Annotatsiya. Maqolada Bobur nomli xalqaro jamoat fondining saʼy-harakatlari natijasida “Boburnoma”ning Hindistondagi “Salarjang” muzeyida saqlanayotgan, eski o‘zbek tilida yozilgan Haydarobod nusxasidan ko‘chirma, Bobur mirzo kashf etgan “Xatti Boburiy” alifbosida yozilgan Qurʼoni Karim nusxasi, “Bobur kulliyoti”ning Eron nusxasidan ko‘chirma hamda “Boburnoma”ning turli tillarga tarjima qilingan 20 dan ortiq qo‘lyozma nusxalari, zamonaviy nashr va boshqalar Andijon shahrida tashkil etilgan “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyiga olib kelingani xususida so‘z boradi. Shuningdek, unda muallif xorijda saqlanayotgan O‘zbekistonga taalluqli ilmiy-madaniy boyliklarni aniqlash va Vatanga qaytarish borasidagi takliflarini maʼlum qiladi.
Kalit so‘z va iboralar: Zahiriddin Muhammad Bobur, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi, Bobur xalqaro mukofoti sovrindorlari, “Bobur va jahon madaniyati” kitob-muzeyi.
Annotatsiya. V statye idet rech o sleduyuщix originalax knig i kopiy rukopisey, svyazannыx s Baburom: kopiya “Baburname”, sdelannaya iz Xaydarabadskogo spiska na starouzbekskom yazыke, kotoraya xranitsya v muzeye “Salarjang” v Indii; spisok Korana, perepisannыy na “Xatti Baburi” (Alfavit Babura) – alfavite, sozdannom Baburom; spisok iz Iranskoy rukopisi “Babur kulliyati” (Polnoye sobraniye sochineniy Babura), boleye 20 rukopisey perevodov “Baburname” na razlichnыe yazыki; sovremennыe izdaniya i dr. Vse eto bыlo privezeno usiliyami Mejdunarodnogo fonda imeni Babura v knijnыy muzey “Babur i mirovaya kultura”, organizovannыy v g.Andijan. Odnovremenno, v statye avtor vыrajayet svoi predlojeniya ob identifikatsii i vozvrate na rodinu kopiy kulturnыx sennostey, otnosyaщixsya k Uzbekistanu i xranyaщixsya za rubejom.
Klyuchevыe slova: Zaxiriddin Muxammad Babur, Mejdunarodnыy fond imeni Babura, knijnыy muzey “Babur i mirovaya kultura”.
Annotation. In the current article it is spoken about the copy from the Haydarabad version of the “Baburname” written in old (Chaghatay Turkic) Uzbek language and kept in the Salarjang Museum in India, which brought to Uzbekistan as a result of the efforts of Babur International Foundation, a copy of the Qur’an written in “Baburi script” discovered by Babur Mirzo, an Iranian copy of the “Kulliyati Babur” and more than 20 manuscripts of “Baburname” translated into different languages, modern editions, etc which were brought to the book museum called “Babur and world culture” in Andijan. The author also makes proposals on the identification and repatriation of scientific and cultural treasure of Uzbekistan, kept abroad.
Keywords: Zahiriddin Muhammad Babur, Babur International Public Foundation, Babur International Prize winners, Book museum, “Babur and World Culture”.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustivor yo‘nalishlaridan biridir” degan so‘zlari ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan barcha olim va mutaxassislar, tadqiqotchilar uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi ham 1992 yildan buyon o‘z imkoniyati doirasida taqdir taqozosi bilan turli davr va sharoitlarda chetga olib ketilgan va bugungi kunda xorijiy davlatlarning nufuzli muzeylari, fondlari va ilmiy-maʼrifiy muassasalarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma va kitoblar, arxiv hujjatlari, osori atiqalarni o‘rganish, imkon qadar ularning asl yoki ko‘chirma nusxalarini mamlakatimizga olib kelish bo‘yicha ish olib bormoqda.
Jumladan, o‘tgan davr mobaynida fond tomonidan tuzilgan xalqaro ilmiy ekspeditsiya avtomashinada 420 ming kilometr yo‘l bosib, 40 dan ziyod mamlakat bo‘ylab safarlar uyushtirdi. Ushbu safarlar chog‘ida Vatanimiz tarixi va madaniyatiga oid muhim yangiliklar izlab topildi, bizda mavjud bo‘lmagan manbalar qo‘lga kiritildi va ular Andijon shahridagi Bobur bog‘ida tashkil etilgan “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida mujassamlashtirildi. Muzey ekspozitsiyasidan 700 ga yaqin nodir qo‘lyozma asarlar va kitoblar, qimmatli manbalar, arxeologik va meʼmoriy yodgorliklarning namunalari o‘rin olgan.
