamlakatlar qatorida, peshqadam davlatlar orasida o‘z o‘rni va qadriga ega bo‘lib borayotgani to‘g‘risida maroqli suhbatlar qurdik. Zero, mustaqilligimiz sharofati bilan tuzilgan Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyamiz safari dasturidagi asosiy bandlaridan yana biri mana shu edi.

Safarimiz davomida topilgan kitob va qo‘lyozma yo kseronusxa shakllarida olib kelingan noyob boyliklar birinchi galda olimu ulamolarimizning yangi-yangi tadqiqot va asarlariga masalliq bo‘ladi, ekspeditsiya aʼzolarining yon daftarchalariga bitilgan xomaki qaydlar, video tasvirlar turli janr va shakllarda xalqimizga, Bobur Mirzoning avlodlari, vorislari, muxlislariga yetkaziladi, deb ishonamiz.


Zokirjon Mashrabov, ekspeditsiya raxbari,

Qamchibek Kyenja, ekspeditsiya aʼzosi

“Andijonnoma” gazetasi, 2001 yil 10 fevral, 13(17706)-son.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0