Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning birinchi safari 1992 yil may oyida amalga oshirilgan edi. Shu paytgacha 50 dan ortiq davlatlarga 25 marotaba safar qilindi. Afrika qitʼasidan Hindi-Xitoy yarim oroli, Yevropa-Amerika davlatlari bo‘ylab 375 ming kilometrdan ortiq masofa bosib o‘tildi.
Bu izlanishlar natijasida taqdir taqozosi bilan xorijda yashagan va ijod qilgan buyuk allomalarimizning so‘nggi manzillari ziyorat qilindi, ularni obodonlashtirish yuzasidan loyihalar tayyorlandi.
Afg‘gonistonning Hirot viloyatidagi Dyehi Kanor dashtida joylashgan mavlono Lutfiy hazratlarining maqbarasi bunyod qilindi.
Ilmiy izlanishlar natijasida 500 dan ziyod noyob kitob va nodir qo‘lyozma asarlar topilgan bo‘lib, ayni paytda ular «Bobur va jahon madaniyati» muzeyida saqlanmokda.
Keyingi o‘n yil davomida buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy adabiy myerosini o‘rganish, bizgacha yetib kelgan asarlarini topish, ularni tarjima qilib, kitob holida o‘quvchilarga yetkazish yo‘lida izlanishlar izchil davom ettirildi.
Fond tashkil topgandan buyon «Boburnoma» uch marta nashr etildi. Bugungi yoshlarga tushunarli bo‘lishi uchun «Boburnoma»ning kirill va lotin alifbolarida tabdili yaratildi.
Boburning xolavachchasi Muhammad Haydar Mirzoning «Tarixi Rashidiy» asarini bazi bir mutaxassislar ikkinchi «Boburnoma» deb atashadi. Ana shu yirik memuar asar fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.
Tinimsiz izlanishlar O‘zbekistonni dunyo boburshunosligining markaziga aylantirdi. Eng eʼtiborlisi, Bobur hayoti va ijodi xalqimizga yanada maʼnan yaqinlashtirildi.
Shuni faxr bilan aytish kerakki, boburshunoslik rivojiga o‘zbek olimlari qatori Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Afgoniston va yevropalik olimlar ham munosib hissa qo‘shishgan.
2015 yil Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 532 yilligi munosabati bilan Andijonda o‘tkazilgan ilmiy amaliy anjumanda mana shular haqida so‘z yuritilgan edi.
Unda ishtirok etgan misrlik boburshunos Magda Maxluf, afgonistonik Abdulla Ruin, yurtdoshlarimiz Aziz Qayumov, Saidbek Hasanov, Hasan Qudratullayev, Vahob Rahmonov kabi o‘ndan ortiq boburshunoslar Bobur xalqaro jamoat fondining mukofoti bilan takdirlandilar.
Mamlakatimiz jamoatchiligiga maʼlumki, haryili fevral oyida Andijonda xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazisha nʼanaga aylandi. Bu esa, o‘z navbatida, dunyo boburshunoslarini Bobur Mirzo tug‘ilgan yurtga yanada yaqinlashtirish barobarida, xalqimizni olib borilayotgan izlanishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan muntazam tanishtirib borish imkoniyatini yaratmokda.
2015 yilning iyul-avgust oylarida Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining Afgonistonga ilmiy safari davomida Alisher Navoiyiing Hirot shahrida joylashgan abadiy oromgohi taʼmirlandi. Hirot viloyati maʼmuriyati, xalqaro YUNESKO tashkiloti vakillari hamda ziyolilar ishtirokida anjuman o‘tkazilib, unda ishtirok etganlar O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirishdi.
Anjumanda Alisher Navoiy maqbarasi atrofida bog‘ yaratib, u joyni ziyoratgohga aylantirish hamda buyuk musavvir Kamoliddin Behzod qabriga maqbara qurish, obodonlashtirish yuzasidan muzokaralar olib borildi. Ikki tomonlama bayonnoma imzolandi. Bu tarixiy voqea haqida «Buyuklar izidan» nomli film hamda maqola tayyorlanib, mamlakatimiz jamoatchiligiga havola etildi.
Bu yilgi anjumanda Rossiya Fanlar akademiyasi va Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi xamkorligida chop etilgan «Bobur bibliografiyasi»ning rus tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Fondning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari ko‘p. Jumladan, Afg‘onistonda Abu Rayhon Beruniy, Boborahim Mashrab, Abdurahmon Jomiy, Hindistonda Muhammad Haydar Mirzo, Turkiyada Ali Qushchi, Suriyada Abu Nasr Farobiy kabi buyuklarimiz qabrlarini obod qilish borasida ham bir qator ishlar rejalashtirilmokda.
Zokirjon Mashrabov, O‘zbekistonda xizmat
ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
“O‘zbekiston ovozi” 2016 yil 27 fevral, 25(32.084)-son.
Fikr qoldirish#