Xususan, “Boburnoma”ning Hindistondagi “Salarjang” muzeyida saqlanayotgan Haydarobod nusxasidan ko‘chirma, Bobur Mirzo kashf etgan “Xatti Boburiy” alifbosida yozilgan Qurʼoni karim nusxasi, “Bobur kulliyoti”ning Eron nusxasidan ko‘chirma hamda “Boburnoma”ning turli tillarga tarjima qilingan 20 dan ortiq qo‘lyozma nusxalari va zamonaviy nashrlari muzeyga fayz bag‘ishlab turibdi.
Olib kelingan manbalarning ellikka yaqini fond tomonidan tarjima va tabdil qilinib, chop ettirildi. Xarold Lembning “Bobur-yo‘lbars”, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy”, Rumer Godenning “Gulbadan”, Vilyam Rashbrukning “O‘n oltinchi asr bunyodkori”, Xondamirning “Buyuklik xislati”, “Habib us-siyar”, Frits Vyurtlening “Bobur-yo‘lbars” (“Andijon shahzodasi”), Samyuel Berkning “Akbar – boburiylarning eng buyugi”, Iroj Aminiyning “Ko‘hinur – Boburning olmosi”, Ismatulloh Mo‘jiziyning “Tavorixi musiqiyun” asarlari, shuningdek, “Boburnoma”ning zamonaviy o‘zbek tiliga tabdili, “Boburnoma miniatyuralari” kitoblari shular jumlasidandir.
O‘zbek boburshunoslarining keyingi yillardagi izlanishlari natijasida yuzaga kelgan “Bobur va Yuliy Sezar”, “Bobur haqida o‘ylar”, “Asrlarni bo‘ylagan Bobur”, “Boburiynoma”, “Buyuklar izidan”, “Andijondan Dakkagacha”, “Andijondan Bag‘dodgacha”, “Xorijda boburshunoslik”, “Boburnoma” uchun qisqacha izohli lug‘at”, “Markaziy Osiyo va Hindiston tarixida boburiylar davri”, “So‘zga aylangan qilich”, “Buyuk sohibqiron izidan”, “Taʼrixlarda temuriylar siymosi”, “Risolai Boburiyya” va boshqa ko‘plab asarlar fond homiyligida nashr qilindi.
Yana shuni alohida taʼkidlashni istardikki, xalqaro ekspeditsiyalarimiz davomida madaniy boyliklarimiz bo‘lgan, buyuk ajdodlarimiz mangu orom topgan maskanlarni topishga muvaffaq bo‘ldik. Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Al Farobiy, Hisrav Dehlaviy, Mavlono Lutfiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab kabi buyuk zotlarning so‘nggi manzillari ziyorat qilindi va ularning hozirgi kundagi holati o‘rganildi. Natijada afg‘on yurtida qarovsiz qolib, deyarli xarobaga aylangan Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab kabi buyuk ajdodlarimizning qabr-maqbaralari sharqona loyihalar asosida, bugungi kun talabi darajasida obodonlashtirilib, ziyoratgohlarga aylantirildi va aylantirilmoqda. Abu Rayhon Beruniyning G‘aznadagi, Al Farobiyning Damashqdagi, Muhammad Haydar Mirzoning Kashmir viloyatidagi, Ali Qushchining Istanbul shahridagi qabrlarini ham obod etish loyihalari tayyorlanmoqda.
Fond nizomida belgilangan vazifalarni bajarish jarayonida G‘arb va Sharq boburshunoslarining aloqalari mustahkamlandi. Xususan, o‘tgan yillar davomida fondning Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Hindiston, Pokiston, Ozarbayjon, Turkiya, Yaponiya, Germaniya, Misr, Shvetsiya, Rossiya kabi o‘ndan ziyod davlatlarda Bobur nomli xalqaro jamoat fondining bo‘limlari ochildi. Ularning yordami bilan Bobur va boburiylar, temuriylar va boshqa buyuk ajdodlarimizga tegishli qo‘lyozmalar va noyob kitoblarni yurtimizga olib kelish imkoniyati kengaydi.
Xorijda va O‘zbekistonda boburshunoslik rivojiga katta hissa qo‘shayotgan olim va ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida fond tomonidan Bobur Xalqaro mukofoti taʼsis etilgan. Hozirgacha ushbu mukofotga 20 dan ziyod boburshunoslar sazovor bo‘ldi. Ular orasida yaponiyalik taniqli olim Eyji Mano, amerikalik boburshunos Uiler Tekston, germaniyalik Klaus Shoning, ozarbayjonlik Ramiz Asker, afg‘onistonlik Shafiqa Yorqin, respublikamizdan taniqli akademiklar Azizxon Qayumov, Sabohat Azimjonova, Abdulla Aʼzamov, professorlar Saidbek Hasanov, Sayfiddin Jalilov, Vahob Rahmonov kabi olimlar, Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sultonov, Sirojiddin Sayid kabi yozuvchi va shoirlar bor.
Turkiyalik taniqli professor, Bobur xalqaro mukofoti sovrindori Bilol Yujel tomonidan shoh va shoir bobomizning Parij milliy kutubxonasi, Istanbul universiteti, To‘pqopi saroyi, Revand va Rampur kutubxonalarida saqlanayotgan sheʼriy qo‘lyozmalari asosida mukammal devoni yaratilganini keyingi yillarda boburshunoslikda erishilgan ulkan yutuqlardan biri sifatida eʼtirof etsak arziydi.
Rossiya Fanlar akademiyasining turkologiya instituti hamda Bobur nomli xalqaro jamoat fondi hamkorligida taniqli turkolog olima, Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi Anna Vladimirovna Dыbo va arabshunos olim, hamyurtimiz Shokirxon Rustamxo‘jayev hammuallifligidagi “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya” kitobi, shuningdek, Fondimiz tomonidan tarixda birinchi bor “Bobur ensiklopediyasi” yaratilgani va ikki marta nashr etilgani, hech shubhasiz, jahon boburshunoslik fani rivojidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Maʼlumki, bundan ikki yil muqaddam muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi davomida Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida ham bo‘lib, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi bilan batafsil tanishgan, ushbu kitob muzeyini yanada kengaytirish va Bobur bog‘ini jahon andozalari darajasida taʼmirlash, uni respublika maqomidagi boqqa aylantirish, shoirning ramziy qabr-maqbarasini obod qilish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi. O‘tgan qisqa vaqt ichida bu borada ko‘plab amaliy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Bobur bog‘i, ulug‘ ajdodimizning ramziy qabr-maqbarasi, muzey va boshqa inshootlar rekonstruksiya qilindi. Bog‘ hududi yanada obodonlashtirildi.
O‘tgan 27 yillik ilmiy izlanishlar davomida Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi jahondagi ko‘plab fondlarda yurtimizning uch ming yillik tarixiga, xususan, baqtriylar, so‘g‘diylar, kushonlar, qoraxoniylar va xonliklar davrlaridan boshlab chor Rossiyasi hukmronligi yillarigacha va undan keyingi zamonlarga oid qo‘lyozma va toshbitiklar, sanʼat asarlari, tarixiy yodgorlik namunalariga duch keldi. Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bu borada mamlakatimizdagi va chet davlatlardagi barcha manfaatdor ilmiy tashkilot va muassasalar, birinchi navbatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi bilan hamkorlikda ish olib borishga tayyor.
Shu o‘rinda fond oldida katta vazifalar turganini va ular bizning ish rejalarimizga kiritilganini taʼkidlab o‘tish joiz.
Masalan, “Boburnoma”ning 18 yillik voqealar aks etgan sahifalari yo‘qolgan bo‘lib, ularning taqdiri bizga hozirga qadar maʼlum emas. Shuningdek, Boburning “Harb ishi”, “Musiqa sirlari”, “Qofiya” asarlari, Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarining bir qismi topilmagan. Bu nodir maʼnaviy boyliklarni izlab topib, xalqimizga, ilmiy jamoatchilikka yetkazish birinchi galdagi vazifalarimizdan hisoblanadi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 mayda qabul qilingan “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Ana shu tarixiy hujjatga asosan bugungi kunda ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-ijodiy meros namunalarining nusxalarini Vatanimizga olib kelish imkoniyatlari kengaymoqda.
Ota-bobolarimizning qadami yetgan yoki yetmagan joylarga ularning bebaho ilmiy kashfiyotlari, adabiy-badiiy, dunyoviy va diniy asarlari yetib borgani to‘g‘risida men ilgari ham ko‘p chiqishlar qilganman, maqola va suhbatlarimizda bu haqda to‘xtalib o‘tganman. Shu bois quyidagi amaliy takliflarimni bildirib o‘tsam.
Birinchi taklif shundan iboratki, Prezidentimiz tashabbusi bilan katta harajat va harakatlar natijasida yurtimizga qaytariladigan madaniy boyliklar faqat mutaxassislar, ilmiy-tadqiqot muassasalari doirasida qolib ketmasdan, ulardan xalqimiz, keng jamoatchilik, yoshlarimiz ham bahramand bo‘lsin.
Buning uchun eng zamonaviy usul va vositalardan foydalanishimiz talab etiladi. Jumladan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid xorijdagi madaniy boyliklar haqida ilmiy-ommabop ko‘rsatuv, hujjatli film va maqolalar tayyorlab, ommaviy axborot vositalari, internet orqali keng jamoatchilikka yetkazish; ular haqidagi bibliografik to‘plamlar, kitob-albomlar va boshqa matbaa mahsulotlarini turli tillarda nashr etib borish, muntazam ravishda maxsus ko‘rgazmalar, ilmiy seminarlar o‘tkazib turish zarur.
Ikkinchi taklif qadimiy manbalar bilan ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlash masalasiga oid. Xo‘sh, bugun mamlakatimizda, aytaylik, so‘g‘d yozuvini o‘qiy oladigan qancha mutaxassis bor? Aniqki, ular juda sanoqli. Ko‘hna va boy tariximiz aks etgan boshqa minglab manbalardagi bitiklarni o‘qiydigan va bu haqda ilmiy xulosalar bera oladigan kadrlarimiz yetarlimi? Yetarli bo‘lsa, nima uchun Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan 25 mingta qo‘lyozma, 40 mingdan ziyod toshbosma, 5 mingdan ortiq tarixiy hujjatlar – jami 300 mingdan ziyod asarlarning aksariyati hamon o‘z tadqiqotchisini, tarjimoni, noshirini kutib turibdi. Men bu masalaga olim va tadqiqotchilar, ziyolilar – barchamiz tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yechim topishimiz tarafdoriman.
Uchinchidan, chet ellarda saqlanayotgan yurtimizga oid tarixiy eksponatlar, osori atiqalarni o‘rganish, ularning asl yoki ko‘chirma nusxalarini, foto va videotasvirlarini mamlakatimizga olib kelish bo‘yicha xorijda saqlanayotgan namunalar bibliografiyasini tuzish lozim bo‘ladi. Ayni shu maqsadda Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijiy davlatlardagi elchixonalarimiz imkoniyatidan samarali foydalanish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Umrini ilm-fan sohasiga bag‘ishlab, Vatanimiz tarixiga daxldor qimmatli manbalarni tadqiq etayotgan va ularni har tomonlama targ‘ibu tashviq qilayotgan bunday zahmatkash olimlarni O‘zbekistonning, madaniyatimizning haqiqiy do‘stlari, degan fikrni sizlar ham qo‘llab-quvvatlaysizlar.
Bugungi kungacha O‘zbekistonimizning mukammal tarixi yozib bitilganicha yo‘q, deb hisoblaymiz. Turoni zamin deb atalmish tarixiy maskanning bo‘laklari bo‘lgan Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistonning mukammal tarixlari yozilib bshlgan bir paytda ona yurtimiz bo‘lmish O‘zbekistonimizning tarixi ham mukammal bitilishida tarixnavis olimlarimizga tuganmas kuch-g‘ayrat, ijodiy barkamollik va cheksiz shijoat tilab qolamiz.
So‘zimning oxirida Nobel mukofoti sovrindori, mashhur fizik olim Pyer Kyurining quyidagi so‘zlarini keltirmoqchiman. Olim musulmon allomalarining jahon sivilizatsiyasi va madaniyatiga qo‘shgan bemisl hissasini katta hurmat va ehtirom bilan shunday eʼtirof etgan edi:
“Musulmon Andalusiyasidan bizga bor-yo‘g‘i 30 dona kitob yetib keldi. VA BIZ O‘SHA KITOBLARNI O‘QIB, ATOMNI PARCHALASHGA ERISHDIK.
Agar biz o‘z vaqtida Andalusiyadagi islom sivilizatsiyasiga oid qolgan besh yuz ming kitobni yoqib, yo‘q qilib yubormaganimizda, ularni asray olganimizda edi, hozir FAZODAGI GALAKTIKALAR ORASIDA SAYR QILIB YURGAN bo‘lar edik”.
O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid boyliklar – bu bashariyat mulki, umuminsoniy qadriyatlardir. Ularni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlarga bezavol yetkazish muqaddas burchimizdir.
Z. Mashrabov, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi.
O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklar – madaniyatimizning ajralmas qismi: konferensiya materiallari. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi \ Toshkent: “Zabarjad media”, 2020 yil, 220. – 224 b.
Fikr qoldirish#